Xo‘sh, ona shunchalik tabarruk, ulug‘ zot ekan, ota-onaga oq bo‘lish Alloh taologa shirk keltirish bilan baravar og‘ir gunoh ekan, unda nega «ona» so‘zi oldiga «qayn» qo‘shimchasi qo‘shilishi bilan u endi yovuz bir kimsaga aylanib qolishi kerak? Nega kelinlar bu so‘zni eshitib ranglari o‘chishi, g‘azabga minishlari kerak? «Kelin bilan qaynona bir qozonda qaynamas», deb birinchi kunlardanoq dushmanlik urug‘lari sepilishi kerak? Bu tarbiya ko‘rmaganlik, nodonlik, johillikdan boshqa bir narsa emas. Yaxshi niyatlar bilan kelin olib, ko‘zingizning oqu qorasi bo‘lmish suyukli o‘g‘lingizni unga topshirib qo‘yib, endi o‘sha aziz kelin bilan yovlashib, olishib yurish sizning onalik fitratingizga mos tusharmikan?
Bir do‘stim «Agar kelini bilan opoq-chapoq yashaydigan, o‘z qizi qatorida ko‘radigan qaynonani topib bersang, boshidan suv o‘girib ichardim, oyog‘idan o‘pardim», degan edi. Bu gapga uncha e’tibor brmagandim. Keyin xorijiy o‘lkalarda qaynonalar haqida ko‘pgina masxaraomuz so‘zlar yurganini eshitib hayron bo‘ldim. Aslida bu ham xolva ekan. Xizmat taqozosi bilan «Qaynona-kelin» mavzusida yuzlab kishilar bilan gaplashishga, ularning turmush tajribalarini o‘rganib tadqiq qilishga to‘g‘ri keldi. Natijalar dilga g‘ashlik soladi: emishki, oiladagi janjallarning 60-70 foizi qaynona «sho‘rlik»ning aybi bilan sodir bo‘larmish. Bu gaplarga ishongim kelmasa-da, na iloj, raqamlar judayam o‘jar bo‘larkan. Unda nima qilish kerak? Unda islomiy munosabatlarga o‘tish, shariat ko‘rsatmalariga bo‘ysunish kerak, xolos. Bu xushxulqli bo‘lish, o‘zgalarga rahmdillik ko‘rsatish, birovga ozor yetkazmaslik va zulm qilmaslik borasida Alloh taoloning amrlarini, Rasulullohning ko‘rsatmalarini so‘zsiz bajarishga kirishish kerak, deganidir.
Endi o‘zingiz tasavvur qilib ko‘ring. Ana shu ko‘zingizga mo‘ltirab, iligi qaltirab turgan ayol - o‘zga bir ota-onaning o‘n sakkiz yil avaylab, «papa»lab, o‘zi yemay yedirib, o‘zi kiymay kiydirib, yeru ko‘kka ishonmay voyaga etkazgan arzanda qizi. Uning sha’ni, iffatini asrash, yaxshi tarbiya berish, odob-axloqini o‘nglash, ro‘zg‘or ishlariga o‘rgatish uchun qancha oromidan kechgan. «O’ksiydi», «birovning xasmi», «uyda mehmon», deb hatto qattiq gapirmagan, tergamagan. Sizning «Qudachilik – ming yilchilik, o‘z qizimday ko‘raman», degan va’dalaringizga ishonib ana shu qalbining bir parchasini sizga qo‘sh-qo‘llab tutgan.