Umoma qiziga qilgan nasihatlarida erning yaqinlariga alohida hurmat ko‘rsatishni ta’kidlaydi. Er uchun eng yaqin inson kim? Albatta uni tug‘ib, oq sut berib, qancha tunlarini bedor o‘tkazish evaziga avaylab katta qilib, mana shunday ko‘rkam, aqlli, sog‘lom, baquvvat yigit holiga keltirgan ona erning eng yaqin kishisidir. Demak, erning onasi, ya’ni qaynonaning hurmatini joyiga qo‘yish, ko‘nglini olish, xizmatini qilish lozim bo‘larkan.
Bu aqlli, dono qizlar uchun, kelinlik majburiyatlarini boshdanoq to‘g‘ri anglab olgan qizlar uchun eng to‘g‘ri yo‘ldir. Ota-bobolarimiz «Gulni sevgan tikonini ham e’zozlaydi», deyishadi. Tikonini izzat qilmagan gul isidan bebahra qoladi. Erning borligi, sizni suyib-erkalashi, aytganingizni muhayyo qilishi yaxshi-yu, uning ota-onasi, yaqinlari «puf sassiq» bo‘lishi mumkinmi? Erning xeshlarini, ayniqsa, ota-onasini hurmat qilolmagan kelin xojasining ko‘nglini ololmaydi, mehrini qozonolmaydi, nafratiga uchrab, muhabbatidan bebahra bo‘ladi. Bora-bora erining ko‘ziga xunuk ko‘rinib, oila baxtiga darz keta boshlaydi. Kelin - qaynonaning ma’naviy qizi, qaynona - uning ikkinchi onasi, deyishadi. Birinchi onangiz o‘z uyingizda qoldimi, demak, kuyov xonadonida siz uchun eng yaqin, mehribon, g‘amxo‘r kishi qaynona bo‘ladi. Qaynona -hayotdagi yo‘ldoshingizning, suyukli eringizning tuqqan onasi, tanasining bir parchasini sizga tortiq qilgan saxovatpesha, bag‘rikeng bir inson. Agar u eringizni tug‘ib bermaganida bu yaxshi insonga zavja bo‘lolmasdingiz. Agar u xohlamaganida sovchi yuborib sizni kelin qilmasdi. Demak, siz uchun erni qancha hurmatu izzat qilish lozim bo‘lsa, uning onasini (otasini) ham ardoqlash, ta’zimu rioyat qilish shunchalik zarurdir. Agar uni qaynona sifatida izzat qilolmasangiz, hech bo‘lmasa, yoshi ulug‘ligi uchun hurmat ko‘rsatishga majbursiz. Chunki Payg‘ambar alayhissalom «Kimki kichiklarga rahmu shafqatli, kattalarga izzat-ikromli bo‘lmasa, u bizlardan emas», deb ta’lim berganlar. Mana siz kuyov xonadoniga kelin bo‘lib tushdingiz. Qaynonangiz birinchi kunlardanoq «qizim-qizim»lab hurmatlab turibdi. Siz ham o‘sha hurmatga yarasha itoat ko‘rsating, gapini qaytarmang. Uning yoshi ulug‘, hayotda ko‘pni ko‘rgan. Nima yaxshi-yu, nima yomon, anglab yetgan. Shunday bo‘lgach, bilmaganlaringizni o‘rgatadi, ro‘zg‘orni yuritish sirlaridan voqif qiladi, epli, tejamli, sarishta bo‘lishdan saboq beradi. Uning aytganlarini jon qulog‘ingiz bilan tinglang, sizga yoqmasa ham, burningizni jiyirib, labingizni burmang. Xo‘p bo‘ladi, deb bajarishga shoshiling. Chunki Alloh taolo Qur’oni karimda ota-onaga yaxshilik qilishni, ularga qarab «uf» tortmaslikni, ularning so‘zlarini qaytarmaslikni buyurgan. Ular oldida o‘zini xokisor tutishga amr qilgan. Qaynona ham - ona, ona bo‘lganda ham er-xotin - ikkovingizning onangiz. Qaynonangiz sizni kelin qilayotganida siz bilan darrov yovlashib qolamiz yoki dushmanimga aylanadi, deb niyat qilmaydi. Har qanday «marshal» qaynona bo‘lmasin, itoatli, odobli, hayoli kelin qarshisida qilichi sinib, so‘zi tinib qolaveradi. Uning yoshini, eringizning onasi ekanini, ro‘zg‘or yuritishdagi katta tajribasini inobatga olib muomalada bo‘lsangiz, faqat yutasiz.