RIVOYAT. Hazrati Ibrohim alayhissalom to‘ng‘ich o‘g‘li Ismoil alayhissalomni ko‘rgani Makkaga keldi. O’g‘lining uy eshigini taqillatganda bir xotin eshikni ochib qo‘pollik va zarda bilan so‘radi: -Kimsan, kimni so‘rayapsan? - Siz kimsiz? - deya so‘radilar Ibrohim alayhissalom. - Men Ismoilning xotiniman, - dedi ayol o‘shqirib. -Ismoil qaerda? - so‘radilar otalari. - Uyda yo‘q, ovga ketgan. Ismoil alayhissalomning bu xotini qo‘pol va sovuq ayol edi. Tarbiyasi ham yomon, o‘zi yaramas axloqli edi. Uning aqli past, qalbi kir bo‘lganidan qariyaning kimligini ham so‘ramadi. Ibrohim alayhissalom otdan ham tushmay, ularning ahvolini so‘radilar. Bunga javoban xotin: «Juda qiyinchilik bilan yashayapmiz», deb aytdi. Ibrohim alayhissalom o‘g‘lining bunday nonko‘r, qo‘pol, axloqsiz ayolga uylanganidan ranjib, ketar chog‘ida: - Ering kelishi bilan unga aytib qo‘y, uyining ostonasini almashtirsin, - deb tayinladilar. Kunlardan bir kun Ibrohim alayhissalom yana o‘g‘illarini ko‘rgani keldilar. Bu gal eshikni yoshgina ayol ochdi va «Erim uyda yo‘q, ovga ketgandi», dedi. Ibrohim alayhissalom ularning ahvolini so‘radilar. Xotin: - Allohga shukr, juda yaxshi, tashvishimiz yo‘q, - deb javob qildi va yana, - hazratim, uzoq yerdan kelayotgan ko‘rinasiz, uyga kirib biroz dam oling, ovqat ila mehmon qilaman, - deb Allohning payg‘ambariga iltifot, hurmat ko‘rsatdi. Qo‘yarda-qo‘ymay u kishining otda turgan hollarida oyoqlarini yuvib, kiyimlarini tozalab berdi. Ibrohim alayhissalom egilib bu odobli, chiroyli, go‘zal xulqli kelinlarining boshidan o‘pdilar va ketarda tashakkur aytib, unga tayinladilar: - Xojangga ko‘p salom ayt, uyining ostonasini yaxshilab muhofaza qilsin, qo‘riqlasin. Ismoil alayhissalom otalarining tavsiyalari bilan avvalgi badfe’l, badaxloq xotinlarini haydab, keyingi xushxulq, tavoze’li, mehmondo‘st, serhimmat xotinlariga ko‘p minnatdorchiliklar izhor qildilar. Darhaqiqat, yaxshi, soliha, xushaxloq xotin er uchun bir jannat misolidir. Tarbiyasiz, axloqsiz, janjalkash xotinlar esa do‘zaxdan ham battar. Bir kuygan er: «Hamma qizlar yaxshi-yu, yomon kelinlar qayoqdan paydo bo‘lar ekan?» deb hayron bo‘lgan ekan. Chunki ota-onangiz barcha erkalik, noz-firoqlaringizni ko‘taradi, nuqsonlaringizdan ko‘z yumadi. O’zga xonadonda esa bu tezda oshkor bo‘lib qoladi. Shuning uchun to‘ydan keyin barcha yomon qiliqlaringizdan voz kechib, chiroyli amallar qilishni boshlasangiz, faqat o‘zingizga yaxshi bo‘ladi. Islom ummatining payg‘ambari Muhammad alayhissalomdan yaxshi va yomon xotinlar xususida bir necha hadisi shariflar vorid bo‘lgan, yangi turmush qurayotgan va qurgan yigit-qizlar ana shu ko‘rsatmalarni yaxshi bilmoqlari maqbul edi. Janobi Rasululloh dedilar: «Ummatim xotinlarining afzali xushro‘y bo‘lgaylar va qahrlari kam bo‘lgay!» Yana bir hadisi sharifda esa: «Mo‘min kishi dushmanining zo‘rrog‘i yomon xotindir», deyilgan. Rasululloh (s.a.v.) aytdilar: «Uch xil yomon sifat bordirki, ular (ma’naviy) faqirlikdandir, bularning uchinchisi yomon xotindirkim, birga bo‘lsang, ozor beradi, yo‘q bo‘lsang, xiyonat qiladi». Payg‘ambarimizning kuyovlari hazrati Ali (r.a.) yomon xotinlar haqida shunday deganlar: «Yomon xotinlar yasanib, oro berib, barhana (yalang‘och) yuradigan bo‘lgaylar, dindan, ya’ni musulmonlikdan yalang‘och bo‘lgaylar, din va shariat, musulmonchilik qanday ekanini bilmagaylar. Fitnalarga, ya’ni yo‘ldan ozdiradiganlarga doxildirlar, shahvatga moyildirlar, lazzatga shitob qiladigandirlar, ya’ni shirin va mazali narsalarga tez borguvchilardir. Harom narsalarni halol bilguvchilardir. Bular jahannamda doim va hamisha bo‘lg‘uvchidirlar». Darhaqiqat, yomon kelinlar erlariga va uning yaqinlariga qo‘pol, dag‘al muomalada bo‘ladilar. Xonadon yumushlaridan bo‘yin tovlaydilar. Erning mol-mulkiga beparvo bo‘lib, asrab-avaylamaydilar va isrof qiladilar. Yolg‘on gapirishdan, chaqimchilikdan, hayosizlikdan uyalmaydilar. Oilaning tinchi, farog‘ati, farovonligi haqida o‘ylamay, har kuni - kun osha oila a’zolarining oromini buzib janjal ko‘taraveradilar. Ularga na pandu nasihat, na kattalarning yo‘l ko‘rsatishi, na qonun-tartiblar, na farzandlar qismati - hech narsa kor qilmaydi. Ular ana shunday badbaxt kimsalardir.