Shamsiddinxon Boboxon, Abdulaziz Mansur. Ming bir fatvo (2-qism)  ( 73009 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 10 11 12 13 14 15 B


AbdulAziz  24 Yanvar 2009, 09:38:01

585-FATVO
Mahram bo‘lib hajga hamroh sifatida borib keluvchi kishining ovqat va yo‘l xarajatlari ayolning zimmasidadir. Ayol kishida yo‘lga qodirlik va mahram mavjud bo‘lsa, erining ruxsatisiz ham farz sanaluvchi hajga borishi joiz. Ammo nafl sanaluvchi haj safariga erining ruxsatisiz borishi joiz emas. Mahram topilmagani uchun erga tegib, uni olib ketishi vojib emas.
«Olamgiriya», «Qozixon»

586-FATVO
Ayol kishiga qo‘yilgan shartlardan yana biri - iddada o‘tirgan ayollardan bo‘lmasligidir. Iddasi eri o‘lgani yoki taloq qilingani sababli bo‘lishining farqi yo‘q. Agar hajning yo‘lida eri o‘lib yoki taloq bilan idda o‘tirishga to‘g‘ri kelib qolsa, yetgan joyidagi shahardan iddasi tugaguncha chiqmasligi lozim.
«Olamgiriya», «Qozixon»

Qayd etilgan


AbdulAziz  24 Yanvar 2009, 09:39:38

587-FATVO
Hajni ado etish uchun ham uchta shart mavjud. Ular — ehrom, makon va zamon. Hajning ruknlari (farzlari) — Arafotda bo‘lish, «tavofi ziyorat» (Ka’ba tavofi) va ehromga niyat bilan kirish. Vojiblari - Muzdalifada turish, Safo bilan Marva orasida (etti bor) yurish, shaytonga tosh otish, tavofi sadr va soch oldirish yoki qisqartirish. Sunnatlari — tavofi qudum, unda yoki farz tavofida «raml» (kerilib yurish), ikki ko‘k mil orasida shitob yurish, Minoda tunash (nahr kunlari), Minodan Arafotga qo‘yosh chiqkandan keyin jo‘nash, Muzdalifadan Minoga tong otmasdan burun jo‘nash, Muzdalifada tunash, uchta tosh otiladigan jamarotlarda belgilangan tartibda tosh otish ham sunnat amallardandir.
«Olamgiriya», «Fathul-Qadir», «Muxtasar», «al-Bahr»

588-FATVO
Hajning odoblari — hajga otlangan odam avvalo qarzlarini ado etib qo‘ysin. Hajga borish xususida aqlli, dono kishilarga maslahatsolsin. Istixora qilsa yanada yaxshi. So‘ngra tavba-tazarru bilan niyatni xolis qilsin. Birovning omonati bo‘lsa, egasiga topshirsin. Rozi-rizolik so‘rasin. Namoz va ro‘zalarini qazosi bo‘lsa, ado etsin. Xato va kamchiliklari uchun nadomat chekib, qayta takrorlamaslikka azmu qaror qilsin. Faxrlanish, riyokorlik, maqtanishdan saqlansin. Garchi haromdan topilgan pul bilan haj qilsa ham hajning farzi zimmasidan soqit bo‘lsa-da, lekin haloldan yiqqan puliga hajga borishga harakat qilsin. O’zining pulidan shubhasi bo‘lsa, birovdan qarz olib haj qilsin va o‘z pulini qarziga to‘lasin. Hajda tijorat bilan ham shug‘ullansa, savobi kamayib qolmaydi. Lekin tijoratni aralashtirmagani avlo.
«Olamgiriya», «Fathul-Qadir», «Qozixon»

Qayd etilgan


AbdulAziz  24 Yanvar 2009, 09:41:29

589-FATVO
Hajda modomiki, ehromda ekan, behuda, fahsh so‘zlardan, fisqu fujur ishlardan, janjalu nizolardan, ov qilishdan, xushbo‘y narsalar sepish, tirnoq olish, yuzini yopish, bosh kiyim kiyish, boshni shampun bilan yuvish, soch oldirish yoki qisqartirish, tikilgan kiyim, salla kiyish, poyafzal kiyib yurish kabilardan saqlanish vojibdir. Cho‘milish, salqin joyda dam olish, beliga hamyon bog‘lash kabi ishlar joiz.
«Muxtasarul - Viqoya»

590-FATVO
Ota-onadan biri rozilik bermasa ham hajga borish makruhdir. Ammo ular farzandning xizmatiga muhtoj bo‘lmasalar, hajga borishning zarari yo‘q. Ota-ona yo‘qligida bobo va momolar ularning hukmidadirlar. Shuningdek, nafaqasiga muhtoj xotini, bolalari, qarindoshlari uning hajga borishini yoqtirmasalar ham, borib-kelgunicha moddiy tomondan qiynalib qolmasliklariga akli yetsa, hajga ravona bo‘lishi joiz. Ota soqoli chiqmagan o‘g‘lini hajga yuborishga rozi bo‘lmasligi mumkin. Ammo farz bo‘lgan hajning adosi ota itoatidan avlo. Otaga itoat qilish nafl bo‘lgan hajdan avlodir.
«Olamgiriya», «Muhit»

Qayd etilgan


AbdulAziz  24 Yanvar 2009, 09:42:14

591-FATVO
Miyqotlardan faqat ehrom bilan o‘tiladi. Miyqotga yainlashmasdan oldin ehromga kirish joiz. Faqat taqiqlangan ishlarni qilmaslik shart bo‘ladi. Agar bu qo‘lidan kelmaydigan bo‘lsa, Miyqotga yaqinlashganda ehromga kirgani avlo.
«Olamgiriya», «Javhara»

592-FATVO
Miyqotdan uzoqroq boshqa joydan o‘tishga to‘g‘ri kelib qolsa, uning to‘g‘risiga kelgan joydan boshlab ehromga kirish joizdir. Dengiz orqali Makkaga boruvchi hojilar ham Miyqot barobariga kelganlarida ehromga kirishlari lozim. Agar ikki Miyqot oralig‘idan o‘tishga to‘g‘ri kelsa, Makkadan uzoqrog‘i barobariga kelganda ehromga kirgaii avlodir.
«Olamgiriya», «Muhit», «as-Siroj»

Qayd etilgan


AbdulAziz  24 Yanvar 2009, 09:42:42

593-FATVO
Makkalik hojilarning haj uchun Miyqoti Ka’baning haramidir. Umra uchun esa haramdan tashqarida ehromga kiriladi. «Tan’im» degan joy ular uchun afzaldir. Boshqa mamlakatlardan Makkaga keluvchilar xoh ibodat uchun bo‘lsin, xoh boshqa ish uchun bo‘lsin, ehromsiz kirishlari joiz emas. Agar ehromsiz kirsa, zimmasiga haj yoki umra tushadi.
«Olamgiriya», «Muhit», «Hidoya»

594-FATVO
Ehromga niyat bilan kirishi bilan «talbiya» («labbaykallohumma labbayk...») aytishi kerak. «Talbiya» o‘rniga tasbeh, hamd, tahlil, tamjid kabi kalimalarni o‘qisa joiz. «Talbiya»ni arabchasiga yaxshi aytolmasa ham o‘taveradi. Agar boshqa tilda aytsa ham joiz. Lekin arabchasi afzal. Niyat, ehrom va talbiya birga bo‘lishi shart.
«Olamgiriya», «Muhit», «Qozixon»

Qayd etilgan


AbdulAziz  24 Yanvar 2009, 09:43:16

595-FATVO
Qora toshni o‘pishda ikki qo‘l kaftlarini ung-a qo‘yib turib o‘padi. O’pishda o‘qiladigan maxsus duoni o‘qiydi. Agar toshni o‘pishda birovga ozor berib qo‘yadigan bo‘lsa, qo‘llari bilan toshni silab, qo‘llarini o‘padi. Buning ham iloji bo‘lmasa, hassaga o‘xshash kaltak uchini uzokdan toshga tekkizib, shu joyini o‘padi. Tosh oldida izdihom katta bo‘lib, yaqinlashishning iloji bo‘lmasa, uzoqdan ikki qo‘lining kaft tomonlarini tosh tomon cho‘zib, takbir, tahlil, hamd va salavot aytadi.
«Olamgiriya», «Muhit», «Fathul-Qadir»

596-FATVO
Ka’ba tavofini tugatgach, Ibrohim (a.s.) maqomi oldiga kelib, ikki rak’at namoz o‘qiydi. Agar u yerda odam ko‘p bo‘lib, o‘qish qiyin bo‘lsa, masjidning xohlagan yeriga borib o‘qishi mumkin. Bu ikki rak’at namoz bizning mazhabimizda vojib. Shuninguchun uni masjidning tashqarisida bo‘lsa ham, qoldirmay o‘qib olish kerak. Uning birinchi rak’atiga «Qul yo ayyuhal-kofirun» surasini, ikkinchi rak’atiga «Ixlos» surasini zamsura sifatida o‘qiydi. Namozdan so‘ng maqom ortiga kelib, hojatlarini so‘rab, Allohga iltijo qiladi.
«Olamgiriya», «Zahiriya», «Qozixon»

Qayd etilgan


AbdulAziz  24 Yanvar 2009, 09:45:21

597-FATVO
Safo bilan Marva o‘rtasida «sa’y» qilish, ya’ni, yetti bor yurib chiqish tavofdan keyin ijro etiladi. Agar oldin sa’y qilgan bo‘lsa, tavofdan keyin takrorlaydi. Safodan Marvagacha yurishi bir marta, Marvadan Safogacha yurishi ikkinchi martagacha o‘tadi. Sa’yni Marvadan boshlasa, Safogacha yurib borgani bir martaga o‘tmaydi. Ehromdan chiqqandan keyin, hatto bir necha oydan so‘ng sa’y qilsa ham sa’yi joiz bo‘ladi.
«Olamgiriya», «Muhit», «Zaxira»

598-FATVO
Safo bilan Marva o‘rtasida sa’y qilishda betahorat yoki junub holatida bo‘lsa ham sa’yi durust hisoblanaveradi. Aslida Ka’bada qilinmaydigan haj amallari (manosiklari) uchun tahorat shart emas. Masalan, sa’y, Arafotda, Muzdalifada turish, shaytonga tosh otish kabilar Ka’badan tashqarida bajariladigan bo‘lgani uchun tahoratli bo‘lish shart qilinmagan.
«Olamgiriya», «Sharhut-Tahoviy»

Qayd etilgan


AbdulAziz  24 Yanvar 2009, 09:46:04

599-FATVO
Ka’bani tavof qilib turganida yoki Safo bilan Marva o‘rtasida yurib sa’y qilayotganida namozga iqomat (takbir) aytilib qolsa, darhol tavof va sa’yni to‘xtatib, namozga keladi. Janoza o‘qish uchun ham sa’yni to‘xtatib keladi. Janozadan keyin qolgan sa’yni davom ettiradi.
«Olamgiriya», «Fathul-Qadir»

* * *
Kitobning uchinchi qismida haj va umraga doir fatvolarning davomi, emikdoshlik, nikoh, talok, qasam, savdo-sotiq, foiz, omonat saqlash, talon-taroj qilish, garovga qo‘yish, kafillik, havola, vakolat, shirkat, qo‘shma tijorat, dehqonchilik, suvdan foydalanish, qo‘riq yer ochish, vaqf, karohiyat, ichkiliklar, hayvon bo‘g‘izlash, qurbonlik, ov, topib olingan narsalar, bedarak ketgan odam, qozilik, guvohlik berish, iqror bo‘lish, da’vogarlik, sulh tuzish, oliy jazolar, o‘g‘rilik, jihod, jinoiy ishlar, xun to‘lash, zo‘rlash, vasiyat va boshqa turli mavzularga doir fatvolar yozilyjak, inshoallohu taolo.

Qayd etilgan



AbdulAziz  24 Yanvar 2009, 09:54:54

Ming bir fatvo - 2-qism



Muallif: Shamsiddin Boboxon, Abdulaziz Mansur
Hajmi: 375 Kb
Fayl tipi: pdf, zip
Saqlab olish
Online o'qish

Qayd etilgan