325-FATVO
Shar’an musofir nomini olib, ayrim imtiyozlarga ega bo‘lishi uchun kishi eng kamida uch kecha va kunduzlik yo‘lni bosib o‘tishni niyat qilib yo‘lga chiqqan bo‘lishi kerak. Yilning eng qisqa kunlaridagi uch kunlik yo‘l odamning piyoda yoki tuyaning yurish tezligi bilan o‘lchanadi. Musofirga beriladigan imtiyozlar - to‘rt rak’atli farz namozlarning ikki rak’atga aylanishi, Ramazon ro‘zasini tutish-tutmaslik ixtiyori, poyafzalga uch kechayu kunduz mash tortish mumkinligi, jum’a va ikki hayit namozlarining soqit bo‘lishi kabilardir.
«Olamgiriya», «Sirojiya», «Tabyin»
326-FATVO
Uch kecha va kunduzlik masofa ertadan kechgacha yo‘l yurish bilan belgilanmaydi. Safar masofasi tongda yo‘lga chiqib peshin vaqti kirgunicha yo‘l bosib, so‘ngra bir joyda dam olib, tunab, yana ertasi tongda yo‘lga chiqib, peshingacha yurib, uchinchi kuni ham shu tariqa yo‘l yurish bilan o‘lchanadi. Farsax yoki kilometr bilan o‘lchash sharg emas. Zero, har bir yo‘lningo‘ziga xos qulayligi va qiyinchiliklari bor.
«Olamgiriya», «al-Javhara», «al-Bahr»
Izoh:
Shunga ko‘ra, safar masofasini km bilan belgilashda ulamolar o‘rtasida qadimdan ixtiloflar mavjud. Ba’zilar buni 80, boshqalar 90, ayrim ulamolar 100 km. deb hisoblaydilar.