Shamsiddinxon Boboxon, Abdulaziz Mansur. Ming bir fatvo (2-qism)  ( 73034 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 ... 15 B


AbdulAziz  23 Yanvar 2009, 07:26:12

339-FATVO
Birovga tobe holda safarga chiquvchilarning musofir yoki muqimga aylanishi ularning rahbariga bog‘liq. Ya’ni, uning niyati va qaroriga qarab, bularning holi o‘zgarib turadi. Masalan, shogirdlar ustoziga, xotinlar erlariga, mardikor xo‘jayiniga qarab ish ko‘radilar. O’zlaricha musofir yoki muqim bo‘lishni niyat qilishlari mumkin emas.
«Olamgiriya», «Muhit»

340-FATVO
Musofir namoz ichida turib, shu shaharda 15 kun yoki undan ortiq turishni niyat qilsa, namozini qasr qilmay, to‘rt rak’at o‘qiydi. Bunda uning yakka o‘qiyotgani yoki imomga iqtido qilib o‘qiyotgani yoxud masbuq ekanining farqi yo‘q.
«Olamgiriya», «Muhit»

Qayd etilgan


AbdulAziz  23 Yanvar 2009, 07:26:34

341-FATVO
Namozni kech boshlagani uchun uni tugatmay turib vaqtli chiqsa va shundan keyin musofir 15 kun yoki undan ko‘proq kun turishni niyat qilsa, namozi qasrligicha qoladi. Agar namozni buzib qo‘ysa, shu namozning qazosini ikki rak’at o‘qiydi.
«Olamgiriya», «Xulosa»

342-FATVO
Musofir boshqa musofirlarga imom bo‘lib namoz o‘qiyotganida tahorati singach, orqadan bir musofirni o‘rniga qo‘yib, tahoratni yangilash uchun chiqib ketganidan keyin vaqtincha imomlik qilayotgan namozxon 15 kun shu shaharda turishni niyat qilsa, orqadagilarning namozi qasrdan to‘rt rak’atga o‘zgarmaydi. Birinchi tahorati singan imom agar masjiddan chiqmay turib shunday niyat qilsa, o‘zining ham, iqtido qilgan musofirlarning ham qasr namozlari to‘rt rak’atga o‘zgaradi.
«Olamgiriya», «Zahiriya»

Qayd etilgan


AbdulAziz  23 Yanvar 2009, 09:28:44

343-FATVO
Musofir muqimga iqtido etib namoz o‘qisa, qasr qilmay, to‘rt rak’at o‘qiydi. Ammo namozni buzib qo‘yib, qayta o‘zi o‘qimoqchi bo‘lsa, yana qasr qiladi. Agar muqimga nafl niyati bilan iqtido etgan bo‘lsa-yu, namozni buzib qo‘yib, qayta o‘qimoqchi bo‘lsa, to‘rt rak’at o‘qiydi.
«Olamgiriya», «Tabyin»

344-FATVO
Jum’a kuni zavoldan oldin yoki keyin safarga otlanish makruh emas. Lekin shahardan chiqib ketguniga qadar jum’a vaqti chiqib ketmasligini bilsa, jum’ani o‘qib, so‘ngra ketishi lozim. Aksincha qilsa, makruhdir.
«Olamgiriya», «Muhit»

Qayd etilgan


AbdulAziz  23 Yanvar 2009, 09:29:20

345-FATVO
Mashoyixlarimiz so‘ziga ko‘ra, ko‘pchilik kishilarda ikki xil vatan bo‘ladi. Birinchisi -vatani asliy. Ya’ni, ahl-oilasi va mol-mulki turadigan vatan. Ikkinchisi — vatani iqomat. Ya’ni, vatani asliydan vaktincha kelib yashaydigan ikkinchi yashash joyi. Bunda kamida 15 kun yashashni niyat qilishi shart. Ko‘piga chegara yo‘q. Vatani asliydan ahl-oilasi bilan ikkinchi vatanga ko‘chib borsa, oldingi joyiga kelganda musofir hukmida bo‘ladi. Ammo ahl-oilasini olib ketmay, ikkinchi yashash joyida yangi oila qursa, har ikki vatanda ham muqim hisoblanadi. Vatani asliy safar bilan yoki boshqa joydagi iqomat joyi bilan yo‘q bo‘lmaydi. Ammo 15 kunlik iqomat joyi safar bilan ham, ikkinchi iqomat joyiga borish bilan ham yo‘q bo‘ladi.
«Olamgiriya», «Kifoya», «Tabyin»

346-FATVO
Agar vatani asliysida hovli va yerini qoldirib, ahl-oilasi va ko‘chlari bilan boshqa joyga borib vatan tutsa, oldingisi ham vatani asliyligicha qoladi.
«Olamgiriya», «Zohidiy»

Qayd etilgan


AbdulAziz  23 Yanvar 2009, 09:37:32

347-FATVO
Musofir namoz o‘qiy desa, o‘g‘ri va qaroqchilarning uning narsalarini talab ketishi xavfi bo‘lsa, namozni o‘qimasligi mumkin.
«Olamgiriya», «G’aroib»

348-FATVO
Farz namozini uzrsiz ulov ustida o‘qish joiz emas. Uzr deganda ulovdan tushsa, o‘zi, kiyimi yoki uloviga o‘g‘ri, yirtqich yoki dushman tajovuz qilishidan qo‘rqishi, ulovga qaytib minib olishiga ko‘zi yetmasligi yoki yer loy bo‘lib, quruq joyning yo‘qligi kabilar nazarda tutiladi.
«Olamgiriya», «Sharhul-Kanz», «Muhit»

Qayd etilgan


AbdulAziz  23 Yanvar 2009, 09:39:43

349-FATVO
Ulov ustida namoz o‘qishga to‘g‘ri kelib qolsa-yu, ulovning ayrim joylariga najosat tekkan bo‘lsa, ba’zi ulamolar egar bilan uzangi pok bo‘lsa zarari yo‘q desalar, boshqalari egarning o‘zi pok bo‘lsa kifoya, debdilar. Lekin «Kanzul-ibod» kitobiga sharh yozgan alloma Badruddin Ayniy ulovdagi najosat qaerda bo‘lishidan qat’i nazar namozga zararsizdir, deganlar.
«Olamgiriya», «Sharhul-Kanz»

350-FATVO
Suzib borayotgan kemaga mingan odam namozni tikka holda o‘qishga qodir bo‘lsa-da, beuzr o‘tirib o‘qishi joiz. Lekin karohati bor. Bu Abu Hanifa (rh.) so‘zlari. Ammo Abu Yusuf bilan imom Muhammad (rh.) lar nazdida joiz emas. Demak, beuzr o‘tirib o‘qilmagani yaxshi ekan. Kema bog‘liq holda suzmay turgan bo‘lsa, barcha ulamolar nazdida ham beuzr o‘tirib o‘qish joiz emas.
«Olamgiriya», «Tahzib»

Qayd etilgan


AbdulAziz  23 Yanvar 2009, 09:40:33

351-FATVO
Jum’a namozining farzligi Qur’on, Sunnat va Ijmo’ bilan sobit bo‘lgani uchun uni inkor etish kufr hisoblanadi. Jum’aning farz bo‘lishi uchun namozxonda oltita shart topilishi kerak. Ya’ni, shaharda yashash, sihat-salomatlik, hurriyat (ya’ni qul bo‘lmaslik), erkak va balog‘at yoshida bo‘lishlik hamda ko‘z bilan oyoqlarning sog‘lom ekanligidir. Ba’zi ulamolar aqlni ham qo‘shganlar. Lekin shulardan salomatlik, shaharda yashash, hurriyat, erkaklik kabi shartlar topilmagan kishilar jum’a namozini o‘qisalar, joiz hisoblanib, peshin namozi zimmalaridan soqit bo‘laveradi.
Jum’ani ado etish uchun beshta shart belgilangan. Ular — shahar yoki uning xududi, ruxsatnomaga ega bo‘lgan masjid, xutba, jamoat va peshin vaqti.
«Olamgiriya», «Muxtasar», «Badoe», «Kanz»

352-FATVO
Abu Hafsi kabir (rh.) so‘ziga ko‘ra, mardikorning jum’a namoziga borishiga xo‘jayini qarshilik qilishi mumkin. Ammo Abu Ali Daqqoq (rh.)ning nazdida shaharda bo‘lsa, qarshilik qilishga haqqi yo‘q. Lekin jum’aga borib-kelgunicha ishlamagani uchun ish haqqidan ushlab qoladi. Bu ham masjid uzoq bo‘lsagina mumkin. Biroq, yaqin bo‘lsa haqqidan ushlab qolmaydi. Mardikorning jum’aga borib-kelgunicha o‘tgan vakti uchun haq talab qilishi ham nojoizdir.
«Olamgiriya», «Muhit», «al-Bahr»

Qayd etilgan


AbdulAziz  23 Yanvar 2009, 09:41:58

353-FATVO
Mujtahidlardan Abu Yusuf, Muhammad va Karxiy (rh.) kabi zotlar bir shaharda bittadan ortiq jum’a o‘qiladigan jome masjidi bo‘lmasligi kerak, degan masalada kengroq izlanish olib borib, bir shaharda ikkita yoki uchtagacha jome masjidi bo‘lishi mumkin, degan qarorga kelganlar. Ammo Imom Muhammad (rh.)ning Abu Hanifa (rh.)dan qilgan rivoyatida bir shaharda uchtadan ortiq jome masjidlarda ham jum’a namozi o‘qilishi mumkin, deyiladi.
«Olamgiriya», «Sanoe»

354-FATVO
Jum’a o‘qilmaydigan kichik qishloqdan shaharga bir kun turish uchun kelgan odam jum’a kuniga to‘g‘ri kelib qolsa, jum’a namozini o‘qishi zarur. Lekin shu kuni uyiga qaytadigan bo‘lib qolsa, jum’a o‘qishi lozim emas. Ammo shunda ham jum’ani o‘qib ketsa, ajrga ega bo‘ladi.
«Olamgiriya», «Qozixon», «Tajnis»

Qayd etilgan


AbdulAziz  23 Yanvar 2009, 09:42:28

355-FATVO
Jum’a vojib bo‘lmagan kishilar peshinni jamoat bo‘lib, azon va iqomatbilan o‘qiyveradilar. Shaharda yurgan musofirlar, jum’aga bora olmagan shaharliklar peshin namozini jamoat bo‘lmasdan yakka-yakka holda o‘qiydilar.
«Olamgiriya», «Qozixon»

356-FATVO
Arafotda jum’a namozi o‘qilmaydi. Abu Hanifa va Imom Muhammad (rh.)lar so‘ziga ko‘ra, bir shaharning bir necha joyida jum’a namozi o‘qilishi mumkin. Shu so‘zga amal qilamiz. Kattiq yog‘ayotgan yomg‘ir jum’a namoziga bormaslikka uzr bo‘la oladi.
«Olamgiriya», «Muhit», «Xulosa»

Qayd etilgan


AbdulAziz  23 Yanvar 2009, 09:43:10

357-FATVO
Qaysi joyda jum’a namozi o‘qilishining joizligi xususida shak-shubha hosil bo‘lsa, masalan, shahar yoki qishloq ekani aniq bo‘lmagan yoxud shartlarining mukammalligida ixtilof bo‘lgan joylarda jum’a namozidan keyin to‘rt rak’at ehtiyoti peshin namozini ham o‘qib qo‘yishlik lozim. Bunda mabodo jum’a o‘tmay qolsa, peshin namozi uning o‘rniga o‘tishi nazarda tutilgan.
«Olamgiriya», «Kofiy», «Muhit»

Izoh:
Ehtiyoti peshin o‘qish vojib emas. Shuning uchun uni masjidda emas, o‘z uyiga borib o‘qishni aksariyat ulamolarimiz avlo, deb sanaganlar.

358-FATVO
Jum’a namozidan keyin ehtiyoti peshin namozini o‘quvchilar to‘rt rak’atning hammasida «Fotiha» surasidan keyin bir sura qo‘shib o‘qishlari lozim.
«Olamgiriya», «Tatarxoniya», «Ohu»

Izoh:
Zamsura qo‘shishning sababi — mabodo jum’a maqbul bo‘lgan bo‘lsa, bu to‘rt rak’at naflga hisob bo‘lishi kerak. Naflning esa barcha rak’atlarida zamsura o‘qilishi shart.

Qayd etilgan