Shamsiddinxon Boboxon, Abdulaziz Mansur. Ming bir fatvo (2-qism)  ( 73030 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 ... 15 B


AbdulAziz  23 Yanvar 2009, 09:48:09

359-FATVO
Jum’a namozidan oldin imomning xutba o‘qishi farz. Xutbaning farzlari bizning hanafiy mazhabimiz bo‘yicha ikkita. Biri — peshin vaqtida, lekin jum’adan oldin o‘qilishi. Ikkinchisi — Allohning zikri. Ya’ni hamdu sano yo tahlil yoki tasbeh aytilishi. Xutbaning sunnatlari 15 ta. Ular — tahoratli bo‘lish, tik turish, qavmga yuzlanish, «Auvzu...»ni ichida aytish, xutbani qavmga eshittirish, hamd bilan boshlash, Allohning zotu sifatlariga xos sanolar o‘qish, ikki shahodat kalimasini o‘qish, Payg‘ambarimizga salavot aytish, pandu nasihat qilish, oyatlardan o‘qish, ikkinchi xutbada hamdu sano va salavotlarni takroran aytish, musulmonlar haqqiga duo qilish, har ikki xutbani qisqaroq o‘qish, ikki xutba orasida biroz o‘tirib olish va hutbani minbarda aytish ham sunnat amallardan debdurlar.
«Olamgiriya», «Sharhi Hidoya», «al-Bahr»

360-FATVO
Agar xutbani aytganidan keyin tahoratini yangilamoqchi bo‘lib, o‘rniga imomlikka boshqa odamni qo‘ymoqchi bo‘lsa, o‘sha odam xutbani eshitgan bo‘lishi shart. Aks holda imomligi durust bo‘lmaydi. Ammo xutba o‘qigan imom namozni boshlagandan keyin tahoratga chiqadigan bo‘lsa, o‘rniga xutbani eshitgan odamni qo‘yishi shart emas.
«Olamgiriya», «Kofiy», «Tahzib»

Qayd etilgan


AbdulAziz  24 Yanvar 2009, 07:25:24

361-FATVO
Jum’a xutbasini o‘qish uchun imom minbarga chiqishi bilan namozxonlarga har qanday namoz, gap, salavot, yeb-ichish kabi amallar taqiqlanadi. Hatto birov nojo‘ya ish qilayotgan bo‘lsa, uni qaytarish uchun ovoz chiqarmasdan qo‘l bilan ishorat qilish lozim.
«Olamgiriya», «Muhit», «Xulosa»
Izoh:
Shuni bilib qo‘yish lozimki, arablar jum’a xutbasini arab tilida aytadilar. Shuning uchun ular bir yo‘la ikkinchi azondan boshlab, ikkita xutbani o‘qiydilar. Ammo bizning diyorimizga o‘xshash ajam yurtlarida birinchi azongacha mahalliy tilda mav’iza qilinadi. Bu xutba emas. Gapirish kabi ishlar taqiqlanadigan xutba — bu bizda ikkinchi azondan keyingi xutbalardir.

362-FATVO
Jum’a xutbasiga hozir bo‘lganlar tiz cho‘kib o‘tiradimi yo chordona quribmi yoki boshqacha o‘tiradimi, farqi yo‘q. Lekin namozda o‘tirgandek cho‘kkalab o‘tirish mustahabdir.
«Olamgiriya», «Muzmarot», «Me’roj»

Qayd etilgan


AbdulAziz  24 Yanvar 2009, 07:25:47

363-FATVO
Nafl o‘qib turganida imom ikkinchi azondan keyingi xutbani o‘qiy boshlasa, sajda qilmagan bo‘lsa, naflni to‘xtatib, xutbaga quloq soladi. Agar sajda qilib qo‘ygan bo‘lsa, ikki rak’atni tugatib, so‘ngra xutbaga quloq soladi.
«Olamgiriya»

364-FATVO
Imomlikka jum’a xutbasini o‘qigan odam o‘tishi shart emas.
«Naf’ul-muftiy», «ad-Durrul-muxtor»

Izoh:
Bu yerda shart emas, deyilishidan, xutba o‘qigan kishining imomlikka o‘tishining afzalligi ma’lum bo‘ladi. Lekin shart emasligi ba’zi holatlarda yengillik paydo qiladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  24 Yanvar 2009, 07:26:17

365-FATVO
Bemorga qarab. xizmat qilib turgan kishiga jum’aga borish vojib bo‘lmaydi.
«Naf’ul-muftiy», «ad-Durrul-muxtor»

366-FATVO
Jum’a namozi durust bo‘lishi uchun jamoat bo‘lishi ham shart. Bunda imomdan tashqari kamida uch kishi hozir bo‘lishi kerak. Ularning xutbani tinglagan bo‘lishlari shart emas, balki imomlikka yaroqli kishilardan bo‘lishi zarur. O’zi uch kishi bo‘lsa-yu, biri ayol yoki sag‘ir yoxud imomlikka yaroqsiz bo‘lsa jum’a o‘qilishi durust emas.
«Olamgiriya», «Fathul-Qadir», «Muhit»

Qayd etilgan


AbdulAziz  24 Yanvar 2009, 07:26:36

367-FATVO
Shaharda uzrsiz jum’a o‘qimaganlar jum’a namozi tugamagunicha peshin namozini o‘qimay turishlari lozim. Bemor va musofirlar ham peshin namozini jum’adan keyin o‘qishlari mustahabdir.
«Olamgiriya», «Kanz», «al-Vajiz»

368-FATVO
Bemor odam kasalligi yengillashgani sababli peshin namozini uyida o‘qiganidan keyin jum’a masjidiga borib, jum’a namozini o‘qisa, o‘qigan peshin namozi naflga aylanadi. Imomni «Attahiyyot» o‘qiyotganida yoki sajdai sahv qilayotganida topsa ham iqtido qilib, jum’ani o‘qiyverishi lozim. Bu Abu Hanifa bilan Abu Yusuf (rh.)lar so‘zidir.
«Olamgiriya», «Nihoya»

Qayd etilgan


AbdulAziz  24 Yanvar 2009, 07:26:52

369-FATVO
Ikki hayit namozlari vojib amallar sirasiga kiradi. Uning shartlari jum’a shartlari bilan bir xil. Faqat bularda xutba shart emas, balki sunnat. Xutba jum’ada namozdan oldin o‘qilsa, ikki hayit namozida namozdan keyin o‘qiladi. Ramazon hayitining namozi uzr bilan ertasi kuni o‘qilishi mumkin. Qurbon hayiti namozi uzrli va uzrsiz uch kungacha o‘qilaveradi.
«Olamgiriya», «Muhit», «Muxtasar»

370-FATVO
Hayit namoziga kech kelib, imomni ruku’da topgan kishi tik holda tahrima takbirini aytgach, qaraydi; agar imom ruku’dan boshini ko‘tarmasidan oldin uchta hayit takbirini aytishga ulgursa, tik holda aytib, keyin ruku’ qiladi. Ulgurmaydigan bo‘lsa, ruku’ga borib, takbirlarni aytib tugatadi. Lekin uch takbirni ruku’da aytganida qo‘llarini ko‘tarmaydi. Bordi-yu, ruku’da takbirlarni aytayotganida imom ruku’dan boshini ko‘tarib yuborsa, imomga ergashib, u ham bosh ko‘taraveradi. Aytilmay qolgan takbirlar soqit bo‘ladi.
«Olamgiriya», «as-Siroj», «Kofiy»

Qayd etilgan


AbdulAziz  24 Yanvar 2009, 07:27:15

371-FATVO
Hayit namozining birinchi rak’atida imom qiroatdan oldin uch takbir aytishni unutib, qiroat qilib qo‘ygan bo‘lsa, buni qiroatdan keyin aytishi ham mumkin. Agar ruku’ga borganda esiga tushsa, takbirlarni qo‘l ko‘tarmay ruku’da aytsa ham bo‘ladi.
«Olamgiriya», «Tatarxoniya»

372-FATVO
Qurbon hayiti namozi uzr bilan ertasiga yoki uchinchi kunda o‘qilsa karohiyati yo‘q. Ammo uzrsiz hayitdan keyingi kunlarga qoldirish joiz, lekin makruhdir. Ro‘za hayiti namozini esa, uzrsiz bir kunga kechiktirish ham joiz emas.
«Olamgiriya», «Javhara», «Tabyin»

Qayd etilgan


AbdulAziz  24 Yanvar 2009, 07:27:35

373-FATVO
Hayit namozi bilan janoza namozini o‘qish bir vaqtga to‘g‘ri kelib qolsa, birinchi bo‘lib hayit namozi, keyin janoza o‘qiladi. Hayit namozining xutbasi janoza namozidan keyin o‘qiladi.
«Olamgiriya», «Kunya»

374-FATVO
Qurbon hayitining arafa kungi bomdod namozidan boshlab «Tashriq kunlari»ning oxirgi kuni asr namozidan keyinigacha har bir jamoat bilan o‘qilgan farz namozidan keyin «Tashriq takbiri» ni bir marta aytish vojib. Uning o‘qilishi quyidagicha: «Allohu akbar, Allohu akbar. Lo iloha illallohu vallohu akbar, Allohu akbar. Valillohil-hamd». U hammaga emas, balki shaharda yashovchi erkak kishilarga, muqimga iqtido qilgan musofir va ayollarga vojib bo‘ladi. Yolg‘iz o‘zi o‘quvchi odam bu takbirni aytmaydi.
«Olamgiriya», «Muxtasar»

Qayd etilgan


AbdulAziz  24 Yanvar 2009, 07:27:52

375-FATVO
Tashriq takbirini imom aytmasa, iqtido qiluvchilar darhol aytib yubormasdan imomning haqiqatan takbirni unutib qo‘iganiga va aytmasligiga to‘la ishonch hosil qilishlari lozim. Masalan, gapirib yuborishi, boshqa zikr-tasbehlarni boshlab yuborishi, masjiddan chiqib ketishga harakat qilishi kabi holatlar sodir bo‘lsa, shundagina takbirni muqtadiylarning o‘zlari aytadilar.
«Olamgiriya», «Tabyin»

376-FATVO
Quyosh tutilganda jome masjidida yoki keng maydonda jum’a masjidining imomi jamoat bilan ikki rak’at nafl namozi o‘qishi sunnat amallardandir. Qiroat tovushsiz, uzunroq qilinadi. Namozdan so‘ng uzoqduo qilinadi. Agar imom kelmasa, yakka-yakka bo‘lib o‘qiydilar. Lekin Imom Halvoniy (rh.) so‘ziga ko‘ra jum’a, hayitga o‘tib yurgan imom uzr bilan kela olmay, boshqa biror kishining imom bo‘lib o‘qishiga buyursa, joizdir. Qavmga malol keltirmaslik maqsadida imom qiroatni uzun qilsa, duoni qisqaroq qiladi. Duoni uzoq qilmoqchi bo‘lsa, qiroatni qisqaroq qiladi.
«Muxtasar», «Olamgiriya», «Javhara»

Qayd etilgan


AbdulAziz  24 Yanvar 2009, 07:28:14

377-FATVO
Oy tutilganda ham xuddi Quyosh tutilgandagi kabi ikki rak’at nafl namozi o‘qiladi. Faqat bunda jamoat bilan emas, balki har kim o‘zi yakka holda o‘qiydi. Shuningdek, qattiq shamol, bo‘ron ko‘tarilganda, qor yoki yomg‘ir tinmay qattiq yogaverganda, osmon qizarib ketganda, kunduzni zulmat qoplaganda yoki biror kasallik ommaviy ravishda tarqalganda, zilzilada, chaqmoq ko‘p chaqqanda, yulduzlar ko‘p uchganda, tunda ortiqcha yorug‘lik paydo bo‘lganda, dushmandan xavf kuchayganda ham ikki rak’at nafl namoz o‘qib, Allohdan najot so‘rash tavsiya etiladi. Oy tutilganda va yuqorida eslatilgan holatlarda jamoat bilan emas, balki har kim o‘z uyida o‘qiydi.
«Olamgiriya», «Muhit», «Sirojiya», «Tabyin»

378-FATVO
O’lim tushagida yotgan og‘ir bemor o‘ng tomoni bilan yotqizilib, yuzi qiblaga qaratib qo‘yiladi. Bu sunnatdir. Osmonga qaratib yotqizib, boshi ostita yostiq qo‘yib, tizzalari ko‘tarib qo‘yilsa ham joizdir. Lekin bu ikki xil yotqizishda bemorga noqulaylik tug‘iladigan bo‘lsa, o‘z holicha qoldiriladi.
O’limi yaqinlashganining belgilari — oyoqlari bo‘shashib ketganidan tizzasini ko‘tarib yota olmasligi, burnining egri shaklga kirishi, yuzining rangi o‘chib, terisining bo‘shashib ketishi va hokazo. Shu kabi alomatlar paydo bo‘lishi bilan unga kalimai shaxodat talqin etiladi. Ya’ni, unga eshittirib, «Ashhadu allo iloha illallohu va ashhadu anna Muhammadan abduhu va rasuluh» kalimalari o‘qib turiladi. Bu mustahab amallardandir. Lekin bemorga «Ayt!» - deb qistalmaydi. Agar bir marta bo‘lsa ham aytsa yoki g‘arg‘ara qila boshlasa talqin to‘xtatiladi.
«Muxtasar», «Olamgiriya», «Hidoya», «Javhara»

Qayd etilgan