HAJ VA UMRAGA DOIR FATVOLAR
580-FATVO
Haj ibodati aqli raso, balog‘at yoshidagi sog‘lom musulmon kishi zimmasiga yo‘lga qodir bo‘lsa, umrida bir marta ado etish farzdir. Borib-kelishga har tomonlama qodir bo‘lishi bilan o‘sha yili borishi vojib bo‘ladi. Imom Muhammad (rh.) nazdida o‘sha yili borishi shart emas. Umrining oxirigacha borsa kifoya. Lekin vaqtida, tezroqborgani yaxshi. Boshqa fuqaholar nazdida qodir bo‘lgan yili bormasdan taxirga tashlasa, gunohkor bo‘ladi. Xususan, sog‘lig‘i davom etishidan umidi oz bo‘lgan kishi kechiktirmagani avlo. Kechiktirib qilgan hajji ham hisobga o‘tadi. Qodir bo‘lgan yillari bormasdan kechiktirib yurganda vafot etsa, dunyodan gunohkor holda ketgan bo‘ladi.
Hajning farz bo‘lishi shartlaridan biri — ulov bilan oziq-ovqatga qodyr bo‘lishdir. Shuningdek, oila a’zolari uchun borib kelguniga qadar yetadigan nafaqaga ham qodir ekanligidir. Nafaqa o‘rtacha miqdorda bo‘lishi nazarda tutilgan. Qo‘lidagi mablag‘i hajga yetarli, lekin uylanish niyati ham bo‘lsa, uylanishni keyinga qo‘yib, hajga borishi lozim.
«Olamgiriya», «Tabyin», «Muxtasar», «Xizona»
581-FATVO
Yashayotgan uyini sotib, arzonroq uy sotib olsa, ortgan puli haj safari xarajatiga yetadigan bo‘lsa, uyni sotishi lozim bo‘lmaydi. Shuningdek, hovlisidagi ortiqcha uylarni sotib, puliga hajga borishi lozim emas. Agar o‘zi shuni xohlab, sotib hajga borsa, bu ham avlodir.
«Olamgiriya», «Qozixon», «Izoh»
582-FATVO
Sog‘liq ham hajning farz bo‘lishi uchun shart qilingan. Surunkali kasalga chalingan, ko‘zi ojiz, falaj, ikki oyog‘i kesilgan kabi kishilarga haj vojib emas. Ularni boshqa odamlar haj qildirib qo‘yishlari ham vojib emas, og‘ir kasal bo‘lsa, hajji badalga vasiyat qilishi ham lozim emas. Shuningdek, katta yoshli notavon kishilar, bemorlarga ham haj lozim emas. Bu Abu Hanifa, Abu Yusuf, Muhammad (rh.)lardan qilingan rivoyat. Oxirgi ikki imomdan yana mazkur uzrli kishilarga ham haj qilish vojib, degan rivoyat ham bor. Agar ular birovlarga haj qildirsalar joiz, basharti o‘sha ojizlik davom etib tursa. Bordi-yu, ojizlik ketib, qudrat hosil bo‘lsa, o‘zlari qaytadan haj qilishlari vojib.
«Olamgiriya», «Fathul-Qadir»