* * *
«O’lim — kutilmagan mehmon», deydilar. Bu fikrga qo‘shilmoq mumkin emas. O’lim — kutilgan mehmon. Biz uni kutishga, qarshilashga tadorik ko‘rish lozimligini unutib yashaymiz. Biz uning tashrifi muqarrarligini unutmasak, qadamlariga poyandoz solib kutsak — aziz mehmon kabi izzat qilgan bo‘lamiz va ajr ham shunga yarasha berilajak. Biz solguvchi poyandoz — xayrli amallarimiz, ishlarimiz. Tasavvur qilingki, mehmonga borganimizda poyandoz solib, ochiq chehra bilan kutib olishdi. Saxiylik bilan dasturxon tuzashdi. Benihoya lutf ko‘rgazishdi. Siz bu marhamatlardan erib, mezbonga joningizni ham bermoqqa rozi bo‘lib ketasiz. Aksincha, uyquli ko‘zlarini ochishga erinib, esnab, ensasi qotib qarshilasa, ivirsiq dasturxon atrofidan joy ko‘rsatsa, xuddi yevropaliklarga o‘xshab, «biz bugun mehmon kutmayotgan edik», demasa-da, harakatlari orqali shu ma’noni anglatib tursa, qay ahvolga tushasiz? Bu xonadonga poyandozni emas, chaqirtikanaklarni yalang‘och ravishda bosib o‘tganday bo‘lmaysizmi? Ana endi «iymon» deb atalmish tushunchaning asosini tashkil etuvchi xayrli amallar bilan, savob-xaromning farqiga bormay yurgan xolda o‘limni qarshilashning farqini o‘zingiz fikr qilib olavering.
Kutilmagan mehmon — o‘limning fazilatlaridan biri — u shohu gadoga bir xilda munosabatda bo‘ladi. Unda, bu borada ayirmachilik illati yo‘q. Jon berguvchi banda mehmonini qarshilagach, uning uchun endi foniy dunyoda fojea yo‘qdir. Fojea ortda qolgan tiriklar uchundir. Ayni shu fojeada ayrimachilik mavjuddir. Turish-turmushi oddiyroq bo‘lgan xonadon uchun fojea shamning yongani kabidir. Ular yaqinlaridan jisman judo bo‘lganlari uchun kuyinadilar. qalbni tirnagan judolik azobi uzoq davom etmaydi.
Badavlat odam jon berayotganida to‘plagan boyligidan ajrayotgani uchun qayg‘uradimi yo yo‘qmi — bilmaymiz. «Ular jondan emas dunyolaridan judo bo‘layotganlari uchun alamdalar», deya olmaymiz. Bunday demoq uchun boy qavmida bir o‘lib ko‘rmoq kerakmikin... Ammo... boyning ortda qolmish zurriyodi, yaqinlari uchun ulug‘ bir tashvishlar, azoblar mavjudligi aniqdir. Tiriklar uchun merosdan ulush olish tashvishi — vaqti-soati yetgan bandaning jon taslim qilishi azobidan ulug‘roqdir.
Mansabdorning taqdiri ham shunga o‘xshash. Bu holda ham o‘layotgan mansabdor «og‘zim endi oshga yetganida, boshim toshga yetdi-ya!» — deb nola chekadi, degan fikrdan yiroqmiz. Ammo ortda qolayotganlarning shunday demoqlari ehtimoli bor. Chunki mansabdorning o‘limidan so‘ng ko‘p narsalar chappasiga aylanib ketishi mumkin. Shu mansab tufayli ilinib turgan qudachilikning zaif iplari uzilar balki. Shu mansab tufayli obro‘ shohsupasidagi aka yoki ukalar, farzandlar yoki jiyanlarning kerilib yurishlari barham topar. Shu mansab tufayli bu oilaga o‘zini do‘st tutganlar qabr sovumay turib, mag‘lub askarlar singari tumtaraqay bo‘larlar...
O’lim to‘shagida yotgan bandaning atrofida tashvish bilan ko‘z yoshi to‘kayotganlar shunday fojialarning soyalarida zir titraydilar. Hali jon chiqmay turib, bu tashvishli dunyoda jon saqlab yurishning oson yo‘llarini izlaydilar. Afsus... o‘layotgan bandaning taqdiri ularga ibrat emas.