Horun Yahyo. Qur'oni karimga ko'ra duo  ( 73505 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 B


AbdulAziz  25 Yanvar 2009, 09:04:38

Horun Yahyo

QUR’ONI KARIMGA KO’RA DUO

 :bs1:

Sizni O’zining yer yuzidagi xalifasi qilib yaratgan, ko‘rish, hid va ta’m bilish, aql va tafakkur qilish hidoyatini hamda sanab sanog‘iga yetib bo‘lmaydigan ko‘plab ne’matlarni ato etgan Robbingizga qanchalar yaqinsiz?
 Unga oxirgi marta qachon duo qilganingizni eslay olasizmi? Yoki Allohni faqat balo va musibatlarga, qiyinchilik va mashaqqatlarga uchragandagina yodga olasizmi? Yohud Robbingiz mudom qalbingizdami? Duo qilayotganingizda U Zotining sizga juda yaqin ekanini, shivirlab aytgan har bir gapingiz, hatto ko‘nglingizdan o‘tkazgan har bir fikringizdan ogohligini bilasizmi?
 U barcha odamlar va hamma-hamma narsaning - olamlarning Robbi, hayotdagi eng yaqin do‘stingiz, suyanadigan yolg‘iz tayanchingiz, umid va ishonchingiz manbaai ekanini, avvalambor U Zotga murojaat qilinishini yurak-yurakdan his qilasizmi? Beriladigan javob qanday bo‘lishidan qat’iy nazar bu kitobni o‘qish foydadan holi emas. Chunki har bir qalb Allohni o‘zining aqli, tafakkur qilish doirasi, bilim saviyasi darajasida tasavvur qiladi. Insonning tafakur doirasi qanchalik keng, tasavvuri qanchalik boy bo‘lmasin, Allohni, uning mislsiz qudratini iroda qilishga ojizdir. Bu risolada Allohning bandalariga qanchalik yaqinligi, ulardan qanday duo istashi, qanday duo qilish Allohga xush kelishi, duo qilish ilmi va odobi bayon qilinadi.
Duoning ahamiyati Qur’onda: “Agar duo-iltijolaringiz bo‘lmasa, Robbim sizlarga hech qiymat bermas”, “Furqon”, 77, oyati orqali bayon qilingan. Allohga duo qilishda, unga yaqin bo‘lishda hech qanday chegara yo‘q. Duo - Alloh bilan bandani bog‘lovchi vosita, Allohga bog‘lanish, unga iltijo qilish ehtiyoji esa insonning fitratida bor. Mo‘minlar uchun duo hayotlarining ajralmas qismi va tabiiy ehtiyoji. Ba’zilar uchun duo juda mushkul ahvolda qolganda, qiyinchiliklar bilan yuzma-yuz kelganda esga olinadigan ibodatdir. Albatta, bu Allohga xush kelmagan holat. Allohga maqbul bo‘lgani osonchilikda ham, ham qiyinchilikda ham birdek duoda bardavom bo‘lishdir. Qur’onda samimiyat bilan duo qilish yo‘llari atroflicha bayon qilingan. Qur’onning 209 oyatida duo mavzusi tilga olingan. Shuning o‘zi duoning qanchalik muhim ibodat ekanidan dalolatdir .

MUNDARIJA

Qur’onga ko‘ra duo
Qur’onda duo qanday anglatilgan
Baland bo‘lmagan ovoz, tanho va qalban duo qilish
Allohning borligini his etgan holda duo qilish
Qo‘rquv va umid bilan duo qilish
Allohning sifatlarini yodga olib duo qilish
Duoda qolipga tushgan, takrorlanadigan so‘zlarni aytmaslik
Duoda shoshmaslik
Duoning mavzusi faqat dunyo ne’matlari emas
Duo faqat o‘zi uchun emas, umumiy bo‘lishi lozim
Duoning makoni va zamoni
Duo qabul bo‘lmasligidan xafa bo‘lmaslik
Iborali duo va fe’liy duo
Allohdan boshqasiga duo qilinmaydi
Johillarning duo haqidagi tushunchasi
Qur’onda payg‘ambarlar duolari
Nuh alayhissalomning duolari
Ibrohim alayhissalomning duolari
Lut alayhissalomning duolari
Yusuf alayhissalom duosi
Shuayb alayhissalomning duolari
Ayyub alayhissalomning duolari
Muso alayhissalomning duolari
Sulaymon alayhissalomning duolari
Zakariyo alayhissalomning duolari
Yunus alayhissalom duolari
Iyso alayhissalom duolari
Muhammad alayhissalom duolari

Qayd etilgan


AbdulAziz  25 Yanvar 2009, 09:06:20

QUR’ONGA KO’RA DUO

Chaqirish, nido qilish, istash, yordam so‘rash ma’nolarini bildirgan duo, Qur’onga ko‘ra bandaning butun vujudi bilan Allohga iltijosi yoki imkoniyatlari cheklangan mavjudod — insonning, hamma narsaga qodir Zot qarshisida ojizlik bilan munojot qilishidir. Allohga iymon keltirgan har bir kishining duo qilishi bir haqiqat. Faqat ba’zilar duoni so‘nggi chora sifatida, barcha imkoniyatlarni ishga solib, o‘ylagani amalga oshmagandan keyingina qo‘llashi lozim bo‘lgan imkon sifatida ko‘rishadi. Bundaylar qiyin ahvoldan chiqgach, boshlariga yana bir mashaqqat tushmaguncha Allohni yod etish hayollarining chetidan ham o‘tmaydi. Ayrim toifa odamlarning esa duo haqida tushunchalari juda yuzaki. Ularning nazdida duo bolalikdan e’tiboran oilaning yoshi ulug‘ a’zosi tomonidan o‘rgatiladigan jumlalardir. Bundaylar duoda Allohning borligi, birligi, buyukligi, hamma narsaga qodirligi, bandalarining ahvolidan doimiy ogohligi, duolarining qabul bo‘lish-bo‘lmasligi haqidagi tushunchalarga mutlaqo ega emaslar. Oldindan yod olingan duo qolipidan tashqariga chiqmaydilar.
Mazkur kitobimiz mavzusi - Allohning Qur’on vositasida bandalariga bildirgan duo qilish ta’limi haqida.
Qur’on ilmiga ko‘ra duo qilish - Allohga bog‘lanishning eng oson yo‘li. Keling endi, Allohning sifatlarini bir o‘ylaylik. U insonga jon tomirlaridan ham yaqin, hamma narsani eshituvchi, ko‘ruvchi Zotdir. Insonning qalbidan o‘tgan har qanday fikr Allohning nazaridan chetda qolmaydi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  25 Yanvar 2009, 09:06:44

Inson Allohning ojiz, Uning yordamiga doimiy muhtoj bandasi ekanligini bilib yashasa, har doim Allohning u bilan birga ekanligi, qalbida yashiringan zarradek tuyg‘ularidan ham boxabarligi, orzu-niyatlarini Alloh yuzaga chiqarayotganini yurak-yurakdan his qiladi. Shu sababli inson mudom Allohga samimiyat bilan gunohlarini, xatolarini e’tirof etishi, O’zidan yordam so‘rab qalban yuzlanishi lozim. Buning aksini qilgan kimsalar Allohga qarshi kibrlangan hisoblanib, Qur’onda buning jazosi abadiy jahannam ekanligi bayon qilingan. Hozirgi kunda ayrim toifa odamlar orasida diqqatimizni tortadigan bir holat bor. Bu - duoni boshqa ibodatlar kabi tark etilgan, eskirgan bir an’ana sifatida baholashdir. Islomiy ilmlar haqida so‘z ketganda ularni birgina eskicha so‘zi bilan almashtirib ishlatishadi. Bunday tor fikrlash Allohga ehtiyoji yo‘q, o‘zini hamma narsaga qodir deb biluvchi kimsalarga xos. Insonlarning ko‘p qismi hayotlarining boshidan to oxiriga qadar bo‘layotgan voqealarni o‘zlari va atroflaridagi odamlarning nazoratida yuz beradi deb o‘ylaydilar. Shu sababli o‘lim bilan yuzma- yuz qolmaguncha yoki biror falokatga uchramaguncha o‘zlaricha Allohga duo qilishga ehtiyoj sezmaydilar. Vaholanki bu juda yanglish fikrlash. Aslida insonlarning bari duoga ehtiyoj sezadilar. Faqir va nochor ahvolda yashayotgan insonning badavlat insonga qaraganda duoga ko‘proq ehtiyoj sezadi deb o‘ylash, duo haqida noto‘g‘ri tushunchaga ega kishilarning fikri. Hamma narsasi bor, barcha maqsadlariga yetishgan kishining duoga hech ehtiyoji yo‘q deb o‘ylash ham noto‘g‘ridir. Chunki bunday holda duo qilishning yagona sababi dunyoviy orzularga erishish bo‘lib qoladi. Vaholanki mo‘minlar ham dunyo, ham oxiratlari uchun duo qiladilar. Duo qiluvchi yuzaga kelgan har qanday holatni, har qanday voqealarni koinotning yaratuvchisi va hokimi bo‘lgan Allohga havola qiladi. Muammolarning yechimini topish uchun intilish, Allohga duo qilish, ishlarining xayrli yakunini Allohga havola etish bilan birga , sabr qilish ham rohat manbaaidir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  25 Yanvar 2009, 09:07:50

QUR’ONDA DUO QANDAY ANGLATILGAN

Eng oxirgi marta Allohga qachon duo qilganingizni eslaysizmi? Bu savolga turlicha javob olinishi tabiiy. Insonlar albatta, hamma joyda, har qanday vaziyatda, barcha istaklarining ro‘yobi uchun Allohga duo qiladilar. Ammo iymon keltirganlarning har qanday vaziyatda ham Allohga duo qilishlari haqida Qur’onda alohida e’tibor qaratilgan:
   "œRobbimiz, buni bekorga yaratganing yo‘q, O’zing poksan, bizni o‘t azobidan saqlagin. Robbimiz, albatta, Sen kimni do‘zaxga kiritsang, batahqiq, uni sharmanda qilibsan. Va zolimlarga yordam beruvchilar yo‘q. Robbimiz, biz nido qiluvchining: "œRobbingizga iymon keltiring!"- deb nido qilayotganini eshitdik va iymon keltirdik. Robbimiz, bizning gunohlarimizni kechirgin va yomonliklarimizni o‘chirgin hamda yaxshilar bilan birga o‘ldirgin. Robbimiz, bizga Payg‘ambarlaringga va’da qilgan narsalaringni bergin va bizni qiyomat kuni sharmanda qilmagin. Albatta, Sen va’daga xilof qilmasan. Robbilari ularning (duolarini) ijobat qilib: "œMen sizlardan erkagu ayol amal qiluvchining amalini zoe qilmasman" ("œOli Imron", 191-195).   
Bular bilan yonma-yon duoning eng go‘zal, eng maqbul shakli borki, Qur’onda ular bayon qilingan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  25 Yanvar 2009, 09:08:27

BALAND BO’LMAGAN OVOZ, TANHO VA QALBAN DUO QILISH

Hayotingizdagi eng qiyin va mashaqqatli onlarda, Allohga duo qilish ehtiyoji yanada kuchayganda, duo qilish uchun qanday sharoit ixtiyor qilganingizni eslay olasizmi? Xoynahoy oqshom boshingizni yostiqqa qo‘yib yulduzli osmonga tikilgan kuyi uning cheksiz-chegarasiz ekanligini tafakkur qilgan holda, yoki Alloh bilan yuzma-yuz qolish imkoni bo‘lgan sokin, kimsasiz bir joyni tanlagan bo‘lsangiz kerak. Ibodat asnosida ma’naviy huzur asosan yolg‘iz qolganda, hech kim bilmagan vaqtda, Alloh bilan tanho, yuzma-yuz bo‘lganda seziladi. Xato va gunohlari uchun mag‘firat, ehtiyojlarining qondirilishi uchun duo qilayotgan inson albatta, yolg‘iz holda duo qilishni tanlaydi. Bunga bir misol Zakariyo alayhissalomning duosidir. Qur’onda uning Allohdan naslini davom ettiradigan voris istab yashirincha qilgan duosi shunday bayon qilingan:
«U Robbiga maxfiy nido qilgan chog‘ini esla. U: «Ey Robbim, mening suyaklarim mo‘rtlashdi, boshga oq tutashdi, ey Robbim, senga duo qilish-la badbaxt bo‘lmaganman» (« Maryam», 3-4).
Duoning qabul bo‘lish sabablaridan biri Allohga yuzlanuvchining kuchli, hamma narsaga qodir, hamma narsadan ogoh Zot qarshisida o‘zini past tutib, iltijo qilishdir. Zotan samimiy mo‘min xoh duo, xoh namoz, xoh ro‘za, xoh boshqa ibodat bo‘lsin o‘zini Allohning oldida ojiz, haqir sanab U Zotga qo‘rquv va umid bilan duo qiladi. Qur’onda mo‘minlarga duo qilish odobi to‘g‘risida quyidagi tarzda ta’lim berilgan:
«Robbingizga tazarru’ ila maxfiy duo qiling. Zotan, U haddan oshguvchilarni sevmas» («A’rof», 55).
«Robbingni ertayu kech ichingda tazarru’-la, qo‘rqib, ovoz chiqarib gapirmay zikr qil va g‘ofillardan bo‘lma. Robbing huzuridagilar, albatta, Uning ibodatidan mutakabbirlik qilmaslar"¦» («A’rof», 205-206).

Qayd etilgan


AbdulAziz  25 Yanvar 2009, 09:10:28

Qur’onda duoni yolg‘iz, maxfiy va tazarru’ bilan qilishga e’tibor qaratilgan. Shu sababli duo qiluvchi ovozini baland qilishi, atrofida ko‘p odamlarni jamlashi muhim emas. Shuni unutmaslik kerakki duoda ovozni balandlashtirish uning qabulini osonlashtirmaydi. Biz duo qilayotgan Robbimiz qalbimizdan o‘tgan tuyg‘ularni bilgan, hamma narsadan ogoh va bizga jon tomirlarimizdan ham yaqindir. Bu haqda Alloh taolo marhamat qiladi:
«Albatta, insonni Biz yaratganmiz va uning nafsi nimani vasvasa qilishini ham bilurmiz. Va Biz unga jon tomiridan ham yaqinmiz» («Qof», 16).
Yaratuvchimizning bizlarga shunchalik yaqinligini bilib turib ovozimizni behuda balandlatishning hojati yo‘q. Inson qalban duo qilish bilan birga faqat o‘zi eshitadigan ovoz bilan ham duo qilishi mumkin. Qur’onda xoh ibodat chog‘ida, xoh hayotining har onida ovozini me’yorda qilish lozimligi oyatlarda quyidagicha bildirilgan:
«Yurishda mo‘‘tadil bo‘l va ovozingni pasaytir. Chunki, ovozlarning eng yomoni eshakning ovozidir» («Luqmon», 19).
«Sen: «Allohga duo qilinglar, Rohmanga duo qilinglar, qaysisiga duo qilsangiz ham, bari bir. Go‘zal ismlar Unikidir», deb ayt. Namozingni juda baland ovoz ila o‘qima, uni juda maxfiy ham o‘qima, buning orasida bir yo‘l tut» («Isro»,110).
Ko‘rib turganimizdek Qur’onda ta’lim berilgan ibodat namunasi ko‘z-ko‘z qilishdan uzoq. Boshqalar ko‘rsin yoki eshitsin deb qilinmaydi. Faqat Alloh oldidagi burchini go‘zal holda bajarish maqsad qilinadi. Qur’onda bunga juda katta ahamiyat berilgan. Duo bilan bog‘liq oyatlarda qayta-qayta «Unga dinni xolis qilgan holda duo qiling» kalomi zikr etilgan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  25 Yanvar 2009, 09:12:55

«Sen «Robbim adolatga amr qiladi. Har bir ibodatxonada yuzingizni to‘g‘ri tuting. Uning diniga ixlos etgan holda duo qiling. Sizlarni avval qanday yaratgan bo‘lsa, o‘sha holda qaytasizlar», deb ayt» («A’rof», 29,)
«Bas, agar kofirlar yoqtirmasalar ham, Allohga dinni xolis qilgan holingizda yolboring» («G’ofir», 14).
«U zot tirikdir. Undan o‘zga ibodatga sazovor zot yo‘q. Bas, Unga dinni xolis qilgan holda duo qiling. Olamlarning Robbi Allohga hamdlar bo‘lsin» («G’ofir», 65).
Ushbu oyatlarda zikr etilgan «Unga dinni xolis qilgan holda duo qiling» kalomidan murod Allohga dinni xolis tutgan holda duo-ibodat qilish, Allohga xolis bo‘ysungan holda, shariatga to‘la amal qilgan holda, iymon-e’tiqodga yolg‘onu riyoni aralashtirmay duo-ibodat qilishga chaqirishdir.
Din faqat Allohnikidir. Ibodatlar ham faqat Uning roziligini ko‘zlab qilinadi. Duo-ibodatlarini boshqalarga ko‘rsatish uchun qilganlar haqida shunday deyilgan:
«Bir «namozxonlar»ga vayl bo‘lsinki. Ular namozlarini unutuvchilardir. Undoq kishilar riyo qiladiganlardir» («Maa’un», 4-6).

Qayd etilgan


AbdulAziz  25 Yanvar 2009, 09:13:23

ALLOHNING BORLIGINI HIS ETGAN HOLDA DUO QILISH

Duoning eng birinchi va muhim shartlaridan biri Allohga bo‘lgan mustahkam iymondir. Odam chorasiz qolganda Allohning borligini va unga faqatgina U Zot yordam berishi mumkinligini his qilishi juda muhimdir. Lekin odam nafaqat og‘ir damlarda, balki osoyishta onlarida ham Allohning borligini, Uning buyukligini his etib duo qilishi lozim. Aslida odam faqat duoda emas, hayotining har onida bularni his qilib yashamog‘i lozim. Bularni bilgan mo‘min barcha ibodatlar qatori duoni ham uning mazmun mohiyatni anglab qiladi. Duo Alloh bilan banda o‘rtasida riyosiz, xolis aloqa o‘rnatilishi bilan ahamiyatlidir. Odam barcha muammoyu tashvishlarini, istagu ehtiyojlarini faqat Allohga ochib, bu muloqotda faqat Alloh va Uning bandasi ishtirok etadi. Alloh ham bandasining Unga xolislik, tazarru’ bilan qilgan iltijolarini qabul etib, uni noumid qilmaydi.
Avval ham aytib o‘tganimizdek duoning hech qanday shakliy qolipi yo‘q. «Namozni ado etganingizdan so‘ng, Allohni turgan, o‘tirgan va yonboshlagan holingizda eslang» («Niso», 103) oyati, insonni har qanday sharoitda ham Allohni eslab, Unga duo qilishi mumkinligini ko‘rsatadi. Muhimi taqozo etilgan vaziyat emas, bandaning Allohga bo‘lgan iymonu ixlosi, samimiyatidir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  25 Yanvar 2009, 09:13:49

Aytganlarimizning aksi esa duoning haqiqiy mohiyatiga zid bo‘lib, uni faqat ma’lum vaqt va sharoitda bajariladigan ibodat sirasiga kiritib qo‘yadi. Unda ixlos, ishonch duo qabulining asosiy shartlaridan bo‘lmay qoladi. Hatto ba’zi johil kimsalar duoning asl mohiyatini anglamay uni sehr va tilsimiyat deb ham o‘ylashadi. Daraxtlarga ip bog‘lash, o‘zlari aniq bilmagan aziz-avliyolar qabrini ziyorat qilish, u yerdagi ko‘l baliqlariga yemish berib farzand tilash, Bibi mushkulkushod marosimi o‘tkazib muammolariga yechim so‘rash moddiyun fikrlovchi kishilarga xosdir. E’tibor bersak bunday fikrlashning eng muhim sababi Qur’on ilmidan bexabar bo‘lishdir. To‘g‘ridan-to‘g‘ri, hech qanday vositachisiz Allohga duo qilib so‘rash o‘rniga, turli-tuman botil narsalarga ixlos qilib o‘zlarini qiynashlari achinarli hol. Bu amallari bilan ular kimga iltijo qilib, kimdan so‘raganliklarini farqiga ham bormaydilar. Duo uchun qo‘llashgan turli botil ashyolarini karomat deb e’tiqod qilishadi, ammo uning nimaligi so‘ralsa tayinli javob bera olmaydilar. Qabr ziyoratida u yerda yotganlarga duo qilib, ulardan madad so‘raganlar ham botil e’tiqod egalaridir. Mo‘min esa «Va Robbingni ismini zikr et va Uning ibodatiga butunlay ajralib chiq» («Muzzammil», 8) amriga amal qilib o‘zining barcha ishlarida Allohni doimo zikr qilish bilan yordam so‘raydi. U Zotga butun vujudi bilan iltijo chiqib, faqat Uning O’ziga suyanadi, ishlarining birortasida ham Alloh taolodan o‘zgaga suyanmaydi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  25 Yanvar 2009, 09:33:21

QO’RQUV VA UMID BILAN DUO QILISH

Qur’onda Allohning «marhamatlilarning eng marhamatlisi» («Anbiyo», 83) ekanligi bildirilgan. Yana Qur’onda gunoh qilib, so‘ngra Allohga istig‘for aytganlar Allohning mag‘firatli va rahimli Zot ekanligini ko‘rishlari bildirilgan. («Niso»,110). Shu sababli inson Allohni rahim qiluvchi, mag‘firat etuvchi Zotligini o‘ylashi, umid bilan duo qilishi lozim. Kishi qilgan xatosi tufayli his qilayotgan vijdon azobi qanchalik katta bo‘lmasin, bu Allohning cheksiz mag‘firatidan umid uzishga sabab bo‘la olmaydi. Shu bilan birga kishining xato va gunohlari tufayli mavjud ruhiy holati uning Allohga umid bilan duo qilishiga to‘siq bo‘la olmasligi kerak. Chunki Qur’onda Allohning rahmatidan umid uzish kofirlarga xosligi eslatilgan:
«Allohning rahmatidan noumid bo‘lmanglar. Haqiqatan, Allohning rahmatidan faqat kofir qavmlargina noumid bo‘lurlar» («Yusuf», 87).
Ma’lumki hech kimning jannatga kirishi uchun kafolati yo‘q. Bu xususda Alloh Qur’onda:
«Albatta, Robbilarining azobidan omonlik yo‘qdir» («Ma’orij», 28), oyati bilan ushbu haqiqatni bandalariga bildirgan. Shu sababli barcha odamlar so‘nggi imkonigacha Allohdan qo‘rqishlari lozim. Shunday ekan, imtihon dunyosidagi barcha odamlar Allohga qalban iltijo qilib zalolatga tushishdan, shaytonga itoat qilishdan panoh tilashi, Allohdan hidoyatda sobit turishlarini so‘rashi lozim. Chunki hech kimning to‘g‘ri yo‘lda mustahkam turishiga kafolati yo‘q. Qalblarning hammasi Allohning qo‘lida bo‘lib, bu haqda Qur’onda iymon keltirgan va ilmda sobit bo‘lgan aql egalari tomonidan qilingan quyidagi duoga e’tibor qaratilgan:
«Ey Robbimiz, bizni hidoyat qilganingdan so‘ng qalblarimizni og‘dirmagin va bizga O’z huzuringdan rahmat ato qilgin. Albatta, Sening o‘zing ko‘plab ato qiluvchisan» («Oli Imron», 8).

Qayd etilgan