Horun Yahyo. Qur'oni karimga ko'ra duo  ( 120622 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 B


AbdulAziz  26 Yanvar 2009, 08:49:50

«Qachonki Madyan suviga yetib kelgach, bir to‘p odamlarning hayvonlarini sug‘orayotganini ko‘rdi va ulardan boshqa (qo‘ylarini suvdan) qaytarayotgan ikki ayolni ko‘rdi. U: «Sizlarga nima bo‘ldi?»dedi. Ular «Cho‘ponlar qaytmagunlaricha sug‘ora olmaymiz, otamiz qari chol», dedilar. Bas, ikkovlariga (hayvonlarni) sug‘orib berdi. So‘ngra soyaga qaytdi va «Ey Robbim, albatta menga tushirajaging har bir yaxshilikka muhtojman», dedi. Bas, ikkovlaridan biri hayo bilan yurib kelib: «Otam senga bizlarga sug‘orib berganing haqqini berish uchun chaqirmoqda», dedi. Qachonki unga kelganida va qissani aytib berganida, u: «Qo‘rqma, zolim qavmlardan najot topding», dedi» («Qosos», 23-25)
Qariya qizlarining taklifiga ko‘ra Muso alayhissalomni ishga yollamoqchi bo‘ladi. U Muso alayhissalomga buni quyidagi tarzda bildirdi:
«... Menga sakkiz yil ishlab berishing sharti bilan, shu ikki qizimdan birisini senga nikohlab bermoqchiman, agar o‘n yilni tamomlasang, bu sening ishing. Men senga mashaqqat qilishni istamasman. Inshaalloh, meni solih kishilardan ekanimni ko‘rasan» («Qosos», 27).
Kelishilgan muddat tugagach Muso alayhissalom ahli ayollarini olib yo‘lga tushadilar. Tur tog‘iga yaqinlashganda, uzoqdan olov yonib turganini ko‘radilar. Ahli ayollarini o‘sha yerda qoldirib, olov ko‘ringan tarafga qarab ketadilar. U yerga yaqinlashgach Alloh tomonidan «Ey Muso» degan nido keldi. So‘ngra Alloh taolo:
«Albatta, Men, O’zim olamlarning Robbi Allohdirman» deydi. («Qosos», 30).

Qayd etilgan


AbdulAziz  26 Yanvar 2009, 08:50:39

So‘ng Alloh O’z Payg‘ambariga ikki mo‘‘jiza-hujjat ato etadi. Tashlaganda katta ilonga aylanadigan hassa va qo‘lini qo‘ltig‘iga tiqqanda uning oppoq bo‘lib chiqishi. Bu ikki mo‘‘jiza Fir’avn va uning a’yonlarini Allohning diniga chaqirishda qo‘llaniladigan hujjat edi. Muso alayhissalom bunday mas’uliyatli ishni bajarishdan avval bir oz mulohazaga borib shunday deydilar:
«Ey Robbim, men ulardan bir jonni o‘ldirganman, ular meni o‘ldirishlaridan qo‘rqaman. Birodarim Horun mendan ko‘ra tili burroroq, uni ham men bilan yubor, meni tasdiqlaydilar. Zero, ular meni yolg‘onchi qilishlaridan qo‘rqurman» («Qosos», 33).
Alloh Muso alayhissalomni Horun alayhissalom bilan quvvatlashini aytib, Fir’avnning yoniga borishni buyurdi. Shunda Muso alayhissalom Allohga shunday duo qildilar:
«Ey Robbim, mening qalbimni keng qil. Ishimni oson qil. Tilimdagi tugunni yechgin, so‘zimni anglasinlar. Menga o‘z ahlimdan bir vazir qilib ber. Og‘am Horunni. U bilan belimni quvvatla. Uni ishimga sherik ayla. Senga ko‘p tasbeh aytishimiz uchun. Va Seni ko‘p zikr qilishimiz uchun. Albatta, Sen O’zing bizni ko‘rib turuvchi eding» («Toha», 24-35).

Qayd etilgan


AbdulAziz  26 Yanvar 2009, 08:51:47

Muso alayhissalomning duosini qabul qilgan Alloh:
«Ey Muso, senga so‘raganing berildi», deb marhamat qildi. («Toha», 36).
Muso alayhissalom Fir’avn va uning qavmiga ko‘rsatayotgan mo‘‘jizalari ularni iymon keltirishlariga sabab bo‘lishi o‘rniga uydirma va sehr deb baholanadi. Muso alayhissalom Fir’avn va uning qavmini Haq yo‘liga chaqirishda har tomonlama qattiq harakat qildilar. Ammo tug‘yonga ketgan qavm botil yo‘ldan chekinishni istamadi . Shunda Muso alayhissalom Allohga shunday iltijo qildilar:
«Ey Robbimiz, Sen Fir’avnga va uning amaldorlariga zebu ziynat va molu dunyo berding. Robbimiz, bu Sening yo‘lingdan adashtirishlari uchundir. Robbimiz, ularning mollarini yo‘q qilgin va qalblarini qattiq qilgin, to alamli azobni ko‘rmagunlaricha iymonga kelmasinlar» («Yunus», 88).
Alloh taolo bu duoni qabul qilganini quyidagi tarzda bildirdi:
«U: «Batahqiq, ikkovingizning duoingiz qabul bo‘ldi. Bas, sobit turinglar va bilmaydiganlarning yo‘liga ergashmanglar», dedi». («Yunus», 89).

Qayd etilgan


AbdulAziz  26 Yanvar 2009, 08:52:21

Muso va Horun alayhissalom Allohning:
«Batahqiq, Biz Musoga: «Sen bandalarim ila kechasi yo‘lga tush, ularga dengizdan quruq yo‘l och, yetib olishlaridan xavf qilma va qo‘rqma» («Toha», 77) amriga ko‘ra Bani Isroil qavmini Fir’avn zulmidan qutqarish uchun Misrni tashlab ketishadi. Ularning orqasidan Fir’avn va uning askarlari quvib kela boshlaydi. Yo‘ldan dengiz chiqadi. Muso alayhissalom dahshatga tushmasdan, Allohning amriga ko‘ra qo‘llaridagi hassa bilan dengizga uradilar. Dengiz ikkiga bo‘linib, yo‘l ochiladi. Hammalari shu yo‘ldan o‘tib oladilar. Shunda Alloh O’z Payg‘ambarining duosini qabul bo‘lganini ko‘rsatadi:
«Va Bani Isroilni dengizdan o‘tkazdik. Bas, Fir’avn va uning askarlari haddan oshgan va tug‘yon qilgan holda ularni ta’qib qildilar. Toki unga (dengizga) g‘arq bo‘lish yetganida (Fir’avn): «Bani Isroil iymon keltirgan Zotdan o‘zga iloh yo‘qligiga iymon keltirdim va men musulmonlardanman», dedi» («Yunus», 90).
Shunda Alloh:
«Endimi! Oldin isyon qilgan va buzg‘unchilardan bo‘lgan eding-ku?! Bugun sening badaningni qutqaramiz. Toki o‘zingdan keyingilarga ibrat bo‘lgin. Albatta, ko‘p odamlar Bizning oyatlarimizdan g‘ofildirlar» dedi («Yunus», 91-92).

Qayd etilgan


AbdulAziz  26 Yanvar 2009, 08:52:58

Fir’avnning o‘limidan so‘ng nima bo‘lgani haqida Qur’onda shunday deyilgan:
«Batahqiq, Biz Bani Isroilni haqiqiy omonlik maskaniga joylashtirdik va ularni pok narsalar ila rizqlantirdik.Bas, ular to o‘zlariga ilm kelmaguncha ixtilof qilmadilar...» («Yunus», 93).
Allohning va’dasiga muvofiq Fir’avn va uning a’yonlari halok bo‘lganidan so‘ng Muso alayhissalomga kitob berishi kerak edi. Muso alayhissalom bu haqda Allohdan so‘raganlarida, U Zot o‘ttiz kun ro‘za tutishni amr qiladi. Muso alayhissalom o‘ttiz kun ro‘za tutadilar. Uchrashuv belgilangan vaqtga tayyorgarlik ko‘rayotganlarida Allohdan yana o‘n kun ro‘za tutish amri keladi. Muso alayhissalom Alloh buyurgan amrni to‘la bajaradilar. So‘ngra Tur tog‘i tomon yo‘l olib, o‘rnilariga og‘alari Horun alayhissalomni qoldiradilar. Muso alayhissalom ketishlari bilan Bani Isroil Horun alayhissalomning gapiga kirmay tilla taqinchoqlardan yasalgan buzoqni iloh tutadi. Muso alayhissalom qavm yoniga darg‘azab holda qaytadilar. O’rnilariga tayinlab ketgan akalari Horun alayhissalomni sochidan tortadilar. Horun alayhissalom Muso alayhissalomga bo‘layotgan voqealarga bepisand qarab turmaganini, qavm uni xo‘rlaganini, hatto o‘ldirib qo‘yishlariga oz qolganini aytadi. Shunda Muso alayhissalom Allohga iltijo qiladilar:
«Robbim, meni va akamni mag‘firat qilgin va bizlarni O’z rahmatingga kiritgin. Sening O’zing rahim qilguvchilarning rahimlirog‘isan» («A’rof», 151)

Qayd etilgan


AbdulAziz  26 Yanvar 2009, 08:53:19

Bani Isroil tilladan yasalgan buzoq haykaliga ibodat qilib, ulkan gunoh sodir etganlari, keyin afsus bilan tavba qilganlari uchun Alloh taolo Muso alayhissalomga ulardan yetmish kishini o‘z miyqotiga olib kelishni amr qiladi. Bu yetmish kishi Bani Isroilliklar nomidan Allohga uzr aytib, duo qilishlari kerak edi. Ular esa, Muso alayhissalomga, bizga Xudoning o‘zini ko‘rsat, deb turib oladilar. Bunday shakkoklik sodir etganlaridan so‘ng, ularni dahshatli zilzila tutib, o‘zlaridan ketadilar. Shu payt Muso alayhissalom Alloh taologa iltijo qilib:
«Ey Robbim, agar xohlasang, bularni ham, meni ham bundan oldin halok qilsang bo‘lardi. Esi pastlarimiz qilgan ish tufayli bizni halok qilasanmi? Bu Sening sinovingdan boshqa narsa emas. U ila kimni xohlasang, adashtirasan va kimni xohlasang, hidoyatga solasan», dedilar.
Iltijoda davom etgan Muso alayhissalom:
«Sen valiyimizsan, bas, bizni mag‘firat qil, bizlarga rahim et. Sen O’zing mag‘firat qiluvchilarning eng yaxshisisan. Va bizga bu dunyoda ham, oxiratda ham yaxshilikni yozib qo‘y. Biz Sening O’zingga tavba qildik», deb duo qildilar («A’rof», 155-156).
Qur’onda Muso alayhissalom bilan bog‘liq oyatlarga nazar solsak u zotning duolarida ixlos, ishonchni ko‘rish mumkin. Alloh taolo Muso alayhissalomni vaqt hamda turli hodisalar orqali tarbiyalab ulug‘ Payg‘ambar qildi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  26 Yanvar 2009, 08:54:00

SULAYMON ALAYHISSALOMNING DUOLARI

Sulaymon alayhissalomning muhim xususiyatlaridan biri Alloh tomonidan u zotga ulkan davlat ato etilishidir. Bundan tashqari Alloh u zotga boshqa bir qancha fazilatlarni ham bergan.
«Va Sulaymon Dovudga voris bo‘ldi. U: «Ey odamlar, bizga qush tili o‘rgatildi va har bir narsadan berildi. Bu, albatta, ochiq-oydin fazldir», dedi. Sulaymonga jin, ins va qushlardan bo‘lgan askarlari to‘planib, tizilgan holda turdilar» («Naml», 16-17).
«Bas, Biz unga shamolni bo‘ysundirdik, u iroda qilgan tomonga mayin esaveradi. Yana barcha binokor va g‘avvos shaytonlarni ham. Va boshqalarini ham kishanlagan holda to‘plab (bo‘ysundirdik)» («Sod», 36-38).
Robbisi tomonidan berilgan bu afzalliklar sababli Sulaymon alayhissalom Allohga shunday duo qilganlar:
«Robbim, meni O’zing menga va ota-onamga bergan ne’matlaringga shukr etishimga va Sen rozi bo‘ladigan solih amallar qilishimga muyassar etgin. O’z rahmating ila meni solih bandalaringga qo‘shgin» («Naml», 19).

Qayd etilgan


AbdulAziz  26 Yanvar 2009, 08:54:39

Sulaymon alayhissalomning bunday duo qilishlariga sabab quyidagi voqea bo‘lgan:
Sulaymon alayhissalom o‘zlarining ins, jin va qushlardan iborat askarlari bilan yurib borayotgan edilar. Chumolilar yashaydigan joyga yetganda bir chumolining shu so‘zlarini eshitib qoladilar:
«...Ey chumolilar, maskanlaringga kiringlar, Sulaymon va uning askarlari sizlarni bilmasdan ezib yubormasin» («Naml», 18).
Sulaymon alayhissalom mittigina bu jonzotning hushyorligidan, boshqa chumolilarning unga itoat etganlaridan zavqlanadilar va tabassum bilan yuqorida aytilgan duoni qiladilar.
Qur’onda bayon qilingan quyidagi qissa ham Sulaymon alayhissalom tilidan qilingan duo bilan bog‘liq:
Alloh taolo Sulaymon alayhissalomni imtihon qilishni iroda etadi. Alloh unga gijinglab turgan uchqur otlarni ko‘rsatadi. U zot otlarni zavq bilan tomosha qilib quyosh botganini ham sezmay qoladilar.Sulaymon alayhissalom Allohning zikridan chalg‘itgan bu otlarni qurbonlik qilib so‘yib yuboradilar. Ammo bu otlarni ko‘rgan Sulaymon alayhissalom Alloh yo‘lida jihod qiladigan chavandoz o‘g‘illari bo‘lishini orzu qiladilar. Sulaymon alyhissalom, «bu kecha yetmish ayolni aylanib chiqaman, ularning har biri Alloh yo‘lida jihod qiladigan chavandoz tug‘adi», dedi. «Inshaalloh» demadi. U ayollarni aylanib chiqdi. Ulardan birgina ayol homilador bo‘lib, chala bola tashladi. Sulaymon alayhissalom nima sababdan bunday bo‘lganini anglab yetib, tavba qiladilar:
«Ey Robbim, meni mag‘firat qilgin va menga o‘zimdan keyin biror kishiga muyassar bo‘lmaydigan mulkni hadya etgin. Albatta, Sen ko‘plab atolarni berguvchisan» («Sod», 35).
Sulaymon alayhissalom bilan bog‘liq bu voqea haqida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
«Mening nafsim qo‘lida bo‘lgan Zot bilan qasamki, agar «inshaalloh» deganida, ularning hammasi chavandoz bo‘lib, Alloh yo‘lida jihod qilar edilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  26 Yanvar 2009, 08:55:08

ZAKARIYO ALAYHISSALOMNING DUOLARI

Qur’onning uch surasida Zakariyo alayhissalom tilidan qilingan duo bayon etilgan. Keksa Zakariyo alayhissalom befarzand edilar. Ammo bu xususda Allohdan umidlari uzilmagandi. O’zlari va va ayollari farzand ko‘rish yoshidan o‘tib qolgan bo‘lsalar ham sabr bilan Allohdan farzand so‘rab duo qilardilar.
Imron alayhissalomning homilador ayoli tug‘ilajak farzandini xolis niyat bilan ibodatxona xizmati uchun nazr qiladi. Vaqti-soati kelib qiz farzand dunyoga keladi. Unga Maryam deb ism qo‘yishadi. Alloh uni juda yaxshi qabul qilib, nihoyatda go‘zal o‘stiradi va Zakariyo alayhissalomni unga kafil qiladi. O’sha payt ibodatxona boshlig‘i Zakariyo alayhissalom edi. Zakariyo alayhissalom doimo Maryamning oziq-ovqatidan xabardor bo‘lib turar edilar. Har safar Maryamning oldiga kirsalar uning huzurida rizq ko‘rar edilar. Xayron bo‘lgan Zakariyo alayhissalom Maryamdan: «Senga bu qaerdan keldi?», deb so‘raydilar. Maryam esa, «Bu Allohning huzuridan. Albatta, Alloh xohlagan kishisiga behisob rizq berur», deb javob qilgan. Buni ko‘rib befarzand yurgan Zakariyo alayhissalomda farzandli bo‘lish havasi yangidan uyg‘onadi va Allohga rag‘bat va qo‘rquv bilan duo qiladi:
«Ey Robbim, menga O’z huzuringdan pokiza farzand ato et. Albatta, Sen duoni eshituvchisan» («Oli Imron»,38).
Boshqa surada Zakariyo alayhissalom o‘zlaridan keyin qavmning dinu diyonatda sobit qolishini istab Allohdan merosxo‘r so‘rab duo qilganlar. U zot alayhissalom tilidan qilingan ushbu duoda duoning bir nechta odoblari mujassamlashgan:
 «U Robbiga maxfiy nido qilgan chog‘ini esla. U: «Ey Robbim, mening suyaklarim mo‘rtlashdi, boshga oq tutashdi, ey Robbim, Senga duo qilish-la badbaxt bo‘lmaganman. Va, albatta, men ortimdagi qarindoshlardan qo‘rqdim. Ayolim tug‘mas edi. Bas, menga O’z dargohingdan bir valiy-ortdan qoladigan ato et. U menga va Ya’qub oilasiga merosxo‘r bo‘lsin. Ey Robbim, uni O’zing rozi bo‘ladigan qil», dedi» («Maryam», 3-4).

Qayd etilgan


AbdulAziz  26 Yanvar 2009, 08:56:03

Ushbu oyatda Allohga xush keladigan duo shakli qanday bo‘lishi kerakligi yaqqol ko‘rinib turibdi. Eng avval, olamlarning Robbisiga kamtarlik his qilib maxfiy duo qilish. So‘ngra U Zotning qarshisida o‘zini ojiz bilish, U Zotning eshituvchi, qabul qiluvchi ekanligini tilga chiqarish, o‘z istaklarini bayon qilish, noumid bo‘lmaslik. Albatta, Payg‘ambarlarning har bir harakatida odamlarga buyuk axloq namunasi bor. Zakariyo alayhissalomning duolari ham bizlarga qanday duo qilish kerakligini o‘rgatgan.
Yana bir surada Zakariyo alayhissalom tilidan qilingan duo shunday bayon qilingan:
«Va Zakariyoni esla. O’shanda u Robbiga nido qilib: «Ey Robbim, meni yolg‘iz tashlab qo‘yma, Sen O’zing vorislarning eng yaxshisisan», degan edi» («Anbiyo», 89).
Albatta, Zakariyo alayhissalomning duolari qabul bo‘ldi. Buni Alloh taolo quyidagi tarzda bildirgan:
«Bas, Biz uning (duosini) ijobat etdik va unga Yahyoni hadya qildik hamda juftini o‘nglab qo‘ydik. Albatta, ular yaxshilikka shoshilishar edi va Bizga rag‘bat ila va qo‘rqib duo qilishar edi. Ular Bizga ta’zim ila bo‘yinsunuvchi edilar» («Anbiyo», 90).
«Ey Zakariyo, Biz senga ismi Yahyo bo‘lgan bir o‘g‘ilning xushxabarini beramiz. Bundan oldin unga otdosh qilgan emasmiz» («Maryam», 7).

Qayd etilgan