Horun Yahyo. Qur'oni karimga ko'ra duo  ( 120636 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 B


AbdulAziz  26 Yanvar 2009, 00:38:20

DUO FAQAT O’ZI UCHUN EMAS, UMUMIY BO’LISHI LOZIM

Ma’lumki Allohning birovga bergan ne’matiga hasad qilmaslik ulkan fazilatdir. Bu fazilatdan yiroq johil, xudbin kimsalar davlat, martaba, xotirjamlik kabi ne’matlarni faqat o‘zlaridagina bo‘lishini xohlaydilar. Vaqti-vaqti bilan yaqin do‘stlardek ko‘ringan odamlar, hatto qarindoshlar orasida ham xasad tufayli kelib chiqqan nizolar, janjallar buning misoli bo‘la oladi.
Qur’onda maqtab vasf etilgan asl mo‘min ham dunyo, ham oxirat ne’matlarini boshqalar bilan baham ko‘rishni istaydi. Misol uchun saodat asrida Makkalik muhojirlarga Madinalik ansorlar tomonidan qilingan fidokorliklar haqida Alloh taolo shunday marhamat qilgan:
«U (muhojir)lardan avval bu joy (Madiyna)da yashagan va iymonga (ixlos qilganlar). Ular yurtlariga hijrat qilib kelganlarni sevarlar va ularga berilgan narsalarga qalblarida hasad qilmaslar. Va agar o‘zlarining hojatlari bo‘lsa ham, ularni o‘zlaridan ustun qo‘yarlar. Kim o‘z nafsining baxilligidan saqlansa, undoq kishilar, ha, o‘shalar yutuvchilardir» («Hashr», 9).

Qayd etilgan


AbdulAziz  26 Yanvar 2009, 00:39:36

Mo‘minlarning o‘zaro g‘amxo‘rliklari, bir-birlariga yaxshilik qilish uchun astoydil harakat qilishlari Qur’onning boshqa oyatida shunday vasf qilingan:
«Mo‘min erkaklar va mo‘mina ayollar bir-birlariga do‘stdirlar. Ular yaxshilikka buyururlar, yomonlikdan qaytarurlar, namozni to‘kis ado eturlar, zakotni berurlar hamda Allohga va Uning Rasuliga itoat qilurlar. Ana o‘shalarga Alloh tezda rahim qilur. Albatta, Alloh g‘olib va hikmatli Zotdir» («Tavba», 71).
Mo‘minlarning o‘zaro g‘amxo‘rliklari albatta, ularning duolarida ham o‘z ifodasini topgan. Eng avvalo e’tiborni jalb etadigan narsa Qur’onda bayon qilingan, mo‘minlar tilidan qilingan duolarda Allohga «men» emas, «biz» deb ko‘pchilik uchun iltijo qilinganini ko‘ramiz. Ya’ni Allohga yuzlangan mo‘min faqat o‘zi uchun duo qilmaydi. Albatta, faqat o‘zi uchun duo qilish kerak bo‘lgan holatlar ham bo‘ladi. Lekin o‘z istaklari bilan yonma-yon boshqa mo‘minlar uchun ham duo qilib, Allohdan yordam so‘rash Qur’onda ibrat qilib ko‘rsatilgan fazilatdir. Quyidagi oyatlarda ulardan namuna ko‘rsatilgan:
«Ey Robbimiz, agar unutsak yoki xato qilsak, (iqobga) tutmagin. Ey Robbimiz, bizdan oldingilarga yuklaganga o‘xshash og‘irlikni bizga yuklamagin. Ey Robbimiz, bizga toqatimiz yetmaydigan narsani yuklamagin. Bizni afv et, mag‘firat qil va rahim et. Sen Xojamizsan. Bas, kofir qavmlarga bizni g‘olib qil» («Baqara», 286 ).
 «Ey Robbimiz, bizni hidoyat qilganingdan so‘ng qalblarimizni og‘dirmagin va bizga O’z huzuringdan rahmat ato qilgin. Albatta, Sening o‘zing ko‘plab ato qiluvchisan» («Oli Imron», 8).
   «Robbimiz, albatta, biz iymon keltirdik. Bizning gunohlarimizni mag‘firat qilgin va do‘zax azobidan saqlagin» («Oli Imron», 16).

Qayd etilgan


AbdulAziz  26 Yanvar 2009, 00:40:40

DUONING MAKONI VA ZAMONI

   Alloh taolo Qur’onda duo qilish odobidan ta’lim bergan oyatlarga ko‘ra mo‘min Alloh uni ko‘rib, eshitib turganini his qilib Unga umid va qo‘rquv bilan duo qiladi. Qur’onda duo qilish uchun ma’lum vaqt belgilanmagan. Kishining Allohga yuzlanib iltijo qilishi bu ibodat vaqti —soati kelganini ko‘rsatadi. Odam bolasining istak va ehtiyojlari ko‘pligi bois duosi ham ko‘p bo‘ladi. Shu sababli duoning ma’lum vaqti tayin qilinmagan. Odam qachon duoga ehtiyoj sezsa o‘sha vaqtdayoq duo qilishi mumkin. Faqat Qur’onda fazilatli vaqtlar ba’zi oyatlarda qisqacha aytib o‘tilgan:
«(Taqvodorlar) sabr qiluvchilar, sodiqlar, doimiy toat qiluvchilar, nafaqa qiluvchilar va saharlarda istig‘for aytuvchilardir» («Oli Imron», 17).
«Va ular saharlarda istig‘for aytar edilar» («Zaariyat»,18).
Boshqa oyatlarda esa tungi vaqtni boshqa vaqtlarga nisbatan ibodat uchun ma’qul vaqtligi aytilgan:
«Albatta, kechki ibodat ko‘proq muvofiq kelur va qiroati to‘g‘riroq bo‘lur. Albatta, kunduzi sening uzoq ishlashing bor. Va Robbingning ismini zikr et va Uning ibodatiga butunlay ajralib chiq» («Muzzammil», 6-8).
Duo uchun ma’lum vaqt tayin qilinmagan bo‘lsada, yuqoridagi oyatlarda sahar va tunggi vaqtga alohida e’tibor qaratilgan. Albatta, buning o‘ziga yarasha hikmatlari bor. Yangi kunni Alloh bilan samimiy aloqa bog‘lab, duo bilan kutib olgan mo‘minning kun davomida Uni norozi qiladigan amallarga yaqinlashish ehtimoli kamayadi. Kunni duo, ibodat, istig‘for bilan qarshilagan odam kun davomida Alloh uni kuzatib turganini his qilib shunga yarasha harakat qiladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  26 Yanvar 2009, 00:45:15

Qur’onda maqtalgan tunggi vaqt esa dunyoviy ishlar orqasidan yelib kunini o‘tkazgan kimsalarning o‘z vijdonini hisobga tortish uchun juda qulay fursatdir. Tunggi vaqt kun davomida bo‘lib o‘tgan voqealardan o‘ziga yarasha hikmat izlash, tafakkur etish, Allohga shukr qilish uchun qulay imkoniyat yaratadi. Tunda ibodat uchun vaqt ajratgan odam kun davomida qilgan xatoyu gunohlari uchun tavba qilib, mag‘firat so‘rashi bilan birga navbatdagi kunda xato va gunohlarni nisbatan kamroq sodir qilishi uchun ajoyib imkon hozirlagan bo‘ladi.
Duo qilish uchun Qur’onda bayon qilingan ma’lum makon ham yo‘q. Odam bozorda, maktabda, ish joyida qisqasi hamma yerda duo qilishi mumkin. Duo vaqtida eng muhimi Alloh unga jon tomirlaridan ham yaqin ekanligini unutmaslikdir. Qur’onda Payg‘ambarlar har yerda har on duo qilganligi shunday bayon qilingan:
«(Muso) bas, ikkovlariga (hayvonlarini) sug‘orib berdi. So‘ngra soyaga qaytdi va: «Ey Robbim, albatta, menga tushirajaging har bir yaxshilikka muhtojman», dedi» («Qasos»,24).

Qayd etilgan


AbdulAziz  26 Yanvar 2009, 00:45:46

DUO QABUL BO’LMASLIGIDAN XAFA BO’LMASLIK

Odam hayoti davomida bo‘lib o‘tgan voqealarga nazar solsa unda o‘ziga yarasha ko‘pgina mo‘jiza va hikmatlarni ko‘rishi mumkin. Bir qancha kimsalar dunyodagi voqealarni tasodif deb qabul qilishadi. Shu sababli ular voqealardagi mo‘jiza va hikmatlarni ko‘ra olmaydilar. Allohning sifatlarini bilmagan odam U Zotning duoyu iltijolarni eshituvchi, ularni qabul qiluvchi ekanligini bilmaydi. Duo qilsa ham ularni qabul bo‘lishiga shubha bilan qaraydi. Mo‘min kishi duo qilgan vaqt Alloh uni eshitib turganini, duolarini ham O’zi istagan vaqt qabul qilishini, voqea-hodisalar tasodifan emas, Allohning belgilagan taqdiri asosida yuz berayotganini biladi. Shu sababli duolari qabul bo‘lmasa tushkunlikka tushmaydi. Alloh taoloning bandalariga bergan quyidagi xushxabari ularni bu ibodatda bardavom bo‘lishga chorlaydi:
   Agar bandalarim sendan Meni so‘rasalar, Men, albatta, yaqinman. Duo qilguvchi duo qilganda, ijobat qilurman. Bas, Menga ham ijobat qilsinlar va iymon keltirsinlar. Shoyadki, to‘g‘ri yo‘lni topsalar» («Baqara», 186).
   Alloh taolo boshqa oyatlarda: «Naml», 61-62 bildirgan. Shu sababli mo‘min kishi qilgan duosi albatta qabul bo‘lishini biladi. Duo qiluvchi odam egalik qilishi kerak bo‘lgan ikki tuyg‘u bor, bu Allohga samimiyat bilan yuzlanish va U Zotning duolarni qabul qiluvchi, eshituvchi ekanligiga qalban ishonish. Allohga ishonch va samimiyat bilan yuzlangan odam albatta, duolari natijasini ko‘radi. Insonni bir tomchi suvdan yaratgan, olamni yo‘qdan bor qilgan Zotga bandasining duosini qabul qilish qiyin emas. Faqat Alloh bandasining duosini O’zi istagan vaqt qabul qiladi. Banda faqat sabr qilishi va duosining qabuliga ishonishi zarur.

Qayd etilgan


AbdulAziz  26 Yanvar 2009, 00:46:37

   Duo xususida eng noto‘g‘ri tushuncha duolari qabul bo‘lmasligidan qo‘rqish va uni tashlab qo‘yish. Albatta, ojiz, gunohkor bandamiz. Lekin gunohlarimiz bizni duo qilishdan to‘sib qo‘ymasligi lozim. Gunohlarimiz qanchalik ko‘p bo‘lmasin, Allohning marhamati, lutfi bizning gunohlarimizdan kengligini unutmaslik kerak.
   Unutmaslik kerakki duoning ijobati aynan duoda istgandek yuzaga chiqishida aks etmaydi. Chunki avval ham aytib o‘tganimizdek odam o‘z zarariga duo qilayotgan bo‘lishi mumkin. Quyidagi oyat esa bunga misol bo‘la oladi:
«Inson yaxshilikka duo qilganidek, yomonlikka ham duo qilur. Inson shoshqaloq bo‘lgandir» («Isro»,11).
Duoning qabuli kechikkan yoki umuman boshqa tarzda qabul qilingan bo‘lsa ham xafa bo‘lmaslik kerak. Chunki Alloh bandasi uchun nima yaxshiyu nima yomonligini eng yaxshi bilguvchi Zotdir. Ba’zan Alloh ma’lum hikmatlar asosida duoning qabulini kechiktirishi yoki umuman uni qabul qilmasligi mumkin. Shu va shunga o‘xshash sabablar ham odamni duodan to‘smasligi lozim.

Qayd etilgan


AbdulAziz  26 Yanvar 2009, 00:47:42

IBORALI DUO VA FE’LIY DUO

Alloh yer yuzida yuzaga chiqargan barcha voqealarni ma’lum sabablarga bog‘lagan. Dunyodagi va atrofdagi barcha voqealar Allohning nizomi asosida ro‘y beradi. Alloh iborali duo bilan yonma - yon odamlarning o‘z harakati bilan duolarining qabulini qanchalik istayotganlarini ko‘rsatishlarini istaydi. Bu fe’liy duodir. Fe’liy duo kishining biror orzusiga yetish uchun Allohga duo qilib, keyin imkoni boricha harakat qilishdir. Masalan imtihondan muvaffaqiyatli o‘tishni istaymiz. Buning uchun faqat duo qilish bilan to‘xtab qolmasligimiz kerak. Allohga duo qilib imtihonlarga tayyorlanishimiz zarur. Tayyorlanishdan avval Allohdan bizga o‘tkir zehn berishini istashimiz, tayyorlanib bo‘lgach esa imtihonlarni osonlashtirishini so‘rashimiz iborali duodir. Imtihonga tayyorlanish esa iborali duoni quvvatlovchi fe’liy duodir. Fe’liy duo iborali duo bilan birga qilinishi kerak bo‘lgan ibodatdir. Iborali va fe’liy duoga yana bir misol tavbadir. Kishining biror gunoh uchun tavba qilishi, Allohdan mag‘firat tilashi iborali duodir. Lekin bu bilan uning mas’uliyati tugamaydi. Gunohlari uchun tavba qilgan odam, bunday keyin harakatlarini, amallarini, so‘zlarini nazorat qilishi, qisqasi o‘z ustidan o‘zi hokim bo‘lishi lozim. Qisqasi tavba qilgan narsalariga aslo qaytmaslik uchun imkoniyatining oxirgi darajasigacha harakat qilishi lozim. Bu uning fe’liy duosi bo‘ladi.
Biror ishning yuzaga chiqishi uchun faqat iborali duo bilan cheklanib qolgan kishining harakati qanchalik noto‘g‘ri bo‘lsa, ishlari amalga oshishi uchun harakat qilib, bu ishni o‘zim bajardim deb duo qilmagan kishining harakati ham shunchalik noto‘g‘ri.

Qayd etilgan


AbdulAziz  26 Yanvar 2009, 00:48:29

ALLOHDAN BOSHQASIGA DUO QILINMAYDI

Sherik qo‘shish, ya’ni shirk Allohdan o‘zga boshqa iloh bor deyish eng katta kechirilmas gunohdir. Uning naqadar ulkan gunoh ekanligi haqida Qur’onda shunday deyilgan:
«Albatta, Alloh O’ziga shirk keltirishlarini kechirmas. Undan boshqa gunohni, kimni xohlasa, kechiradir. Kim Allohga shirk keltirsa, shubhasiz, katta gunohni to‘qibdir» («Niso», 48).
Shirk tarixning hamma davrlarida mavjud bo‘lgan. U hozirgi yashab turgan davrimizda ham yo‘q emas. Ko‘pchilik o‘zining shirk ichida yashayotganidan bexabar holda, uni yomon ko‘radi. Allohning sifatlarini boshqalarga bog‘lash, ularni ba’zi odamlarga tadbiq etish ham shirkning bir turidir. Misol usun odam Allohdan boshqasining roziligini topish, uni xursand qilish uchun yashayotgan bo‘lsa, undan madad kutsa bu shirk bo‘ladi.
Odamlar uchun bu ulkan gunohdan saqlanishning yagona yo‘li duo qilishdir. Chunki duo qiluvchi odam Allohning biru borligini, Uning qarshisida ojizligini, istash mumkin bo‘lgan Zot faqat U ekanligini, yolg‘iz madadkori ham Allohligini tan olgan bo‘ladi. Shu sabali duo mo‘minni shirkdan asraydi. Zero bu haqda Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Duo mo‘minning qurolidir», deganlar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  26 Yanvar 2009, 00:49:14

Alloh taolo Qur’onda:
«Ey Nabiy, senga va senga ergashgan mo‘minlarga Alloh kifoyadir» («Anfol», 64) bildirgan oyatga ko‘ra mo‘minlar madad so‘ralishga loyiq Zot yagona Alloh ekanini biladilar. U har sohada eng ustun, cheksiz qudrat sohibi, eshituvchi va biluvchi Zotdir. Shunday ekan yordam faqat va faqat hamma Unga muhtoj bo‘lgan, O’zi esa hech kimga muhtoj bo‘lmagan Allohdan so‘ralishi kerak. Qur’onda Allohdan o‘zgaga duo qilish xatoligi va duoga loyiq Zot faqat Alloh ekanligi shunday bayon qilingan:
«Alloh bilan birga boshqa ilohga iltijo qilma. Yo‘qsa, azoblanganlardan bo‘lasan» («Shuaro», 213).
Boshqa oyatlarda Allohdan o‘zgaga duo qiluvchilarning holati haqida shunday deylilgan:
«Ularning Allohdan o‘zga ibodat qilayotganlari hech narsani yarata olmaslar. Holbuki, o‘zlari yaratilurlar. O’liklardir, tirik emaslar va qachon qayta tirilishlarini bilmaslar» («Nahl», 20-21).
Bularni bilgan mo‘min aslo va aslo Allohdan boshqasiga duo qilmaydi. Faqat Unga iltijo qilib, faqat Undan istaydi. Shu sababli «Fotiha» surasida   iymon keltirganlarga quyidagi oyatlar duo tarzida ta’lim berilgan:
Sengagina ibodat qilamiz va faqat Sendangina yordam so‘raymiz. Bizni to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilgin. O’zing ne’mat berganlarning yo‘liga (boshlagin), g‘azabga duchor bo‘lganlarning yo‘liga emas, adashganlarnikiga ham emas» (1-4 oyatlar).

Qayd etilgan


AbdulAziz  26 Yanvar 2009, 00:50:15

JOHILLARNING DUO HAQIDAGI TUSHUNCHASI

Allohdan boshqasini iloh tutganlar, ya’ni mushriklar ham vaqti - vaqti bilan duo qiladilar, lekin ularning duosi mo‘minlarnikidan tubdan farq qiladi. Avvalo bu farq ularning hamma narsani eshituvchi va biluvchi Zotga emas, balki hech narsadan bexabar soxta ilohlarga duo qilishda aks etadi. Keyingisi esa ularning faqat qiyin vaqtlarda bir yaratuvchiga ehtiyoj sezib, bu vaziyatdan chiqish uchun duo qilishlaridir. Aslini olganda inson hayotida Allohga muhtoj bo‘lmagan hech bir on yo‘q. Mushriklar esa bu ulkan haqiqatdan yiroq bo‘lganlari bois soxta ilohlari ularning iltijolariga javob bermagandagina, asl yaratuvchiga ehtiyoj sezadilar. Mushrik va mo‘min duosidagi asosiy farq mana shularda o‘z ifodasini topadi. Mo‘minlar eng avvalo duolarini faqatgina Allohga qiladilar. Qolaversa ularning duosi hamma vaqt davom etadi.

Qayd etilgan