Horun Yahyo. Qur'oni karimga ko'ra duo  ( 77817 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 B


AbdulAziz  26 Yanvar 2009, 00:51:13

QUR’ONDA PAYG’AMBARLAR DUOLARI

   Qur’onda tilga olingan Payg‘ambarlarning har biri, ma’lum xususiyatlari bilan diqqatni tortgan qavmlarga yuborilgan. Bu qavmlar o‘zlariga yuborilgan elchilarni yolg‘onchiga chiqarishgan, ularga nisbatan turli axloqsizliklar ko‘rsatishgan. Payg‘ambarlarning vazifasi esa dinni bilmagan yoki bilgani holda to‘g‘ri yo‘ldan og‘ib ketgan bunday qavmlarga haq dinni tanitish, ularni Allohga iymon keltirishga da’vat etishdir. Bu esa o‘ta mas’uliyatli hamda mashaqqatli ish edi. Ammo Alloh Payg‘ambarlarining barchasi bunday mas’uliyatli ishda o‘zlariga Allohni vakil, madadkor deb bilishgan. Hamma vaqt, har onda faqat U Zotga suyanishgan. Alloh ularning bu axloqiy fazilatlarini Qur’onda takror - takror vasf etgan.
Albatta, Alloh hamma vaqt iymon keltirganlarga madadkor bo‘lgan. U Zot bu xususda Qur’onda shunday marhamat qilgan:
«Agar siz unga yordam bermasangiz, batahqiq, Alloh unga, kufr keltirganlar uni ikki kishining biri bo‘lgan holida chiqarganlarida, nusrat berdi. Ular ikkovlon g‘orda turganlarida, u sherigiga, xafa bo‘lma, Alloh, albatta, biz bilan, dedi. Bas, Alloh uning ustidan O’z sokinligini nozil qildi va siz ko‘rmagan lashkarlar bilan qo‘lladi. Kufr keltirganlarning kalimasini past qildi. Allohning kalimasi esa, o‘zi yuqori. Alloh g‘olib va hikmatli Zotdir» («Tavba», 40).
Payg‘ambarlar o‘zlariga bu mas’uliyatli vazifa topshirilgan vaqtdan boshlab yagona maqsadlari uni go‘zal holda, mukammal ado etish bo‘lgan. Ular bu vazifani bajarish chog‘ida faqat va faqat Allohga suyanishgan, U Zotdan yordam, quvvat so‘rab duo qilishgan. Shu sababli kitobimizning bundan keyingi bo‘limlari Qur’onda Payg‘ambarlar tilidan qilingan duolarni o‘rganamiz.

Qayd etilgan


AbdulAziz  26 Yanvar 2009, 00:52:09

NUH ALAYHISSALOMNING DUOLARI

«Biz Nuhni o‘z qavmiga, qavmingni ularga alamli azob kelishidan avval ogohlantirgin, deb Payg‘ambar qilib yubordik»
(«Nuh»,1).

Qur’onda, uzoq yillar davomida mustahkam azmu qaror bilan qavmini Allohga iymon keltirishga chaqirgan Nuh alayhissalomning to‘g‘riso‘zligi, halimligi, marhamati, sabri maqtab vasf qilingan. U zotning har qanday vaziyatda Allohga suyanishi, Undan madad so‘rab duo qilishi mo‘minlarga ibrat qilib ko‘rsatilgan. Ma’lumki, Nuh alayhissalom Allohni qo‘yib loydan, toshdan yasab olingan soxta ilohlarga ibodat qilinadigan qavmni dinu diyonatga chaqirish uchun Payg‘ambar qilib yuborilgan. Nuh alayhissalom Allohning amriga bo‘ysunib qavmlarni soxta ilohlarni qo‘yib, olamlarning Robbisi Allohga iymonga keltirishga chaqiradi. Nuh alayhissalom qavmlarining asosiy qismini boy kishilar tashkil etardi. Shu sababli o‘z mehnati bilan kun ko‘rayotgan oddiy odamdan Payg‘ambar chiqqani ularni ajablantirardi. Ular o‘zlaridan    «past» turadigan odamga itoat qilmaslikni afzal bilishdi. Nuh alayhissalom qavmlaridan faqat sanoqli kishilargina iymon keltirdi. U ham bo‘lsa o‘zlariga o‘xshash oddiy mehnatkashlar edi. Shunday qilib Nuh alayhissalom jami to‘qqiz yuz ellik yil odamlarni kechayu kunduz ham maxfiy, ham oshkora Allohning diniga da’vat qildilar. U zot odamlarni qancha ko‘p iymonga chorlasalar, shuncha ko‘p Nuh alayhissalomdan qochishdi. Allohdan qavmdagi iymon keltirgan kishilardan boshqalari iymon keltirmaydi degan xabar kelgandan so‘ng ham Nuh alayhissalom yana bir bor urinib ko‘rdilar. Lekin foydasi bo‘lmadi. Nuh alayhissalom g‘azablanib Allohga shunday duo qildilar:
«Va Nuh: «Ey Robbim, yer yuzida kofirlardan birorta ham harakatlanuvchini qo‘ymagin. Albatta, Sen ularni tek qo‘ysang, bandalaringni adashtirurlar va fojiru kofirdan boshqa tug‘maslar. Robbim, meni mag‘firat qilgin, mening ota-onamni ham va uyimga mo‘min bo‘lib kirganlarni va mo‘minlaru mo‘minalarni ham. Va zolimlarga halokatdan o‘zga narsani ziyoda qilma», dedi» («Nuh», 26-28).

Qayd etilgan


AbdulAziz  26 Yanvar 2009, 00:52:36

Alloh Nuh alayhissalomning bu duosini qabul qilib ro‘y beradigan to‘fonga qarshi tayyorgarlik ko‘rib kema qurishni amr etgan. Nuh alayhissalom atrofida hech qanday dengiz bo‘lmasligiga qaramay Allohga so‘zsiz itoat etib kema yasashga tushdi. U zotning qavmidagilar Nuh alayhissalomning bu harakatlarini masxara qildilar.
«U kema yasamoqda. O’z qavmidan bo‘lgan zodagonlar qachon oldidan o‘tsalar, uni masxara qildilar: U«Agar bizni masxara qilsangiz, biz ham xuddi siz bizni masxara qilganingizdek sizni masxara qilurmiz. Bas, yaqinda kimga sharmanda qiluvchi azob kelishini va kimning ustiga muqim azob tushishini bilib olursiz», dedi» («Hud», 38-39).
Nuh alayhissalom qavmining barcha bu harakatlariga qaramay kema qurishda davom etadilar. Oxir oqibat Allohning va’dasi oshib tinimsiz yomg‘ir quya boshlaydi. Suv ko‘paygandan—ko‘payib borardi. Alloh Nuh alayhissalomga o‘zi, ahli va mo‘minlarni, hamda barcha hayvonlardan bir juftdan olib kemaga chiqishni buyuradi. Dunyoni to‘fon bosib qavm halok bo‘ladi. Ular orasida farzandlari bo‘lgani bois otalik mehri jo‘shib ketgan Nuh alayhissalom Allohga shunday nido qiladilar:
«Robbim, albatta, o‘g‘lim ahlimdandir, albatta, va’dang haqdir va Sen hukm qilguvchilarning eng hikmatlisisan» («Hud»,45).

Qayd etilgan


AbdulAziz  26 Yanvar 2009, 00:53:34

Bu nido orqali Nuh alayhissalom ey Robbim, Sen menga ahlingni qutqaraman, deb va’da berganding, o‘g‘lim ahlimdan-ku, o‘sha bolamni menga bergin, o‘zing hikmat ila hukm chiqarguvchi Zotsan, demoqchi bo‘lganlar. Alloh taolo Nuh alayhissalomning bu nidolariga quyidagicha javob beradi:
«Ey Nuh, albatta, u ahlingdan emas. Albatta, u yaxshi amal emasdir o‘zingning ilming bo‘lmagan narsani zinhor so‘ramagin. Men senga johillardan bo‘lmasligingni nasihat qilaman», dedi. («Hud, 46»).
Shundan so‘ng Nuh alayhissalom Allohdan quyidagicha duo qilib panoh so‘radilar:
   «Robbim, men o‘zimning ilmim bo‘lmagan narsani Sendan so‘ramoqdan panoh tilarman. Agar meni mag‘firat qilmasang va rahim ko‘rsatmasang, ziyon ko‘rguvchilardan bo‘lurman» («Hud», 47).
Qur’onning boshqa surasida Nuh alayhissalom duosining qabul bo‘lishi quyidagicha bayon qilingan:
 «Va Robbisiga duo qilib:    «Albatta, men mag‘lub bo‘ldim, yordam ber», dedi. Bas, osmon eshiklarini sharros suv bilan ochib yubordik. Va yerdan otiltirib buloqlar chiqardik. Bas, suvlar taqdir qilingan ish uchun birlashdilar. Va u (Nuh)ni taxtalari va mixlari bor narsa ustiga (kemaga) ko‘tardik. U (kema) inkor qilingan shaxs (Nuh)ga mukofot bo‘lib, Bizning inoyatimiz ila yuradir» («Qamar», 10-14).

Qayd etilgan


AbdulAziz  26 Yanvar 2009, 00:54:06

IBROHIM ALAYHISSALOMNING DUOLARI

«Kitobda Ibrohimni esla. Albatta, u siddiq va Nabiy bo‘lgan edi»
(«Maryam», 41).

Hozirgi kunda milliardlab odamlar haj ibodatini ado etishlari uchun ziyorat qilayotgan Ka’bani bunyod etgan Ibrohim alayhissalom Qur’onda nomi eng ko‘p zikr qilingan Payg‘ambarlardan biridir. Ibrohim alayhissalom o‘g‘li Ismoil alayhissalom bilan birga bir necha asrlar avval bino qilgan   Ka’ba hozirgi kundan butun dunyo musulmon ummati jamlanadigan maskanga aylangan.    Ota-bola payg‘ambarlar Allohning amriga bo‘ysunib Baytullohning poydevorini ko‘tarayotib shunday duo qilganlar:
«Ibrohim bilan Ismoil: Ey Robbimiz, bizdan qabul et, albatta, Sening o‘zing eshitguvi, bilguvchi Zotsan», deb baytning poydevorlarini ko‘tarayotganini esla»   («Baqara», 127).   
Baytulloh bunyod qilingan yer vaqti kelib butun dunyo musulmonlari ziyoratgohi — diniy markaziga aylangani ma’lum. Buning uchun Ibrohim alayhissalom shunday duo qilganlar:
«...Ey Robbim, bu yurtni omonlik yurti qilgin, meni va bolalarimni sanamlarga ibodat qilishimizdan chetda qilgin» («Ibrohim», 35).
«...Robbim, buni omonlik yurti qilgin va ahlidan Allohga va qiyomat kuniga iymon keltirganlarini mevalar ila rizqlantirgin» («Baqara»,126).

Qayd etilgan


AbdulAziz  26 Yanvar 2009, 00:54:52

Ibrohim va Ismoil alayhissalomlar faqat o‘zlari uchun emas, balki o‘zlaridan keyin keladigan zurriyotlari uchun ham duo qilganlar:
Robbimiz, ikkovimizni O’zingga musulmon bo‘lganlardan qil va zurriyotimizdan ham O’zingga musulmon ummat qil, bizga ibodatlarimizni ko‘rsat, tavbamizni qabul et. Albatta, Sen o‘zing tavbalarni ko‘plab qabul etuvchi, rahimli Zotsan. Robbimiz, ularga o‘zlarining ichidan ularga oyatlaringni tilovat qilib beradigan, kitobni va hikmatni o‘rgatadigan, ularni poklaydigan Payg‘ambar yubor. Albatta, Sening O’zing aziz va hikmatli Zotsan» («Baqara», 128-129).
Ibrohim alayhissalomning boshqa duolari esa Allohga yaqinlashishi uchun qilingan:
«Esla, Ibrohim: «Ey Robbim, menga o‘liklarni qanday tiriltirishingni ko‘rsat», deganda, U Zot: «Ishonmadingni?» - dedi. U: «Qalbim xotirjam bo‘lishi uchun»,-dedi. U Zot: «Qushdan to‘rtta olgin-da, o‘zingga tortib, kesib maydala, so‘ngra, ulardan har bir toqqa bo‘laklarini qo‘ygin, keyin ularni o‘zingga chaqir, huzuringga tezlab keladilar»,-dedi. «Va bilginki, albatta, Alloh aziz va hakim Zotdir» («Baqara»,260).
Oyatda Ibrohim alayhissalomning Allohdan o‘liklarni qanday tiriltirishini ko‘rsatishini istashi, u kishining iymonidagi zaiflik, Allohning qudratiga bo‘lgan ishonchidagi sustlik emas. Aksincha u chin dildan Allohning mo‘‘jizasini ko‘rishni, uni ko‘rib iymonlari yanada ziyodalashuvini istaganlar. Shu sababli Alloh u zotning duosini ijobat qilgan.   

Qayd etilgan


AbdulAziz  26 Yanvar 2009, 00:57:40

Ibrohim alayhissalomning otasi butparast edi. U otasini Rahmonga osiy bo‘lgan shaytonni do‘st tutishdan qaytargan. Allohning azobi tutishidan ogohlantirgan. Lekin otasi qabul qilmay, Ibrohim alayhissalomga toshbo‘ron qilaman deb tahdid solgan. Shunday bo‘lsa ham Ibrohim alayhisssalom otalariga shunday deganlar:
«"¦Omon bo‘l. Endi Robbimdan seni mag‘firat qilishini so‘rayman. Albatta, U menga juda ham lutfli, marhamatlidir. Men sizlardan ham, Allohdan o‘zga iltijo qilayotgan narsangizdan ham chetlanaman va Robbimga iltijo qilaman. Shoyadki, Robbimga iltijo qilish ila badbaxt bo‘lmasam» («Maryam», 47-48)
 Ibrohim alayhissalomning otasi iymon keltirmagan bo‘lsa ham o‘g‘lining uni haqqiga duo qilishining asl sababi Qur’onda shunday bayon qilingan:
«Payg‘ambarlar va mo‘minlar uchun do‘zax egalari ekanligi ayon bo‘lgan mushriklarga, agar yaqin qarindoshlari bo‘lsa ham, istig‘for aytishlari durust emasdir. Ibrohimning otasi uchun aytgan istig‘fori unga bergan va’dasi ustidan edi, xolos. Vaqtiki, unga otasining Allohga dushman ekanligi ayon bo‘lganda, undan voz kechdi. Albatta, Ibrohim tazarru’li va haliymdir» («Tavba», 113-114).

Qayd etilgan


AbdulAziz  26 Yanvar 2009, 01:02:07

Bugun millionlab insonlar tavof etayotgan Masjidi Harom ya’ni Ka’baga dastlab joylashgan Ibrohim alayhissalom duolarining davomida shunday deganlar:
«Ey Robbimiz, haqiqatda men zurriyotimdan Sening Baytul Haroming yoniga, giyohsiz vodiyga joylashtirdim. Ey Robbimiz, namozni to‘kis ado etishlari uchun. Bas, O’zing odamlardan ba’zilarining qalblarini ularga talpinadigan qilgin va ularni mevalardan rizqlantirgin. Shoyad, shukr qilsalar. Ey Robbimiz, albatta, Sening O’zing maxfiy tutgan narsamizni ham, oshkor qilgan narsamizni ham yaxshi bilursan. Alloh uchun na yerdayu na osmonda biror narsa maxfiy qolmas.Keksalik paytimda menga Ismoil va Ishoqni ato qilgan Allohga hamd bo‘lsin. Albatta, Robbim duoni eshitguvchidir. Ey Robbim, meni va zurriyotlarimni namozni to‘kis ado etadiganlardan qilgin. Ey Robbimiz, duoni qabul etgin. Ey Robbimiz, meni, ota-onamni va mo‘minlarni hisob qilinadigan kuni mag‘firat aylagin» («Ibrohim», 37-41).
Ko‘rib turganimizdek Ibrohim alayhissalom duoda ham Allohning sifatlarini yodga olyaptilar, ham shukr qilayaptilar. Allohdan istayotgan narsalari U Zotga yaqinlashtiradigan va oxiratda mag‘firatga sabab bo‘ladigan narsalardir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  26 Yanvar 2009, 01:03:28

LUT ALAYHISSALOMNING DUOLARI

«Albatta, Lut ham yuborilgan Payg‘ambarlardandir»
(«Soffat»,133).

Qur’onda hukm va ilm berilgan payg‘ambar deb ta’rif etilgan Lut alayhissalom Nuh alayhissalom kabi qavmini uzoq yillar haq dinga da’vat qilganlar. U zot qavmidagi erkaklar noto‘g‘ri jinsiy aloqa — erkak bilan erkak jinsiy yaqinlik qilardi. Lut alayhissalomning asosiy vaziflaridan bir ularni bu qabih ishdan qaytarish edi. Ammo tug‘yonga ketgan qavm Lut alayhissalomning o‘gitlarini tinglamay, qilayotgan gunohlari uchun keladigan azoblardan ham qo‘rqmay qo‘ygandi.
«Va Lutni (yubordik). Uning o‘z qavmiga: «Sizdan oldin olamlarda hech Kim qilmagan fohisha ishni qilasizlarmi?! Albatta, sizlar ayollarni qo‘yib, erkaklarga shahvat ila yaqinlik qilmoqdasizlar. Yo‘q! Sizlar isrofchi qavmsiz!» deganini esla. Qavmning javobi: «Ularni qishlog‘ingizdan chiqarib yuboring, ular juda ham pokiza bo‘laveradigan odamlar ekan», deyishlaridan boshqa narsa bo‘lmadi» («A’rof», 80-82).
Lut alayhissalomning barcha urinishlari zoe ketayotgan edi. Buzg‘unchi qavm o‘z Payg‘ambariga: «Ey Lut, agar gaping rost bo‘lsa, Allohning azobini keltir», deyishadi. Ulardan umidini uzgan Lut alayhissalom Allohga shunday duo qiladilar.
«U «Ey Robbim, menga buzg‘unchi qavmlarga qarshi O’zing nusrat ber», dedi» («Ankabut», 30).

Qayd etilgan


AbdulAziz  26 Yanvar 2009, 01:06:40

Alloh Lut alayhissalomning duosini qabul qiladi. U zotning uyiga kelishgan, chiroyli yigitlar qiyofasidagi uchta farishtani yuboradi. Qavmining buzug‘ligini bilgan Lut alayhissalom mehmonlarning tashrifidan xavotirga tusha boshlaydilar. Lekin ular juda xotirjam, sokin holda o‘tirishar edi. Mehmonlar kelganini Lut alayhissalom va uning xotinidan boshqa hech kim ko‘rmagandi. Xotini bu xabarni qavm erkaklariga yetkazadi. Tun cho‘kkan bo‘lishiga qaramay ular Lut alayhissalom uylariga yetib kelishadi. U zot ularning yo‘lini to‘sib mehmonlar oldida sharmanda qilmasliklarini so‘raydilar. Tabiiyki ular bunga quloq tutmadilar. Nihoyatda og‘ir vaziyatda qolgan Lut alayhissalomga xaligi mehmonlar:
«...Sen xavfsirama va mahzun ham bo‘lma, albatta, biz seni va ahlingni qutqarguvchilarmiz. Magar, xotining halok bo‘lguvchilardan bo‘lgandir. Albatta, biz ushbu shahar aholisi boshiga fosiqlik qilganlari tufayli osmondan azob tushirguvchimiz, dedilar» («Ankabut», 34).
Shu vaqt eshik parchalanib uy ichiga qattiq shamol kiradi. Jabroil alayhissalom qo‘llari bilan ishora qilganlaridan so‘ng qavmning ko‘zlari ko‘r bo‘lib qoladi. Ular bir-birlarini urib yiqitib qocha boshlaydilar. Farishtalar Lut alayhissalomga kechasi o‘z ahli bilan bu yerdan chiqib ketishni, shiddatli ovoz kelsa hxam orqaga qaramaslikni buyuradilar. Orqaga qaraganlar azobga duchor bo‘lshini ta’kidlaydilar. Yerta saharda Jabroil alayhissalom qanotlari bilan Lut alayhissalom qavmi yashayotgan barcha shaharni osmonga ko‘tarib, to‘ntarib tashlaydi. Robbisi va Payg‘ambariga qarshi chiqqan qavm halok bo‘ldi.
Bu misolda ko‘rganimizdek duo faqat odamlarning yaxshiligi, dunyo va oxirat saodati uchun bo‘lmasligi ham mumkin. Allohning hadlaridan chiqqan, mo‘minlarga zulm qilgan qavmining halokati uchun bir qancha Payg‘ambarlar duo qilishgan. Lut alayhissalomning duosi ham bunga bir misoldir.

Qayd etilgan