Imom G'azzoliy. Qirq hadisi qudsiy  ( 23754 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 B


AbdulAziz  27 Yanvar 2009, 08:02:05

Imom G’AZZOLIY

QIRQ HADISI QUDSIY

Toshkent islom universiteti
nashriyot-matbaa birlashmasi
Toshkent - 2008

«Hujjatul-Islom» nomi bilan dunyoga mashhur Imom G’azzoliy tasnif etgan ushbu risolada qirq qudsiy hadis tarjimasi o‘rin olgan. Mazmun-mohiyatidan kelib chiqqan holda har bir hadisga ramziy sarlavhalar qo‘yildi.
Bu hadislarda jamul-jam bo‘lgan ma’nolar zukko va ma’rifat-talab o‘quvchini aslo befarq qoldirmaydi.

So‘zboshi muallifi:
Abdulhay ABDULLAYEV
filologiya fanlari nomzodi, doqent

Mas’ul muharrir:
Abdulaziz MANSUR

Taqrizchi:
Zohidjon ISLOMOV
filologiya fanlari doktori, professor

Arab tilidan Rashid ZOHID tarjimasi

Muharrir:
Anvar AHMAD

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Yanvar 2009, 08:04:26

BUYUK HAQIQATNI ANGLASH

Inson ezgu va haq so‘zni yaxshi ko‘radi, shirin so‘zning gadosi. Ayniqsa, bu foniy dunyoning bebaqoligini anglagan kishi o‘zini buyuk savol-javob kuniga tayyorlab boradi. O’sha kuni tiliga biror kalima kelmay, sharmanda bo‘lishidan qo‘rqadi. Har kuni nafsini tergaydi, gunohkorligini, bandaligini eslab turadi. Allohning kalomini qalbiga muhrlaydi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislarini o‘z turmush tarzi uchun dasturul-amal qilib oladi.

Hozirgi kunning o‘quvchisi, Qur’oni karimning bir necha ma’no tarjimalari va tafsirlaridan, hadisi sharif va uiing sharhlaridan bahramand bo‘lib kelmoqda. Va aynan ana shu mo‘‘tabar manbalar har bir inson hayoti uchun nihoyatda muhimligi har lahzada sezilib turibdi. Har kim bu bebaho xazinadagi ma’naviy javharlar bilan umr mazmunini bezash harakatida yuribdi. Kimlardir birgina oyatning mohiyatini dil-dildan anglab, hech qanday taruddudga tushmay, poklangan holda peshonasini sajdaga qo‘ydi. Albatta Alloh hidoyat bergan kimsani hech kim adashtira olmaydi va ayni choqda Yaratgan Zot adashtirib qo‘ygan kimsani hech bir banda hidoyat yo‘liga sola olmaydi. Hidoyat ham, rizq ham Uning izmida...

Allohning ilohligini anglash uchun qalbni g‘aflat uyqusidan uyg‘otib, bir marta qabr ziyoratiga borish kifoyadir, ehtimol.

Allohning buyuk qudratini anglash uchun odam umr bo‘yi kitob o‘qigan olim bo‘lish shart emas. Inson o‘z nafsiga nazar solishi, ko‘zgudagi aksiga boqib, shu bir juft ko‘z albatta ertaga qabrda qurtlarga eng birinchi yem bo‘ladigan a’zo ekanini xotirlashi yetarlidir, ehtimol.

Allohning har narsaga qodirligini anglash uchun yillab umrini zoe ketkazish shart emas. Qo‘lga kirgan zirapcha yoki yerning bir silkinishi, birgina oyat ma’nosiga yoki osmon dalasida sochilib yotgan yulduzlarga aql ko‘zi bilan bir qarash kifoyadir, ehtimol.

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Yanvar 2009, 08:05:00

Nima bo‘lganda ham Alloh hidoyat nasib qilgan aql egalari uchun bu olamda belgi-alomatlar ko‘p...

Eng asosiysi albatta Allohning kalomi, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadislari. Shuningdek, maqom e’tiboridan bu ikki tabarruk manba orasidan joy olgan hadisi qudsiylar ham borki, ulardan boxabarlik har kim uchun foydalidir. Ushbu rabboniy hadislar o‘qilganda odam o‘zini taftish qilishga tushadi, chuqur o‘yga toladi. «Ey iymon keltirganlar, nima uchun bajarmagan narsalaringizni gapirasizlar? Qanchadan-qancha gaplarni gapirdingiz-da, ularning xilofini bajarasiz. Qanchadan-qancha narsalardan man qilasiz-da, o‘zingiz undan to‘xtamaysiz. Qanchadan-qancha narsaga buyurasiz-da, o‘zingiz uni bajarmaysiz». Bu satrlarni beparvo, loqayd o‘qish mumkinmi?

«Ey Odam farzandi, so‘zing muloyim, amaling qabih bo‘lsa, unda munofiqlarning raisisan».

Ilm-ma’rifatning qadr-qiymati juda muhim. Olimning ilmiga amal qilishi undan muhimroq. Shu ma’noda hadisi qudsiyda aytiladi: «Ey Odam farzandi! Amalsiz ilm xuddi yomg‘irsiz chaqmoqqa va momaqaldiroqqa o‘xshaydi. Ilmsiz amal xuddi mevasiz daraxtga o‘xshaydi. Amalsiz olim xuddi o‘qsiz kamonga o‘xshaydi». Har bir olim zoti bu buyuk haqiqatni anglashi lozim emasmi?

Bu dunyoda halol bilan haromning farqiga bormay yurgan g‘aflat bandalariga «Ey Odam farzandi! Bilgin, albatta halol narsa qatra-qatra bo‘lib keladi. Harom narsa esa sel kabi keladi. Sen boylikka xursand bo‘lma, chunki u abadiy emas», degan haqiqat sadosi ta’sir qilmasligi mumkinmi?

Xullas, ushbu qirqta hadisi qudsiyda jamul-jam bo‘lgan ma’nolar zukko va ma’rifattalab o‘quvchini aslo befarq qoldirmaydi, deb o‘ylayman.

Abdulhay ABDULLAYEV,
filologiya fanlari nomzodi

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Yanvar 2009, 08:22:52

HAYRAT

«Ey Odam farzandi! Kishi o‘limga iymon keltirib, yana qanday xursand bo‘layotganidan ajablandim. Hisob-kitob bo‘lishiga iymon keltirib, mol-dunyo to‘playotganiga ajablandim. Oxiratga iymon keltirib, nechuk rohatlanayotganiga ajablandim. Dunyo va uning zavoliga ishonib, nechuk unga xotirjam bo‘layotganiga ajablandim. Tilida olim, qalbda johil kishidan ajablandim. Suv bilan o‘zini poklasa ham, qalbi poklanmagan kishidan ajablandim. Odamlarning ayblari bilan mashg‘ul bo‘lib, o‘zining ayblaridan g‘ofil qolgan kishidan ajablandim. Alloh taolo kuzatib turganini bilgan holda yana qanday Unga osiylik qilayotgan kishiga ajablandim. O’zining yakka holda o‘lishini, yakka holda qabrga kirishini, yakka holda hisob-kitob qilinishini bilaturib, (nechuk Parvardigoridan o‘zgani do‘st tutgan kishidan ajablandim). Haqiqatan Mendan o‘zga iloh yo‘q. Albatta Muhammad (alayhissalom) Mening bandam va rasulimdir».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Yanvar 2009, 08:24:15

QAZOGA ROZILIK MO’MINNING SIFATI

«Guvohlik beramanki, yakka O’zimdan boshqa iloh yo‘q. Mening sherigim ham yo‘q. Muhammad Mening qulim va rasulimdir. Kim qazoi qadarimga rozi bo‘lmasa, balolarimga sabr, ne’matlarimga shukr qilmasa, berganlarimga qanoat etmasa, Mendan boshqa xudoga ibodat qilaversin. Kim dunyo uchun g‘am cheksa, go‘yoki Menga g‘azab qilgan bo‘ladi. Kim musibatimdan shikoyat etsa, go‘yo Mendan shikoyat qilgan bo‘ladi. Kim boyning huzuriga kirib, boyligi uchun unga tavoze etsa, dinining uchdan birini ketkazibdi. Kim ahlidan biror kishi vafot etgani uchun yuziga ursa, go‘yo Men bilan urishish uchun nayza olibdi. Kim qabr ustidagi shoxni sindirsa, Ka’bam eshigini qo‘li bilan buzgandek bo‘libdi. Kim qaysi eshikdan yeyayotganiga (ya’ni, harom narsaga) parvo qilmasa, Alloh uni qaysi eshikdan jahannamga kiritishiga ham parvo qilmabdi. Kimning dinida o‘sish bo‘lmasa, u noqislikdadir. Kim noqislikda bo‘lsa, uning uchun o‘lim yaxshiroqdir. Kim bilgan narsasiga amal etsa, Alloh taolo u bilmagan ilmni unga meros qoldiradi. Kimning orzu-havasi ko‘paysa, amali xolis bo‘lmaydi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Yanvar 2009, 08:26:10

QANOATLI BO’L, BEHOJAT BO’LASAN

«Ey Odam farzandi! Qanoatli bo‘l, behojat bo‘lasan. Hasadni tark qil, rohatda yashaysan. Haromdan saqlan, diningni xolis qilasan. Kim g‘iybatni tark etsa, unga muhabbatim namoyon bo‘ladi. Kim odamlardan uzlatda bo‘lsa, ulardan omonda yuradi. Kimning so‘zi oz bo‘lsa, aqli komil bo‘ladi. Kim oz rizqqa rozi bo‘lsa, Alloh bilan bog‘lanibdi.
Ey Odam farzandi! Sen amal qilmaydigan narsangni bilasan-u, nechuk bilmagan narsangni bilishni talab qilaverasan?
Ey Odam farzandi! Dunyoda xuddi ertaga o‘lmay-digandek harakat qilasan. Go‘yo abadiy yashaydigandek mol-dunyo to‘playsan.
Ey dunyo, senga hirsu ochko‘zlik bilan tashlangan odamdan yuz o‘gir. Sendan yuz o‘girgan odamga intil. Senga nazar soluvchilarning ko‘zidan xoli bo‘l».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Yanvar 2009, 08:26:36

DUNYO G’AM CHEKISHGA ARZIMAS

«Ey Odam farzandi! Kim dunyo sababli xafalik bilan tong orttirsa, Allohdan faqat uzoqlashibdi. Unga dunyoda qiyinchilik, oxiratda faqat mashaqqat bo‘ladi. Alloh taolo u kishining qalbiga hech qachon tugamaydigan g‘am solib qo‘yadi. Shunday mashg‘ulotga band qiladiki, undan aslo bo‘shay olmaydi. Kambag‘allik berib qo‘yadiki, hech boylikka yetisha olmaydi. Orzular berib qo‘yadiki, doimo o‘sha orzular bilan band bo‘lib qoladi.
Ey Odam farzandi! Har kuni o‘zing bilmagan holda umringdan qisqartirasan. Har kuni rizqingni keltirishadi, sen esa hamd aytmaysan. Na oziga qanoat qilasan, na ko‘piga to‘yasan.
Ey Odam farzandi! Biror kun yo‘qki, huzurimdan senga rizqing borib turmagan bo‘lsin! Biror kecha yo‘qki, farishtalar sen tomondan bir buzuq amalni olib kelmagan bo‘lsin. Rizqimni yeb, Menga osiylik qilasan. Holbuki, sen Menga duo qilib (so‘raganingda) duolaringni ijobat etaman. Yaxshiligim senga tushguvchidir, yomonliging Menga yetguvchi. Bas, Men senga qanchalar yaxshi Xojaman! Sen Menga qanchalar yomon bandasan! Sening ketma-ket sodir etgan yomon, sharmandali ishlaringni yopaman. Men sendan hayo qilaman, sen esa Mendan hayo qilmaysan. Mendan boshqasini eslaysan-u, Meni unutasan. Odamlardan qo‘rqasan-u, Mendan xotirjam yurasan. Odamlarning nafratidan hayiqib, Mening g‘azabimdan (go‘yo) omonlik topgansan».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Yanvar 2009, 08:27:19

TILING BILAN DILING BIR BO’LSIN

«Ey Odam farzandi! Tavbasi nuqsonli, orzu-havasi uzun kishilar jumlasidan bo‘lma. Oxiratni amalsiz umid qiladiganlardan bo‘lma. Obidlarning gapini gapirib, munofiqlarning amalini qiluvchilardan bo‘lma. Agar bersa, qanoat etmaydigan, bermasa, sabr qilmaydiganlardan bo‘lma. Yaxshilikka buyurib, o‘zi uni qilmaydigan, yomonlikdan qaytarib, o‘zi undan qaytmaydiganlar jumlasidan bo‘lma. Solihlarni yaxshi ko‘rib, o‘zi solih bo‘l-maydigan, munofiqlarni yomon ko‘rib, o‘zi munofiq bo‘ladiganlar jumlasidan bo‘lma. Bajara olmaydigan narsasini gapiruvchi, buyurilmagan narsani bajaruvchi, vafodorlikni talab etib, o‘zi vafo qilolmaydigan kishilar jumlasidan bo‘lma.
Ey Odam farzandi! Biror yangi kun yo‘qki, Yer senga o‘zining tilida: «Ey Bani Odam, ustimda yurasan, keyin qo‘ynimda g‘amga ko‘milasan, ustimda nafsing tusaganini yeysan, qo‘ynimda qurtlarga yem bo‘lasan», demasa. (Biror kun yo‘qki, Yer senga o‘z tilida:) «Ey Bani Odam! Men qo‘rqinch uyiman, sen so‘roq qilinadigan uyman, kimsasiz uyman, zulmat uyiman, ilonlaru chayonlar uyiman, bas, meni xarob qilavermasdan obod etmaysanmi?» demasa».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Yanvar 2009, 08:28:23

YARATILISH MAZMUNI

«Ey Odam farzandi! Sizlarni avval oz bo‘lib, keyin ko‘paytirish uchun xalq qilmadim. Qo‘rqinchda Menga hamroh bo‘lish uchun yo ojiz bo‘lib qolganimda yordam so‘rash uchun yoki manfaat hosil qilish uchun yoxud zararni daf etish uchun sizlarni yaratganim yo‘q. Balki uzoq vaqt Menga ibodat qilib, ko‘p shukr keltirib, ertayu kech Menga tasbeh aytishingiz uchun sizlarni yaratdim.
Ey Odam farzandi! Agar sizlarning avvalgiyu oxirgilaringiz, jinlaru inslaringiz, kichiklaru kattalaringiz, hurlaru qullaringiz Menga toat qilishga jam bo‘lishsa, mulkimdan zarra miqdoricha ham ko‘payib qolmaydi. Kim jiddu jahd qilsa, o‘zi uchun qiladi. Alloh esa butun olamlardan behojat Zotdir.
Ey Odam farzandi! Ozor berganingdek senga ham ozor beriladi. Amal qilganishta yarashasi beriladi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Yanvar 2009, 08:28:46

AMALINGNI XOLIS QIL

«Ey Odam farzandi! Ey dinor va dirhamning qullari! Men dinor va dirhamni ular orqali (bergan) rizqimni yeyishingiz, ular orqali (bergan) kiyimimni kiyishingiz, Menga tasbeh aytib, Meni ulug‘lashingiz uchun yaratdim. Keyin sizlar Kitobimni oldingizlar va uni orqaga otdingiz. Dinoru dirhamlarni oldingizlar va ularni boshingizga ko‘tardingiz. Uylaringizni baland etib, Mening uyimni pasaytirdingiz. Sizlar na yaxshi, na ozodsiz, balki dunyoning qulisiz. Sizlarga o‘xshaganlarning jamlanishi bamisoli tashi suvab qo‘yilgan qabrlarga o‘xshaydi. Bu qabrlar tashqarisidan chiroyli ko‘rinsa-da, ichi xunukdir. Sizlar ham shirin tillaringiz, chiroyli fe’llaringiz bilan odamlarga yaxshi bo‘lib ko‘rinasizlar-u, (aslida) tosh qalblaringiz va rasvo ahvolingiz bilan (ulardan) uzoqlashasiz.
Ey Odam farzandi! Amalingni xolis qil va (hojatingni faqat) Mendan so‘ra. Chunki Men senga so‘rovchilar so‘raganidan ham ko‘prog‘ini beraman».

Qayd etilgan