Imom G'azzoliy. Qirq hadisi qudsiy  ( 41131 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 B


AbdulAziz  27 Yanvar 2009, 08:35:22

TAVBAGA SHOSHIL

«Ey Odam farzandi! Men sizlarni befoyda va behudaga yaratganim yo‘q. Men g‘ofil emasman, (holingizdan) xabardorman. Mening roziligim uchun yoqtirmayotgan narsangizga ham sabr qil(ishni o‘rgan)maguncha huzurimdagi narsa (jannat)ga erisholmaysiz. Toatimga sabr qilishingiz ma’siyatimga sabr qilishdan, gunohni tark qilishingiz do‘zax olovidan (qo‘rqib) Mendan uzr so‘rashingizdan, dunyo azobi oxirat azobidan yengilroqdir.
Ey Odam farzandi! Barchangiz adashgansiz. Faqat Men hidoyat qilganlargina unday emas. Barchangiz yomonlik qiluvchisiz, faqat Men (yomonlikdan) saqlaganlargina unday emas. Menga tavba qilinglar, sizlarga rahm qilaman. Sirlaringiz maxfiy qolmaydigan Zot huzurida sirlaringizni fosh etmanglar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Yanvar 2009, 08:36:01

QATTIQ QALBGA NASIHAT BEKOR

«Ey Odam farzandi! Maxluqlarni la’natlamang, la’nat o‘zingizga qaytadi.
Ey Odam farzandi! Osmon Ismlarimdan biri sababli havoda ustunsiz tik turibdi. Ammo qalblaringiz esa Kitobimdagi mingta va’z-nasihatim bilan ham to‘g‘ri emas! Ey insonlar! Tosh suvda yumshamaganidek, va’z ham qattiq qalbga ta’sirini o‘tkaza olmaydi.
Ey Odam farzandi! Sizlar Allohning bandasi ekaningizga guvohlik berib, keyin yana qanday Unga osiylik qilasiz? Ulimni haq deb gumon qilasiz-u, yana uni qanday yomon ko‘rasiz? Bilmagan narsangizni tillaringiz bilan gapirasiz, Allohning nazdida ulug‘ bo‘lgan narsani arzimas sanaysiz».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Yanvar 2009, 08:36:38

HAMMAGA YAXSHILIK QILING

«Ey insonlar! Aniqki, sizlarga Parvardigoringiz tomonidan qalblarga shifo bo‘lib pand-nasihat keldi. Nega faqat sizga yaxshilik qilgan kishigagina yaxshilik qilasiz, sizga bog‘langan kishigagina bog‘lanasiz, sizga yedirgan kishigagina yedirasiz, sizni hurmat qilgan kishinigina hurmat qilasiz?! Birovning yana birovdan afzal joyi yo‘q. Balki mo‘minlar shunday kishilarki, Alloh va rasuliga iymon keltiradilar, yomonlik qilgan kishiga yaxshilik qiladilar, aloqani uzgan kishi bilan aloqani tiklaydilar, mahrum qilgan kishini avf etadilar, xiyonat qilgan kishiga ishonadilar, xo‘rlaganni hurmat qilishadi, arazlagan kishi bilan so‘zlashishadi. Albatta Men sizlardan xabardor Zotdirman».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Yanvar 2009, 08:37:13

OXIRATNI UNUTMANG

«Ey insonlar! Bu dunyo hovlisi yo‘qlar uchun hovlidir, moli yo‘qlar uchun moldir. Mol-dunyoni aqli yo‘qlar yig‘adi. Fahmi yo‘qlar esa mol-dunyoga xursand bo‘ladi. Tavakkali yo‘qlar unga hirs qo‘yadi. Ma’rifati yo‘qlar esa dunyo istaklarini talab qiladi. Kim yo‘q bo‘luvchi ne’mat, uzuq-yuluq hayotni xohlasa, o‘z nafsiga zulm etib, Robbisiga isyon qilibdi. Yana oxiratni unutib, dunyosiga aldanibdi. "Gunohning ochig‘ini ham, maxfiysini tark qilingiz!" Albatta gunoh qiluvchi kimsalar o‘zlari qilib o‘tgan gunohlariga jazo olajaklar» (An’om, 120).
Ey Odam farzandi! Mening rioyamni qiling, Men bilan tijorat qiling, Men bilan muomala qilinglar, foydalaringiz naqd, darhol xazinamga jo‘nataveringlar. Chunki huzurimda ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan hamda inson qalbi his qilmagan narsalar bordir. Xazina tugab ham, kamayib ham qolmaydi. Men saxovat va ulug‘lik egasi bo‘lgan Zotman».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Yanvar 2009, 08:38:28

AHDGA VAFO QILING

«Ey Odam farzandi! Sizlarga in’om qilgan ne’matimni eslang va Menga bergan ahdingizga vafo qiling. Shunda Men ham O’z ahdimga vafo qilaman. Mendangina qo‘rqinglar. Yo‘lboshlovchisiz to‘g‘ri yo‘lga tushib bo‘lmaganidek, jannatga ham amalsiz yo‘l yo‘qdir. Shuningdek, mol mashaqqatsiz yig‘ilmaydi. Xuddi shunday ibodatimga ham sabr qilsangizlargina, jannatga kirasizlar. Allohga nafl ibodatlar bilan yaqinlashing. Mening roziligimni o‘zlaringiz orangizdagi misskinlar roziligidan izlang. Ulamolar majlisi orqali rahmatimga rag‘batli bo‘ling. Chunki rahmatim bir lahza ham ulardan ajralmaydi.
Alloh taolo: «Ey Muso! Aytayotganlarimni eshit. Haqqi rostki, kim miskinga takabburlik qilsa, Qiyomat kunida uni (zarra yoki mayda chumoli) suratida tiriltiraman. Kimki miskinga tavoze’li bo‘lsa, dunyo va oxiratda u(ning darajasi)ni ko‘taraman. Kimki miskinni obro‘sizlantirish uchun sirini yoysa, Qiyomat kunida uni siri pardalanmagan holda tiriltiraman. Kimki qashshoqni xorlasa, bas, u Meni jangga chorlabdi. Kim Menga iymon keltirsa, dunyo va oxiratda farishtalar u bilan qo‘l berib so‘rashadi», dedi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Yanvar 2009, 08:39:53

SHUKR QIL

«Ey Odam farzandi! Qancha chiroqlar bor, ularni havoyi nafs shamoli o‘chirib yubordi. Qancha obidlar bor, o‘ziga bino qo‘yish ularni buzdi. Qancha boylar bor, ehtiyojsizlik ularni aynitdi. Qancha kambag‘allar bor, qashshoqlik ularni buzuqlikka yetakladi. Qancha sog‘lom kishilar bor, doim sog‘ yurish ularni fasodga eltdi. Qancha olimlar bor, ilmi ularni buzdi. Qancha johillar bor, nodonligi ularni fasodga g‘arq qildi. Agar ruku’dagi keksalar, xushu’li yoshlar, emizikli go‘daklar va o‘tloqdagi hayvonlar bo‘lmaganida albatta osmonni ustingizga temir, yerni yaydoq tekislik, tuproqni esa kul qilgan, sizlarga osmondan bitta ham tomchi tushirmagan, yerda birorta don o‘stirmagan va ustlaringizga azobni yog‘dirgan bo‘lar edim».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Yanvar 2009, 08:40:25

OSIYLIKDAN SAQLANING

«Ey Odam farzandi! Ehtiyojingiz miqdorida Mendan so‘rang. Jahannamga toqatingiz miqdorida (agar toqat qilolsangiz) Menga osiylik qiling. Kechiktirilgan ajallaringiz, oldingizdagi hozir bo‘lgan rizqingiz va yopib qo‘yilgan gunohlaringizga qaramang. «Barcha narsa halok bo‘lguvchidir, magar Uning yuzi - O’zigina (mangudir)» (Qasos surasi, 88-oyat)».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Yanvar 2009, 08:40:45

OFIYAT - BEBAHO NE’MAT

«Ey Odam farzandi! Agar diningiz salomat bo‘lsa, amalingiz, go‘shtingiz va qoningiz ham salomat bo‘ladi. Agar diningiz fasod topsa, amalingiz, go‘shtingiz, qoningiz ham buziladi. Sizlar o‘zini kuydirib, odamlarga ziyo tarqatadigan sham kabi bo‘lmang. Qalbingizdan dunyo muhabbatini chiqarib tashlang, chunki Men hech qachon dunyo muhabbati bilan Uzimga bo‘lgan muhabbatni bir qalbda jamlamayman. Rizqni to‘plashda nafsingizga muloyim bo‘ling. Chunki rizq taqsimlab bo‘lingan. (Mol yig‘ishga) hirsli bo‘lgan kishi (moldan) mahrumdir. Baxil esa yomonlikka duchor. (Bu dunyo) ne’mati bir kun poyoniga yetadi, uni qattiq talab qilish badbaxtlikdir. Ajal ma’lumdir, haqiqat ma’lum. Alloh hikmatlarining eng yaxshisi -xushu’dir. Boylikning eng yaxshisi - qanoat. Eng yaxshi zaxira - taqvo. Qalbga atr etilgan eng yaxshi narsa yaqiyn, ya’ni o‘ta kuchli ishonch. Sizlarga berilgan narsaning eng yaxshisi - ofiyatdir».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Yanvar 2009, 08:40:54

PASHSHAGA QO’NGAN ASAL

«Ey mo‘minlar! Nega qilmagan ishingizni gapirasiz? Qancha gaplar aytib, xilofini qilyapsiz. Qancha narsalardan man etib, o‘zingiz undan tiyilmayapsiz. Qancha narsalarga buyurib, o‘zingiz uni bajarmayapsiz. Qanchadan-qancha yemaydigan narsalarni to‘playapsiz! Kunlar ketidan kunlar o‘tyapti, qancha tavbalarni kechiktiryapsiz! Yillarni quvib yillar o‘tyapti, nimani kutyapsizlar?! Balki o‘limdan saqlaydigan narsangiz bordir?! Yoki qo‘lingizda do‘zaxdan (xalos bo‘lganingizni asoslovchi) hujjat bormi? Yo jannatlarda najot topdingizmi? Yoki siz bilan Parvardigoringiz orasi (faqatgina) rahmatu marhamatdan iborat deb o‘ylayapsizmi? Yo (mo‘l-ko‘l) ne’matlar havolantirib, (qilingan) yaxshilik(lar) sizlarni buzdimi? Yeki dunyoning uzundan-uzoq orzu-havaslari sizlarni chalg‘itdimi? Sihatu-salomatlikni g‘animat bil-mayapsizlar, axir kunlaringiz belgilangan, oladigan nafaslaringiz sanoqli-ku!..
Ey Odam farzandi! Albatta sen amalingdan o‘zib ketyapsan. Har bir o‘tgan kuning umringdan bir kunni yakson qilyapti. Onangning qornidan chiqqan kuningdan buyon har kuni qabringga yaqinlashyapsan, toki unga kirasan.
Ey Odam farzandi! Sen bu dunyoda bamisoli pashshaga o‘xshaysan: pashsha asalga qo‘nar ekan, chiqolmasdan botib qoladi, sen ham xuddi shundaysan. Boshqalarga olov bo‘lish uchun o‘zini kuydirgan o‘tin kabi bo‘lma».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Yanvar 2009, 08:41:22

DUO QACHON IJOBAT BO’LADI?

«Ey Odam farzandi! Buyurganimdek amal qil, qaytargan narsamdan to‘xta, shunda seni hech vafot etmaydigan tiriklar jumlasidan qilaman. Men (abadiy) tirikman, hech qachon o‘lmayman. Agar biror narsaga «Bo‘l!» desam, u narsa (paydo) bo‘ladi.
Ey Odam farzandi! Agar so‘zing muloyim, amaling qabih bo‘lsa, u holda sen munofiqlarning raisisan. Agar zohiring chiroyli, botining xunuk bo‘lsa, u holda sen halokatga duchor bo‘lguvchilardansan. Ular Allohni aldamoqchi bo‘ladilar, ammo o‘zlari sezmagan holda faqat o‘zlarinigina aldaydilar.
Ey Odam farzandi! Jannatga faqat Mening buyukli-gimga tavoze’ qilganlar, kunini zikr bilan o‘tkazganlar, faqat Men uchun nafsini shahvatlardan tiyganlar kiradi. Albatta Men g‘ariblarni panohim, qashshoqlarni himoyam ostiga olaman. Ota o‘z farzandiga (qancha) rahmdil, beva ayolga er (qancha) mehr-shafqatli bo‘lganidek, Men yetimni (shunchalik) hurmatlayman. Kim mana shu sifat bilan vasflansa, unga javob beruvchi bo‘laman. Qachon duo qilsa, ijobat etaman. Qachon so‘rasa, so‘raganini beraman».

Qayd etilgan