Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Tafakkur kitobi)  ( 35565 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 ... 9 B


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 10:05:09

Abu Homid G’azzoliy

IHYOU ULUMID-DIN

TAFAKKUR KITOBI

«Toshkent islom universiteti»
nashriyot-matbaa birlashmasi
Toshkent – 2007

Tarjimon:
Bobomurod Erali


Abu Homid G’azzoliy qalamiga mansub «Ihyo ulumid-din» («Din ilmlarini jonlantirish») asarining «Tafakkur kitobi»da asosan inson tafakkuri orqali Alloh taoloning zoti va sifatlari, behudud qudratini anglash, U yaratgan olamlar, ashyolar; jonzotlar, alalxusus, insonning o‘z-o‘zini mushohada qilib bilishi hamda o‘z burchi va mas’uliyatini anglashi ochib berilgan. Asarning yirik qismi dunyoni anglash masalasiga bag‘ishlangan.


MUNDARIJA

Muqaddima

BIRINCHI  QISM
Tafakkur fazilati
Fikr haqiqati va samarasi
Fikr paydo bo‘lishi

IKKINCHI QISM
Allohning ulug‘ligi, qudrati va kibriyosi to‘g‘risida tafakkur qilish
Alloh taoloning maxluqlari to‘g‘risida tafakkur qilish

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 10:07:01

MUQADDIMA

Azaldan to abad o‘zining ulug‘ligi va qudrati intihosiga had-hisob yo o‘lchov belgilamagan, vahm-tasavvur qadamlari uchun zinapoya, fahm-idrok paykonlari yetib boradigan belgi yo nishon tayin etmagan Alloh taologa hamd bo‘lsin. Lekin U Zot o‘zi tutgan martabani zabt etmoq bo‘lganlarni kibriyo biyobonida adashtirib, hayronu lol qilib qo‘ydi. Shunda ham matlabiga erishish uchun davom etganlarida jaloliyat mavjlari ularni majburan oldingi sohilga qaytardi. Qachonki umid uzib, endi qaytmoqchi bo‘lib turganlarida tuyakashlar taxtiravonidan sabr qil, sabr qil, degan nido yetib aytildiki: «Shoshmagin, bundan ko‘ra sen qullik (bandalik) haqi va toatini o‘ylagin. Chunki sen rububiyyat ulug‘ligi va qudratini to‘liq bilmoqchi bo‘lsang, adashgaysanki, undan ozginasi ham senga nasib etmas.

Agar fikring tufayli o‘z sifatingga taalluqli bir ishni xohlasang, u holda qanday qilib Allohning behisob ne’matlari va yaxshiliklari birin-ketin va to‘xtovsiz yetib turganiga nazar qil. Buni anglab olgandan keyin sen har bir ne’mat va yaxshilik uchun zikrni hech qachon unutma! Bu olamdagi taqdiri azal dengizi yaxshilik va yomonlik, foyda va ziyon, mashaqqat va yengillik, g‘olib va mag‘lub, butun va siniq, maxfiy va oshkoralik, imon va kufr, irfon va jaholatga qanchalik to‘lib-toshganini o‘ylab ko‘r. Shunda ham sen Allohning zotiga nazar qilish sari o‘tsang, ajib va g‘alati ishga jur’at etibsanki, o‘zingni bashar toati va haddidan baland tutib, joningni xatarga qo‘yibsan.

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 10:07:48

Parvardigoring tajalliy nuri qarshisida ne-ne mutafakkir va oqil zotlarning ko‘zlari qamashib, orqaga chekinishdan boshqa iloj topmadi. Sen o‘zingni shu zotlarga qiyoslab ko‘r».

Bani Odam sayyidi Muhammad alayhissalomga salavot va salomlar bo‘lsin. Salovot va duo bizga mahshargohda najot va zahira bo‘lg‘usidir. U kishining oilalari va din osmonida to‘lin oydek porlagan hamda mo‘minlar uchun namuna va ibrat bo‘lib qolgan sahobalariga ham salavot va salomlar barakasi yog‘ilsin.

Payg‘ambarimiz alaihissalom: «Bir soatlik tafakkur bir yil ibodat qilgandan xayrliroq», deb marhamat qilganlar. Qur’oni karimda tadabbur, e’tibor, nazar va fikr qilishga undaydigan oyatlar ko‘p. Sir emaski, fikr nurlar kaliti va bilish uchun harakat asosidir. Shuningdek, fikr ilmlarni o‘zida tutib qoladigan to‘r, maqsad va tushuncha tuzog‘idir. Ko‘pchilik ilmning fazl va martabasini bilsa ham, uning haqiqati, samarasi, masdari, makoni, paydo bo‘lish joyi, yo‘li va kayfiyatidan xabardor emas. Shu bilan birga, inson qanday tafakkur qilish, nima to‘g‘risida va nima uchun tafakkur qilishni, talab etilgan narsa ayni maqsad yoki maqsad emasligini ham to‘g‘ri hal qilib ololmagan. Agar tafakkur biror narsaga erishishga qaratilgan bo‘lsa, bu narsa ilmmi yoki holmi? Yo bo‘lmasa, har ikkalasimi? Bularning barchasini ochib berish muhim ish bo‘lib, biz bu o‘rinda eng avval tafakkur fazilatini bayon qilmoqchimiz. Undan so‘ng tafakkur haqiqati va samarasi bayoniga o‘tamiz. Undan keyin tafakkurning paydo bo‘lish joyi tahlili o‘rin olgan. Inshaalloh.

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 10:10:13

BIRINCHI QISM

TAFAKKUR FAZILATI

Alloh taolo tafakkur va mushohadaga buyurib, tafakkur kishilarini maqtab, shunday deydi:
Ular turib ham, o‘tirib ham, yotib ham Allohni zikr etadilar va osmonlaru Yerning yaratilishi haqida fikr yuritadilar (va duo kiladilar:) «Ey, Rabbimiz! Bu (koinot)ni behuda yaratmagansan. Sen (ayblardan) pok zotdirsan. Bas, bizni do‘zah azobidan saqlagin! (Oli imron surasi, 191-oyat)

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 10:11:42

Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytadiki: «Bir qavm Alloh azza va jalla to‘g‘risida tafakkur qilib o‘tirishgandi. Nabiy alayhissalom ularga: «Alloh yaratgan narsalar xususida fikrlanglar, Alloh xususida fikrlamanglar. Sizlar hech qachon uning o‘lchovini idrok etolmaysizlar», dedilar. Boshqa bir rivoyatda keladiki, Nabiy alayhissalom bir kuni bir qavmning oldiga bordilar. Ular tafakkur holatida o‘tirishgan ekan. Nabiy alayhissalom: «Sizlarga nima bo‘ldi, gapirmaysizlar», dedilar. Ular: «Alloh yaratgan maxluqlarni o‘ylab o‘tiribmiz», deyishdi. Buni eshitib Nabiy alayhissalom: «Shunday davom etaveringlar, Alloh yaratgan maxluqlarni fikrlanglar, uning o‘zi to‘g‘risida fikrlamanglar...», dedilar. Ato’ keltirgan rivoyatda aytiladiki: Bir kuni Ubayd ibn Umar ikkimiz Oyshani (r.a.) ziyorat qildik. U biz bilan parda ortidan gaplashdi. U: «Ey Ubayd! Bizni ziyorat qilishingga nima mone’lik etadi?» deb so‘radi. Ubayd: «Rasululloh alayhissalomning: «Qancha kam borsang, shuncha sog‘inching oshadi», degan so‘zlari, dedi. Ibn Umar: «Bizga Rasul alayhissalomda ko‘rgan ajoyib bir narsa to‘g‘risida aytib bering», dedi. Oysha roziyallohu anhu bu gapni eshitib, yig‘ladi. «U kishining qaysi ishlari ajoyib emas ekan. Oldimga kelgan kechasi badanim badanlariga tegib turardi. Shunda ul zot: «Menga ijozat ber, Rabbimga ibodat qilayin», dedilar. Suv turgan mesh oldiga borib, tahorat oldilar. So‘ng turib namoz o‘qidilar. Qiyom payti soqollari ho‘l bo‘lguncha yig‘ladilar. Sajdaga bosh qo‘ygan paytda yer ho‘l bo‘lguncha yig‘ladilar. Namozdan so‘ng Bilol bomdod namoziga azon aytishga kelgunicha biroz yonboshlab yotdilar. Hazrati Bilol kelganda: «Ey Rasululloh! Sizni nima yig‘latdi. Alloh oldingi va keyingi barcha gunohlaringizni kechirgan-ku», dedi. U kishi: «Ey Bilol, senga vayl bo‘lsin, meni yig‘lashdan nima ham to‘sa olsinki, Alloh taolo bu kecha menga mana bu ajoyib oyatni nozil qildi:

Osmonlar va Yerning yaratilishida, tun va kunning o‘rin almashib turishida aql egalari uchun alomatlar bordir. (Oli imron surasi, 190-oyat)

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 10:13:56

So‘ng: «Bu oyatni o‘qib, u haqda o‘ylab ko‘rmagan kishiga vayl bo‘lsin», deb qo‘shib qo‘ydilar».

Bir rivoyatda Avzoiy’dan oyatlarni tafakkur qilishdan maqsad nima, deb so‘ralganda, u: «Oyatlarni o‘qib, ma’nosini anglamoq», dedi. Muhammad Ibn Vosi’dan keltirilgan rivoyatda basralik bir kishi Abu Zarr vafotidan keyin Ummu Zarrga uylandi. U kishi Ummu Zarrdan Abu Zarrning ibodati xususida so‘raydi. Ummu Zarr: «U kun bo‘yi uyning bir burchagida tafakkur qilib o‘tirardi», dedi. Hasan: «Bir soatlik tafakkur bir kechani ibodat bilan uxlamay o‘tkazgandan xayrliroq», degan. Fuzayl aytadiki: «Fikr senga yaxshi va yomon amallaringni ko‘rsatib turadigan ko‘zgudir». Bir rivoyatda kelishicha: Ibrohimga buncha uzoq tafakkur qilib o‘tirasan, deyishdi. U: «Fikr aqlning iligidir», deb javob berdi. Sufyon ibn Uyayna ko‘pincha mana bu she’riy parchani o‘qishni yoqtirardi:
«Yigit kishida bo‘lsa gar fikr,
Har narsada unga ibrat bor».

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 10:14:49

Tovus aytadiki: «Havoriylar Iyso ibn Maryamga: Ey Ruhulloh! Bugun yer yuzida sizga o‘xshagan kishi bormi, deb so‘rashdi. U bunga shunday dedi: "Kimning nutqi zikr, sukuti fikr va nazari ibrat bo‘lsa, albatta u menga o‘xshabdi». Hasan: «Kimning so‘zi hikmat bo‘lmasa, u larv (behuda)dir, kimning sukuti tafakkur bo‘lmasa, u xato, kimning nazari ibrat olish bo‘lmasa, u lahv(befoyda amal)dir», degan. Alloh taoloning:
Yer (yuzi)da nohaqlik bilan kibrlanib yuruvchilar (ongi)ni oyatlarimiz (idroki)dan chetlatib qo‘yajakmiz. (A’rof surasi, 146-oyat)

Alloh taolo oyatda ularni tadbirim to‘g‘risida tafakkur qilishdan to‘sib qo‘yaman, deydi. Abu Sa’d Xudriy rivoyatida Rasul alayhissalom: «Ko‘zlarga ham ibodat haqini beringlar», dedilar. «Ey Rasululloh, uning ibodat haqi nima?» deb so‘rashdi. U zot: «Mushafga qarash (tilovat qilish) va undagi ajoyibotlar zikri o‘tganda u haqda tafakkur qilish», dedilar.

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 10:16:11

Makka yaqinidagi dashtda yashaydigan bir xotinning shunday degani rivoyat qilinadi: «Taqvodor kishilarning qalblari fikr-mushohada bilan g‘ayb pardalari ortida asrab qo‘yilgan oxirat yaxshiliklarini bilishganida bu dunyoda yashashga qiziqmas va bir lahza ham qolishga rozi bo‘lmasdilar».

Luqmon bir o‘zi uzoq o‘tirardi. Uning oldidan mavlosi(ozod qilgan quli) o‘tib: «Ey Luqmon, bir o‘zing yolg‘iz o‘tiribsan, odamlar bilan o‘tirsang, senga uns-ulfat bo‘lishardi», dedi. Luqmon: «Yolg‘izlik vaqti fikr tez anglanadi, uzoq fikrlash jannat yo‘liga yo‘llaydi», dedi. 3ahb Ibn Munabbih: «Kishining fikri faqat bilsagina davomli bo‘ladi, faqat amal qilgan kishigina biladi», degan. Umar Ibn Abdulaziz: «Alloh bergan ne’matlarni fikrdan o‘tkazish eng afzal ibodat», deydi. Abdulloh ibn Muborak bir kuni Sahl ibn Alini fikrga cho‘mib, jim o‘tirgan holda ko‘rib: «Qaerga yetib bording?» deb so‘radi. «Sirotga», deb javob berdi u. Bishr: «Odamlar Allohning azamat (ulug‘ligi) xu-susida tafakkur qilsalar, Alloh azza va jallaga hech qachon osiy bo‘lmas edilar», dedi. Ibn Abbos: «Tafakkur ichra o‘qilgan ikki rakat qisqa namoz butun kechani ibodat bilan bedor o‘tkazgandan xayrliroq», degan. Aytishlaricha, Abu Shurayx piyoda yurar, o‘tirsa to‘niga o‘ranib olib yig‘lardi. Undan: «Nega yig‘laysan?» deb so‘ralsa, u: «Umrim o‘tayotgani, amalim ozligi va ajalim yaqinligini o‘yladim», der ekan. Abu Sulaymon: «Ko‘zlaringizni yig‘lashga, qalblaringizni tafakkurga odatlantiring», deb aytgan.

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 10:16:57

Abu Sulaymon aytadiki: «Dunyo haqida o‘ylash oxiratdan to‘sadi, jabrini esa valiylar totadi. Oxiratni o‘ylash hikmatni paydo etib, qalblarni tiriltiradi». Hotam: «Ibratdan ilm ko‘payadi, zikrdan muhabbat oshadi, tafakkurdan xavf kuchayadi», deydi. Ibn Abbos: «Yaxshiliklarni fikrlab ko‘rish yaxshilik qilishga undaydi, yomonliklardan afsuslanish undan voz kechishga boshlaydi», degan. Rivoyat qilinishicha, Alloh taolo kitoblaridan birida aytadiki: «Har bir hikmat sohibining so‘zini qabul qilavermayman, uning o‘y-fikr va ishtiyoqiga qarayman. Agar uning o‘y-fikr va ishtiyoqi men uchun bo‘lsa, sukutini tafakkur, so‘zini hamdga aylantirib qo‘yaman». Hasan aytadiki: «Oqil kishilarning qalblari hikmatni so‘zlamagunga qadar zikrdan tafakkurga, tafakkurdan zikrga qaytaveradilar». Ishoq ibn Xalaf aytadiki: «Dovud Toiy rahimahulloh oydin kechasi hovlida osmonga qarab, osmon va yerdagi mavjudotlar xususida o‘ylab o‘tirar va yig‘lar edi. Hatto qo‘shni hovliga qanday oshib tushganini sezmaydi. Shunda qo‘shnisi uyimga o‘g‘ri tushdi, deb gumon qilib, yalang‘och holda o‘rnidan sakrab turadi va qo‘lidagi qilich bilan hovliga otilib chiqadi. U Dovudni ko‘rib qilichini tashlaydi. Qo‘shnisi:  «Tom ustidan seni bu yoqqa nima tushirdi?» deb so‘raydi. Dovud: «Men buni bilganim yo‘q», deb javob beradi. Junayd aytadiki: «Majlislarning eng sharafli va eng oliysi tavhid maydonida tafakkur qilib o‘tirish, ma’rifat nasimlaridan bahramand bo‘lish, muhabbat kosasida uning daryosidan sipqorish, Alloh azza va jallaga yaxshi gumonda bo‘lishdir. Ey majlislarning eng ulug‘i, ey sharbatlarning eng shirini! Sen nasib etgan kishilar naqadar baxtlidirlar!».

Shofe’iy rahimahulloh taolo aytadi: «Sukut saqlash bilan gapirishga, fikrlash bilan xulosa chiqarishga yordam beringlar». Tag‘in u zot: «Masalaga to‘g‘ri nazar g‘ururdan saqlaydi, bir fikrga qaror qilish xato va nadomatdan xalos etadi: ko‘rish va fikrlash jazm va fatonat(farosat)ni kashf etadi. Hikmat ahli bilan maslahatda bo‘lish nafsga sabot va aqlga quvvat beradi. Bir qarorga kelishdan oldin fikrlab ko‘r, hujumga o‘tishdan oldin tadbir qil, oldinga yurishdan ilgari maslahatlash». Shuningdek, u yana aytadiki: «To‘rtta fazilat bor: (birinchisi) hikmat, uning asosi fikrda, (ikkinchisi) iffat, uning asosi shahvatni tiyishda, (uchinchisi) quvvat, uning asosi g‘azabda, (to‘rtinchisi) odillik, uning asosi nafsoniy quvvatni muvozanatga keltirishdadir». Bular tafakkur fazilati to‘g‘risidagi ulamolarning so‘zlari bo‘lib, hech birida fikr nima ekani va uning qay tarzda paydo bo‘lishi bayon etilmagan.

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 10:18:13

FIKR HAQIQATI VA SAMARASI

Bilginki, fikrning ma’nosi uchinchi ma’rifat(ilm)ni hosil qilish uchun qalbda ikki ma’rifat(ilm)ni hozirlashdan iborat. Bunga misol shuki, kim bu dunyoni xohlasa, hayoti dunyoni afzal bilsa va oxiratni bu dunyodan ustun qo‘yish a’loroq ekanini bilishni istasa, buning uchun ikki yo‘l mavjud: (Birinchisi) oxiratning bu dunyoga nisbatan afzal ekanini boshqadan eshitib, unga taqlid qiladi va mohiyatini anglamasdan tasdiqlaydi; o‘z amali orqali uning so‘ziga ishonib oxiratni ustun qo‘yadi. Bu «taqlid» deb ataladi. Lekin u ma’rifat(ilm) emas. (Ikkinchi yo‘l) Boqiy qoluvchi narsani tanlash afzal ekanini aniq bilishdir. Shundan keyin u oxirat boqiyroq ekanini to‘liq taniydi.

Natija shuki, u kishi mana shu ikki ma’rifat(ilm)dan uchinchi ma’rifat(ilm)ga o‘tadi. Bu ilm oxiratni tanlash afzal ekanini bilishdan iborat. Oxiratni tanlash afzal, degan ilm faqat oldingi ikki ma’rifat(ilm) tufayli yuzaga chiqadi.

Shunday ekan, qalbda ikki ma’rifat(ilm)ni hozirlashdan maqsad tafakkur, e’tibor, tazakkur, nazar, taammul va tadabbur, deb nomlangan uchinchi ma’rifat(ilm)ga erishishdir. «Tadabbur», «taammul» va «tafakkur» - bir ma’noda qo‘llanadigan so‘zlardir. Bu so‘zlar mohiyatida o‘zaro zidlik yo‘q. Ammo «tazakkur», «e’tibor» va «nazar» so‘zlarining nomlanish asosi bitta bo‘lsa ham, har xil ma’noli so‘zlardir. Xuddi «sorimun», «mihnadun» va «sayfun», degan har xil lafzlar bir narsaga nom qilib qo‘yilganidek. Lekin nomlanish asosi bitta bo‘lsa ham «sorimun» so‘zi kesish ma’nosida qilichni bildiradi. «Mihnadun» so‘zi shu narsaning yasalgan joyiga nisbatan olinib, qilich ma’nosini beradi. «Sayfun» so‘zi esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri qilich ma’nosini anglatadi.

Qayd etilgan