Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Tafakkur kitobi)  ( 54144 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 B


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 10:28:42

Shuningdek, moli to‘g‘risida ham shunday fikrlab, aytadiki: «Men falon molni sadaqa qilishga qodirman. O’zim unga muhtoj emasman. Mabodo, muhtoj bo‘lsam, Alloh menga uning mislini rizq qilib beradi. Agar hozir muhtoj bo‘lsam ham o‘zimdan ko‘ra bu molga muhtojroq kishiga berib, savob qozonish imkonim bor-ku!»

Shuningdek, barcha a’zolari, jamiki badani, mol-mulklari, chorva mollari, xizmatkorlari hamda farzandlarini ham birma-bir xayolidan o‘tkazadi. Bularning hammasi sabab va vositalardir. Shular tufayli Alloh taologa toat-ibodat qilishga qodir ekanini o‘ylaydi. Shular tufayli mumkin bo‘lgan toat-ibodat yo‘llarini daqiq fikr bilan o‘rganadi. Bu toat-ibodatga tezroq erishishda o‘ziga nima rag‘bat berishini o‘ylaydi.

Shu bilan birga, niyatni xolis qilish, xolislikka erishish va amallarini riyodan poklashni o‘ylaydi.

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 10:29:16

Uchinchi tur qalbdagi muhlikot sifatlari bo‘lib, shahvat, g‘azab, baxillik, xudbinlik, riyo, hasad, badgumonlik, g‘aflat, g‘urur va boshqa illatlar shu muhlikotlar jumlasiga kiradi. Kimki qalbini bu illatlardan xoli va pok deb o‘ylasa, o‘zi uchun bu dunyo imtihon-sinov ekani haqida tafakkur qiladi. Albatta nafs har doim o‘ziga yaxshilikni dushman bilib, yaxshilik qilishni orqaga suradi. Agar o‘zingda kibr-havo yo‘qligini da’vo qilsang, oldingi zotlar nafsini sinab ko‘rganidek bozorda o‘tin orqalab, hammollik qilib ko‘rishing lozim. Agar hilmni da’vo qilsang, boshqadan yetadigan g‘azabga o‘zingni ro‘para qilib, g‘azabingni bosa olish-olmasligingni sinab ko‘r. Boshqa illatlarda ham xuddi shunday o‘z ustingda tajriba o‘tkaz. Bu tajriba va sinov yomon illatlar o‘zida bor-yo‘qligi xususida fikr qilishdir.

Agar bu yomon illatlar senda mavjud bo‘lsa, tezroq chora ko‘rmasang, ularning qabih va jirkanch tus olishlarini o‘ylab ko‘r. Shunda senga bu illatlarnig paydo bo‘lish omili johillik, g‘ofillik va axloqsizlik ekani ayon bo‘ladi. Agar banda o‘zida amalidan manmanlik va kibr ishni ko‘rsa, darhol fikrlab aytsinki: «Bu a’zolarim, quvvatim va irodam bilan qilgan amallarim barchasi o‘zimdan emas va o‘zimniki ham emas. Bu Alloh taoloning menga bergan fazli va marhamatidir. U zot meni va mendagi a’zolarni yo‘qdan bor qildi. Menga quvvat va iroda berdi. U zot a’zolarimni o‘z qudrati tufayli harakatga keltirdi. Quvvat va irodam ham xuddi shunday. Xo‘sh, qanday qilib men amalim yoki nafsim tufayli manmanlik qilaman? O’zimga qolsa, bu ishlarni hech qachon uddalay olmayman».

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 10:29:47

Banda o‘zida kibr borligini his etsa, demak fe’l-atvorida bir hamoqat mavjudligini anglaydi va deydi: «Nimaga o‘zingni katta olasan? Alloh nazdidagi kabir (ulug‘) kishigina kabir (ulug‘) kishidir. Bu daraja o‘limdan keyin aniq bo‘ladi. Qancha kofirlar borki, anglagan zahotiyoq kibrni tashlab, Alloh taologa muraqqab holda vafot etadi. Qancha musulmonlar borki, o‘lim paytidagi holati o‘zgarib, yomon xotima topib, shaqiy (badbaxt) holda olamdan o‘tadi.

Agar inson kibrning halok etuvchi va asli hamoqat ekanini bilib olsa, tavoze’li amallarni ko‘paytirish bilan bu illatdan qutulish to‘g‘risida fikr qiladi.

Agar banda o‘zida taom va to‘yib yeyishga ishtiyoq kuchli ekanini ko‘rsa, bu hirs hayvoniy sifat ekanini fikridan o‘tkazishi darkor.

Agar u taomga o‘chlik va viqo’ (jinsiy aloqa)dan o‘zini saqlay olsa, albatta u hayvon sifati bo‘lmay, balki ilm va qudrat kabi Allohning va farishtalarning sifatidan bo‘lur. Kimda ochko‘zlik hissi g‘oliblik qilsa, u bu odati bilan hayvonlarga yaqinlashib, farishtalardan uzoqlashadi. Bu illatdan xalos bo‘lishni o‘ylagan kishi g‘azab haqida ham xuddi shunday fikrga boradi. So‘ng u shu illatdan xalos bo‘lish chorasi va tilga olingan barcha illatlar xususida mulohaza yuritadi.

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 10:30:25

To‘rtinchi tur munjiyot amallar bo‘lib, u tavba, gunohlariga afsus, baloga sabr va ne’matlarga shukr, xavf va rajo, dunyoga qiziqmaslik, toat-ibodatdagi sidq va ixlos, Allohga muhabbat, shavq, xushu’ va tavoze’dan iborat. Biz bu o‘rinda har birining sabab va alomatlarini ham bayon etdik. Banda har kuni qalbiga zarur bo‘lgan va Allohga qurbiyat hosil qiluvchi sifatlarni o‘ylab ko‘rsin. Agar u shulardan biriga muhtojlik sezsa albatta u ilm tufayli hosil bo‘ladigan holat ekanini bilsin. Ilm esa faqat fikrlash tufayli yuzaga chiqadi. Agar u o‘zi uchun tavba yoki nadomat holini xohlasa, eng oldin gunohlarini taftish qilib ko‘rsin, tafakkur qilsin, nafsiga qarshi borib, ularni o‘zidan daf etsin va qalbi uchun xatarli, deb bilsin. Shundan keyin shariatda vorid bo‘lgan tahdid va qaytariqlarga qarasin. Allohning g‘azabiga duchor bo‘lishini ichida o‘ylasin. Agar u shukr holiga erishmoqchi bo‘lsa, Allohning yaxshiliklari, ne’matlari va ularni chiroyli tarzda yetkazib berilganiga qarasin. Bundan ayrimlarini «Shukr kitobi»da bayon qilgan edik.

Agar u muhabbat va shavq holini xohlasa, Allohning ulug‘ligi va go‘zalligi, qudrati va mutakabbirligi xususida chuqur o‘ylasin. Bu hol Allohning ajoyib hikmati va g‘aroyib san’atiga nazar solish bilan hosil bo‘ladi.

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 10:30:47

Agar u xavf holini xohlasa, eng oldin o‘zidagi zohiriy va botiniy gunohlariga qarasin. Undan so‘ng o‘lim va uning sakarot (talvasasi)ini o‘ylasin. O’limdan keyin Munkar va Nakirning savolga tutishi, qabr hayoti va azobi, undagi chayonlar va qurt-qumursqalarni ko‘z oldiga keltirsin. Undan keyin sur chalingan paytdagi nidoning qo‘rqinchini his etsin. Undan so‘ng xaloyiq bir joyga to‘plangan paytdagi mahshar dahshatlarini esga olsin. So‘ng hisob berish paytidagi qitmir (arzimas) yo zig‘ircha amal ham munoqasha (bahsli) bo‘lishiga qarasin. Undan keyin sirotning nihoyatda ingichka va qilichdek o‘tkir bo‘lishini fikrdan o‘tkazsin. Undan so‘ng oldinda chap tomonga burilsa, jahannam egalaridan bo‘lib qolish, aksincha, o‘ng tomonga burilsa, abadiy jannatga tushishdek ulug‘ va xatarli ish turganini o‘ylab ko‘rsin. Shularni xayolidan birma-bir o‘tkazgandan keyin qiyomat dahshatidan so‘ng jahannam holati, darajalari, gurzilari, qo‘rqinch, zanjir-g‘ullari, zahar-zaqqumlari, yiringlari va unda har turli azoblar bo‘lishini ko‘z oldiga keltirsin. Jahannam oldida zaboniy farishtalar saf tortib turadi. Bu farishtalar jahannamga tushganlarning terilari pishib-kuyib, og‘riq-azobni his qilmay qo‘yganda o‘rniga boshqasini almashtirib turishadi. Do‘zax tubidan chiqmoqchi bo‘lganlarni tag‘in u joyga qaytariladi. Osiy va gunohkorlar bu farishtalarni uzoqdan ko‘rgandanoq g‘azab-qichqiriqlari va boshqa shu kabi ovozlarini eshitadilar. Buning hammasi Qur’oni karimda vorid bo‘lgan. Agar banda rajo holini xohlasa, jannat va undagi mavjud ne’matlar, daraxtlar, anhorlar, hurlar, mangu yosh bolalar, abadiy ne’mat va mangu-barqaror mulkka qarasin.

Shuningdek, yomon illatlardan poklanish va mahbub holatlarni paydo etadigan fikr io‘li ham shunday. Bunday sifat va holatni o‘zida jamlagan Qur’onni tafakkur qilib o‘qishdan foydaliroq narsa yo‘q.

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 10:31:29

Darhaqiqat, Qur’on hamma maqomat va hollarni o‘zida jamlovchi bo‘lib, unda amal qiluvchilar uchun shifo bor. Shuningdek, Qur’onda xavf va rajo, sabr va shukr, muhabbat va shavq kabi hollarni keltirib chiqaradigan o‘ziga xos bir narsa bor. Shuningdek, unda boshqa yomon illatlar oqibati naqadar yomonligidan ogohlantiradigan bir narsa borki, banda Qur’on o‘qishi va oyatlarni takror-takror qaytarishi lozim. U bir umr undagi oyatlarni o‘qib, tafakkur qilishga muhtojdir. Agar yuz marta bo‘lsa-da! Bir oyatni anglab, tushunib o‘qish fikr yuritmay xatm qilishdan yaxshiroq. Agar bir kecha tong otguncha bo‘lsa ham bir oyat ustida o‘ylanib, to‘xtab tursin, chunki oyatning har bir kalimasi zamirida daqiq fikr bilangina anglash mumkin bo‘lgan bitmas-tuganmas sirli ma’nolar mavjud. Rasululloh alayhissalom hadislarini mutolaa qilish ham xuddi shunday. Ul zotni «javomi’ul kalim», deb atashgan. Bu ozgina so‘zda ko‘p ma’no berish mahoratidir. Ul zotning har bir so‘zlari hikmat dengizidir. Agar olim kishi chuqur mulohaza yuritib qarasa ham, undan bir umr nazarini uzolmaydi. Mavzudan chalg‘ib, oyat va hadislar sharhiga o‘tadigan bo‘lsak, bu ancha cho‘zilib ketadi va maqsad bu emas.

Nabiy alayhissalomning so‘zlariga qarang:
«Ruh ul-quds (Jabroil alayhissalom) menga shunday dedi»:
«Kimni yaxshi ko‘rsang ham, undan ajralasan. Qancha yashasang ham, albatta bir kuni o‘lasan. Qancha amal qilsang ham, albatta ajrini olasan». Albatta bu so‘zlar avvalgilar va keyingilar hikmatini o‘zida jamlagan chuqur ma’nodagi so‘zlardir. Bizdan dalil so‘raganlarga shuning o‘zi ham kifoya qiladi. Negaki, bu so‘zlar ma’nosidan to‘lig‘icha voqif bo‘lganlar hech qachon undan ko‘ngil uzolmaydilar. Ana shu narsa ular bilan dunyoga berilganlar o‘rtasini ajratib qo‘yadi...

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 10:32:05

Mubtadiy (boshlovchi) bunday fikrlarga vaqtini to‘lig‘icha bag‘ishlashi lozim. Toki u bu bilan go‘zal axloq va ulug‘ maqomatlar orqali qalbini tuzatib, botiniy va zohiriy illatlardan poklamaguncha fikr egasi bunday fikr va tushunchalarga qattiq ahamiyat berishi lozim. Shunga qaramasdan, u bunday fikr yo‘lining boshqa ibodatlardan qanchalik afzal ekanini anglasin. Ammo bu fikr yo‘li unga oxirgi maqsad emas. Balki u bilan mashg‘ul bo‘lib qolish siddiqlar yo‘lidan to‘suvchidir.

Siddiqlar yo‘li bu o‘zini foniy, ya’ni unutadigan darajada Alloh taoloning ulug‘ligi, holi, go‘zalligi va sifatlari to‘g‘risida fikr qilishdan huzurlanishdir. U butun diqqat-e’tiborini sevgilisini uchratgan paytda es-hushini yo‘qotgan oshiq kabi mahbubiga qaratadi. Albatta u o‘zining ahvoli va sifatlariga qarashga vaqt topmaydi. Balki u butunlay o‘zini unutib, hayratdan lol qotadi. Buni oshiqlar lazzatining eng oxirgi darajasi deyilgan.

Ammo biz aytib o‘tgan fikr yo‘liga kelsak, u qurb va visolni isloh qilish uchun botinni tuzatish to‘g‘risida fikr yuritishdan iborat. Agar banda butun umrini nafsini isloh qilishga bag‘ishlasa, u holda qachon u qurb holatiga erishadi? Shuning uchun sahroda aylanib yurgan Xavvos degan zotga bir kuni Husayn ibn Mansur duch kelib: «Nima qilib yuribsan?», dedi. Xavvos: «Sahroda aylanib tavakkulda holimni isloh qilaman», deydi. Mansur: «Botiningni tuzatishga umringni sarf etsang, tavhidda foniy bo‘lish-chi?», dedi. Vohidul haqda foniy bo‘lish toliblarning birdan-bir maqsadi va siddiqlar ne’matining oxiridir.

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 10:32:38

Ammo muhlikot sifatlardan poklanishga kelsak, bu hol xuddi nikohdagi ayolning iddadan chiqishiga o‘xshaydi. Ammo munjiyot sifatlar va boshqa solih amallar bilan sifatlanish u ayolning eriga yaxshi ko‘rinish uchun yasan-tusan qilishi, yuzini tozalashi va sochini tarashiga o‘xshaydi. U ayol butun umr bachadonini poklash va yuzini chiroyli qilish bilan mashg‘ul bo‘lsa-da, bu narsa uni mahbubiga uchrashdan to‘sib turadi.

Sen ahli majolis bo‘lsang, din yo‘lini shunday tushunishing lozim. Agar sen faqat kaltakdan qo‘rqqan yoki tama’ ilinjida amal qiladigan yaramas qul kabi bo‘lsang, zohiriy amallar bilan badanni qiynashdan o‘zingni va badaningni ehtiyot qil. Batahqiq sen bilan qalbing o‘rtasida qalin parda mavjud. Agar sen haqiqiy amal qila olsang, jannat ahlidan bo‘lasan.

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 10:32:48

Agar Rabbi bilan banda o‘rtasida mavjud muomala ilmidagi fikr yo‘lini bilmoqchi bo‘lsang, ertayu kech buni o‘zingga odat va ko‘nikma qilib olishing shart. Seni Alloh taolodan uzoqlashtiradigan nafsing va unga muqarrab qiladigan holingdan g‘ofil qolmagin. Balki har qaysi murid o‘ziga bir ro‘yxat tuzib, barcha muhlik va munjiyot sifatlar, shuningdek, ma’siyat va toatlar turini shu ro‘yxatga kiritishi va har kuni unga qarab nafsini nazorat qilishi shart. Muhlik amallardan o‘ntasiga qarashlik muridga kifoya qiladi. Murid baxillik, kibr-havo, manmanlik, riyo, qattiq g‘azablanish, ochko‘zlik, shahvatparastlik, mol va obro‘-e’tiborni yaxshi ko‘rish singari o‘nta muhlik amallardan qutula olsa, boshqalaridan qutulish, oson kechadi. Shunda u gunohlardan pushaymon bo‘lish, baloga sabr, taqdirga rizolik, berilgan ne’matlarga shukr, xavf va rajoda barobar turish, dunyoga qiziqmaslik, amallarda xolislik, husni xulq, Alloh taoloni sevish va xushu’ singari munjiyot amallarni o‘zida shakllantira oladi. Yigirma xislatdan o‘ntasini «mazmum», o‘ntasini «mahmud», deb atalsa to‘g‘ri bo‘ladi. Qachonki murid mazmum amallarning birisidan xalos bo‘lsa, ro‘yxatini olib darhol ustiga chizadi. Bunday yomon amaldan qalbini poklagani uchun Alloh taologa shukr aytadi. Albatta u bunga faqat Alloh taoloning tavfiqi va yordami tufayli erishganini esdan chiqarmaydi. Bu amalni nafsiga havola qilganida, o‘zidan arzimas razolatni ham ketkiza olmasligini fikr qilsin. Shundan so‘ng u ro‘yxatdagi boshqa to‘qqiztasiga yuzlanadi. Murid ro‘yxatidagi yomon amallardan birma-bir qutulgunicha shunday davom etaveradi. U munjiyot amallarni o‘zida shakllantirish tadbirini ham qiladi. Agar fe’l-atvorida tavba va afsus-nadomat paydo bo‘lsa, darhol o‘sha illat ustiga chiziq tortib, boshqasi bilan mashg‘ul bo‘ladi. Bunday qilishga yeng shimargan har qaysi murid muhtojdir.

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 10:33:18

Ammo o‘zlarini solih kishilar qatorida deb bilganlardan ko‘plari shubhali narsani yeyish, tilni g‘iybat va ig‘vodan tiymaslik, xudbinlik va boshqa illatlarni ro‘yxatdagi zohiriy gunohlar safiga kiritishi darkor. Darhaqiqat, o‘zini solih kishilar jumlasidan deb da’vo qiladigan aksar kishilar a’zolarini bunday gunohlardan tiya olmaydi. Qachonki bu gunohlardan tiyila olmas ekan, qalbini isloh qilib, poklay olmaydilar. Balki odamlarning har qaysisi ustidan ma’siyatlardan biri g‘olib chiqqanini ko‘ramiz. Shunday ekan, har bir banda bu xususda mulohaza yuritib, teran fikrlamog‘i lozim. Bunga misol shuki, taqvodor olimni ko‘p hollarda ilm, shuhratparastlik va dovruq qozonish ta’qib qiladi. Ayniqsa, dars berish yoki va’z aytishda bu narsa alohida ko‘zga tashlanadi. Kimki shu illatga mubtalo ekan, siddiq zotlardan tashqari birontasi najot topmagan katta fitnaga yo‘liqadi. Agar bu toifa olimning so‘zi odamlar qalbiga ta’sir qilib, ma’qul bo‘lsa, o‘zini manmanlik, mag‘rurlik, chiroyli ko‘rsatish va jimjimadorlikdan tiya olmaydi. Mana shu muhlikot amallar jumlasidandir. Bora-bora bu toifa olim so‘zini qaytargan kishiga nisbatan qahr-g‘azab va kek saqlash yo‘lini tutadi.

Ba’zan shayton u olimni shunday deb aldaydi: «Sening bu qahr-g‘azabing haqni rad qilib, inkor etganidan yuz berdi». Agar boshqa bir olim bilan raqibi o‘rtasida ixtilof ko‘rsa, bundan ichida mag‘rurlanib, shaytonga kulgu bo‘ladi. So‘ng bu olimda boshqalarga so‘zi ma’qul bo‘lishdan mamnunlik, maqtovdan xursand bo‘lish, e’tiroz va raddiyani xushlamaslik mavjud bo‘lsa, u so‘ziga zeb berish, takalluf va soxtalikdan qutulolmaydi. Shu bois Alloh takalluf qiluvchilarni xush ko‘rmaydi. Ba’zan shayton uni aldab shunday deydi: «Chiroyli lafz va takallufga qiziqishing haqni yoyish va Alloh dinini oliy qilish uchun xizmat qiladi». Uning o‘zidagi bu xususiyatdan mamnunlik o‘ziga tengdosh olimdan birini odamlar maqtaganidan ko‘proq bo‘lsa, aldangani shudir. U izzat-obro‘ talabida shunday yo‘l tutadi va buni dinga xizmat deb o‘ylaydi. Bu illat tufayli ichi siqilsa, bu hol uning zohirida aks etadi.

Qayd etilgan