Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Tafakkur kitobi)  ( 54131 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 B


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 10:42:34

Alloh taolo aytganidek, Qur’oni karim bu oyat-alomatlar to‘g‘risida tafakkur qilishga undab vorid bo‘lgan:
Osmonlar va Yerning yaratilishida, tun va kunning o‘rin almashib turishida aql egalari uchun alomatlar bordir. (Oli imron surasi, 190-oyat).

Uning alomatlaridan (biri) — U sizlarni (Odamni) tuproqdan yaratgani, so‘ngra sizlar basharga aylanib, (er yuzi bo‘ylab) tarqalishlaringizdir. (Rum surasi, 20-oyat)

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 10:43:59

Ayrim oyat-alomatlar xususida tafakkur qilish holatlarini bayon etamiz.

Oyat-alomatlardan biri shuki, inson bir tomchi nutfadan yaratilgan (senga eng yaqin narsa o‘zingsan). Senda Alloh taoloning qudratiga dalolat qiladigan ajoyibotlar bor. Buning o‘ndan biridan ham voqif bo‘lishga umr yetmaydi. Sen esa bundan g‘ofilsan. Ey o‘zidan g‘ofil va johil bo‘lgay banda! Qanday qilib sen o‘zingdan boshqani bilishni da’vo qilasan? Alloh taolo senga ulug‘ kitobida o‘zing to‘g‘rida tadabbur qilishni buyurib dedi:
o‘zlaringizda ham. Axir,  (ularni) ko‘rmaysizmi?! (Zoriyot surasi, 21-oyat)

Qaraginki, U zot senga oldin bir tomchi arzimas suv (nutfa)dan yaratilganingni eslatdi va dedi:
Halok bo‘lgur inson, bunchalar kofir bo‘lmasa! (Alloh) uni qaysi narsadan yaratdi o‘zi?! (Bir haqir) nutfadan yaratib, keyin uni (tug‘ilish vaqtini) belgilab qo‘ydi. So‘ngra unga (tug‘ilishida) yo‘lni oson qildi. So‘ngra unga o‘lim yuborib, qabrga kiritur. So‘ngra O’zi xohlagan paytda, uni qayta tiriltirur. (Abasa surasi, 17-22 — oyatlar)

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 10:46:03

Alloh taolo dedi:
Uning alomatlaridan (biri) — U sizlarni (Odamni) tuproqdan yaratgani, so‘ngra sizlar basharga aylanib, (er yuzi bo‘ylab) tarqalishlaringizdir. (Rum surasi, 20-oyat)

Alloh taolo dedi:
Axir, u (bachadonga) to‘kiladigan maniydan iborat bir (haqir) nutfa emasmidi?! So‘ngra laxta qon bo‘ldi. Bas, (Alloh uni) yaratib, tikladi. (Qiyomat surasi, 37-38 -oyatlar)

Alloh taolo dedi:
Axir, Biz sizlarni bir haqir suvdan (maniydan) yaratmadikmi?! So‘ngra u (suvni— nutfa)ni puxta qaror (topadigan joy)ga qo‘ymadikmi?! (Ya’ni ona qornida) ma’lum muddatgacha. (Mursalot surasi, 20-22 oyatlar)

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 10:48:34

Alloh taolo dedi:
Inson (kofir), Biz uni nutfadan (bir tomchi shahvat suvidan) yaratganimizni, endi esa u birdaniga (O’zimizga) oshkora xusumat qiluvchi bo‘lib qolganini ko‘rmadimi?! (Yosin surasi, 77-oyat)

Alloh taolo dedi:
Darhaqiqat, Biz insonni imtihon qilib, (otalik va onalik suvlaridan) aralash bir nutfadan yaratdik. Bas, uni eshituvchi va ko‘ruvchi qilib qo‘ydik. (Inson surasi, 2-oyat)

Shundan keyin senga qanday qilib nutfani laxta qon, laxta qonni muzg‘a, muzg‘ani suyaklarga aylantirib qo‘yganini bildirdi.
Qasamki, Biz insonni (Odamni) loyning sarasidan yaratdik. So‘ngra uni (inson naslini, avvalo) mustahkam qarorgoh (bachadon)dagi maniy qildik. So‘ngra (bu) maniyni laxta qon qilib yaratdik, bas, laxta qonni parcha go‘sht qilib yaratdik, bas, parcha go‘shtni suyaklar qilib yaratib, (bu) suyaklarga go‘sht qopladik, so‘ngra (unga jon kiritib, oldingi holidan butunlay) boshqacha bir vujudni paydo qildik. Yaratuvchilarning eng go‘zali — Alloh barakotlidir! (Mu’minun surasi, 12-14 oyatlar)

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 10:49:07

Ulug‘ kitobda nutfa zikrini takror qilish nutfa lafzini eshitish uchun emas, balki uning mohiyati xususida tafakkur qilinmay qo‘yilgani uchun keltirilgan. Endi nutfaga razm sol (u bir tomchi iflos suv bo‘lib, bir soat o‘z holiga qo‘yib qo‘yilsa, sassiq hididan xonaning havosi ayniydi va atrofga badbo‘y tarqaydi). Qanday qilib Robbullarbob shu nutfani «sulb»(ota pushtikamari) va «taroib»(ona ko‘kragi)dan chiqardi? Qanday qilib erkak bilan ayol qalbiga muhabbat va moyillikni soldi? Qanday qilib ikkisini muhabbat va shahvat rishtalari bilan o‘rab, jimo’ qilishga yo‘l ko‘rsatdi? Qanday qilib jinsiy aloqa vaqtida erkakdan nutfani chiqardi? Qanday qilib hayz qonini tomirlar ichkarisidan sizdirib, bachadonda to‘pladi?

Shunisi ajoyibki, qanday qilib nutfadan bir parcha et (go‘dak)ni yaratdi va uni hayz qoni bilan sug‘ordi-da, toki ana shu bir parcha et o‘sib-ulg‘ayib, katta bo‘lguniga qadar ozuqasini yetkazib turdi? Qanday qilib oqimtil tusdagi nutfani qizil laxta qonga aylantirib qo‘ydi? So‘ng qanday qilib bundan muzg‘ani paydo qildi? So‘ng qanday qilib haqir va arzimas nutfani bir-biridan ajramaydigan juz’ (bo‘lak)larga taqsimladi va shu nutfadan suyak, asab, tomir, pay va go‘shtga o‘xshaydigan ajoyib xilqatlarni chiqardi. So‘ng shu nutfa ichida zohiriy a’zolar — go‘sht, pay va tomirlarni paydo qildi? Keyin boshni dumaloq shaklga keltirib, kerakli o‘rinda quloq, ko‘z, burun, og‘iz va boshqa teshiklarni yordi. So‘ng qo‘l va oyoqni muayyan miqdorda cho‘zib, har biri uchun barmoqlarni ato etdi. Buni qarangki, qalb, oshqozon, jigar, taloq, o‘pka, bachadon, siydik qopi va ichaklardan iborat ichki a’zolarni bir-biriga tutashtirib, hammasini bir joyga yig‘di. Har qaysisi o‘ziga xos amalni bajarishi uchun maxsus shakl va maxsus miqdorga ega. Bu a’zolar ichida yana boshqa a’zolar ham joylashganini o‘ylab ko‘r. Birgina ko‘zning yetti parda (qavat)dan iborat qilib yaratilgani kifoya etsa kerak. Har bir qat parda maxsus sifat va maxsus shakl olgan bo‘lib, agar bir qati yo‘qolgudek bo‘lsa yoki faoliyat buzilsa, ko‘z ko‘rish qobiliyatidan ajraydi. Agar bu a’zolardan har biridagi ajoyibot va alomatlar ta’rifini batafsil keltiramiz desak, bir inson umri ham kamlik qiladi.

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 10:49:32

Endi suyakka fikringni bur. Vaholanki, u kuchli va mustahkam jism bo‘lib, shu suyak juda nozik va past navli nutfadan qanday vujudga keltirilgani har qanday aql egasini lol qoldiradi. So‘ng shu suyak badanni ustundek tutib turishiga ahamiyat ber. Ana shu suyaklarning har qaysiga har xil o‘lchov va shakllar ato etilgan. Razm solib qaraginki, shu suyaklar ichida katta, kichik, uzun, dumaloq, g‘ovak, zich va tig‘iz, keng va nozik shaklni olganlari bor. Qachonki inson butun badani yoki bir a’zosini harakat qildirmoqchi bo‘lsa, tanasidagi suyaklar turli xil ekanidan noqulaylik sezmaydi. Ko‘pchilik suyaklarni bo‘g‘inlar bilan ajratib, harakatga qulaylik yaratdi.

Har qaysi suyak shakli har xil harakatga moslashganidan hayron qolmaslik iloji yo‘q. So‘ng bo‘g‘inlarni bir-biriga tutashtirib, bir-biriga payvandlab qo‘ydi. Suyakning ikki tarafini paylar yordamida bog‘lab, xuddi ip singari birini boshqa suyak ustiga ulab qo‘ydi. Suyakning bir tarafida bo‘rtiq joy bo‘lib, unga tutashgan boshqa bir suyakda unga mos tushadigan chuqurchani yaratdi. Agar banda badanidan bir qismini qimirlatishni istasa, unga hech narsa mone’lik qilmaydi. Agar mana shunday bo‘g‘inlar yaratilmaganda, bilmadik, har bir kishiga ozgina harakat ham juda og‘ir va malol bo‘larmidi?

Endi buni qo‘ygin-da, bosh suyagi qanday yaratilgani, qanday yig‘ilgani va qanday tarkib qilinganiga qaragin. Darhaqiqat, buni har xil shakl va tusdagi ellik beshta suyakdan terib chiqilganiga nima deya olasan. Ko‘rganingdek, bosh chanog‘ining suyaklari shu darajada silliq va jipslashganki, qanday bu holga kelgani tasavvurga sig‘maydi. Bu suyaklardan oltitasi bosh kosasi, to‘rttasi yuqori jag‘ va ikkitasi pastki jag‘ uchun xoslab qo‘yilgan. Og‘izda taomni maydalash uchun enliroq va kesishga yaroqli o‘tkir tishlar mavjud. Ularni qoziq, oziq va kurak tishlar degan maxsus nomlar bilan aytamiz. So‘ng bo‘yin bosh bilan biriktirilib, unda g‘ovak va dumaloq shakldagi yettita kekirdak suyak joylashgan. Bir-biriga mos tushishi uchun har xil shakl berilgan. Buning hikmatini birma-bir aytaversak, asosiy mavzudan chalg‘ib ketamiz.

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 10:50:02

O’ylab ko‘r, bo‘yinni orqa umurtqa suyak bilan qo‘shib, bo‘yin ostidan dumba suyakning oxirigacha yigirma to‘rtta umurtqa pog‘onasini yaratdi va dumba suyagini xilma-xil uch qismdan iborat qilib qo‘ydi. Shu tufayli uning tagidan dumg‘aza suyagi tutashadi va u ham uch qismdan tashkil topgan.

Yaxshiroq razm solginki, orqa suyakni ko‘krak suyagi, yelka suyagi, ikki qo‘l suyagi, qov (supachasi) suyagi, ikki boldir suyagi, ikki son suyagi va ikki oyoq barmoqlari suyagi bilan ajoyib tarzda tutashtirilganki, buni birma-bir aytavergan bilan oxiriga yetib bo‘lmaydi.

Inson tanasidagi suyaklar soni bo‘g‘inlar orasini yopib turadigan kichik suyaklarni hisobga olmaganda bir yuz qirq sakkiz suyakdan iborat ekan. Buning hammasini bir haqir nutfadan qanday yaratganini bir o‘ylab ko‘rgin!

Suyaklar sonini keltirishdan maqsad ularning qanchaligini bilib olish emas. Buni tabiblar va jarrohlardan yaxshiroq bilamiz deya da’vo ham qilmaymiz. Lekin maqsad shu suyaklarni yaratgan Mudabbir va Xoliq zotni va uning ne ishga qodir ekanini bilishdir. Albatta U zot qanday qilib bu suyaklarni shu holga keltirgani va har biriga o‘ziga xos shakl va o‘lchov berib, maxsus adad bilan xoslab qo‘yganini chuqurroq mushohada qilib ko‘r. Mabodo suyaklar soniga bir dona qo‘shilsa, insonga qanchalik zarar bo‘lishi va ortiqcha suyakni bitgan joydan sug‘urib tashlamaslik qanchalik noqulay ekanini boshiga tushgan kishi yaxshiroq anglaydi. Aksincha, suyaklardan bittasiga talofat yetadigan bo‘lsa ham, albatta buni tuzatish va oldingi holiga keltirish uchun inson butun mol-dunyosini ham berishga rozi bo‘ladi. Tabib suyakka shikast yetganda, faqat uni oldingi o‘rniga tushirish yoki og‘riqni biroz kamaytirish uchun yaraydi, xolos. Ulamolar Xoliq zotning ulug‘ligi va musavvirligiga hujjat-dalil keltirish uchun suyaklar holini tekshiradilar.

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 10:50:45

Endi Alloh taolo suyaklarni qimirlatishga yaraydigan maxsus vositalarni qanday yaratganiga qaragin. Bu vositalar mushaklar bo‘lib, inson badanida besh yuz yigirma to‘qqizta mushak mavjud ekan. Mushak asosan go‘sht, asab, pay va parda kabi xilqatdan iborat. Mushaklar ham joylashgan o‘rni va hojatga qarab har xil shakl va miqdor kasb etadi. Masalan, yigirma to‘rtta mushak asosan ko‘z qorachig‘i va qovoqlarni qimirlatish uchun xizmat qiladi. Agar shundan bittasi kamaysa yoki zarar ko‘rsa, ko‘zning ko‘rish qobiliyatiga futur yetadi. Shunday qilib, har bir a’zo uchun maxsus mushaklar mavjud. Asablar, tomirlar, ko‘k tomir, qizil qon tomiri va boshqa tomirlarning adadi, kelib chiqishi va tana bo‘ylab yoyilishini yaxshilab fikr qilsang, bundan ham ajoyibroqdir. Buni batafsil sharhlaydigan bo‘lsak, so‘zimiz cho‘zilaveradi. Qisqasi, biz aytayotgan xilqatning har qaysisi tafakkur qilish uchun alohida bir mavzu. Buning har biri tanadagi ajoyibotlar qanchalik mukammal ekanini bildiradi.

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 10:51:22

Endi sen insonning tashqi va ichki badani hamda uning sifatlariga bir nazar sol. Shunda hayrating sira tugamaydigan ajoyib bir san’atni ko‘rasan. Buning hammasi bir qatra nopok suvga shuncha mo‘‘jizani joylagan Allohning san’ati naqadar ajoyib ekaniga guvohlik bermaydimi? Sen Allohning bir qatra suvga shunchalik ishlov berganini ko‘rib turibsan. Ammo osmon mulklari va undagi yulduzlarning holatlari, shakllari, miqdorlari, adadlari, cheksiz fazo bo‘ylab bir qismi to‘planib, bir qismining tarqalishi, har xil shakl olishi, chiqish va botish o‘rnining farqli bo‘lishida ne-ne hikmatlar mavjud.  Osmon mulkidan o‘rin olgan har bir zarrani shunchaki yaratilgan yoki hikmatdan xoli, deb o‘ylamagin. Balki u zarra yaratilish jihatdan hikmatliroq, san’at jihatdan puxtaroq va inson badani ajoyibotlarini jamlovchiroqdir. Balki yerdagi hamma narsani osmon ajoyibotlariga taqqoslab bo‘lmas. Shuning uchun Alloh taolo degan:
(Ey, mushriklar!) Sizlarni yaratish qiyinroqmi yoki osmonlarnimi?! (Bilasizki) Alloh uni bino qildi, qaddini baland qilib, bitirdi. Yana u (osmon)ning tunini qorong‘u qilib,  (undan) kunduzini chiqardi. (Noziyot surasi, 27-29 oyatlar)

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 10:51:51

Endi nutfaga qaytgin-da, avvalo uning holati va qaytadan boshqa bir narsaga aylanganini taammul qilib ko‘r. Qanchalik bosh qotirsang ham, agar jin va inslar to‘planib, shu nutfaga quloq yoki ko‘z, aql yoki iroda, ilm yoki ruh ato etmoqchi bo‘lishib, unda suyak, tomir, asab, teri yoki tuklarni yaratishga qaror qilsalar, bunga qodir bo‘la oladilarmi? Mayli, buning iloji yo‘q-ku, agar Alloh taolo yaratgandan keyin uning mohiyati va qanday qilib bu shaklni olganini bilmoqchi bo‘lishsa, albatta shunga ham ojizlik qilar ekanlar. Sen qaysi bir naqqosh juda nozik did va farosat bilan devorga chizgan inson suratiga qarab, hatto buni inson suratiga o‘xshatganidan qanchalik ajablanasan. Naqqosh chizgan suratni tomosha qilgan kishi dabdurustdan xuddi insonga o‘xshatibdi-ya, deb hayratdan o‘zini tiya olmaydi. Sen oddiy bir naqqoshning san’ati, mahorati, ustaligi va ziyrakligidan naqadar hayratdasan! Qalbingda shu naqqoshga nisbatan o‘zgacha bir hurmat-ehtirom tuyasan. Shu bilan birga, sen bu surat bo‘yoq, mo‘yqalam, qo‘l, iqtidor, ilm va iroda vositasida shu holga kelganini ham yaxshi bilasan. Bundan tashqari, bu narsa faqat naqqoshning ishi emasligi, balki undan boshqa bir zotning ishi ekanini ham bilasan. Balki naqqoshning ishi bor-yo‘g‘i mahoratini ishga solib, devorni bo‘yashday iborat ekanini ham bilasan. Baski, shunda ham undan taajjubing va hurmat-ehtiroming aslo kamaymas.

Sen ilgari hech qachon mavjud bo‘lmagan nopok nutfani ota pushtikamari bilan ona ko‘kragiga qanday joylab qo‘yilganiga qaragin. So‘ng u joydan bu nutfani chiqarib, muayyan shakl berib, shu shaklni chiroyli holga keltirdi. Shundan keyin muayyan tasvir va o‘lchov hosil qilib, bir tomchi suvga tiriklik ato etdi. So‘ng shu nutfadan har xil a’zolarni yaratdi.

Shu nutfaning chetlariga suyakni o‘rnatib, undagi har bir a’zoga go‘zal shakl berdi, har bir a’zoning ichi va tashqarisini aql bovar qilmaydigan tarzda ziynatladi. Tomir va asablarga alohida tartib berdi. Shuningdek, bir tomchi nutfa ichida uning yashab qolishi uchun lozim bo‘lgan ozuqa yo‘lini ochdi. Ko‘rginki, bora-bora bir tomchi nutfa eshitadi, ko‘radi. biladi va gapira oladi.

Qayd etilgan