Endi nutfaga qaytgin-da, avvalo uning holati va qaytadan boshqa bir narsaga aylanganini taammul qilib ko‘r. Qanchalik bosh qotirsang ham, agar jin va inslar to‘planib, shu nutfaga quloq yoki ko‘z, aql yoki iroda, ilm yoki ruh ato etmoqchi bo‘lishib, unda suyak, tomir, asab, teri yoki tuklarni yaratishga qaror qilsalar, bunga qodir bo‘la oladilarmi? Mayli, buning iloji yo‘q-ku, agar Alloh taolo yaratgandan keyin uning mohiyati va qanday qilib bu shaklni olganini bilmoqchi bo‘lishsa, albatta shunga ham ojizlik qilar ekanlar. Sen qaysi bir naqqosh juda nozik did va farosat bilan devorga chizgan inson suratiga qarab, hatto buni inson suratiga o‘xshatganidan qanchalik ajablanasan. Naqqosh chizgan suratni tomosha qilgan kishi dabdurustdan xuddi insonga o‘xshatibdi-ya, deb hayratdan o‘zini tiya olmaydi. Sen oddiy bir naqqoshning san’ati, mahorati, ustaligi va ziyrakligidan naqadar hayratdasan! Qalbingda shu naqqoshga nisbatan o‘zgacha bir hurmat-ehtirom tuyasan. Shu bilan birga, sen bu surat bo‘yoq, mo‘yqalam, qo‘l, iqtidor, ilm va iroda vositasida shu holga kelganini ham yaxshi bilasan. Bundan tashqari, bu narsa faqat naqqoshning ishi emasligi, balki undan boshqa bir zotning ishi ekanini ham bilasan. Balki naqqoshning ishi bor-yo‘g‘i mahoratini ishga solib, devorni bo‘yashday iborat ekanini ham bilasan. Baski, shunda ham undan taajjubing va hurmat-ehtiroming aslo kamaymas.
Sen ilgari hech qachon mavjud bo‘lmagan nopok nutfani ota pushtikamari bilan ona ko‘kragiga qanday joylab qo‘yilganiga qaragin. So‘ng u joydan bu nutfani chiqarib, muayyan shakl berib, shu shaklni chiroyli holga keltirdi. Shundan keyin muayyan tasvir va o‘lchov hosil qilib, bir tomchi suvga tiriklik ato etdi. So‘ng shu nutfadan har xil a’zolarni yaratdi.
Shu nutfaning chetlariga suyakni o‘rnatib, undagi har bir a’zoga go‘zal shakl berdi, har bir a’zoning ichi va tashqarisini aql bovar qilmaydigan tarzda ziynatladi. Tomir va asablarga alohida tartib berdi. Shuningdek, bir tomchi nutfa ichida uning yashab qolishi uchun lozim bo‘lgan ozuqa yo‘lini ochdi. Ko‘rginki, bora-bora bir tomchi nutfa eshitadi, ko‘radi. biladi va gapira oladi.