Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Tafakkur kitobi)  ( 54133 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 B


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 10:52:09

Badanga orqa (ucha)ni asos qilib qo‘ydi, boshni his-tuyg‘ularni o‘zida jamlovchi qilib yaratdi. Ikki ko‘zni ochib, ko‘z pardasiga tartib berdi va chiroyli shakl, rang va hayot ato etdi. So‘ng ko‘zni to‘sib turadigan qaboqlar bilan himoyaladi. Qaboqlar ko‘zni qoplab, sayqallaydi va tashqaridan kiradigan gard-g‘uborlardan to‘sadi. So‘ng ko‘z gavhariga taqqoslab ko‘rganda, yihoyatda keng va bepoyon osmonni shu ko‘zga sig‘adigan va ko‘ra oladigan qildi. Shuning o‘zi ham nihoyatda g‘aroyib. So‘ng boshning ikki chakkasida quloqni ochib, uning ichiga tovushlarni tutib qoladigan va mayda hasharotlarni qaytaradigan suyuqlikni joyladi va har xil tovushni tutish uchun quloq suprasi bilan o‘rab qo‘ydi. Ana shu supra tovushni havodan ilib olib, ichkariga uzatadi va o‘rmalab kirayotgan mayda hasharotlarni payqaydi. Quloq ichini mitti jonzotlarning ichkariga yetib borishini qiyinlashtirish uchun egri-bugri shaklda yaratdi. Uyqu paytida mayda hasharot quloqqa kirmoqchi bo‘lsa, har qanday kishi uyqusidan uig‘onadi. So‘ng burunni yuz o‘rtasida tikladi va unga chiroyli shakl berdi. Burun teshiklarini ochib, shu teshik orqali turli taom va ozuqa hidini sezadigan xususiyat berdi. Inson uchun burun teshigi eng zarur narsa bo‘lib, undan havo uzluksiz kirib turadi.

Og‘izni ochib, unga ichki his-kechinmalarni o‘girib, qalb holini ta’riflab beradigan tilni joyladi. Og‘izni nonushta vaqtida maydalash, sindirish va kesish oson bo‘lishi uchun tishlar bilan ziynatladi. Keyin shu tishlarning ildizini mustahkamlab, uchlarini o‘tkir qilib, oppoq tus berdi. Og‘izda joylashgan tish qatorlari terilgan durga o‘xshaydi va har biri bir-biriga mutanosib. So‘ng ikki labni yaratdi va yuzga mos bo‘lishi uchun unga chiroyli rang va shakl berdi. Darhaqiqat, lab og‘iz yo‘lini to‘sib turadi va u tufayli harflar talaffuzi to‘g‘ri bo‘ladi. Tomoqni har xil tovush hosil bo‘lishi uchun jihozladi. Tilga har xil maxrajlardan chiqadigan tovushni so‘zga mos keltirish xususiyatini berdi. Nutq yo‘li keng bo‘lganidan har bir harfning talaffuz holati o‘zgarib turadi. Shundan keyin bo‘g‘izni tor, keng, qo‘pol, silliq, yumshoqlik, uzun va qisqalikda har xil shakllarda yaratdi. Hatto shu bo‘g‘iz sababli tovushlar har xil bo‘lib, talaffuz paytida ikki tovush bir-biriga aslo o‘xshamaydi. Qorong‘uda odamlarni bir-biridan faqat ovozidan ajratib olinadi. So‘ng boshni soch va chakkalar bilan bezadi. Yuzni esa soqol va ikkita qosh bilan ziynatladi. Qoshni mayin tuklar bilan bezab, yoy shaklini berdi. Ko‘zlar atrofiga kipriklarni terib chiqdi.

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 10:52:28

Ichki a’zolarni qay tariqa yaratib, har birini maxsus ishga bo‘ysundirganini inson bir umr bilmay o‘tishi mumkin. Oshqozonni yetib borgan ozuqani pishirish, jigarni pishgan ozuqani qonga yetkazib berish, taloq, o‘t pufagi va boshqalarni jigarga beminnat xizmat qilishlari uchun bo‘ysundirdi. Taloq savdoni o‘ziga tortish vazifasini bajarsa, o‘t pufagi safroni so‘rish bilan mashg‘ul. Buyrak suvni tortish uchun xizmat qiladi. Siydik qopi buyrakdan suvni qabul qilib, uni siydik yo‘liga haydaydi: tomirlar jigar xizmatida bo‘lib, butun badanga qonni yetkazib beradi.

So‘ng ikki qo‘lni yaratdi va zarur vaqtda cho‘zish uchun uzaytirib qo‘ydi. Kaftni yoyib qo‘ydi. Beshta barmoqni taqsimlab, har bir barmoqni uch bo‘g‘inga ajratdi. To‘rtta barmoqni bir tarafga, bosh barmoqni boshqa barmoqlar ustida bemalol aylanishi uchun bir tarafga joylashtirdi. Yaxshi bilginki, avvalgilaru oxirgilar fikrni bir joyga qo‘yib, barmoqlarning uzun-qisqaligi, tartiblanishi va kaftdagidan boshqa bir ko‘rinishni ixtiro qilmoqchi bo‘lsalar, bunga aslo qodir bo‘lisha olmaydi. Negaki, bu tartib tufayli qo‘l bir narsani olish, berish va tutishga yaraydi.

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 10:52:52

Agar kaft ochilsa, bir narsani ustiga qo‘yadigan tovoq bo‘ladi. Agar kafg tugilsa, urish uchun o‘ziga xos qurol bo‘ladi. Agar kaft boshqacha bukish bilan bukilsa, cho‘michga o‘xshaydi. Agar kaftni yoyib, barmoqlar biroz egilsa, xaskash vazifasini o‘taydi. So‘ng barmoq uchidagi tirnoqlarni ziynat va qattiq tayanch bo‘lishi, barmoq tutolmaydigan juda mayda narsalarni tutishi va zarurat paytda badanni qashlash uchun yaratdi. Bir qaraganda, barmoq uchidagi tirnoq ortiqcha narsaga o‘xshaydiki, u a’zolar ichida eng ahamiyatsiz bo‘lib, ko‘rinadi. Tirnoqning asosiy vazifasi shuki, zarur vaqtda boshqa biron a’zo badanni qashlashda uning maqomida tura olmaydi. So‘ng qo‘lga qashlanadigan joyga yo‘l ko‘rsatdi. Xoh uyqu, xoh g‘aflat vaqtida bo‘lsin, qo‘l beixtiyor u joyga yetib boradi. Mabodo bu a’zodan boshqa birini yordamga chaqirilsa, uzoq mashaqqatdan keyin u joydan xabar topardi.

Ko‘zingni kattaroq ochginki, buning hammasini bir tomchi nutfa ichiga sig‘dirdi. U nutfa esa uch zulmat (parda) bilan o‘ralgan bachadon ichkarisida joylashgan. Mabodo, bu qatlam va parda ochilib, ko‘z tashlash iloji bo‘lganda albatta nutfa ustidagi chizig‘i va tasvirini birma-bir ko‘rgan bo‘lardik. Afsuski, buni na musavvir va na uning asbobi ham ko‘ra olmaydi. Biron asbob-uskuna yoki vositadan foydalanmay ishlagan musavvirni ko‘rganmisan? Alloh subhonahuning sha’ni-amali naqadar ulug‘ va burhoni naqadar zohir!

Ul zotning qudrati beqiyos ekanini ko‘rding, endi uning rahmati ham shunchalik beqiyos ekaniga qaragin. Batahqiq, go‘dak ulg‘aygan sari bachadon torayib boradi. Qanday qilib go‘dakka u joydan chiqish va harakat qilish uchun yo‘l ko‘rsatdi? U mana shu tor va qorong‘u joyda oqil va ko‘zi ochiq kishidek o‘ziga yo‘l izlaydi va undan chiqishga intiladi. So‘ng u keng olamga chiqib olgach, ozuqaga ehtiyoj sezadi. Qanday qilib shu go‘dakka ko‘krakni izlab topishi uchun yo‘l ko‘rsatdi?

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 10:53:10

Hali u go‘dak badani quyuq ozuqaga o‘rganmagani bois lutf-marhamati tufayli yumshoq sutni yaratdi. Ko‘rginki, bu sut oshqozon bilan qon orasidan totli holda chiqadi. Ona ko‘kragini yaratib, unda sutni jamlaganiga qaragin? Ikki emchak uchi tugmachasi go‘dak og‘ziga so‘rg‘ichdek mos tushishi yanada ajablanarlidir. So‘ng ana shu emchak uchida juda tor bir teshikni qoldirdi. Sut undan o‘z-o‘zicha oqib chiqmaydi, balki go‘dak og‘zi bilan ketma-ket so‘rgandan keyingina oqib chiqadi. Go‘dak ozgina vaqt ochlikka toqat qilib turadi, xolos. Shu go‘dakka qanday yo‘l ko‘rsatildiki, ochlik kuchayganda o‘ziga kerakli sutni qidirib ona siynasiga talpinadi?

So‘ng Ul zotning nihoyatda mehribon, rahmli va latifligiga qaragin. Ne ajabki, ikki yil bo‘lguncha go‘dak tishlari chiqmay turadi. Chunki go‘dak ikki yil faqat sut bilan oziqlanadi va tishlarga zarurat sezmaydi. Qachonki u muayyan yoshga yetib borsa, yumshoq va yoqimli sut endi uning tanasiga muvofiq kelmaydi va qattiq ovqatga muhtojlik sezadi. Shunda go‘dakda chaynash va maydalash asbobiga ehtiyoj paydo bo‘ladi. Albatta U zot tishlarni oldin ham emas, keyin ham emas, faqat go‘dak muhtoj bo‘lgandagina o‘stirib chiqardi. Alloh subhonahu qanday qilib mana shu yumshoq jag‘lar orasidan qattiq suyak (tish)larni o‘stirib chiqardi ekan? So‘ng ota-ona qalbini go‘dak bir ishni bajarishdan ojiz bo‘lgan vaqtda yordam berishga moyil qilib qo‘ydi. Agar Alloh taolo ota-ona qalbiga o‘z rahmatini solmaganida go‘dak o‘zi uchun bir ishni qilishdan ojiz bo‘lib qolardi.

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 10:54:00

So‘ng go‘dak to balog‘at yoshiga yetib, kamol topgunigacha qanday qilib qudrat, tamiz, aql va hidoyatni bosqichma-bosqich berdi. So‘ng shu go‘dak yigit bo‘lib, o‘rta yoshga yetib, keksa qariyaga aylanadi. Bu vaqtda u yo itoatli va yo shukr qilguvchi mo‘min-musulmon, yo iymon keltirgan osiy yoki Alloh taolo so‘zini inkor qiladigan kofir bo‘lishi mumkin:
Aniqki, inson uzra qachondir tilga olgulik narsa bo‘lmagan vaqt (muddat) kechgan. Darhaqiqat, Biz insonni imtihon qilib, (otalik va onalik suvlaridan) aralash bir nutfadan yaratdik. Bas, uni eshituvchi va ko‘ruvchi qilib ko‘ydik. Darhaqiqat, Biz uni (insonni) xoh u shukr qiluvchi (musulmon) bo‘lsin va xoh noshukr (kofir) bo‘lsin, yo‘lga yo‘lladik. (Inson surasi, 1-3 oyatlar)

Sen Ul zotning lutfi karami qanchalik keng ekani, seni hayratlantirgan Janobi haq qudrati va hikmatiga qaragin.

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 10:54:23

Devordagi chiroyli chiziq yoki go‘zal naqshni ko‘rgan kishi shu suratni chizgan musavvirdan hayratlanib, butun e’tiborini shu naqsh va chiziqlar to‘g‘risida tafakkur qilishga qaratadi. Batahqiq, musavvir qanday qilib chizgan ekan-a, qanday qilib bunga qodir bo‘lgan ekan-a, deb hayron bo‘laveradi. Musavvirni ichida ulug‘lab, shunday deb aytadi: u qandayam mohir, uning san’ati qandayam mukammal va uning qobiliyati qandayam ajoyib! Biroq u o‘zida va o‘ziga o‘xshaganlarda bundan ham ajoyibroq «naqsh»larni ko‘rganda uning Yaratuvchisi va Musavviri borligini o‘ylamaydi. Shuningdek, Ul zotning azamat (ulug‘ligi)dan dahshatga tushmaydi va jaloliyat va hikmatidan lol qolmaydi. Badaningda aks etgan bu ajoyib lavhlarni to‘lig‘icha bayon etishning iloji yo‘q.

Bu senga fikr qilishing uchun eng yaqin mavzu, seni yaratgan Xoliq zotning ulug‘ligiga eng aniq alomat-belgilardir. Sen esa bundan butunlay bexabar holda har kuni qorning va farjing tashvishi bilan mashg‘ulsan. Sen o‘zingni faqat och qolganingda taniysan. Taom topib yeysan, qorningni to‘yg‘izib, uxlab qolasan, shahvating qo‘zg‘alib, jimo’ qilasan, goho g‘azab otiga minasan, goho janjal ko‘tarasan. Ko‘ngling tusagan ishni qilasan. Hamma hayvonlar ham bu narsani qilishda sen bilan sherik bo‘la olishadi-ku. Insonni hayvondan ajratib turgan birdan-bir xususiyat osmon va yerdagi mulklar, borliq va o‘zidagi ajoyibotlarga nazar solib, Allohni tanishdan iborat. Zero, bu xususiyat bilan banda muqarrab farishtalar zumrasiga kiradi, shuningdek, nabiylar va siddiqlar zumrasida Robbul olaminga muqarrab holda tiriladi. Bu manzil hayvonlar va na hayvoniy nafs bilan yashashga rozi bo‘lgan inson uchun emas. Bunday toifa hayvonlardan ham battardir. Negaki, u hayvonlarda insonga berilgandek qudrat va imkoniyat mavjud emas. Ammo Alloh insonga shunday ulug‘ imkoniyat va qudratni ato etdi. U esa buni unutib, o‘z holiga tashlab qo‘ydi va Allohning bergan ne’matiga kufr keltirdi. Ana o‘shanday kishilar hayvonlarga o‘xshagan bo‘lib, balki ana shular yo‘ldan adashganroqdir.

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 10:55:52

Agar sen o‘zing to‘g‘ridagi fikr yo‘lini tanimoqchi ekansan, o‘zing o‘tirgan yer xususida tafakkur qil. Undan so‘ng yerdagi anhorlar, tog‘lar va ma’danlar haqida fikr yurit. Undan keyin osmon mulklariga ko‘taril. Alloh yerni senga to‘shak va beshik qilib qo‘ygant eng ulug‘ oyat-belgilardan biri emasmi? Shuningdek, yer yuzidagi adir va tepaliklarni bemalol yurishing uchun senga tuyadek itoat qildirib qo‘ygan-ku. Yer harakat qilmaydigan qit’alardan iborat. Shu qit’alar ustida tog‘larni qoziq qilib o‘rnatdi. Odamlar bir umr aylanib yursalar ham uning chekkasiga yeta olmasliklari uchun yer yuzini yoyiq-keng qildi. Alloh taolo deydi:
Osmonni Biz «qo‘llar» bilan barpo etdik. Darhaqiqat, Biz qudratlidirmiz. Yerni esa (yoyib) to‘shab ko‘ydik. Bas, (Biz) naqadar yaxshi yoyuvchidirmiz! (Zoriyot surasi, 47-48 oyatlar)

U (Alloh) sizlarga Yerni xoksor (bo‘ysunuvchi) qilib qo‘ygan zotdir. Bas, u (Yer)ning har tomonida (sayohat, tijorat yoki dehqonchilik qilib) yuraveringiz va (Allohning bergan) rizqidan tanovul qilingiz! (Qiyomat kuni) tirilib chiqish Uning huzurigadir. (Mulk surasi, 15- oyat)

U sizlar uchun Yerni «poyandoz», osmonni «bino» qilib qo‘ydi va osmondan suv tushirib, u sababli sizlarga rizq sifatida mevalar (mevali daraxtlar)ni undirdi. Bas, bilib turib, Allohga (ibodatda) boshqalarni (soxta ma’budalarni) tenglashtirmangiz! (Baqara surasi, 22- oyat)

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 10:56:57

Qur’oni karimda yer yuzi va ajoyibotlari haqida tafakkur qilishga undaydigan oyatlar juda ko‘p. Alloh taolo yerni tiriklar uchun qarorgoh, uning qornini o‘liklar uchun marqad (qabr) ekanini bildirdi. Alloh taolo:
Axir, Biz Yerni (har qanday narsani o‘ziga) yig‘uvchi qilib qo‘ymadikmi tiriklarni ham, o‘liklarni ham?! (Mursalot surasi, 25-26 oyatlar)

Xayolingni jamlab, o‘lik holda bo‘lgan yerga nazar sol. Agar yer ustiga suv-yomg‘ir tushsa, darhol jonlanib, ko‘pchiydi, yashil tusga kiradi va o‘z bag‘ridan ajoyib o‘t-o‘lanlarni undirib, har xil jonzotlarni chiqaradi.

Yana sen yerning atrofi mustahkam, bahaybat va metin tog‘lar bilan qanday mahkamlanganiga nazar sol. Yer ostiga suvlar qanday joylashtirilgan? Shu tog‘lar bag‘ridan chashma va buloqlarni yorib chiqardi. Yer yuzida oqadigan anhorlarni yaratdi. Quruq tosh va loyqa tuproq orasidan musaffo, tiniq, chuchuk va zilol suvni oqizib qo‘ydi. Har bir tirik jonzotni ana shu suvga muhtoj qildi. Shu suv tufayli turli-tuman daraxtlar, bug‘doy, uzum, qamish, zaytun, xurmo, anor va boshqa juda ko‘p mevali o‘simliklarni undirib chiqardi. Bunday o‘simliklar har xil shakl, rang, ta’m, sifat, hidga ega bo‘lib, yeyishda bir-biridan afzal turadi. Lekin hammasi ham bir xil suvdan ichadi va bir xil yerdan ko‘karib chiqadi.

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 10:57:18

Agar sen o‘simliklarning har xil bo‘lishi urug‘i va ildiz-tomirlari turlicha bo‘lishiga bog‘liq deydigan bo‘lsang, qachon bir dona danaqda xurmo shingiliga o‘ralgan xurmo mevasini ko‘rgansan? Qachon bug‘doy donida yetti boshoqdan yuz boshoq bug‘doy joy olibdi? Bundan nazaringni olib, sahro yeriga qara. Uning yuzasini ham, tagini ham izlab ko‘rgin, bir-biriga o‘xshagan tuproqdan boshqa narsaga ko‘zing tushmaydi. Agar bo‘m-bo‘sh sahro ustiga suv-yomg‘ir yog‘adigan bo‘lsa, darhol jonlanib, ko‘pchiydi va har xil tusdagi bir-biriga o‘xshaydigan yoki o‘xshamaydigan o‘t-o‘lan va ko‘katlar unib chiqadi. Har qaysisi o‘ziga xos ta’m, hid va rangga ega. Shu bilan birga, ularning adadi ko‘pligi, turlari har xilligi va shakllari xilma-xilligiga qaragin. Bundan qaytib, nabobot olamining turlari xilma-xil va foydasi ko‘p ekaniga qara. Alloh taolo juda g‘aroyib dorivor o‘simliklarni qanday yaratdi? Bu o‘simliklardan biri ozuqa bo‘lsa, biri quvvat beradi, biri jonlantirsa, biri o‘ldiradi, biri sovutadi va biri qizitadi. Biri oshqozonga tushsa, tomirlar ichidan safroni haydaydi, biri balg‘am va savdoni ko‘chiradi. Biri har ikkoviga aylanadi. Biri qonni tozalaydi, biri qonni egallab oladi, biri xursand qiladi, biri uxlatadi, biri quvvatni oshiradi va biri zaiflashtiradi.

Yerdan unib chiqqan har bir giyoh yoki o‘t-o‘landagi manfaat va foydalardan hali-hanuz odamzot to‘lig‘icha xabardor bo‘lgan emas. Bu o‘simliklarning har qaysisi dehqon parvarishi va tarbiyasiga muhtoj. Masalan, xurmo changlantirilsa, tok novdasi butaladi, ekinzor har doim xas-xashak va o‘t-o‘landan tozalab turiladi.

Ba’zi turdagi o‘simlik yerga don sepish, ba’zisi qalamcha qadash, ba’zisi payvand qilish bilan undiriladi. Agar biz o‘simlik turlari, manfaatlari, holatlari va ajoyibligini batafsil bayon etmoqchi bo‘lsak, albatta ta’riflab berishga bir inson umri kamlik qiladi. Senga har bir tur xususida fikrlashga undaydigan ozgina lavha ham kifoya qiladi. Bu esa nabatotning naqadar ajoyib ekaniga dalildir.

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 10:57:43

Endi sen tog‘lar ostida joylashgan javohir, yerdan hosil bo‘lgan ma’danlar va yer ostida bir-biriga tutashgan qatlamlar mavjud ekaniga qaragin.

Tog‘lardan oltin, kumush, feruz, la’l va boshqa nafis va qimmatbaho javharlar qanday qilib paydo bo‘lganini o‘ylab ko‘r. Oltin, kumush, mis, qo‘rg‘oshin va temir kabi qazilmalar bolg‘a-bosqonlar yordamida qazib olinsa, feruz va la’l kabi ba’zi birlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri olinadi.


Qayd etilgan