Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Tafakkur kitobi)  ( 54064 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 B


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 10:58:15

Alloh taolo odamlarga ma’danlarni qazib chiqarib, qanday qilib undan idishlar, asbob-uskunalar, tangalar va bezakli taqinchoqlar yasashga yo‘l ko‘rsatdi. Buni qo‘yib, neft, oltingugurt va boshqa yer osti boyliklariga qaragin. Seningcha bulardan eng arzon va eng arzimagani tuz bo‘lsa kerak. Tuzdan faqat taomni mazali qilishda foydalanamiz. Agar bir shaharda tuz butunlay tutasa, o‘sha shahar aholisi tinchini yo‘qotadi, tuz topmaguncha xotirjam bo‘lmaydi. Allohning rahmatiga qaraginki, ba’zi tuproq javharini yomg‘irning toza suvi to‘planadigan joyda sho‘rxok qilib yaratdi. U biron misqolini tanovul qilib bo‘lmaydigan sho‘rxok tuzga aylanadi. Bundan faqat sen yeydigan taom mazali bo‘lishiga ahamiyat ber. Taoming mazali bo‘lsa, hayoting ham lazzatli va yoqimli bo‘ladi. Bu olamdagi jamodot (jonsiz jism), hayvon va o‘simlik turida o‘ziga xos bir hikmat va hikmatlar mavjud. Ulardan hech biri na behuda, na o‘yin va na hazil uchun yaratilmagan. Balki har biri shart bo‘lganidek va bir sababga binoan U zotning jaloli, karami va lutfiga loyiq tarzda yaratilgan. Shuning uchun Alloh taolo shunday degan:
Biz osmonlar va Yerni hamda ularning orasidagi narsalarni o‘ynab (bexuda) yaratganimiz yo‘q. Biz ularni fakat haqiqat (jiddiyat) bilan yaratganmiz. Lekin ularning aksariyati (buning hikmatini) bilmaydilar. (Duxon surasi, 38-39 oyatlar)

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 10:58:32

Hayvonot turlari ham Alloh taoloning oyat-alomatlaridan biridir. Ular uchadigan va yuradigan jonivorlarga ajralgan. Avvalgi turga ikki oyoq, to‘rt oyoq, o‘n oyoq va yuz oyoqda yuradigan hayvonlar kiradi. Yuz oyoqli hasharotlarni ko‘rgandirsan. So‘ng ular ham foydasi, surati, shakli, xulqi va tabiati jihatidan bir qancha turlarga bo‘linadi.

Havoda uchib yurgan qushlar, quruqlikdagi yovvoyi va xonaki hayvonlarga qarasang, har birida o‘zgacha ajoyibotlarni ko‘rasan va ularni yaratgan Xoliqning ulug‘ligi, yo‘qdan mavjud qilgan qudrati va har biriga o‘ziga xos shakl ato etgan musavvirlik hikmatidan hayratga tushasan. Buni qanday chuqur tadqiq etib, o‘rganish mumkin bo‘ladi? Uzoqqa bormaylik, taxtakana, chumoli, asalari yoki o‘rgimchak kabi eng mitti jonzotlarning o‘ziga qanday qilib in qurishi,  ozuqa to‘plashi va jufti bilan qovushishi, in qurishdagi mahorati va o‘ljasining qay tariqa ovlashidagi o‘ziga xos hayot tarzini bayon qilmoqchi bo‘lsak, bunga ancha vaqt kerak bo‘ladi. Sen nazarga ilmaydigan o‘rgimchakning hayot tarziga qara. U o‘z uyasini suv oqib turgan anhor chetiga quradi. Eng avval mohir va dono muhandisdek bir ziro’ yoki undan kamroq masofadagi bir-biriga yaqin bo‘lgan ikki joyni tanlaydi. O’zicha chamani olgandan keyin ikki tarafni o‘zi to‘qigan ip bilan bog‘laydi. Bu to‘r ip shaklidagi so‘laklardan iborat. So‘ng o‘zi turgan joydan u tarafga yugurib borib, ipni u joyga mahkamlab qaytadi. Shu tariqa ikki-uch marta qatnayveradi.

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 10:58:48

Ikki oraliqdagi iplarni tarqatish va yoyishda maxsus tartib va qoidaga rioya qiladi. Hattoki u arqoq o‘rayotgan ip to‘quvchi kabi o‘zi yasagan «chodir»ning tugun va iplarini tortadi. O’zidan so‘lak chiqarib, bir-biriga ulaydi. Buning hammasida handasaga xos o‘lchov va tartibga rioya qiladi. Nihoyat, u taxtakana va pashsha kabi mitti hasharotlar ilinadigan to‘rni yasagandan keyin o‘zi bir chetga chiqib, to‘riga o‘lja tushishini poylab turadi. Mabodo to‘riga bir narsa ilinsa, tutib yeyish uchun oldiga yugurib boradi. Agar ov qilshga quvvati yetmasa, devorning bir chetida o‘zini osib, havoda muallaq turgan holda uchib o‘tadigan pashshani kutadi. Agar yonidan pashsha uchib o‘tsa, darhol tashlanib, tutib oladi. Keyin o‘ljaning ikki oyog‘ini ipi bilan chandib, qochishiga yo‘l qo‘ymaydi va bemalol bo‘lib yeydi. Biron-bir kichik yoki katta jonzot yo‘qki, unda bitmas-tuganmas ajoyib narsalar bo‘lmasa. Bilasanmi, bu mahoratni u o‘z-o‘zicha bilib olganmi yoki o‘zicha yaratib olganmi yoki biron odam o‘rgatibdimi? Aql egasi u hashorot nochor, ojiz va zaif ekaniga qanday shubha qiladi? Balki jismi ulkan va baquvvat fil ham o‘z-o‘zicha bir ish qilishdan ojiz bo‘lsa-yu, bu zaif va nimjon jonivor qanday qilsin?

Ana shu mitti jonzot o‘ziga xos shakli, surati, harakati, aqlli kishidek yo‘l tutishi va ajoyib hayot tarzi bilan Hakim, Fotir va o‘ta Bilguvchi va Xoliq zot borligiga guvohlik bermaydimi? Har qanday ko‘zi ochiq kishi shu mitti jonivorda mudabbir Xoliqning ulug‘ligi, jaloliyati, qudrati va hikmati mukammal ekanini ko‘rmog‘i aniq. Buni birma-bir bayon etadigan bo‘lsak, oxiriga yetish qiyin. Darhaqiqat, hayvon va jonivorlarning shakllari, xulq-atvorlari va tabiatlarining chek-chegarasi yo‘q.

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 10:59:13

Ha, aqli sog‘lom kishi bir nimjon jonivorni ko‘rsa, aqalli u bir qurt bo‘lsa ham, uning taajjubi oshib: subhonalloh, u naqadar ajoyib-a, deydi. Inson har jihatdan qaraganda hayvonlardan eng ajoyibroq bo‘la turib, o‘zidan ajablanmay qo‘ygan. Balki u qo‘lga o‘rgatilgan hayvonlar, ularning shakllari, suratlari, terilari, junlari, tuklariga qarab, Xoliq Zot bandalari uchun libos, ko‘chib yurishlari va turish joylarida boshpana, ichimlik va ozuqa bo‘lishi uchun idish, oyoqlari uchun poyabzal qilib qo‘yganini har doim ham eslayvermaydi. Bundan tashqari, sut va go‘shtlari ozuqa, ba’zilarini minib yurishlari uchun ziynat, ba’zilarini bepoyon va olis cho‘l-sahrolardan og‘ir yuklarni ko‘tarib o‘tadigan ulov qilib qo‘ydi. Buni ko‘rgan kishining Xoliq va Musavvir zot hikmatidan hayrati yanada ortadi. Shuningdek, u Zot buning bandalariga naqadar foydali ekanini oldindan biladi. U zot o‘z ilmidagi har qanday ishlarda tafakkur, taammul va tadabbur qilishga muhtoj emas, biron bir vazir yoki maslahatchidan yordam so‘rashdan pok. U o‘ta ilmli, xabardor, Hakiym va Qodir zot! Ul zot yaratgan maxluqlarning eng maydasi bilan o‘z tavhidini tanigan zotlar qalbidan shahodat sidqini tortib chiqardi.

Maxluqlar uchun faqat uning qahri va qudratiga itoat qilish, rububiyyatini e’tirof etish, uning jaloliyati va azamatini bilishdan ojiz ekaniga iqror bo‘lishdan boshqa yo‘l yo‘q.

Kim u Zotning maqtovini hisoblab chiqa oladi? Balki u o‘zini maqtaganidekdir. Biz bilgan narsaning oxiri u zotni tanishdan ojiz ekanimizni e’tirof etishdan iborat. Alloh taolodan o‘z hidoyatiga bizni musharraf etishini so‘raymiz.

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 10:59:35

Yer atrofini o‘rab olgan chuqur dengizlar ham oyat-alomatlardir. Bu butun yerni o‘rab olgan katta ummonning bir qismidir, xolos. Hattoki cho‘l-sahrolar, tog‘lar, yerning butun quruqlik qismi ham katta ummonga nisbatan qiyoslaganda kichkina orolga o‘xshab ko‘rinadi. Yerning butun atrofi suv bilan o‘ralgandir...

Yer va undagi mavjud ajoyib narsalarni ko‘rding. Endi sen ummon qa’rida yashayotgan jonzot va ajoyibotlar xususida bir fikr qilgin. Holbuki, suv ostidagi ajoyib hayvonlar va javohirlar yer yuzida ko‘rganingdan bir necha baravar ko‘p. Ummon kengligi yer yuzi kengligidan bir necha baravar katta bo‘lgandek, suvda yashaydigan ayrim hayvonlarning ustki qismini ko‘rganda dastlab orol bo‘lsa kerak, degan xayolga borasan. Chunki u maxluq ustiga chiqqan sayyoh olov yoqqandan keyin tanasida olov taftini sezadi va harakatga tushadi. Sayyoh esa oyog‘i tagidagi narsa orol emas, balki bir maxluq ekanini harakatni boshlagandan keyin bilib qoladi.

Quruqlikda yashaydigan ot, qush, sigir yoki boshqa jonzot turlarining ummonda o‘xshashi va undan bir necha barobar ko‘prog‘i ham mavjud. Balki ummonda yashaydigan ayrim jonzot turlari quruqlikda yo‘q. Ularning o‘ziga xos belgi va sifatlari bir necha mujallat (to‘plam) qilingan. Buni dengiz sayohati davrida qiyinchilik bilan to‘plashgan.

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 11:00:00

Alloh taolo suv ostidagi marvaridni qanday yaratgani va uni sadafga aylantirib qo‘yganiga nazar sol. Marjon suv tubidagi qattiq toshlardan qanday o‘sib chiqqaniga qara. U toshdan unib chiqadigan daraxt shaklidagi o‘simlikdir. So‘ng undan boshqa dengiz tubidagi mavjud anbar va nafis narsalarning turlari xususida mushohada qil!

Endi sen fikringni yig‘ib, suvda suzib yurgan ajoyib kemalarga qaragin. Alloh taolo uni qanday qilib suv sathida tutib turgani, tujjorlar, sayyohlar va boshqalarni unda sayr qildirgani va og‘ir yuklarni ko‘tarishi uchun bo‘ysundirib qo‘yganini o‘ylab ko‘r. So‘ng kemalarni haydash uchun shamollarni yubordi. So‘ng Alloh kemachilarga shamolning paydo bo‘lishi, esishi va esish vaqtlarini bildirdi. Alloh taoloning dengizda yaratgan ajoyibotlari bir mujallot doirasiga sig‘maydi.

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 11:00:10

Bundan ham ajoyibrog‘i ko‘z oldingda namoyon bo‘lib turgan bir tomchi suvning shakli. U shaffof, oquvchan, xuddi bir butun narsadek bir-biridan sira ajralmaydigan latif va yumshoq jismdir. Suvning o‘ziga xos xususiyati shundaki, har qanday shakl va holatga moslasha oladi, qo‘lga olish ham, ajratish ham juda oson. Yer yuzidagi hayvonot va nabototning hayoti-yu taqdiri shu suvga bog‘liq. Agar banda bir qultum suvga muhtoj bo‘lsa va u bundan man qilinsa, albatta shunga yetishish yo‘lida butun mol-mulkini o‘ylab o‘tirmasdan sarf qilgan bo‘lardi. So‘ng u shu suvni ichib, endi uni tanasidan chiqarishda to‘siq paydo bo‘lsa, albatta u ichgan suvni tanasidan chiqarish uchun qo‘lida turgan butun mol-dunyosini sarf qilishni o‘ylab o‘tirmasdi. Shunday ekan, qanday qilib u dinorlar, dirhamlar va nafis javohirlarni o‘zi uchun juda noyob va qadrli deb hisoblaydi. Bir qultum suvdagi Allohning ne’matini o‘ylamaydi. Agar bir qultum suvni ichgisi yoki o‘zidan chiqargisi kelsa, shuni deb butun dunyosini sarf qilishini o‘ylang! Suvlar, anhorlar, quduqlar va dengizlarning ajoyibligi mulohaza qilish, fikr yuritish va ibrat olish uchun yetarli emasmi? Buning har qaysisi ko‘rinib turgan zohiriy guvohlar bo‘lib, yo‘qdan bor qiluvchi Zotning ulug‘ligi va hikmati mukammalligini hol tili bilan so‘zlaydigan, ifodalaydigan va har bir aql egasiga nido qiladigan oyat-alomatlardir: «Suratim, tarkibim, sifatim, manfaatim va holatim o‘zgarishi va foydam ko‘pligini hech o‘ylab ko‘rganmisan? Sen meni o‘zicha yaralgan yoki jinsidan birortasi yaratgan, deb o‘ylaysanmi? Albatta bu suvni olim, qodir, iroda etuvchi va mutakallim bir inson yaratganiga ishonasanmi? Shundan so‘ng yuzim sahifalarida ilohiy qalam bilan tasvirlangan va aslini ko‘z idrok etolmaydigan ilohiy chizgilarning ajoyibligiga qara. Ana shundagina qalbing Sone’ zotning ulug‘ligidan ayrila olmaydi», deb turgandek. Nutfa eshitishdan benasib bo‘lganlar uchun emas, balki eshitguvchi qalb egalariga qarata aytadiki: «Meni qorin zulmatida yuzimda tasvir va chizgi zohir bo‘layotgan vaqtda hayz qoniga botirilgan deb uylaysanmi? So‘ng bir naqqosh ko‘z qorachig‘im, qovog‘im, peshonam, yuzim va lablarimni naqshlagan deb bilasanmi? Bora-bora bosqichma-bosqich namoyon bo‘lgan taqvis (qayrilganlik)ni ko‘rasan». Nutfaning na ichkarisi va na tashqarisida, na bachadon ichkarisi va na tashqarisida biron-bir naqqoshning ishlab turganini ko‘rmaysan. Na ota, na ona, na nutfa, na bachadonning bundan hech bir xabari yo‘q! Guvoh bo‘lib turibmizki, ajoyib suratni qalam bilan naqshlaydigan naqqoshdan bu naqqosh ajoyibroq emasmi! Agar unga bir-ikki marta bilish uchun sinchiklab qarasang ham, u chizgan naqsh va tasvirni ko‘rishga qodir bo‘lasanmi?

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 11:00:35

Bu tasvir va naqshning na tashqi va na ichkaridan bu nutfaga bog‘liqlik joyi yo‘q.

Agar bu ajoyib narsadan ham ajablanmas ekansan, u holda suvrat, naqsh va muayyan o‘lchov bergan Zotning tengi yo‘q va biron bir naqqosh va na musavvir u bilan barobar bo‘lolmasligini tushunmaysan (xuddi uning naqsh va san’atiga biron bir naqsh va san’at ham barobar bo‘lolmaganidek). Ikki ish o‘rtasidagi tafovut va bir-biridan qay darajada uzoq ekanini bayon qil.

Shundan keyin ham ajablana olmasang, to‘g‘rirog‘i, taajjubing yo‘qligidan ajablangin. Albatta bu narsa ajoyibdan ajoyib emasmi? Bunday yorqin dalil mavjud bo‘la turib, ko‘zingni to‘sib turgan va bayon etishdan seni qaytarib turgan narsa ajablanishga loyiqdir. To‘g‘ri yo‘lga soladigan, adashtiradigan, burib qo‘yadigan, rushd-hidoyatga yo‘llaydigan, baxtsiz va baxtli qiladigan, olamdagi har bir zarrani va uning ichkarisida ne mavjudligini ko‘radigan, dushmanlari qalbini so‘qir qilib, qudrat va yuksakligi bilan pinhon bo‘ladigan Zot naqadar pok! Yaratish, amr, minnat, fazl, lutf va qahr Unikidir. Uning hukmini rad etguvchi va qazoyi taqdiri uchun jazolaguvchi yo‘q.

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 11:01:41

Osmon gumbazi bilan yer sathi o‘rtasiga qamalgan ko‘zga ko‘rinmas mayin havoni shamol esgan paytdagina payqaysan. Dengiz jonivorlari suvda suzganidek qushlar havoda qanotini silkib, uchib yuradi. Ulkan dengizga o‘xshagan havoning aynan o‘zini yoki dengizga o‘xshagan butun holida ko‘rib bo‘lmaydi. Shamol esgan vaqtda dengiz to‘lqinlari qo‘zg‘alganidek havo to‘lqinlari ham qo‘zg‘alib turadi. Agar Alloh havoni harakatga keltirsa, undan chang-to‘zonli bo‘ronni paydo qiladi. Alloh subhonahu aytganidek, xohlasa rahmati huzuridan tarqatib-yoyib, mayin qilib qo‘yadi:
Biz shamollarni (bulutlarga) «homilador» bo‘lgan holida yubordik, so‘ngra osmondan suv (yomg‘ir) yog‘dirib, sizlarni u bilan sug‘ordik. Sizlar uni g‘amlab oluvchi emassiz. (Hijr surasi, 22-oyat)

Alloh taolo tinch va sokin turgan havoni harakatga keltirib, hayvonot va nabobotlarga shamol holida yetkazadi. Shunda ular o‘sish-ko‘karish uchun tayyorgarlik ko‘radi. Alloh taolo aytganidek agar xohlasa, uni isyon qiluvchi ya’ni haddidan oshuvchi bandalar uchun azobga aylantirib qo‘yadi:
Biz ularning ustiga davomli nahs (shum) kunida bir dahshatli bo‘ronni yubordik. (U) odamlarni sug‘uriluvchi xurmo (daraxti) tanalaridek sug‘urib ketar edi. (Qamar surasi, 19-20 oyatlar)

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 11:02:24

Endi havoning bir holatda latif va mayin bo‘lishi, bir holatda shiddatli, boshqa bir holatda qattiq va kuchli bo‘lishiga qaragin. Ichiga dam urilgan narsani kuchli odam ustidan bosib, har qancha suvga cho‘ktirmoqchi bo‘lsa, buni aslo uddalay olmaydi. Bir parcha temirni suv ustiga qo‘ysang, darhol tagiga cho‘kadi. Nazar solgin, qanday qilib havo yumshoq va mayinligiga qaramasdan suvdan siqilib turadi? Mana shu hikmat tufayli Alloh taolo kemalarni suv sathida tutib turadi. Xuddi shunday har bir g‘ovak narsaning ichida havo mavjud va u aslo suvga cho‘kmaydi. Chunki u g‘ovak (bo‘shliq) narsa ichidagi havo suvga cho‘kishdan qaytaradi. Havo kemaning ichki sathidan ajralmaydi. Og‘ir yukli kema ulkanligi va salobatiga qaramasdan havoda muallaq tura oladi. Suv sathiga cho‘kkan kemaning tagi kuchli havoni ketkazish bilan suvga qattiq yopishib oladi. Havo bo‘shlig‘ida hech qanday aloqa va vosita bo‘lmagani holda og‘ir aravani muallaq tutib turgan Zot naqadar pok!

Endi sen havoning ajoyibligi va shu havoda paydo bo‘ladigan bulutlar, chaqmoq, yashin, yomg‘ir, qor va momaqaldiroqqa nazar sol. Ular osmon bilan yer o‘rtasidagi o‘ziga xos ajoyib narsalardir, Qur’on bunga shunday ishora qildi:
Biz osmon va Yerni hamda ularning orasidagi narsalsarni o‘ynab (behuda) yaratganimiz yo‘q. (Duxon surasi, 38-oyat)   

Qayd etilgan