Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Tafakkur kitobi)  ( 54072 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 ... 9 B


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 10:19:31

«E’tibor» so‘zi ham xuddi shunday: har bir mutafakkir zikr etuvchi bo‘la oladi, ammo har bir zikr etuvchi mutafakkir bo‘la olmas. «Tazakkur» (yodlamoq)ning foydasi qalbda o‘rnashib qolishi va o‘chib ketmasligi uchun ilmlarni takrorlashdan iborat.

«Tafakkur»ning foydasi esa ilmni ko‘paytirish va hosil bo‘lmagan ilmni jalb qilishdan iborat. «Tazakkur» bilan «tafakkur» o‘rtasidagi farq mana shu.

Agar ilmlar qalbda maxsus tartibga ko‘ra jamlansa va bir-biriga mos tushsa, boshqa bir ilmni keltirib chiqaradi. Demak, ilm ilmning «doya»sidir. Agar ilmdan boshqa bir ilm hosil bo‘lsa, o‘z navbatida bu ham boshqa bir ilm bilan moslashsa, bundan tag‘in boshqa natija yuzaga chiqadi. Shu tarzda natija, ilm va fikr cheksiz davom etaveradi. Ilmlarning bu tarzda ko‘payib borish yo‘li o‘lim yoki boshqa mone’lik tufayli to‘siladi. Bu narsa ilmlardan foydalanish imkoni bo‘lgan va fikr yo‘lini topgan kishiga tegishli. Ammo ko‘p odamlar «sarmoyasi» yo‘qligi uchun ilmlarini ko‘paytira olmaydilar. «Sarmoya» degani ilmlar adadi bo‘lib, ilmdan boshqa ilm hosil qilinadi. Qo‘lida mol-mulk bo‘lmagan kishi foyda ololmasligi oddiy haqiqat. Ba’zan qo‘lida sarmoya bo‘lsa-da, lekin u kishi tijoratni eplay olmaydi va natijada foyda ko‘rmaydi. Shuningdek, ba’zan kishida ilm sarmoyasi mavjud bo‘lgani bilan undan qanday foydalanish usulini yaxshi bilmaydi. Foyda olish va uning yo‘lini bilish xuddi anbiyolarda (ularning barchasiga Allohning salovoti va salomi bo‘lsin) bo‘lganidek, ba’zan qalbdagi nuri ilohiy tufayli tug‘ma bo‘ladi. Bu juda noyob hodisa. Ba’zan o‘rganish va tajriba yo‘li bilan ham hosil bo‘ladi. Shunisi hayotda ko‘proq uchraydi. So‘ng bu ilmlar sarmoyasi mutafakkirni yuzaga chiqarib, unga bir samarani hosil etadi. Biroq mutafakkir bu ilmlarning hosil bo‘lish kayfiyatini sezmaydi va tajriba kamligi bois bu ilmlarni izohlashga qodir emas.

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 10:21:26

Shunday insonlar borki, ular bu dunyodan oxiratning afzal ekanini aniq biladilar. Ammo bilish sababi haqida so‘ralsa, uni tushuntirib, izohlab bera olmaydi. Shunga qaramasdan, undagi bu ilm faqat oldingi ikki ilm tufayli hosil bo‘lganini ko‘rish mumkin. U ikki ilm boqiy qoluvchi narsani afzal ko‘rish va oxiratni bu dunyodan boqiyroq, deb anglashdir. Shundan so‘ng uchinchi ilm — oxiratni afzal ko‘rish avlo degan fikr paydo bo‘ladi.

Endi fikr samarasiga kelsak, u ilm, hol va amallardan iborat. Lekin fikrning xos samarasi ilm bo‘lib, undan boshqa narsa emas. Ha, agar qalbda ilm hosil bo‘lsa, qalb holati o‘zgaradi. Qalb holati o‘zgarsa, a’zolar faoliyati ham o‘zgaradi. Amal holga tobe’, hol ilmga tobe’, ilm fikrga tobe’dir. Demak, fikr barcha yaxshiliklar uchun asos va kalitdir. Shu narsa senga tafakkur fazilati ne ekanini kashf etadi. Shu bois tafakkur zikr va tazakkurdan afzal sanaladi. Chunki fikr zikr va ko‘payib borish deganidir. Qalb zikri a’zolar amalidan yaxshiroq hisoblanadi. Chunki amal qalbdagi zikr tufayli paydo bo‘lgan. Demak, tafakkur hamma amallardan afzal turadi. Shuning uchun rivoyatda bir soatlik tafakkur bir yil ibodat qilishdan yaxshiroq, deyilgan. Boshqa bir rivoyatda tafakkur yomon amallarni yaxshi amallarga, xohish va hirsni zuhd va qanoatga ko‘chiradi, deyiladi. Yana bir rivoyatda u mushohada va taqvoni vujudga keltiradi, deyilgan.

Shuning uchun Alloh taolo:
Shoyadki, ular (shirk va kufrdan) saqlansalar yoki (bu va’dalar) ularda eslatma paydo qilsa. (Toha surasi, 113- oyat)

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 10:22:32

Agar fikr tufayli holning o‘zgarish holatini bilmoqchi bo‘lsang, biz aytib o‘tgan oxirat ishlari unga misol bo‘ladi. Albatta fikr bizga oxiratni afzal ko‘rish avloroq ekanini tanitadi. Agar bu ilm qalblarimizga aniq ta’sir ko‘rsatsa, qalblar oxiratga rag‘bati va dunyoga qiziqmasligiga qarab o‘zgaradi. Bu narsani biz hol deb belgiladik. Chunki bu ilmdan oldin qalb bu dunyoni yaxshi ko‘rib, unga moyil edi. Oxiratni yoqtirmas va unga rag‘bati kam edi.

Ana shu ilm tufayli qalb holati o‘zgardi, iroda va rag‘bat yangicha tus oldi. Iroda o‘zgarishi esa a’zolarni dunyo bilan mashg‘ul bo‘lishni tark qilib, oxirat amallari bilan mashg‘ul bo‘lishga chaqiradi.

Bunda asosan besh daraja mavjud:
1.   Tazakkur, u qalbda ikki ilmni hosil qilishdan iborat.
2.   Tafakkur, u ikki ilmdan ko‘zlangan ilmni talab qilishdir.
3.    Talab etilgan ilmni hosil qilish va undan qalbning nurlanishidir.
4.    Ilm nuri hosil bo‘lishi sabab bo‘lgan narsadan qalb holining o‘zgarishidir.
5.    Yangilangan holga qarab a’zolarning qalbga xizmat qilishidir.

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 10:23:17

Tosh temirga urilganda, undan muayyan joyni yoritadigan uchqun sachraydi. Shundan keyin ko‘rmay turgan ko‘z birdan ko‘ra boshlaydi va a’zolar harakatga tushadi. Ilm nurining chaqmoqtoshi — fikr ham ikki ilmni bir-biriga «urishtiradi». Tosh temirga qay tariqa urilsa, fikr shu ikki ilmni o‘ziga xos usulda birlashtiradi. Temirdan uchqun paydo bo‘lganidek ilm nuri paydo bo‘ladi. Xuddi o‘tdan sachragan nur vositasida ko‘rish sezgisi o‘zgarib, mubham narsani ko‘rganidek, qalb ham ilm nuri tufayli o‘zgarib, moyil bo‘lmay turgan narsaga moyil bo‘ladi. Shundan so‘ng a’zolar qalb holining taqozosiga binoan amal qilishga kirishadi. Bu hol xuddi zulmat va qorong‘ulikda ko‘rmayotgani uchun yura olmay turgan kishining harakatni boshlaganiga o‘xshaydi. Demak, fikr samarasi ilm va holdan iborat, ilmlarning esa nihoyasi yo‘q. Har doim o‘zgarib turadigan qalb holini bilishning esa imkoni yo‘q. Shuning uchun har bir murid (fikr yo‘lini tutgan kishi) fikr yo‘llari, uning paydo bo‘lish o‘rni va nima xususda tafakkur qilishni bilmoqchi bo‘lsa, u bunga qodir bo‘lolmaydi. Chunki fikrning paydo bo‘lish o‘rni cheklangan narsa emas va fikr samarasi ham behad va cheksiz. Ha, biz diniy ilm masalalari va soliklar maqomati, ya’ni hollari bilan bog‘liq ravishda fikrning paydo bo‘lish o‘rnini aniqlashga harakat qilamiz. Bu narsa umumiy tahlildan iborat bo‘lib, albatta buning tafsili barcha ilmlar sharhini talab qiladi.

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 10:24:04

FIKR PAYDO BO’LISHI

Bilginki, fikr ba’zan din bilan bog‘liq, ba’zan esa din bilan bog‘liq bo‘lmagan bir narsaga taalluq topadi. Bizning maqsad din bilan bog‘liq jihat bo‘lib, undan boshqasini hozircha qoldirib turaylik. Dinda Robbi bilan bandaning muomalasi muhim o‘rin tutadi. Bandaning butun fikri-zikrida eng avval o‘zi, o‘zining sifatlari va holatlari tursa, undan keyin ma’bud, uning sifatlari va ishlari bilan bog‘liq narsa turadi. Mana shu ikkisidan chetga chiqib bo‘lmaydi. Bandaning o‘zi bilan bog‘liq narsa deganda Alloh taolo nazdidagi mahbub yoki makruh narsaga qarash tushuniladi. Shu ikkisidan boshqasini tafakkur qilishga hojat yo‘q. Alloh taolo bilan bog‘liq narsa yo uning zoti, sifatlari, go‘zal ismlari, yo u zotning ishlari, mulki, malakut olami, osmonlar va yer, shuningdek, shu ikkisi o‘rtasidagi mavjudotga nazar solishdan iborat. Bunda o‘quvchiga fikr biroz cheklangan bo‘lib ko‘rinadi. Vaholanki, Alloh taologa intilgan va uning diydoriga mushtoq bo‘lganlar nazari yo ma’shuqi, yo o‘z nafsiga qaratilgan bo‘ladi. Agar u ma’shuqi xususida fikr qilsa, mushohada va fikr orqali undagi go‘zal surat va qiyofani lazzat va huzur olish uchun ko‘z oldiga keltiradi. Yoki lazzat va muhabbati yanayam ziyoda va kuchli bo‘lishi uchun uning go‘zal va latif ishlari xususida fikrlaydi.

Agar banda o‘zi xususida fikrlasa, asosiy fikr-zikri mahbub nazaridan tushiradigan yoki unga qurbat hosil etadigan va yo muhabbatini oshiradigan sifat xususida bo‘ladi. Shundan keyin u o‘zida bir kamchilikni ko‘rsa, mahbubiga yoqish uchun darhol undan qutulish chorasini izlaydi va yaxshi xulq bo‘lsa, uni ko‘paytirish ilojini o‘ylaydi.

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 10:24:39

Agar banda shu ikkisidan tashqari bir narsani o‘ylasa, u chog‘da bunday tafakkur tarzi ishq belgilagan haddan chetga chiqqanidir. Chunki komil va yetuk ishq oshiq vujudini to‘lig‘icha egallab, uning qalbida shundan bo‘lak narsaga joy qoldirmaydi. Haqiqiy oshiq sevgilisi diydoridan boshqa narsani o‘ylamasligi kerak. Alloh taoloni sevuvchi ham xuddi shunday. Allohdan boshqa narsani yodiga keltirmaydi. Kimning tafakkuri mana shu to‘rt qism ichida bo‘lsa, muhabbat taqozo etgan had-chegaradan chiqmaydi. Endi avvalgi qismga alohida to‘xtalsak.

Avvalgi qism banda ko‘proq amallarining yaxshisidan yomonini ajratib olishi uchun o‘zining‘ sifatlari va amallari to‘g‘risida fikrlashidan iborat. Shundan so‘ng Alloh nazdida mahbub va makruh bo‘lgan amallardan har biri toat va ma’siyat kabi zohiriy amal hamda qalb bilan bog‘liq bo‘lgan munjiyot va muhlikat (munjiyot — najot beruvchi, muhlikat — halok etuvchi) sifatlar kabi botiniy amalga ajraladi. Buni munjiyot va muhlikot qismida ilgari bayon etilgan.

Ma’siyatlar yetti a’zo bilan bog‘liq yoki jamiki badan bilan bog‘liq narsaga bo‘linadi. Bunga urushdan qochish, ota-onaga oq bo‘lish, harom qilingan maskanda o‘tirish kabilar kiradi. Bunday makruh amallarning har birida uch narsa xususida fikr qilish vojib bo‘ladi. Avvalgisi bu amalning Alloh nazdida makruh yoki makruh emasligini fikrdan o‘tkazishdir. Ko‘pincha bir narsaning makruh ekani darrov ma’lum bo‘lmaydi. Balki u daqiq nazar bilan idrok qilinadi. (Ikkinchisi) Agar u amal makruh bo‘lsa, undan qanday saqlanishni fikr qilishdir. (Uchinchisi) Bu makruh amallar alohida ko‘zga tashlanib turgan bo‘lsa, uni tark qila oladimi yoki kelajakda duch kelsa, undan saqlana oladimi? Yoki oldin qilgan bo‘lsa, uni tuzatishni o‘ylaganmikan?

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 10:25:30

Shunday qilib, mahbub amallarning har biri ham shunday qismlarga ajraydi. Agar bu qismlar bir o‘ringa jamlansa, bu qismlarning fikr majrosi (yo‘sini) yuztadan oshib ketadi.

Har bir banda bu qismlarning hammasi yoki aksari haqida fikr yuritishga majbur. Bu qismlardan har qay-sisini alohida sharhlaydigan bo‘lsak, mavzu cho‘zilib ke-tadi. Shu bois bu qismlar toat va ma’siyat, muhlikot va munjiyot sifatlar kabi to‘rt turga ajratilgan. Murid bu turlarni boshqalari bilan qiyoslashi, uning fikr doirasi kengayishi uchun bir qancha misol keltiraylik. Shunday qilsak, fikr doirasi ochilib, tushunib olish yengillashadi.

Avvalgi tur ma’siyatlar bo‘lib, inson har kuni ertalab o‘rnidan turganida yetti a’zosini batafsil taftishdan o‘tkazishi shart. Shunda u badani bilan biror gunoh amalni qilgan yoki qilmaganligini o‘ylab ko‘radi. Yoki o‘tgan kun bir gunoh amalni qilgan bo‘lsa, undan voz kechganmi yoki pushaymon bo‘lganmikan? Yoki kunduz payti bir gunoh ishga duch kelgan bo‘lsa, undan saqlanish va chetlanish uchun tayyorgarlik ko‘rganmikan? Ana shu yo‘sinda fikr yuritadi.

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 10:26:58

Shundan keyin u tiliga nazar solib, g‘iybat, yolg‘on, o‘zini maqtash, boshqalar ustidan istehzo qilish, behuda tortishish, mazax qilish va undan boshqa makruh amallarga qachon duchor bo‘lganman, deb o‘ylaydi. Eng avval ichida bu narsalar Alloh nazdida qanchalik karohiyatli amal ekani, Qur’oni karim va hadisi sharif ko‘rsatmalarida unga azob qattiq bo‘lishini fikridan o‘tkazadi. So‘ng o‘z holati xususida fikr yuritib, qanday qilib o‘zi bilmagan holda bunga yo‘liqqanini o‘ylab ko‘radi. So‘ng undan qanday qutilish chorasini izlaydi. Buning birdan-bir chorasi faqat uzlat va yolg‘izlanish ekanini mushohada etadi. Yoki Allohga yoqmaydigan narsani gapirganda o‘zini qaytaradigan solih taqvodor kishi bilan birga o‘tirish orqali o‘zini tuzatishni o‘ylaydi. Shunda ham iloj topmasa, boshqalar bilan o‘tirganda bema’ni so‘zlarni tilga olmaslik uchun og‘ziga mayda tosh solib oladi. Shunday qilib, undagi fikr ma’siyatdan qanday saqlanish choralari xususida bo‘ladi.

Banda g‘iybat, yolg‘on, behuda gap-so‘zlar va bid’atni eshitadigan qulog‘i to‘g‘risida o‘ylaydi. Buni Zayd yoki Amrdan eshitganiga ahamiyat beradi. Albatta u bundan tiyilishi va munkar-nahy orqali o‘zini saqlashi shart.


Qayd etilgan


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 10:27:28

Shundan keyin u qorni to‘g‘risida fikr qiladi. Balki u yeb-ichish tufayli Alloh taologa osiylik qilgandir. Deylik, haloldan ko‘p yeb-ichish orqali bo‘lsa, ko‘p yeb-ichish Alloh taolo nazdida yomon bo‘lishidan tashqari u shayton quroli va shahvatni kuchaytiruvchidir. Yo harom va  shubhali narsani yeyish orqali bo‘lsa, yeydigan, kiyadigan, tirikchiligi va daromad manbai qaerdan ekaniga qaraydi. Shu tariqa banda halol yo‘l xususida fikr qiladi. So‘ng halollik bilan kun kechirish va haromdan saqlanish choralarini o‘ylab ko‘radi. Harom narsani yeyish butun toat-ibodatlarini yuvib ketishini fikrdan o‘tkazadi. Shuningdek, halol luqma barcha toat-ibodatlarining asosi ekanini mulohaza qiladi. Xabarlarda vorid bo‘lganidek, kiyimning sakkizdan bir qismiga bir dirham qadar harom tekkan bo‘lsa, Alloh taolo u bandaning namozini qabul qilmaydi.

Shunday qilib, banda o‘zining a’zolari to‘g‘risida shu yo‘sinda fikrlaydiki, shunchasi ham unga kifoya qiladi. U o‘zidagi bu salbiy holatlarni bilish, a’zolarini ma’siyatdan saqlash uchun kun bo‘yi muroqaba bilan mashg‘ul bo‘ladi.

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 10:28:17

Ikkinchi tur esa asosan toat-ibodati xususida bo‘ladi. Banda eng avvalo farz amallarni qanday ado etish, qanday qilib nuqson va kamchiliklardan tiyilish va nafl amallarni ko‘paytirish bilan o‘zidagi kamchiliklarni tuzatishga qaraydi. So‘ng asta-sekin Alloh taolo nazdidagi mahbub amallar xususida fikr qilish yo‘lini tutadi. Masalan, u aytadiki: «Albatta ko‘z osmonlar va yerdagi mavjudotga ibrat nazari bilan boqish va Allohning kitobi va Rasul alayhissalom sunnatiga qarash uchun yaratilgan. Allohning kitobi va Rasul alayhissalom sunnatiga qarab, men ko‘zimni Qur’on va hadis mutolaasi bilan band etishga qodirman, nega shunday qilmayman? Falonchi taqvodor kishiga hurmat nazari bilan qarab, qalbiga surur bag‘ishlashga yoki falonchi fosiqqa nafrat nazari bilan qarab, uni gunohlaridan to‘xtatishga qodirman, nega shunday qilmayman?», deydi.

Shuningdek, qulog‘i to‘g‘risida ham: «Men bu qulog‘im bilan Mushaf, hikmatli so‘zlar, ilm, qiroat va zikrni tinglashga qodirman. Menga nima bo‘lganki, bunday qilmayman? Alloh taolo uni menga ne’mat qilib bergan-ku, shukr qilishim uchun omonat tarzida topshirib qo‘ygan-ku? Menga nima bo‘lganki, vaqtimni zoe ketkazish va yalqovlik bilan Alloh bergan ne’matga kufr keltirayotirman», deydi.

Shuningdek, tili to‘g‘risida ham shunday fikrlab, deydiki: «Men haq yo‘lida ta’lim berish, va’z(nasihat) aytish, solih kishilar qalbiga muhabbat ulashish, faqirlar holini so‘rash, solih Zayd bilan olim Amrning qalbini yaxshi so‘z bilan quvontirish orqali Alloh taologa qurbat hosil qilishga imkonim yetadi. Har bir yaxshi so‘z ham sadaqa o‘rniga o‘tadi».

Qayd etilgan