Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Tafakkur kitobi)  ( 54088 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 B


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 10:33:45

Ko‘pincha ilm ahlida uchraydigan bu hol ayollardagi rashk va qizg‘anish holiga o‘xshaydi. Aksar ilm ahli bir shogirdi boshqaga o‘tib ketsa, boshqa olimdan manfaat va diniga foyda borligini bilsa ham buni o‘ziga og‘ir oladi. Eng yomoni shuki, kibr-havoli olim qalbiga sizib kirgan muhlik illatlardan najot topmoqni o‘zicha xayol qiladi. U olim kishi uchraydigan fitna katta fitna ekanini qaydan bilsin? U yo bundan najot topar va yo halok bo‘lar. Avomning bundan xalos bo‘lishi uni aslo qiziqtirmas.

Kimki o‘zida bu illatlar mavjud ekanini payqasa, unga uzlat qilish va yolg‘izlanish, ko‘zga tashlanishni o‘ylamaslik va qancha so‘ralsa ham fatvodan saqlanish vojib bo‘ladi.

Sahobalar roziyallohu anhumlar zamonida masjid fatvo bera oladigan zotlar bilan to‘la bo‘lsa-da, ular fatvo berishdan saqlanganlar. Fatvo beradiganlari ham masalani o‘zidan boshqaga jo‘natishni ma’qul ko‘rgan. Ana shu vaqtda ins qiyofasidagi shaytonlardan saqlanish lozimki, bunday qilma, bu eshik ochilsa, xalqdan ilm ko‘tarilib ketadi, deb aytsalar, ularga islom dini mendan mutlaqo behojatdir. Albatta bu din mendan oldin ma’mur bo‘lgan. Mendan keyin ham shunday bo‘ladi. Mabodo men bu olamdan o‘tsam, islom arkonlari hech qachon buzilmaydi. Din mendan behojat bo‘lsa ham, ammo men qalbimni tuzatishdan behojat emasman, deb aytsin. Ammo ilm ko‘tarilib ketadi, degan maqsadda ilmni yoyish tashvishida bo‘lish ayni johillikdan boshqa narsa emas.

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 10:34:23

Qarangki, odamzot qo‘l-oyog‘iga zanjir solinib, hibsxonaga tashlansa, ilm izlash yo‘lidan olovga tashlayman, deb qaytarilsalar, martaba va shon-shuhratni yaxshi ko‘rish ularni qo‘l-oyog‘idagi zanjirlarni uzib, hibsxonadan chiqib, tag‘in avvalgidek ilm izlash bilan mashg‘ul bo‘lishga undar ekan. Modomiki, shayton odamzotga martabani yaxshi ko‘rsatib turgan ekan, ilm hech qachon yer yuzidan yo‘qolib ketmaydi. Shayton esa qiyomatgacha martaba va shon-shuhratga qiziqtirishdan aslo to‘xtamaydi.

Rasululloh alayhissalom aytganlaridek, oxiratda ajr-savobdan benasib qavmlar ilmni yoyish tashvishini qiladi: «Albatta Alloh oxiratda biron ulush (ajr-savob) olmaydigan qavmlar tufayli dinga quvvat beradi». «Alloh bu dinni fojir kishi tufayli quvvatlaydi».

Haqiqiy olim kishi bunday fitnalarga aldanib qolmasligi lozim. Hattoki qalbini obro‘-e’tibor, maqtov va hurmat-ehtiromni yaxshi ko‘rishdan poklamagunga qadar xalqqa aralashishdan o‘zini saqlasin. Albatta bu illatlar nifoq urug‘idir. Rasululloh alayhissalom: «Mol va obro‘-e’tiborni yaxshi ko‘rish yomg‘ir o‘t-o‘lanni undirgandek qalbda nifoqni undiradi», deganlar.

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 10:34:46

Rasululloh alayhissalom: «Ikki yirtqich bo‘riniig qo‘y to‘dasiga oralab, keltirgan zarari musulmon kishining mol va obro‘-e’tiborni yaxshi ko‘rgani tufayli dinga keltirgan zarardan ko‘p emas».

Obro‘-e’tiborni yaxshi ko‘rish qalbni tark etishi juda mushkul. Bunga faqat odamlarga aralashmaslik, bu istakni qalbda ziyoda qiladigan amaldan voz kechish orqali erishish mumkin, xolos.

Olim kishi fikrini bu illatlar qanday qilib qalbiga kirib olgani va qanday qilsa undan xalos bo‘lishi mumkinligiga qaratsin. Bu muttaqiy olimning vazifasidir. Ammo bizga o‘xshaganlarga kelsak, hisob kuniga imonimizni kuchaytirish to‘g‘risida fikr-mulohaza qilishdan iborat bo‘lishi kerak. Mabodo salafi solihinlar bizni ko‘rganlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri manavilar hisob kuniga iymon keltirmagan, degan bo‘lardi. Ne holki, amallarimiz jannat va do‘zaxga imon keltirgan kishining amaliga o‘xshamaydi. Kimki bir narsadan qo‘rqsa, darhol undan qochgan bo‘lardi. Kimki bir narsadan umid qilsa, darhol unga qarab intilgan bo‘lardi. Afsuski, do‘zaxdan qochish deganda shubhali-harom narsalarni va gunoh amallarni tark etish ekanini yaxshi tushunamiz-u, holbuki o‘zimiz uning ichiga kirib ketganmiz.

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 10:35:14

Jannatni talab qilish nafl ibodatlarni ko‘paytirish bilan ro‘yobga chiqishi aniq. Holbuki, biz farz amallarda sustkash va loqaydmiz. Baski, bizni dunyoga hirs qo‘yish, unga ochko‘z itdek tashlanish xohishi band etib turgan ekan, ilmdan hech qanday samara hosil bo‘lmas. Agar bu tariqa ilm izlash yomon narsa ekan, bizdan ko‘ra ulamolar bunday ilmdan chetlanishga haqliroq, deb aytilsa, koshki bizlar ham avom kabi bo‘lsaydik, qachonki o‘lsak, gunohlarimiz ham birga «o‘lsaydi»? Agar tasavvur qila olsak, biz uchraydigan bu fitna naqadar katta. Alloh taolodan bizni isloh qilishi, biz tufayli boshqalarni ham isloh etishi va vafot etmasdan oldin tavbaga muvaffaq etishini so‘raymiz. Albatta u Kariym va mehribon, bizga ne’mat berguvchi Zotdir.

Bu ulamolar va solih kishilarning o‘ziga xos fikrlash yo‘lidir. Agar bundan forig‘ bo‘lib, o‘zlari xususida tafakkur qilishdan bo‘shasalar, Alloh taoloning jaloliyati, ulug‘ligi, qalb ko‘zi bilan mushohada etishdan huzurlanish darajasiga ko‘tariladilar. Bunga faqat barcha muhlik sifatlardan qutulib, munjiyot sifatlarga sazovor bo‘lgandan keyingina yetishadi.

Agar shundan oldin biron narsa paydo bo‘lsa, yilt etgan chaqmoq kabi beqaror va zaifdirki, u ma’shuqidan ayrilgan oshiq holiga tushadi. Lekin u kiyimi ichida qayta-qayta chaqadigan ilonlar va chayonlar borligini sezmaydi va bu narsa undagi mushohada lazzatini zaharlaydi. U bu lazzatni tuyish uchun eng avval kiyimiga yopishgan ilonlar za chayonlarni olib tashlashi kerak. Bundan boshqa yo‘l yo‘q. Mazmum illatlar ana shunday ilonlar va chayonlar bo‘lib, ozor va azob berguvchilardir. Qabrda esa mazmum illatlarniig og‘riq-alami chayonlar va ilonlar chaqqanidan yanayam kuchliroq tus oladi. Ana shu qadari banda nafsiga taalluqli mahbub va nomahbub sifatlar xususida o‘ylab ko‘rishga kifoya qiladi.

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 10:37:13

IKKINCHI QISM

ALLOHNING ULUG’LIGI, QUDRATI VA KIBRIYOSI TO’G’RISIDA TAFAKKUR QILISH

Bunda ikki maqom mavjud: Allohning zoti, sifati va ismlarining ma’nolari to‘g‘risidagi eng yuqori maqom. Alloh taolo yaratgan mahluqlari xususida tafakkur qilinglar, Allohning zoti xususida tafakkur qilmanglar, deyilgani uchun bundan qaytarilgan. Bunga sabab shuki, aqllar hayratga tushib, siddiq zotlardan boshqa kishilarning ko‘rish quvvati toqat qilolmaydi. Shuningdek, siddiq zotlar ham unga qarashni davom ettira olmaydi.

Alloh taoloning ulug‘ligiga nisbatan odamlarning ko‘rish holati xuddi quyosh nuri qarshisida turgan ko‘rshapalakning ko‘rish holatiga o‘xshaydi. Ko‘rshapalak hech qachon quyosh nuriga toqat qilolmaydi. Shuning uchun u kunduzi tashqariga chiqmasdan qorong‘u joyda berkinib yotadi. Qachonki quyosh nuri so‘nib, xira tortgandan keyin inidan chiqadi. Siddiqlarning ko‘rish holi quyoshga ozgina vaqt tik qaray olgan inson holiga o‘xshaydi. U quyoshga qaray olsa ham, ammo qarashni davom ettirsa, ko‘zidan ajrab qolishdan qo‘rqadi.

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 10:37:34

Tajribadan ma’lumki, quyoshga tik qarab turaverish ko‘rish qobiliyatiga ta’sir qilib, ko‘zni ishdan chiqaradi. Alloh taoloning zotiga nazar solish ham shunday bo‘lib, bundan hayrat, ajablanish va aqliy zo‘riqish vujudga keladi, xolos. Demak, Alloh subhonahu va taoloning zoti va sifati xususida fikr qilishga chuqur sho‘ng‘imaslik eng to‘g‘ri yo‘ldir. Albatta aksar aql egalari bunga toqat qila olmaydi. Ayrim ulamolar ijozat bergan had-chegara borki, buni shunday ifodalangan: Alloh taolo biron makon tutmagan, har qanday tomon va jihatlardan behojatdir. Albatta Alloh olam ichida ham emas va na undan tashqari ham emas. Ul zot na olam va borliq bilan bog‘liq va na undan uzilgan emas. Bir toifa aql egalari hayratga berilib, toqati ko‘tarmagani bois Ul zotni inkor etishgacha borib yetdi. Boshqa bir toifa bundan kamrog‘iga toqat etishga ham ojizlik qiladi. Qachonki bu toifaga U zot sizlardagidek bosh, oyoq, qo‘l, ko‘z bo‘lishdan pok va behojat, unda muayyan miqdor va hajmga ega jism ham yo‘q, deyilsa, darhol inkor etib, buni Allohning ulug‘ligi va jaloliyatini haqorat qilishdan boshqa narsa emas, deb hisoblaydilar.

Hattoki, avomdan ba’zi bir ahmoqlar: albatta bu narsa hind tarvuzining vasfi, ilohning vasfi emas deb aytadi. Bechora miskin jaloliyat va ulug‘likni ana shu a’zolar mavjudligida, deb o‘ylaydi. Bunga sabab shuki, inson faqat o‘zinigina taniydi va o‘zini katta narsaman, deb hisoblaydi. U o‘z o‘lchoviga to‘g‘ri kelmaydigan boshqa bir narsaning ulug‘ligini tasavvur qilolmaydi. Ha, u o‘zini so‘ri ustida ikki xizmatkori amriga muntazir bo‘lib turgan holda tasavvur etadi, xolos. Hattoki pashshaga fahm-farosat va aql bitib, unga: «Bilasanmi, seni yaratgan zotda na qanot, na qo‘l, na oyoq yo‘q, ustiga-ustak u ucha olmas, deb aytilsa, darhol u buni inkor etib, shunday degan bo‘lardi: «Mendagi bu narsalarga o‘zi muhtoj bo‘lgan zot qanday qilib meni yaratsin? Buni tasavvur qilish qiyin. Unda mendagidek qanot bo‘lmasa, ozgina zamon ham ucha olmaydimi yoki u mening Xoliqim va Musavvirim bo‘lsa-yu, unda menikiga o‘xshash a’zo va xususiyatlar bo‘lmaydimi?» Ko‘pchilik aql egalari Alloh xususida mana shu pashshadek fikrlaydi. Albatta inson o‘ta johil, zolim va kofirdir. Shuning uchun Alloh taolo anbiyolardan biriga vahiy yuborib dedi: «Bandamga mening sifatim xabarini berma. Chunki ular meni inqor etadilar. Ammo sen ular fahmlaydigan darajada xabar ber».

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 10:37:56

Alloh taoloning zoti va sifatlariga shu jihatdan qarash xatarli bo‘lgani uchun shariat odobi va solih zotlar bunday fikr yo‘liga sho‘ng‘ib ketmaslikni buyuradi. Bundan ko‘ra, ikkinchi maqomga o‘taylik. Bu maqom Allohning yaratuvchiligi, qazoyi qadari, tengsiz-ajoyib san’ati va g‘aroyib ishlariga nazar solishdan iborat. Albatta bu ishlar uning jaloliyati, kibriyosi, pokligi va har qanday nuqsondan yuksak ekaniga dalil bo‘ladi. Shuningdek, Ul zotning ilm-hikmati mukammal, xohlagan ishni bajarishi va qudrati ulug‘ligiga dalil bo‘ladi. Shunday ekan, uning sifati va alomatlariga nazar solish bilan kifoyalanish eng to‘g‘ri yo‘ldir. Darhaqiqat, biz quyosh nuri tushib, yorishgan yerga qaray olgandek, Allohning zoti va sifatiga nazar sola olmaymiz. Bundan oy va boshqa yulduzlar nuriga nisbatan quyosh nuri kuchli va yorqin degan fikrga kelamiz. Chunki yerning yorishishi aynan quyosh nuri asar-ta’siridan bo‘lib, bu asar-ta’sir bir Muassir borligiga guvohlik beradi. Agar Muassirni ko‘rishlik iloji bo‘lmasa ham. Olamdagi barcha mavjudot Alloh taolo qudrati asaridan bir belgi-alomatlar va U zotning nurlaridan bir nurdir...

Xuddi shunday harakatlar ham bir Foil sifatlarini ko‘rishimiz uchun vositadir. Haqning tajalliy nuridan uzoqlashgandan keyin harakat vositasi tufayli ko‘zlar qamashmaydi. Bu esa Rasululloh alayhissalomning: «Alloh yaratgan maxluqlari to‘g‘risida tafakkur qilinglar va Alloh taoloning zoti to‘g‘risida tafakkur qilmanglar», deb aytgan so‘zlarining siridir.

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 10:38:45

ALLOH TAOLONING MAXLUQLARI TO’G’RISIDA TAFAKKUR QILISH

Bilginki, olam va borliqdagi har bir narsa Allohning ishi va yaratgan maxluqlaridir. Shuningdek, har bir zarrada Allohning o‘ziga xos qudrati, ulug‘ligi va buyuk zot ekanligini namoyish etadigan ajoyib va garoyib hikmatlar mavjud. Bu hikmat hisobini oxiriga qadar bilish aslo mumkin emas. Agar dengiz buni hisoblashda siyohga aylansa, albatta, uning o‘ndan birini ham tugatmasdan oldin tugab qolardi. Lekin biz uning har biriga to‘xtalmasdan umumiy holda ko‘rib o‘tamiz, xolos.


Qayd etilgan


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 10:40:46

Olamdagi mavjudot aslini bilib bo‘lmaydigan narsalardan ham iborat bo‘lib, u to‘g‘risida tafakkur qilish bizga buyurilmagan. Bu olamda biz bilmagan qanchadan-qancha mavjudot mavjud. Alloh taolo aytganidek:
U yana minishingiz uchun va ziynat sifatida otlar, xachirlar va eshaklarni (yaratdi). Yana, sizlar (xali) bilmaydigan narsalarni ham yaratur. (Naxl surasi, 8-oyat)

Yer undiradigan narsalardan, (odamlarning) o‘zlaridan va yana ular bilmaydigan narsalardan iborat barcha juftlarni yaratgan zot (Alloh) tasbeh aytilishga loyiqdir. (Yosin surasi, 36-oyat)

Biz (o‘rningizga) sizlarga o‘xshaganlarni almashtirib ko‘yishga hamda sizlarni o‘zlaringiz bilmaydigan holat — suratda qayta paydo kilishga ham (ojiz emasmiz). (Voqea surasi, 61-oyat)

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 10:41:22

Shuningdek, olamdagi mavjudot asli va turi ma’lum bo‘lsa-da, tafsili ma’lum bo‘lmagan narsalardan ham iborat. Bularning tafsili to‘vrisida tafakkur qilish mumkin. O’z navbatida, u ko‘z idrok qiladigan va idrok qilmaydigan narsaga bo‘linadi. Ko‘z idrok qilmaydiganlarga farishtalar, jinlar, shaytonlar, arsh, kursi va undan boshqalar kiradi. Buni idrok etish va tavsiflashga fikr ojizlik qiladi. Bundan ko‘ra ko‘z bilan ko‘rib, bilish imkoni bo‘lgan narsalar tafsiliga o‘tailik. Bunga yetti qat osmon va yer hamda u ikkisi orasidagi mavjudot kiradi. Osmon o‘zidagi yulduzlar, quyosh, oy va har birining o‘z yo‘lida harakati, chiqishi va botishi bilan ko‘rinib turadi. Yer esa ko‘z o‘ngimizda tog‘lar, ma’danlar, anhorlar, dengizlar, hayvonot va nabototlari bilan gavdalanadi. Osmon va yer orasini havo egallagan bo‘lib, bu bo‘shliqni bulutlar, yomg‘irlar, qorlar, chaqmoq, qaldiroq, momaqaldiroq, uchar yulduzlar, qattiq esuvchi shamollar mavjuddigi orqali idrok qilamiz. Mana shular samovot, yer va ikkisi orasida ko‘rinib turadigan jinslardir.

Har bir jins navlarga bo‘linadi. Har bir nav qismlarga ajraydi. Har bir qism sinflarga tarmoqlangan. Buning tarmoqlanish sifati, ko‘rinishi, zohiriy va botiniy tarkibining har xil bo‘lishida had-chegara yo‘q. Har qaysisi fikrni o‘ziga jalb etadigan bir olam. Osmonda muallaq turgan har bir zarra, yerdagi jamodot, hayvonot, nabotot, falak va yulduzlarning harakatida o‘ziga xos bir hikmat yoki ikki hikmat yoki o‘nta hikmat yoki mingta hikmat mavjud. Har biri Alloh taoloning vahdoniyat (yakkayu yolg‘iz)iga guvohlik berib, uning jaloliyati va buyukligini isbotlaydigan belgi — alomatlardir.

Qayd etilgan