Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Tafakkur kitobi)  ( 54069 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 3 4 5 6 7 8 9 B


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 11:03:16

Bu narsa osmon bilan yer o‘rtasida mavjud. Buning nimadan iboratligiga bir qancha o‘rinlarda ishora qilingan:
Albatta, osmonlar va Yerning yaratilishida, kecha va kunduzning almashib turishida, odamlar uchun foydali narsalar ortilgan kemalarning dengizda suzishida, Alloh osmondan tushirib, u sababli (o‘lik) yerni tiriltirgan suvda, turli jonzotlarni unda (erda) tarqatib qo‘yishida, shamollarni  (turli tomonga) yo‘naltirishida va osmon bilan Yer orasidagi bo‘yinsundirilgan bulutlarda aqlni ishlatadigan kishilar uchun alomatlar (Allohning vujudi va qudratiga dalillar) bordir. (Baqara surasi, 164-oyat).

Qachonki sen momaqaldiroq, chaqmoq, bulut va yomg‘irga duch kelganingda yomg‘irni ko‘rib, momaqaldiroqni eshitasanki, buni bilishda hayvon ham sen bilan sherik bo‘la oladi! Hayvonot olami turgan joydan maloul a’lo olamiga ko‘tarilib, ko‘zingni ochsang, bu ajoyibotning zohirini idrok etasan. Endi sen buni ko‘radigan ko‘zingni yumgin-da, botin ko‘zi bilan qaragin, albatta ularning botinidagi ajoyib va g‘aroyib sirlardan voqif bo‘lasan. Bu ham bir alohida bob bo‘lib, u xususda tafakkur qilish cho‘zilib ketadi. Negaki, uni chuqur tadqiq etishning o‘rni emas.

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 11:03:30

Osmonda suzib yurgan quyuq va qop-qora bulutlarni bir taammul qilib ko‘r, shunda sen beg‘ubor va musaffo havoda bulutlarning qanday to‘plangani va Alloh uni qachon xohlasa va qanday xohlasa shunday yaratgani ko‘z oldingda namoyon bo‘ladi. Vaholanki, bulut po‘k va yumshoq bo‘lishiga qaramasdan og‘ir suv tomchilarini ko‘tarib, havo bo‘shlig‘idan Alloh izn bergan joygacha yetkazib boradi. Alloh xohlagan miqdor va shakldan iborat har bir qatrada yomg‘ir tomchilari mavjud. Shundan keyin bulut yerga yomg‘ir yog‘dirgani, biron tomchi boshqasi bilan aslo bog‘lanmagani va buni alohida qatra-qatra holida yetkazib berilayotganini ko‘rasan. Balki har qaysisi o‘ziga belgilab qo‘yilgan chiziqdan chetga chiqmasdan va biri-biridan ortda qolmasdan taqdir qilingan go‘sha yoki vodiyga borib tushadi.

Agar avvalgilar va oxirgilar yomg‘irning bir tomchisini yaratish yoki bir shahar yo bir qishloq ustiga tushadigan tomchilar adadini bilishga ittifoq qilishsa, albatta jin va ins hisobi bundan ojiz bo‘lardi. Bularning adadini faqat yo‘qlikdan borlikka keltirgan Zotdan boshqa hech kim bilmaydi. Sen bu tomchilar o‘z-o‘zicha osmonga ko‘tarilib, yerga tushaveradi deb o‘ylamagin. Balki har bir tomchisi yerning qaysi bir hududi yoki qaysi bir qush, yirtqich, qaysi bir hasharot va qurtga tayin qilinganki, bu Razzoq zotning maxluqlariga mehribonligi va rahm-shafqatining yorqin ifodasidir. Shuningdek, har bir tomchi ustiga ko‘z bilan idrok etilmaydigan ilohiy xat bilan u tomchi falon tog‘ning etagidagi falon qurtning rizqidir va falon vaqt chanqagan paytda yetib boradi, deya yozib qo‘yilgan. Shunga qaramasdan, qattiq sovuqda suvning quyuqlashib, qorga aylanishi va qorning titilgan paxtadek to‘zg‘ishida bitmas-tuganmas ajoyibotlar mavjud. Buning hammasi Jabbor va Qodir zotning fazli Xoliq va Qahhor zotning qahri tufayli bo‘lib, bu amalda hech kim unga sherik bo‘lolmaydi. Balki mo‘min kishilarga u zotning ulug‘ligi va azamatiga itoat qilishgina bor. Haqni inkor etuvchi dahriy kishilar bu ishning zohirini ham tuzuk bilmaydilar, uning sababi va illatini zikr qilishdan nari o‘tmaydilar, xolos.

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 11:03:52

Mag‘rur va johil kishi nima deydi deng: «Albatta suv yerga tushmay qaerga tushsin, chunki u tabiatan og‘ir narsa va ana shu og‘irlik uni yerga tushishga majbur qiladi». Mana shuni o‘zicha kashf qildim deb o‘ylaydi va shuni ilm deb quvonib yuradi. Agar undan tabiiy yoki tabiat degan so‘zning ma’nosi nima va uni kim yaratgan? Suvdagi tabiiy og‘ir bo‘lishlik xususiyatini kim yaratgan? Suv tabiatan og‘ir ekan, daraxt tagiga quyulgan suvni uning tubidan shox va butoqlariga qanday kuch ko‘taradi, deb so‘ra. U bunga tayinli javob berolmaydi.

Suv qanday qilib osmondan pastga tushsin-da, so‘ng daraxt tomirlari orqali asta-sekin ko‘zga ko‘rinmaydigan va bilinmaydigan tarzda yuqoriga ko‘tarilib borsin. Hattoki suv daraxt bargi va yaprog‘iga juda nozik popuksimon tomirlar orqali o‘tib turadi. So‘ng mana shu yaproq bo‘ylab yoyilgan katta tomirlardan mayda tomirlar tarqaydi. Katta tomir anhor bo‘lsa, kichik tomir jilg‘ani eslatadi. Bu jilg‘alardan kichikroq jilg‘alar yoyilgan. Shu tariqa yaproqning hamma sathiga o‘rgimchakning nozik iplaridek tarqalgan tomirlar orqali suv yetib boradi. Yaproq oziqlanishi, o‘sishi va qurib qolmasligi uchun suv zarur. Shu bois yaproq yashil tus olib, yashnab turadi. Boshqa o‘simlik turlari ham xuddi shunday tartibda suv ichadi. Darhaqiqat suv tabiiy ravishda pastga qarab harakat qiladigan bo‘lsa, u qanday qilib tepaga ko‘tariladi? Agar buni bir tortuvchining tortishi tufayli yuzaga keladi, deydigan bo‘lsak, bu tortuvchiga kim bo‘ysundirgan?

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 11:05:58

Johillikning oxirgi nuqtasi oqillikning boshlanish nuqtasidir.

Osmon va yer mulklari, osmonda miltillab turgan yulduzlar alomat-belgilardan yana biridir. Yer, dengiz, havo va undagi har bir jism osmonga nisbatan olganda dengizdagi bir qatra yoki undan ham kichikroq bo‘lib qoladi. Bunga ishonch hosil qilmoqchi bo‘lsang, Alloh taolo o‘z kitobida samovot va yulduzlarni qanday ulug‘laganiga e’tibor qilgin. Alloh taolo aytganidek, Qur’onda bu narsalar nomi bilan kelgan qancha qasamlar mavjud:
Qasamyod etaman (o‘n ikkita) burjlarga ega osmon bilan, (Buruj surasi, 1-oyat)

Osmonlar va Zuhal (yulduzi) bilan kasamyod etaman. (Toriq surasi, 1 oyat)

(Yulduzlar harakat qiladigan) yo‘llar egasi bo‘lmish osmon bilan asamyod etamanki, (Zoriyot surasi, 7-oyat)

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 11:08:37

osmonlar va (Alloh) bino qilgan (boshqa) narsalar bilan, (Shams surasi, 5-oyat)

Qasamyod etaman Quyosh va uning ziyosi bilan, uning (Quyoshning) ortidan kelgan Oy bilan, (Shams surasi, 1-2-oyatlar)

Bas, qasamyod eturman qayta-qayta chiqib (ko‘rinib) turuvchi (yulduzlar) bilan (beshta) yashirinuvchi sayyoralar bilan, o‘z zulmati bilan kelib ketayotgan tun va (otayotgan) tong bilanki,(Takvir surasi, 15-18 -oyatlar)

Botib ketayotgan yulduz bilan qasamyod etamanki, (Najm surasi, 1-oyat)

Men yulduzlarning botish joylari bilan qasamyod eturman — bu (qasam) agar bilsangiz, albatta, buyuk qasamdir.(Voqea surasi, 75-76 oyatlar)

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 11:11:01

Bir tomchi jirkanch nutfaning ajoyib narsa ekanini bilishdan avvalgilar va keyingilar ojiz ekanini bilib olganding. Alloh u bilan qasam ichganki, Alloh qasam ichgan narsani va unga rizq berganini nima deb o‘ylaysan.

Osmonda esa, sizlarning rizqlaringiz (yomg‘ir) va sizlarga va’da qilinayotgan narsa (jannat) bordir.(Zoriyot surasi, 22-oyat)

Bu haqda tafakkur qiluvchilarni maqtab dedi:
Ular turib ham, o‘tirib ham, yotib ham Allohni zikr etadilar va osmonlaru Yerning yaratilishi haqida fikr yuritadilar (va duo qiladilar:) «Ey, Rabbimiz! Bu (koinot)ni behuda yaratmagansan. Sen (ayblardan) pok zotdirsan. Bas, bizni do‘zax azobidan saqlagin! (Oli imron surasi, 191-oyat)

Rasululloh alayhissalom dedilar:
«Bu oyatni o‘qib, u tufayli mo‘ylovini silagan kishiga vayl bo‘lsin». Ya’ni bu oyatdan tafakkur qilmay o‘tib ketish, nazarda tutilgan. Bundan yuz o‘giruvchilarni mazammat qilib dedi:
Osmonni saqlanib turuvchi tom qilib qo‘ydik. Ular (mushriklar) esa, ularning alomatlaridan yuz o‘giruvchidirlar. (Anbiyo surasi, 32-oyat)

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 11:12:47

Butun dengiz va yerning osmonga nisbati qanday bo‘lishi mumkin? Yer va dengiz holati tez-tez o‘zgaruvchidir. Osmon esa tiniq, mustahkam, to vaqti-soati yetgunicha o‘zgarmay turadi. Shuning uchun ham Alloh taolo osmonni qulab tushmaydigan tom, deb atadi:
Tepangizda yetti (qavat) mustahkam (osmonni) bino qildik. (Naba’ surasi, 12-oyat)

(Ey, mushriklar!) Sizlarni yaratish qiyinroqmi yoki osmonlarnimi?! (Bilasizki) Alloh uni bino qildi, qaddini baland qilib bitirdi. (Noziot surasi, 27-28 — oyatlar)

Malokut olamiga qaragin, albatta Qudratli va Jabarut zotning ajoyibotlarini ko‘rasan. Malokut olamiga qarashing ma’nosini unga ko‘z tashlashdan iborat, deb o‘ylama. Oddiy nazar bilan qarasang, osmonning zangori tusi va yulduzlarning xuddi bug‘doy doniga o‘xshab har tomonga sochilib turganidan boshqa narsani ko‘rmaysan.

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 11:13:56

Albatta hayvonlar ham bunda senga sherik bo‘la oladi. Agar ana shu narsa maqsad bo‘lsa, nima uchun Alloh taolo so‘zida Ibrohim alayhissalomni maqtadi:
Shu tarzda Ibrohimga osmonlar va Yerning mulkini (ajoyibotlarini) ko‘rsaturmiz. Chinakam ishonuvchilardan bo‘lishi uchun (shunday qildik). (An’om surasi, 75-oyat)

Ko‘z idrok qiladigan har bir narsani Qur’on "mulk" va "shahodat" deb atadi. Ko‘z idrok qilinmaydigan narsani "g‘ayb" va "malokut" deb atadi. Alloh taolo g‘ayb va shahodatni Bilguvchi, mulk va malokutga Jabbordir.

Biron kishi uning ilmidan biron narsani ihota qila olmaydi, balki u zot xohlagan narsani bila oladi.

(U) g‘aybni biluvchidir. Bas, O’z g‘aybidan biror kimsani xabardor qilmas. Faqat O’zi rozi bo‘lgan (tanlagan) payg‘ambarnigina (ikki dunyoning ba’zi sirlaridan ogoh etar). Bas, albatta, U (Alloh) (har bir payg‘ambarning) oldidan ham, ortidan ham kuzatuvchi (farishta) yo‘llar. (Jin surasi, 26-27 oyatlar)

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 11:14:12

Demak, ey oqil kishi, fikringni malakut olamiga burginki, shoyadki senga osmon eshiklarini ochib bersa. Baski, sen qalbing bilan malakut olami kengliklarida Rahmon arshi huzurida qoim bo‘lgunicha aylanib yurasan. Ana shunda u Umar Ibn Xattob roziyallohu anhuning rutbasiga yetib borishingga umid paydo qilar. Hazrati Umar: «Qalbim Rabbimni ko‘rdi», dedi. Bu nima degani? Aqso (eng uzoq narsa)ga yetib borish faqat adno (eng yaqin narsa)dan o‘tib olgandan keyin hosil bo‘ladi. Senga eng yaqin narsa nafsingdir. Undan keyin sen o‘zing yashab turgan yer, keyin o‘rab turgan havo, keyin nabotot va hayvonot va yer yuzidagi mavjudot, keyin yer bilan osmon orasida muallaq turgan havodagi ajoyib narsalar, keyin yulduzlar, yettiqat osmon, keyin kursi, arsh, undan keyin arshni ko‘tarib turuvchi va osmon qo‘riqchilari-farishtalar turadi. Buni bilgandan keyin arsh va kursi, osmon, yer va ikkisi o‘rtasidagi mavjudot Rabbisini tanish sari o‘tasan. Sen bilan buning orasida ulkan bo‘shliq, ko‘z ilg‘amas masofa va katta to‘siqlar mavjud. Sen hali eng yaqin to‘siq va qiyinchiliklarni oshib o‘tmading. U nafsing nima ekanini bilishdan iborat. So‘ng surbetlik bilan tilingni burro qilib, Robbingni tanishni da’vo qilasan. Shunda sen o‘ylab o‘tirmasdan Robbimni va uning yaratgan maxluqlarini tanigan bo‘lsam, nimaga bilib olgan narsa xususida tafakkur qilishim kerak deb aytasan?

Endi boshingni ko‘targin-da, osmon, yulduzlar va har birining aylanishi, botish va chiqish vaqti va bu vaqtning doimiy o‘zgarib turishi va har biri o‘z yo‘lida harakatda sobit turganiga nazar sol. Sen bu harakatda ozgina xato va o‘zgarishni ko‘rmaysan. Balki hammasi o‘z martaba-manzillarida harakat qilib, Alloh taolo taqdir qilgan vaqt doirasidan chiqmaydi.

Qayd etilgan


Abdullоh  29 Yanvar 2009, 11:14:35

Bundan sen yulduzlar adadi va ularning ko‘pligi, ranglari xilma-xilligi xususida tadabbur qilishga o‘tgin. Ulardan ayrimlari qizg‘ish, airimlari oqish, ayrimlari qo‘rg‘oshin rangga moyil bo‘ladi. So‘ng ularning shakliy holatiga nazar sol. Ba’zi birlari aqrab, ba’zi birlari qo‘zichoq, ho‘kiz, yo‘lbars va ba’zi birlari inson suratiga o‘xshaydi. Yerda biron bir surat bo‘lsa, uning osmonda ham o‘xshashi mavjud. So‘ng quyoshning o‘z o‘qi atrofida bir yil vaqt davomida muntazam aylanishiga qaragin. So‘ng u har kuni kanda qilmasdan chiqib, Yaratuvchi zot taqdir qilgan boshqacha bir yurish bilan botadi. Agar shu quyosh chiqsa-yu, botmaydigan bo‘lsa, albatta kecha va kunduz o‘zgarib, uning aniq vaqtini bilmay qolarding. Tun va kun o‘rin almashib turgani bois tirikchilik vaqti bilan istirohat vaqtini almashtirib qo‘ymaysan.

Qaragin, Alloh taolo qanday qilib biz uchun tunni libos, uyquni rohat, kunduzni tirikchilik uchun vosita qilib qo‘ygan? Kechaning kunduzga, kunduzning kechaga kirishi va har ikkisining o‘ziga xos tartib-qoidaga muvofiq qisqarib-uzayib turganiga diqqat-e’tibor qilgin. Quyoshning belgilangan chiziq bo‘ylab osmon o‘rtasidan o‘tishiga qara. Hatto yoz, qish, bahor va kuz fasllarining almashinib turishi quyoshning qay tariqa o‘tishiga bog‘liq. Agar quyosh yurishda osmon o‘rtasidan pasayadigan bo‘lsa, havo soviydi va qish fasli boshlanadi. Agar osmon o‘rtasiga to‘g‘ri bo‘lsa, issiq kuchayib ketadi. Agar shu ikkisi o‘rtasi bu yurishga muvofiq bo‘lsa, vaqt tenglashadi. Senda bu ajoyibotlardan o‘ndan birini ham sanab hisobiga yetish imkoni yo‘q. Balki maqsad seni fikr qilishga undash va fikr qilmaslikdan ogohlantirishdir. Bir o‘ylab ko‘rginki, sendan juda olis masofada turgan mitti yulduzning paydo bo‘lishi, miqdori, shakli, rangi, muallaq turishi, osmon o‘rtasiga yaqin va uzoqligida Alloh taoloning juda ko‘p hikmatlari mavjud. Bunga biz aytib o‘tgan badaning a’zolarini qiyosla. Negaki, har bir a’zoingda bir hikmat, balki undan ham ko‘p hikmatlar mavjud. Osmon va undagi ishlar bundan ham ulug‘ ma’no kasb etadi. Balki yer olamini osmon olamiga na kattaligi va na ahamiyati jihatidan tenglashtirib bo‘lmas.

Qayd etilgan