Janobi Haq farishtalarini shahvatsiz yaratgan, shuning uchun ular hech qabohat va gunoh qilmaydilar. Hayvonlar esa faqat shahvatli qilib yaratilgandir. Insonga kelsak, insonda ham aql, ham shahvat bor. Inson shahvatga g‘olib kelsa qanday baxt, agar shahvat aqlga g‘olib kelsa, afsus demoqdan boshqa choramiz yo‘q. Biror kishi «musulmonman» desayu, musulmonchilik harom qilgan, man’ qilgan gunohlarni doimiy suratda qilsa, ming afsus. Butun dunyo birlashib ichkilikni madh etsa, falonchi, falonchilar ham ichardi, shunday shon-shavkatlari bor edi, ko‘p yashadilar desalar, barcha tabiblar, kimyogarlar va olimlar ichkilikni madh qilsalar, musulmon bularning hech biriga zarracha quloq tutmaydi. Modomiki, «Alloh taolo kitobida mumkin emas, harom!», dedimi, «men ortiq boshqa so‘z eshitmayman», der. Lekin afsuski, iymon zaifligidan irodasini yo‘qotganlarga ortiqcha so‘zimiz yo‘qdir. Bundaylarning shahvati aqliga g‘olib kelgan, aqli mag‘lub, orzu havasining asiri, endi undan yaxshilik kugab bo‘ladimi?
Alloh taolo butun bashariyatni va alalxusus, musulmon millatini ichkilik ofati va boshqa gunohlardan saqlasin.
Gazetalarda Finlyandiyada ichkilik va sigaretning ta’qiqlangani hakida xabar berildi. Qanday go‘zal ibrat!
Yuqoridagi hadisi sharifda ichkilikning naqadar yomon va zararli ekanligi bildirilgan. Bunda eng muhim masala - buni ta’qiqlagan zot - Alloh taolo hazratlari ekanligidadir. Qo‘rqish lozim. Aslida jahannamni yaratgan Alloh taolodan qo‘rqish kerak. Jannat - mukofot uyi. Jahannam esa jazo uyidir. Ammo ikkalasi ham maxluq (yaratilgan)dir. Olovning yondirishi Alloh taoloning izni bilan bo‘ladi. Agar olov muhaqqaq yondira olsa edi, Ibrohim alayhissalomni kuydirishi kerak edi. Holbuki, unday bo‘lmadi. Haqning amri bilan bir onda «badr va salom» (sovuq va zararsiz) bo‘ldi. Shunday ekan, inson maxluqdan emas, avvalo Xoliqdan qo‘rkishi kerak. Qamoqxonalar ham bir jazo uyidir. Inson doimo u yerga tushmaslikning tadbirini ko‘radi, bashariyat yaratgan qonunlarni doimo hurmat qilishni vazifa deb biladi va qonunlarga muxolif harakatlardan saqlanadi.