Muhammad Zohid Qo'tqu. Mo'minning sifatlari  ( 62057 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 B


AbdulAziz  03 Fevral 2009, 08:45:39

- 19 -
MO’MINNING TAVBASI KO‘P


"Mo‘min gunohiga tavba qilguvchidir. Baxtli kishi shunday kishiki, tavba qilib, afsus-nadomat chekib, vafot etadi". ("œJomi as-sag‘ir" 2\158, roviy hazrati Jobir ibn Abdulloh raziyallohu anhu.)

Mo‘min kishi sodir qilgan har bir xatosiga darhol afsus chekib, pushaymon bo‘lib, pokizalanib, tavba qilguvchidir. Ushbu xatolarning ko‘pligi, doimiy tavba natijasida gunohlarning to‘kilishiga to‘sqin bo‘lolmaydi.

Dinida ma’siyatlar tufayli sodir bo‘lgan yara va yirtiqlarni yirtilgan libosni tikkandek darhol tavbasi bilan tikib, tuzatib, yamog‘ini soladi. Yamoqsiz, yirtiqsiz, toza va dazmollangan libos albatta go‘zal, ammo kiyimlar ba’zi sabablar tufayli yirtilib, so‘kiladi. "œYirtildi, so‘kildi" deb darrov u kiyimni tashlab yubormaymiz, iloji boricha ta’mirlaymiz, kerak bo‘lsa, yamoq solamiz yoki tikuvchiga beramiz. Shunga o‘xshab, gunohlar, xato va kamchiliklar ham tavbayu tazarru’lar bilan bartaraf etiladi.

Insonning qilgan ishlarini yuziga solmoq to‘g‘ri emasligi, avvalgi hadisi shariflarda zikr etildi. Komil zotlar bunday kishilarni umidsizlikka tushirmaydilar, baxtu saodat darajalaridan mahrum etmaydilar. Shuning uchun baxtli kishi tavba qilib, nadomat chekib, vafot etgan insondir, deyilmoqda. Haq subhanahu va taolo bizlarni ham haqiqiy tavba va nadomat bilan, zikru tasbih, qiroati Qur’on, namozu niyoz, iymon va Islom birla oxiratga rihlat etguvchi bandalardan qilsin.

Bir inson qanchalik kirlansa ham, kirligi tufayli  inson qatoridan chiqib qolmaydi. Uni kir-chir inson deyishadi, xolos. Ammo qachonki hammomda yaxshilab yuvinib taransa, pokiza liboslar kiysa, eski holatiga qaytadi va chiroyli bir inson bo‘ladi. Kufr ish qilmagan bo‘lsa, halolni harom, haromni halol demagan bo‘lsa, mo‘min kishi gunohlari tufayli darhol kofir bo‘lib qolmaydi. Hatto kufrdan qaytib, tavba qilsa, ahli jannat bo‘lishi ham mumkin. Bu sababdan, tajalliylarga e’tibor ber, birovga yomon ko‘z bilan qarama! Inson o‘zining qay bir tajalliyda jon berishini bilolmaydi. Oqibati noma’lum. Bandalarning qalblari yo Jalol, yo Jamol tajalliylari orasida bo‘lib, bu har vaqt o‘zgarishi mumkin. Ba’zan Jalol Jamolga, Jamol ersa Jalolga o‘zgaradi. Shuning uchun hammaga yaxshi ko‘z bilan qaragil!

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Fevral 2009, 08:47:09

- 20 -
MO’MINNING HAR QANDAY HOLI FOYDADIR


"Mo‘min kishi manfaatli kishidir. Uning har bir ishi senga naf keltiradi. Agar u bilan maslahatlashsang, senga nafi tegadi. Agar u bilan hamkorlik-sherikchilik qilsang, bu ham senga foyda keltiradi. Mo‘min kishining har bir ishi va xatti-harakati manfaatdir". ("œJomi as-sag‘ir" 2\158, hazrati Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhumo rivoyat qilganlar.)

Mo‘min kishi qanchalik faqir va zaif bo‘lmasin, u har qanday holda manfaat ustidadir. Ya’ni boshqalarga har tomonlama foydasi tegadigan, lekin hech kimga ziyoni yetmaydigan kishidir. U boshqalarning foydasini ko‘zlaydi, boshqalarning manfaati uchun xizmat qiladi. Haqiqiy mo‘min ana shunday bo‘lishi kerak. Bunday kishilar bilan safarga chiqsang, undan faqat foyda ko‘rasan. Senga aslo yuk bo‘lmaydi. Haqlarining poymol etilishiga yo‘l qo‘ymaydi. Agar u bilan maslahatlashmoqchi bo‘lsang, senga foydali bo‘lgan fikr aytadi. O’zi qaysi ishni to‘g‘ri deb bilsa, senga o‘sha ishni o‘rgatadi, senga foydali bo‘lishni xohlaydi.

Shuningdek, u bilan biror ishda hamkorlik qilsang, tamoman foyda-manfaatga ega bo‘lasan. O’z haqqi bilan sening manfaating uchun ham harakat qiladi. Hamkori yosh bo‘lsa, "Uning pulga ehtiyoji bor" deb o‘z haqidan ortiqroq beradi. Agar keksa bo‘lsa, "Bundan buyon bu odam ishlay olmaydi, unga yordam berish kerak", deb uning uchun ham himmatini ayamaydi.

Mo‘min kishi har jihatdan, har narsada, har sohada foyda-manfaatdan xoli emas. Mana shunday mo‘min bo‘la olmoq davlatini Haq barchamizga nasib etsin.

"Insonlarning yaxshisi boshqalarga foydalirog‘idir",  Jobir ibn Abdulloh raziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisi sharifdagi insonlarning xayrlisi degani, yetuk va komil bir mo‘min deganidir. Shunday bo‘lgach, albatta foydali bir inson bo‘ladi. Aksincha, insonlarning yomoni esa, boshqalarga zarari tegadiganidir

Hazrat Vojibul vujudning shu qadar ko‘p tajalliyoti borki, sanab yetish imkonsizdir. Shuning uchun har bir inson Haq  taoloning boshqa-boshqa tajalliysiga muvaffaqdir. Agar mo‘minlar har doim bir tajalliyning muyassari bo‘lsalar, dunyoning mazasi qolmas edi. Alloh bandalarining har biriga alohida-alohida kasb-hunarlarni, savdolarni, bilimlarni, muhitlarni, shaharlarni sevdirish orqali tajalliyni lutf qilgan.

Haqiqiy musulmonlar yaxshi-yomon, oson-qiyin, pullik-pulsiz ishlarda ham birday o‘z ishlarini sevib-sevib bajaradilar va istiqomat qilayotgan joylari-yu ishlaridan mamnun bo‘laveradilar. Hatto issiq-sovuq muhitlar, tog‘-adir bo‘lsin, shu turgan joylariga ham rozi bo‘lib, qilayotgan ishlarida sabotli bo‘ladilar. Agar hamma bir hunar, bir tijorat, bir ilmga berilganda edi, doim bir xil ish yoki maslak bilan shug‘ullanganlari uchun ko‘plari bekor qolib, dunyoning taraqqiyoti va madaniyati bugungidek har sohada rivojlangan bo‘lmas edi. Demak, barchasida Allohning boshqa-boshqa hikmatlari, tajalliylari mavjud, bandasining vazifasi: har qanday holga rozi bo‘lib, shukr qilishdir. Yaratgan Alloh barchamizni O’zi rozi bo‘lgan amallarni bajarish chog‘ida jon beradigan bandalaridan qilsin!

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Fevral 2009, 08:52:14

- 21 -
MO’MIN SHIDDATLI VA HIDDATLI EMAS


"Mo‘minlar yumshoq tabiatli bo‘ladilar. Xuddi tuyaning bo‘yniga o‘xshaydilar. Yetaklasang, ergashaveradi, toshning ustiga cho‘ktirsang ham, cho‘kaveradi". ("œJomi as-sag‘ir" 2\158, hazrati Ibn Umar raziyallohu anhumo rivoyat qilganlar).

Yuqorida ham zikr etilgan "Mo‘min kishi yumshoq, muloyim, soddadir. Hatto soddaligi tufayli uni ahmoq deb hisoblaydilar" hadisi sharifida tilga olingan mo‘minning "hayyin" va "layyin" sifatlari bu hadisda jam’ qilib aytilgan. Mo‘min kishilar ega bo‘lmog‘i lozim bo‘lgan bu ikki sifat: hayyin — viqorli, sokin, keng fikrli; layyin — yumshoq, muloyim, chaqqon, sifatlari juda muhimdir. Balki, qattiqlik, shiddat, hiddat, g‘azab insonni ba’zi bir orzu-maqsadlariga erishtirar, lekin oqibati yomondir. Chunki barcha maxluqotlarda bo‘lganidek, xususan insonlarda ham  bunday yomon fe’llarga qarshi nafrat, adovat bor. Hech kim shiddatga, hiddatga dosh berolmaydi, doimo unga qarshi chiqadi. Bu sifatlarga ega bo‘lgan odamlar tufayli boshqalarga tafriqa, xafagarchilik, janjallar, ba’zan o‘lim ham yetib turadi. Holbuki, Islomdan, iymondan kutilgan narsa bu emas.

Islom insonlarning baxtu saodatini ko‘zlagan adolatli bir dindir. U  jamiyatda go‘zal hayot kechirish uchun lozim bo‘lgan sifatlarni tavsiya etadi. O’sha fazilatlar bilan xulqlanib, jannatga kirishni taklif etadi. Tabiiyki, u jannatda ko‘zlar ko‘rmagan, quloqlar eshitmagan, xayollarga kelmagan, behisob, bitmas-tuganmas, eskirmas, buzilmas, har luqmasi, har yutumi o‘zgacha lazzatlarga boy bo‘lgan turfa xil ne’matlar bor. Ular ana shu go‘zal axloq egalariga va’da qilingan. Ular jannatda abadiy, ham-tashvishsiz hayotga erishgaylar, eng muhimi Haq subhanahu va taoloning jamolini ko‘rishga muyassar bo‘lgaylar.

Turli balo-yu ofatlardan, ham tashvishlardan iborat bu qisqa va o‘tkinchi dunyoning aldoqchi zavqlariga berilmay, borliq podshosi va Uning mahbubi Rasuli akram sallallohu alayhi vasallam ko‘rsatgan eng go‘zal va ma’qul yo‘ldan adashmay, sabru toqat, matonat ila go‘zal sifatlarni egallab, jannat va jamoli ilohiyani mushohada etishga umid qilish va intilish lozimdir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Fevral 2009, 08:52:43

Yumshoqlik, muloyimlik dunyo va dunyo ishlariga oid, lekin din va diniy xususlarga munosib emas. Inson dunyosi uchun yumshoq bo‘lib, lekin dini uchun tog‘ misoli mustahkam, cho‘yandek metin, marmar kabi qattiq bo‘lishi lozim. Shuning uchun ham hazrati Umar roziyallohu anhu aytibdilarki: "Men dinda toshdan ham qattiqman". Ba’zi buyuklarimiz aytganlar: "Tog‘larni o‘ymoq, teshmoq, qo‘pormoq mumkin, lekin mo‘min kishini dinidan zarracha ajratib bo‘lmaydi". Bir mo‘min fidokorlik uchun molini, hatto jonini ham berar, lekin dinidan hech narsa bermaydi.

Yumshoqlik, soddalik, musomaha asosan dunyoviy ishlarga muvofiqligini tuyaning misolida ko‘rish mumkin. Arablarning mashhur hayvoni, jonivorlar sarasi bo‘lgan tuya - fitratan juda ajoyib yaratilgan bo‘lib, insonga doimo itoatda. Ko‘rsatilgan joyga cho‘kadi. Nimaga undasangiz, bajaradi. Holbuki, bir aravani taxta ko‘prikdan, loydan, so‘qmoqlardan o‘tkazish naqadar qiyin ish. Tuya esa boshqacha jonzot. Shuning uchun mo‘min kishining holi tuyaga o‘xshatilgan. Qarang, tuyaning oyoqlari yumshoqligidan yerga bosilgan sayin yoyiladi, ayniqsa qumda qiynalmay yuradi. Boshqa hayvonlar bunday emas. Buning ustiga  tuya suvsizlikka chidamli. Og‘ir yuklar tashiydi. Sabru qanoat qiladi, shunga qaramay, bahaybat vujudi ozgina yemish bilan to‘yadi. U juda aqlli hayvon, bir marta yurgan yo‘lini eslab qoladi. Ma’lumki, arab cho‘llarida hali ham yo‘llar qurilmagan. Bugun hatto haydovchilarimiz yo‘llarini yo‘qotib qo‘ymoqdalar. Lekin tuyalar u bepoyon cho‘llarda yo‘llarini yo‘qotmay, manzil sari to‘g‘ri yetib boradilar. Shu sababli Qur’oni karimda "Tuyaga qaramaysizmi? "deya uning xilqatidagi zakovat, sabr-bardosh, qanoat va boshqa ajoyib sifatlari zarbulmasal qilingan.

Alloh mo‘minlarni yengillik, yumshoqlik sifatlari bilan eslaydi. Bu ikki xislat axloqi hasana - go‘zal xulqlardandir. Qur’oni karimda ham bu ikki axloq madh etilgan. Habibi adib payg‘ambarimizning go‘zal, yumshoq muomalalari soyasida zamonasining johil va razil qalbli insonlari, u zotning atrofida jam bo‘lishib, iymonu Islomga musharraf bo‘lishdi. Bu din yo‘lida hatto jonlarini fido etishdan qaytmadilar. Holbuki, agar payg‘ambar qattiq qalbli bo‘lsa edi, mazkur yaxshiliklarning hech biri sodir bo‘lmagan bo‘lardi. Chunonchi, fir’avnlar boshqalarga nisbatan shiddatli bo‘lganlari sababli muvaffaqiyat qozonolmaganlar, ulardan bir necha ehromlar va la’natga sazovor bo‘lgan qisqa tarixlaridan bo‘lak hech qanday meros qolmagan.

"Nam bo‘lmaki, qisilgaysan, quruq bo‘lmaki, singaysan" misoli kabi Luqmoni Hakimning o‘g‘liga qilgan nasihatidagi "Lazzatli bo‘lma, yutilgaysan, achchiq bo‘lma, otilgaysan" maqolida ham hikmat bor. Ya’ni o‘ta yumshoqlik ham, o‘ta qattiqlik ham maqbul emas, vaziyatga qarab ish ko‘rish, munosabat bildirish eng to‘g‘risidir.

 "Amallarning eng xayrlisi o‘rtachasidir" hadisidagi qoidaga ko‘ra, sog‘lom aql egasiga ifrot (haddan oshish) va tafrit (loqaydlik, e’tiborsizlik) hech bir holatda, hech bir so‘zda va amalda munosib emas. Har ishning o‘rtachasi maqbul va maqtovga loyiqdir. Mo‘mindagi yumshoqlikdan murod — g‘aflatga qarshi o‘laroq, yaxshilikka moyi qalb maylidir. Shuning uchun "tobe bo‘lish istalganda darhol bo‘ysunadi" deyilgan. Tuyaga qaerni ko‘rsatsangiz, o‘sha yerga cho‘kadi, bu o‘xshatishdan murod — mo‘minning yengillik va yumshoqlik sifatlari nazarda tutilmoqdaki, Rasululloh sallallohi alayhi vasallamning yo‘llariga, amr va qaytariqlariga itoat etishda bu xislatning naqadar ahamiyatli ekanligiga e’tibor bersinlar. Parvardigori olam barchamizni o‘ziga taslim va itoat etuvchi, o‘rtacha yo‘l tutuvchi bandalaridan qilsin, omin.

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Fevral 2009, 08:54:28

- 22 -
MO’MIN VAZIFASINI BEKAMU KO’ST BAJARADI


"Musulmonlar bir jonu bir tan kabidirlar. Agar a’zolaridan birortasi dard cheksa, qolgan butun jasadi unga bedorlik bilan hamdard bo‘ladi. Mo‘min kishilar ham bitta vujud kabidirlar. Agar uning boshi og‘risa, hamma yog‘i og‘riydi va agar ko‘zi og‘risa ham uning hamma yog‘i dard chekadi". ("œRamuz al-ahodis" 236\2; roviy hazrati No‘mon ibn Bashir raziyallohu anhu.)

Musulmon kishi tanasining haqqi va ehtiyojlarini ado etgani kabi birodarlarining ham haq-huquqlariga rioya qilishi kerak.

Mo‘min-musulmonlar bir-birlariga rahmu shafqat, marhamat qilishlari, yordam berishlari, ularning mushtarak vazifalaridan bo‘lib, bu yordam gunoh ishlarda emas, balki haq va iymon yo‘lida bo‘lishi lozim, albatta. Kasallarni ziyorat qilish, mo‘minlarning janozalarida qatnashish, muhtoj mo‘minlarga imkon qadar himmat qo‘lini uzatish, xizmatchisidan tortib qo‘ni-qo‘shni, qavmu qarindosh, yoru birodarlar, hatto hayvon va parrandalarning ham haqlariga rioya qilish - mo‘min kishi to‘la-to‘kis bajarishi zarur bo‘lgan amallardandir. Chunonchi, tanamizdagi har bir a’zoning o‘z vazifasi bor. Agar bir a’zo ishdan chiqsa, vujud salkam yaroqsiz holga keladi. Bir nechtasi ishdan chiqsa-chi? Masalan, ko‘z ko‘rmasa, quloq eshitmasa, qo‘l-oyoq ishlamay qolsa, bu vujudning ne qiymati bor?

Har bir a’zoning o‘ziga yarasha vazifasi bo‘lganligidan bir-birining o‘rnini bosolmaydi. Biz bu a’zolarning qadriga yetib, haqlarini ado etmog‘imiz, shukrini keltirmog‘imiz lozim. Musulmon kishining ko‘z og‘riganda malham qo‘yish zarurati tug‘ilgani kabi, boshqa odamlarning ham haqqini ado etish vazifasi bor. Har bir inson o‘zi mas’ul bo‘lgan vazifasini bekamu ko‘st bajarishi bilan jamiyatda uyg‘unlik paydo bo‘ladi. Aks holda birgina a’zoning shikastlanishi bilan tana zaiflashgani kabi jamiyat ham mutanosiblikni yo‘qotadi, zaiflashadi.

Insonlar ustida vazifani to‘g‘ri bajarishga harakat qilish iymon va Islomning talabidir. Keksalarni, ayniqsa ota-onani alohida e’tibor bilan hurmat qilish, kichiklarga shafqat, marhamatini ayamaslik, muboh va gunoh bo‘lmagan xususlarda oqsoqollarga bo‘ysunib, o‘zaro birlikni saqlash, ushbu hadisning talablaridir. Agar jamiyatning o‘zagini tashkil etuvchi a’zolarning ittifoqi mustahkam bo‘lsa, hamma bir-biriga insoniy va birodarlik yordam qo‘lini cho‘zadi, bir-biridan hol-ahvol so‘raydi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Fevral 2009, 08:57:09

Islomning ilk davrlarida farzandlar ota yoki ona vafot etishini musibat deb bilmas edilar. Chunki atrofidagi musulmonlar ularga yordam qo‘lini cho‘zganlar, lutf-ehsonlar qilganlar. Ular bu yaxshiliklarning ayrimlarini hayot davrlarida, hatto ota-onalaridan ham ko‘rmagan edilar. Mana shu narsa ham musulmonlikdagi o‘zaro hamjihatlikning yorqin namunasidir.

O’zaro mehru muhabbat, marhamat, lutfu ehson va yordamlashuvning noqisligi Islom hamjihatligining zaifligi yoki umuman mavjud emasligining belgisidir. Chunonchi, bir binodagi tosh, temir, taxta, qum, tsement va boshqa moddalar bir-biri bilan mahkam chirmashib turar ekan, bino ham mustahkam demakdir. Qachonki ularning o‘zaro bog‘liqligiga putur yetguday bo‘lsa, tosh, temir, qum bir-biridan ajrala boshlasa, u mustahkam bino yemirilishga yuz tutadi. Shunga o‘xshab, mo‘min kishilar ham bir-birlaridan uzoqlashsalar, parokanda bo‘lsalar, hamma o‘zi bilan o‘zi ovora bo‘lsa, o‘sha bino singari vayron bo‘ladi.

Sevimli Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallamning "Iymon ahli bir tan, bir jondir"  hadisi shariflari ham bunga yorqin dalildir. Bizlar o‘zaro jipslashsak, ittifoq bo‘lsak, ana shundagina hurriyatga, shonu sharafimizga erishamiz. Aksincha, iymon va Islom birdamligi zoe bo‘lsa, hamma o‘z nafsini o‘ylayversa, o‘zgalarga qul-asir bo‘lib, ozodlik ne’matidan mahrumligimizcha qolaveramiz. Zolimlar bizni insoniy hududlardan chiqib ketishga majbur qiladi.

Rasululloh sallallohu alayhi vasallam aytadilarki:
 "Insonlarga shunday bir zamon (oxirzamon) keladiki, mo‘min kishi qo‘ydan ham tubanlashadi". ("œJomi as-sag‘ir" 2\178, Hazrati Anas ibn Molik raziyallohu anhu rivoyat qilganlar). Qo‘y cho‘ponning qo‘lida qanchalik zabun, mahkum va nochor bo‘lsa, mo‘min kishi ham iymon va Islomning haqiqatini yo‘qotdimi, bas, ongsiz jonivor-qo‘yga aylanadi. Do‘stini so‘ysalar ham, parvoyi palak, o‘tlab yuraveradi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Fevral 2009, 09:06:02

Aziz birodar! Insonning bir a’zosini biron sababdan kesmoqchi yoki jarrohlik qilmoqchi bo‘lsalar, xastalangan a’zoga og‘riqni sezdirmaydigan igna uriladi. Shundan keyin u a’zo tanadagi boshqa a’zolardan butunlay ajraladi, hech bir a’zo unga hamdardlik bildirmaydi va nihoyat kesiladi. Ushbu a’zolardagi asab tolalarini o‘ldirish bilan badan og‘riq sezmaydi. Sezgi hissining o‘ldirilishi bilan ma’naviyatning o‘ldirilishi orasida hech farq yo‘q. Biri modda bilan o‘ldiriladi, ikkinchisi ruhiy tuyg‘ular orqali.

Alloh taoloning borligi va birligiga, kitoblariga, payg‘ambarlariga, oxirat kuniga, qayta tirilishga, jannat va jahannamga, mezonga, sirotga ishonmaslik, Qur’oni karimning buyruqlari va Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning sunnati saniyyasiga ergashmaslik yoki inkor etish tufayli bandaning ruhi butkul sinadi. Iymon va Islom tushunchalarini idrok etish shuuridan ham mahrum bo‘ladi. Ruhiy-ma’naviy hissi tamoman o‘ladi. Ana shunda qo‘li yoki oyog‘i kesilganda og‘riq sezmaydigan bemorga aylanadi. Alloh saqlasin!  Ma’lum vaqtdan so‘ng bemor o‘ziga keladi. Og‘riqlarni his eta boshlaydi. Ammo asl ruhiyatini yo‘qotgan bechoraning o‘ziga kelishi, g‘aflatni tark etib iymonga yopishishi, hayotda kam uchraydigan o‘limdan qutulib qolgan ba’zi bemorlar kabidir.

Qur’oni karimda dinsiz, iymonsiz kimsalar eng tuban kimsalar deb sifatlangan: "œ...Kofir kimsalar jahannam o‘tida bo‘lib, o‘sha joyda mangu qolurlar! Ana o‘shalar eng yomon maxluqdirlar". Endi bunday bedin, beiymonlarning orqasidan ergashganlarga nima deyish kerakligini o‘zingiz ayting?

Mo‘min-musulmonlar qanchalik tarqoq, bir-birlaridan qay daraja uzoq bo‘lmasin, ular baribir yakvujuddirlar. Bir-birlarining yordamiga shoshish, bir-birlarini har taraflama muhofaza qilish barcha musulmonlarning bo‘ynidagi vazifadir. Bir insonning qo‘li yoki boshqa joyi kesilsa, qattiq og‘riydi. Bu og‘riq, kesilgan a’zodagi birlikning buzilishidan kelib chiqadi. Chunki kesilgan a’zo ikkiga bo‘linadi. Yara bitgunga qadar davom etgan og‘riq yaraning bitishi va yangidan birlashuvi natijasida yo‘qoladi. Darhaqiqat, quvvat birlikdadir. Chunki Islomning asosi yakka e’tiqod - tavhiddir: La ilaha illalloh, Muhammadur rasululloh. Alloh taolo barchamizni bu yo‘ldan adashtirmasin!

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Fevral 2009, 09:08:18

- 23 -
KUCHLI MO’MIN ZAIF  MO’MINDAN YAXSHIROQ


"œShubhasiz, kuchli-quvvatli bir mo‘min yaxshidir. U Allohga zaif bir mo‘mindan ko‘ra sevikliroqdir. Ammo har bir mo‘minda ham xayr-yaxshilik bor. Sen o‘zingga foyda beradigan narsani mahkam tut, Allohdan madad so‘ra. Agar boshingga biror musibat yetsa, ojizlik, zaiflik qilma. Zinhor: "œAgar bunday qilganimda edi, unday bo‘lardi, bunday bo‘lardi" dema. "œAlloh shuni taqdir qilibdi, U nimani istasa, shuni qiladi" deb ayt. Agar shunday qilmasang, shaytonning vasvasasiga eshiklarni ochib bergan bo‘lasan". ("œRamuz al-ahodis" 230\11.)

Hazrati Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qilgan bu hadis xayr-yaxshilik faqatgina kuchli mo‘minda mavjud, degan tushunchani bartaraf etadi. Chunki hadisda ta’kidlanganidek, kuchli yoki kuchsiz iymon egasi bo‘lsin, ikkovi ham yaxshi. Sementga qum qo‘shilganda jipslashuv, birdamlik hosil bo‘lgani kabi.

Shu sababli, sen o‘zingga foyda beradigan xususlarga mahkam yopish. Chin dildan Alloh taologa mehr qo‘y va bu e’tiqodingni hech susaytirma. Agar boshingga yaxshilik yoki musibat kelsa, sevinsang ham, qayg‘ursang ham zinhor "Agar unday qilganimda, shunday bo‘lardi, bunday qilganimda edi boshimga shu balo kelmasdi... " kabi so‘zlarni tilga olma. Eng yaxshisi "Alloh taoloning taqdiri shunday ekan, Alloh shuni xohlabdi", desang bo‘lgani. Chunki hayotda yaxshilik ham, yomonlik ham Allohdan. Har qanday holda uning taqdiriga rozi bo‘lish — bandaning vazifasi. Shu yo‘l orqali har xil vasvasalardan qutulgan bo‘lasan. Chunki "agar" kalimasi ishlatilsa, shaytoni lainning barcha vasvasa eshiklari ochiladi. Shu bois mo‘min kishilar doimiy huzur - halovat paytida, taqdirga rozi bo‘lgan holda afsuslanib, "œshunday qilsaydik", deya savobli ishlar qilolmaganlarini izhor etsalar, makruh emas, deyiladi.

Mo‘minlarning iymoni kuchli yo kuchsiz bo‘lishidan qat’i nazar, xayr-yaxshilik doim ular bilan birgadir. Mo‘min kishi doim dunyo va oxiratga foydali bo‘lgan narsalarni izlab topib, uni bajarishi lozim. Ammo bu harakatni yolg‘iz o‘zi uddalay olmaydi. Albatta, Allohning hidoyati, inoyati, tavfiqi shart. Buning uchun har joyda, har vaqtda Allohga sig‘inmoq, unga iltijo qilmoq bandaning bosh vazifalaridandir. Agar buni bajarmasa, oqibatda muvaffaqiyatga erishmoqning hech imkoni yo‘q. Hayotingda ojizlik sezsang, u sening xatoingdir. Sen Allohni qidir, top va undan hech qachon umidingni uzma! Iloji boricha, Unga astoydil suyan, qolganidan qo‘rqma! U o‘ziga ixlos bilan tavakkul qilganlarni aslo yolg‘iz tashlab qo‘ymaydi. U Shafiq va Rahiymdir. Lutfu ehsoni bitmas-tuganmasdir. Muvaffaqiyatsizlikka uchrab: "Oh, koshki shunday qilganimda edi, bunday bo‘lardi..." deb afsuslanma, o‘tgan ishga salovat, vassalom.

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Fevral 2009, 09:11:25

-24-
MO’MIN O’TMISH VA KELAJAKDAN QO’RQUVDADIR


"Mo‘min banda ikki xavf o‘rtasidadir. Birinchisi: o‘tgan gunohlaridan qo‘rqadiki, ularni Alloh nima qilganini bilmaydi. Ikkinchisi: umrining qolgan qismida boshiga nima halokatlar kelishini bilmaydi". ("œRamuz al-ahodis" 230\15, roviy  hazrati Ibn Muborak raziyallohu anhu.)

Bunday ikki xavf orasida turgan mo‘min, shubhasiz, dunyo hayotiga iltifot etmaydi. Iymoni salomat bo‘lishi uchun qayg‘uradigan mo‘min, faqat Haqqa yolvorish va sig‘inishgina saodat ekanini anglab, jahannam azobi va Allohning g‘azabiga uchramaslik uchun zo‘r berib harakat qiladi. Ertadan kechgacha kayfu safo surish bilan umrini o‘tkazadigan, oxirat haqida o‘ylamaydigan kishi hech qachon komil va yetuk musulmon bo‘lolmaydi.

Hukm va taqdiriga rozi bo‘lmaganlarga buyuk Alloh: "Kim mening taqdirimga rozi bo‘lmasa, yuborgn baloimga sabr qilmasa, o‘ziga mendan boshqa ma’bud qidirsin", deb o‘z hukmini e’lon qilganki, bu  banda uchun juda katta tahdid, qo‘rqinchli va ayni paytda buyuk haqiqatdir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Fevral 2009, 09:19:36

-25-
MO’MINDA YOLG’ON VA XIYONAT BO’LMAYDI


"Mo‘min kishi yolg‘on va xiyonatdan boshqa barcha xulqqa tobe bo‘lishi mumkin.". ("œRamuz al-ahodis" 231\9, hazrati Abdulloh ibn Abi Avfa raziyallohu anhu rivoyat qilganlar.)

Fitriy-yaratilish jihatidan olib qarasak, mo‘minda axloqning barcha turlari, jumladan, har xil yomon xulqlarga ham ega bo‘lishi mumkin. Ammo uning tabiatida yolg‘on bilan xiyonat bo‘lishi mumkin emas. Bu ikki axloq har bir inson uchun katta qusur va qabohatdir. Har qanday kishi uchun bu ikki axloq kabohat ekan, demak mo‘min kishiga aslo yarashmaydi. Chunki iymon kirgan qalbga yolg‘on va xiyonat sig‘maydi. Biri kelsa boshqasi chiqib ketadi. Shuning uchun ham mo‘min to‘g‘rilik va vafodorlikni sevadi, boshqalarni ham shunga chaqiradi. Shak-shubhasiz, mo‘min kishi Janobi Haq huzurida ham to‘g‘riligi va aminligi bois yuksak darajalarga erishadi.

Har namozda Haq taolodan Siroti mustaqimni - to‘g‘ri yo‘lni so‘raymiz. To‘g‘ri yo‘lda bo‘lgan kishini Alloh hech qachon xor qilmas. To‘g‘rilik jannatdagi bir daraxtga o‘xshatiladi. Kimda-kim yer yuziga yoyilgan bu to‘g‘rilik daraxti shoxlaridan birini mahkam tutsa, u shox uni to‘g‘ri jannatga eltadi. Aksincha, yolg‘on - ildizi jahannamda joylashgan bir daraxtdir. Kim yolg‘onchilik qilsa, qilgan yolg‘oni uni do‘zaxga eltadi. Xiyonat va yolg‘onchilik faqatgina ba’zi adashgan qavmlarning fe’lidir.

Shu bois bolalarimizni to‘g‘ri tarbiyalashga e’tibor beraylik. Bu yo‘l — Siroti mustaqim payg‘ambarlarning yo‘lidir. Muhammad Mustafo sallallohu alayhi vasallamning yo‘lidir. Bu yo‘l g‘azabga duchor bo‘lgan, adashgan bandalarning yo‘lidan boshqacha yo‘l. Biz ham Alloh taolodan barchamizni mana shu yo‘lga yo‘llashini va to‘g‘rilikni tutib, undan ayrilmaydigan bandalari qatorida qilishini so‘raymiz.

Qayd etilgan