Muhammad Zohid Qo'tqu. Mo'minning sifatlari  ( 62053 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 B


AbdulAziz  03 Fevral 2009, 09:20:17

- 26 -
MO’MINNING MO‘MINGA BAG’RI KENG


"Mo‘minning yelkasi yumshoq bo‘ladi, birodariga kenglik qiladi, munofiq esa to‘ngdir, birodariga tanglik qiladi. Mo‘min avval salom beradi, munofiq esa menga salom bersin deb turaveradi". ("œRamuz al-ahodis" 231\10.)

Hazrati Anas ibn Molik raziyallohu anhu rivoyat qilgan bu hadisi sharifdagi "layyinul mankabi" lafzi bilan mo‘minning yelkalari yumshoq bo‘lishi aytilmoqda, ya’ni juz’iy  (bo‘lak) zikri bilan kulliy (butun) murod hosil qilinmoqda. Chunki insonning biron-bir jihatini, bitta xususiyatini zikr qilish bilan uning butun xislati ko‘zda tutiladi. Mo‘min doimo yumshoq tabiatli, kirishimli, keng kishidir. Biron majlisda o‘tirar ekan, yangi kelgan odamga joy berish uchun harakatga tushadi, unga joy beradi. O’zi bezovta bo‘lsa-da, birodari tik turmasligi uchun harakat qiladi.

Bu sifatning go‘zalligi, ayniqsa, hajda yaqqol seziladi. Ba’zi hojilar joy topolmayotganini ko‘rgach, uni darhol yoniga chaqiradilar, qiyinchiliklarini bartaraf etishga ko‘maklashadilar. Aksincha, ba’zilar imkoni bo‘lsa ham, bezovta bo‘lmaslik uchun har xil bahona ko‘rsatib, oyoqda tik turib qolgan birodarlari o‘z yonlariga o‘tirishini istamaydilar. Mo‘min bilan munofiq shu zaylda ma’lum bo‘ladi. Chunki, mo‘min birodariga doimo kenglik qiladi, joy beradi. Munofiq esa, aksincha, o‘zidan uzoqlashtiradi, mashaqqatda qoldiradi. Zero, siz yonidan joy bergan birodaringizni yaxshi ko‘rishga majbursiz, sizning tashvishingiz bilan ishi yo‘qlarga esa hech qachon mehr qo‘yolmaysiz. Mana bu hol mo‘min kim-u munofiq kimligini ko‘rsatadi.

Mo‘min birodarini ko‘rsa birinchi bo‘lib salom beradi va tabassum qiladi. Munofiq esa salom berishda taraddudlanadi, kibru havosi yo‘l bermay, ro‘parasidagidan salom kutadi. Unga salom berilmagunicha salom bermaydi. Bu odat orqali mo‘min va munofiq osongina ma’lum bo‘ladi. Haq taolo barchamizga mo‘minlarga yarashadigan go‘zal fe’l-atvor va tabiatlardan nasib etsin va yomon, yaramas xulqlardan muhofaza qilsin.

"Bukrini go‘r tuzatadi" maqolining naqadar hikmatli ekanini ta’riflashga zarurat bo‘lmasa kerak. Uzoq vaqtlar mobaynida ko‘nikilgan yomon odatlar va tarbiyalarni isloh etish uchun solih insonlar bo‘lish kerak.

Bir odam ulug‘lardan bir zotni uyiga dasturxonga taklif qilibdi, birgalashib yo‘lga tushishibdi. Uyiga yaqinlashgach, taklif qilgan kishi bir bahona bilan u zotni qaytarib yuboribdi. Keyin yana borib, uzr so‘rab, yana taklif etibdi. Bechora yumshoq ko‘ngilli zot uning orqasidan uyigacha kelibdi. Taklif qilgan odam yana bir bahona ro‘kach qilib, hazratni qaytaribdi. Bu o‘yin besh daf’a takrorlanibdi, u muhtaram zot hech birisida: "Nima qilyapsan o‘zi, men bilan o‘ynashyapsanmi?" demabdi.

Nihoyat, taklif qiluvchi odam hazratning qo‘lini o‘pib, unga murid bo‘lmoqni so‘rabdi: "Taqsir, men buni sizning kim ekanligingizni bilish uchun qildim va tushundimki, siz haqiqiy murshid ekansiz" debdi. U zot esa: "Noto‘g‘ri fahmlabsan, mening yumshoqligim yaxshi  insonligimga dalolat qilmaydi. Ko‘rmaysanmi, bir itni necha marta quvsang ham, keyin yana chaqirsang, kelaveradi. Bu bir itning tabiatidir", deb favqulodda kamtarlik ko‘rsatgan ekan. Mana, ulug‘larimiz o‘zlaridagi yaxshi fe’llardan aslo g‘ururlanmaganlar. Va mana shu kamtarliklari bilan yanada yuksak oliyjanoblik namoyon etib, qabohatli qalblarning isloh topishiga sabab bo‘lganlar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Fevral 2009, 09:20:53

-27-
MO’MIN QACHON FARISHTALARDAN AFZAL BO‘LADI?


"Mo‘min kishi besh yomonlik o‘rtasidadir: mo‘min birodari unga hasad qiladi, munofiq uni yomon ko‘radi, kofir uni o‘ldirish payida bo‘ladi, nafs unga qarshi turadi, shayton uni yo‘ldan ozdiradi". ("œRamuz al-ahodis" 231\11, roviy  hazrati Anas ibn Molik raziyallohu anhu.)

Mo‘min kishining farishtalardan afzalligining sabablaridan biri uning besh dushman o‘rtasida g‘olib turib, iymonini muhofaza etishidir. Birinchisi, iymoni zaif bir mo‘min Haqning taqsimiga rozi bo‘lmay, boshqa bir mo‘min birodari erishgan ne’matlarga hasad qiladi va uni ranjitadi. Holbuki, hasad hasadgo‘yga hech narsa berolmaydi, aksincha, undagi savobu yaxshiliklarni ketkazadi. Olov o‘tinni yondirib tugatgani kabi, hasad solih amallarning savoblarini mahv etadi, oxiratda qo‘liga bir narsa kirmaydi. Mo‘min esa bularga sabr bilan javob beradi.

Mo‘minning ikkinchi dushmani - munofiqdir. U ham mo‘min uchun bir balo, so‘zini tinglamaydi, nasihatini qabul qilmaydi; mo‘minga nisbatan nafrat va g‘azabi har doim oshib boraveradi. Mo‘min ham unga qarshi kurashaveradi.

Bularning ustiga, uchinchi dushman kofir bo‘lib, mo‘minning asosiy raqibidir. Kofir doimo mo‘minga qarshi kurashadi. Urushlar insoniyatga katta falokatlar yog‘dirishi ma’lum. Ayniqsa, bugungi urushlar. Shuning uchun tinimsiz o‘qimoq, shijoat ko‘rsatib, boshqalarning asiri bo‘lmaslik uchun kecha-kunduz harakat qilmoq va ularga bas kela oladigan darajada ustivorlikka erishmoq ham iymonimiz taqozosi, ham Kitobimiz hukmidir. Musulmonlar bu xususda mas’uldirlar. Shu mas’uliyatni his qilib, diniy ilmlarni o‘rganish barobarida dunyoviy ilmlarni ham kasb etib, zamonaviy harb jihozlarini ishlab chiqarish, askarlarni shijoatli, matonatli qilib tarbiyalash, sabr bilan g‘alaba qozongunga qadar kurashish mo‘minning vazifasidir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Fevral 2009, 09:21:36

Mo‘minning yuqoridagilardan ham xavfliroq bo‘lgan yana bir dushmani bor. U o‘z NAFSIdir. Turli-tuman o‘yin, hiylalar bilan mo‘minni yo‘ldan adashtirishga va gunohlar tomon yetaklashga, imkoni boricha iymonini ham olishga harakat qiluvchi yashirin, ko‘rinmaydigan, lekin isloh etish mumkin bo‘lgan nafs bor. Boshqa dushmanlar bilan sulh tuzib, tinch yashash mumkin, ammo bunisi bilan hech qanday sulh tuzib bo‘lmaydi. U yetti boshli ajdahodan ham battar. Nafsini tarbiya qilgan muhtaram zotlar bilan do‘stlik qurilsa, nafsni birmuncha isloh etish mumkin bo‘ladi. Turfa navli daraxtlar payvand qilinib, yaxshi bir nav hosil bo‘lganida, inson tabiatidagi yaxshiliklarni yuzaga chiqarishning nega imkoni bo‘lmasin? Insonning bir murshidi komilga bog‘lanishi, unga itoat qilishi nafsiga qarshi bir quroldir. Buni unutmaslik kerak.

Binobarin, payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sallallohu alayhi vasallamga payrav, izdosh bo‘lgan insonlar qisqa vaqt mobaynida buyuk bir qudrat va salohiyat kasb etib, dunyoga ilm-ma’rifat tarqatdilar va bundan keyin ham shunday bo‘lishiga zarracha shubhamiz yo‘q. Ma’lumki, nafsning yetti bosqichi bor, dastlabki uchtasi juda tahlikali va ayanchlidir. Alloh saqlasin, inson nafsning birinchi va ikkinchi, hatto uchinchi bosqichida bo‘lgan paytida joni uzilgudek bo‘lsa, keyingi hayoti og‘irdir. Chunki bu bosqichlarda nafs faqatgina yomonlikka mayl etadi va islohi ham mushkuldir.

Birinchi bosqich "ammora" deyiladi. Uning ishi faqat yomonlikka buyurishdir. Bu maqomda tavbayu istig‘for bilan toat-ibodatda mahkam turgan inson keyingi maqom - "lavvoma" bosqichiga o‘tadi va bunda bir daraja yuksaladi. Ammo nafsning istagi "ammora"da bo‘ladi, fursat topdim deguncha "ammora"ga qaytadi. Inson bu bosqichda ham nafsni yengsa, "mulhima"ga o‘tadi. Bu maqomda nafs bir daraja ko‘tarilsa-da, hali ishonch yo‘q. Chunki bunda ham u eski holiga intiladi. Biroz tizginni bo‘sh qo‘ysangiz, darhol "lavvoma"ga, undan esa "ammora"ga o‘tib ketaveradi. Agar "mulhima"dagi kurashda inson nafsining jilovini tuta bilsa, nafsi "mutmainna"ga o‘tadi va unda halovat topadi. Ammo baribir uni tinch qo‘yishmaydi. Inson umri davomida bular bilan kurashishga majbur. Nafsi buzuqlar, haq-huquqni bilmaganlar nafs asorati ostida jon beradilar. Holbuki, nafsning asoratida qolish kofirlar asoratida qolishdan ko‘ra xavfliroqdir. Ovro‘po o‘lkalarida millionlab mo‘min-musulmonlar bor. U yerlarda har kim ibodatini xohlaganicha qilaveradi. Holbuki, inson nafsining asiri bo‘lib qolsa, xoh Ka’bada bo‘lsin, xoh Madinai munavvarada bo‘lsin, kofir holida qolaveradi, Alloh asrasin!

Beshinchi dushman esa ko‘z bilan ko‘rilmas, qo‘l bilan tutilmas shaytoni laindir. Haq taolo uning bizga dushmanligini Qur’oni Karimda "œAlbatta, shayton sizning ochiq dushmaningizdir" deb bildirgan. Shaytonni faqat Alloh taoloning zikri qo‘rqitadi. Banda Allohning zikri bilan mashg‘ul ekan, shayton uning yoniga yaqinlasha olmaydi. Uni haq yo‘lidan ham ozdira olmaydi. Allohning zikridan  g‘ofil bo‘lgan bandalarni shayton o‘z tuzog‘iga tezda ilintiradi. Shunday ekan, har bir mo‘min doimo Allohning zikrida bo‘lmoqligi naqadar buyuk saodat!

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Fevral 2009, 09:22:22

-28-
MO’MIN DUNYODA G’ARIBDAY

 
"œMo‘minning uyi — qamish, yemagi — ushoq, usti-boshi parishon, sochi to‘zg‘igan, qalbi esa Allohdan qo‘rquvdadir. Fikru zikri bu dunyo ko‘prigidan yaxshilik bilan salomat o‘tmoqdir". ("œRamuz al-ahodis" 231\12, roviy hazrati Anas ibn Molik raziyallohu anhu.)

Mazkur hadisi sharifdagi "œSalomatligini hech narsaga almashtirmaydi" degan jumlani hazrati Abdulaziz Bekkina al-Qozoniy quddisallohu sirruhu "œFikru zikri bu dunyo ko‘prigidan yaxshilik bilan salomat o‘tmoqdir" deb tarjima qilganlar. Ya’ni mo‘min kishi oxirat uchun bo‘lgan salomatligini dunyo matohlaridan hech narsaga almashtirmaydi: o‘z iymoni, taqvosi, ibodatini salomat saqlashga urinadi.

"œZeb-ziynatga ahamiyat bermaslik iymondandir. Zeb-ziynatga ahamiyat bermaslik iymondandir. Zeb-ziynatga ahamiyat bermaslik iymondandir". ("œRamuz al-ahodis" 194\8, hazrati Abdulloh ibn Abu Umoma raziyallohu anhu otasidan rivoyat qilganlar.)

Bu hadisi shariflarda komil va yetuk mo‘minlarning holi yanada oshkora tilga olingan. Mo‘min kishi dunyo va dunyoviy lazzatlarning o‘tkinchi ekanini biladi va hayotning biror lazzatiga ahamiyat bermaydi. Mo‘minning butun dardi va fikru zikri Parvardigoridir. U Allohga oshiq va Uning oxiratdagi lazzatli, boqiy ne’matlarini, jamoli ilohiysini mushohada etadi. Mushohada etiladigan joy esa jannatdir. Banda qaerda bu mushohadaga erishsa, o‘sha yer uning jannatidir. Shu bois, dunyoda ekan bu mushohadalarning dunyoviy tajalliylariga erishgach, uning nazarida uy-joy, mol-mulk, zavqu safo, lazzatli taomlarning qiymati qolmaydi. Hatto usti-boshini tuzatishga, soch-soqolini tarashga ham vaqt topolmay qoladi. Fikri zikri, dardu iztirobi faqat Parvardigorida bo‘ladi. Doim Uning roziligini o‘ylaydigan bo‘lib qoladi. Boshqa zavq-safolar uning nazaridan qoladi. Qalbi xavf va qo‘rquv bilan to‘ladi. Mo‘min qanchalik zohid bo‘lishiga qaramay, ibodatda farishtalardan ham ustun bo‘lib, taqvodor bo‘lishiga qaramay, Rabbisidan qo‘rquv uzra bo‘ladi. Uning xavf va rajo (qo‘rquv va umid) orasida turishi eng katta fazilatdir. Bunga hech qanday xusus teng kelolmaydi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Fevral 2009, 09:22:56

Shu qadar bebaho va mislsiz bir ne’matni qo‘yib, dunyoning o‘tkinchi lazzatlarini tanlash aqldanmi? Bularga aldanganlar ummatning ma’nan ko‘r va basiratdan mahrum zaifu notavonlaridir. Iymonlari kuchli va komil bo‘lganlar, bolalar aldanadigan bunday foniy narsalarga iltifot etib, aziz va qimmatli umrlarini zoe etishni istamaydilar. Shu tufyi umrlarini faqat ulug‘ Mavlomizga itoat, ibodat va rizoyi ilohiyga erishmoq bilan o‘tkazadilar. Ular bunday iymon quvvati bilan o‘limdan ham qo‘rqmaydilar. Shahodat uchun doim tayyor turadilar. Musulmonlar ana shunday iymon sababli har doim dushmanlari ustidan g‘olib kelganlar. Chunki ular yordam faqat Allohdan kelishiga qat’iy ishonganlar. Shuning uchun moddaga katta ahamiyat bermaganlar va har qanday imkon, quvvat va ustunliklarga ega bo‘lgan dushmanlariga ham bo‘yin egmaganlar.

Mo‘min o‘zini sovuqdan, issiqdan, qor va yomg‘irdan, yovning yomon ko‘zidan saqlaydigan bir uyga ega bo‘lsa, kifoya. Qornini to‘yg‘azish uchun u turli-tuman lazzatli taomlar izlab yurmaydi. Umrining aksar qismini ro‘za tutish bilan o‘tkazadi, shu bilan birga, bir burda non yeyish bilan qornini to‘yg‘azadi. Chunki me’dasi u qadar katta emas. Qanoatkor bo‘lish bilan birga hirsi va ochko‘zligi ham yo‘q. Shuhratli, namoyishkorona liboslardan hech zavqlanmaydi. Chunki ular ayni vaqtda insonga ujb va kibr singari chirkin va yomon fe’llarni olib keladi. Insonning o‘zi buning farqiga bormay qoladi. Shu bois sochini tarash va bezanish uning odati emas. Buning uchun vaqtini ketkazishni istamaydi ham.

Bular biz uchun juda muhim ko‘rinib, uylarimiz haddan ziyod zamonaviy qulayliklarga mos, aslida hech narsaga yaramaydigan, faqatgina egasini kibrli va mag‘rur qiladigan zeb-ziynatlar bo‘lib, huzuri ilohiyda va Rasululloh nazdida ham maqbul va marg‘ub emas, shuningdek, bir qancha keraksiz, ortiqcha xarajatlarga sabab bo‘lishi barchaga ma’lum. Yetuk mo‘min har doim mo‘min birodarini o‘zidan ko‘ra ko‘proq o‘ylaydi, uning muhtojlikda qolishidan aslo rozi bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘zi ne’matdan har tomonlama foydalanib, qanoat hosil qilgach, ortganini mo‘min birodarining uy-joyi va bola-chaqasining baxti uchun sarflaydi, o‘zidan ko‘ra birodarini afzal ko‘rib, unga yordam beradi. O’zi muhtoj bo‘lsa ham ahamiyati yo‘q, dastlab birodarini o‘ylaydi, unga yordam berish uchun chopadi. Shuning uchun o‘zi turli xil bezakli ashyolarga ehtiyoj sezmaydi. Ehtiyoji yo‘q deb ham bo‘lmaydi, ehtiyoji bor, ammo birodarlarini o‘zidan ustun ko‘rgani bois o‘z haqi va orzularini ular uchun tark etib, mag‘firati ilohiyaga, ulug‘vor darajalarga erishishga harakat qiladi. Hadisi sharifda:

"œHar qanday kishining g‘ayri shar’iy shahvati ortsa, lekin u shahvatini tark etib, nafsiga hokim bo‘lsa, Alloh u bandasini mag‘firat etadi" ("œRamuz al-ahodis" 183\1, hazrati Ibn Umar raziyallohu anhumo rivoyat qilganlar.) deyiladi. Shunday bo‘lgach, barcha mo‘minlar yiqilmas bir qal’a kabi bir-birlariga yopishgan minoradek bo‘ladilar...

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Fevral 2009, 09:25:14

-29-
MO’MIN ALLOHNING SUYUKLISI


"Mo‘minning tilidan farishta so‘zlaydi. Kofirning tilidan  shayton so‘zlaydi. Mo‘min Allohning suyuklisidir. Mo‘minning ishini Alloh hal etadi". ("œRamuz al-ahodis" 231\13, roviy hazrati Anas ibn Molik raziyallohu anhu.)

Allohning huzurida mo‘min ba’zi farishtalardan ham afzal ekaniga asos shuki, Haq taolo uni doimo qo‘riqlash uchun uning har bir a’zosiga bittadan farishtani muvakkil qilgan. Masalan, ko‘zining muhofazasi uchun, quloqlarining qo‘riqlanishi uchun, og‘zimiz, oshqozon, ichak, buyrak, yurak va xususan tilimizda ham bir malak bo‘lib, bu malakning ilhomi bilan turli xizmatlar qilinishi, aytilishi va bildirilishi mumkin bo‘ladi.

Banda shu asnoda Haqning turli ne’matlariga shukr qiladi, qachonki, o‘sha malak mo‘minga yaqinlashsa, shukri va ma’rifati ziyodalashib, Allohga yaqinligi ortadi. Xato va gunohlariga darhol pushaymon bo‘ladi, nadomat cheka boshlaydi, shu orqali yanglish yo‘llardan uzoqlashib, Haq visoli tomon yo‘l izlaydi. Bu malaklar vositasida bandaning qalbi rohatlanadi, huzur-halovatda yashaydi. Natijada, komil mo‘min dunyoda ham jannat timsoli hayotini davom ettiradi, o‘ziga berilgan ne’matlarga shukr qiladi, o‘tgan gunohlari uchun tili doim istig‘fordan bo‘shamaydi. Shu asnoda gunohlari o‘chiriladi, solih amallari to‘lib-toshib ketadi.

Kofirlar esa, aksincha, tilida malak emas, Haqqa irshod ham emas, balki pastkashligi tufayli butlarga, Allohning butsifat qullariga sig‘inganlari uchun Haqning nafratiga sazovor bo‘ladilar. Chunki ularning tillarida o‘tirgan shaytonlar ularga kufr va zalolat yo‘llarini bildirib, Alloh taoloning ne’matlarini, kuch-qudratini inkor etishga intiladilar. Qachonki, shayton kofirlarga yaqinlashsa, ularning qaysarligi, kufru isyonlari ortib boraveradi. La’nati shaytonga mubtalo bo‘lmaslik uchun mo‘minlar Allohning zikridan hargiz g‘ofil bo‘lmasliklari zarur. Zero, iymon va zikrullohning nuriga shaytonning bardoshi yetmaydi, darhol u yerdan qochadi. Azoni Muhammadiy o‘qilganida, takbir keltirilganida ham zikrning nuriga chidolmay, yonib kul bo‘lmaslik uchun qochishdan boshqa chorasi qolmaydi.

Mo‘min Allohning do‘stidir. Alloh o‘z do‘stiga dunyo va oxiratda ko‘zlari ko‘rmagan ne’matlar ehson qiladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Fevral 2009, 09:27:00

-30-
MO’MIN DO’STINI O’ZIDAN USTUN KO’RADI

 
   "œMo‘min kishi dunyoda g‘arib kabidir. Dunyoning lazzatlariga u iltifot etmaydi. Dunyoda o‘zini xor tutadi. Insonlar maqbul ko‘radigan hol, tavozu’ sababi bilan, unda ko‘rinmaydi. Uning shunday bir holi bordirki, bu hol boshqa insonlarni rohatlantiradi. Ammo shu sababdan uning o‘z vujudi mashaqqatdadir". ("œRamuz al-ahodis" 231\15, Bahr bobosidan, u kishi ham otasidan raziyallohu anhumo rivoyat qilganlar.)

Komil va yetuk mo‘minlar dunyoda g‘arib kabidirlar. Vatandan yiroqdagi kishini g‘arib deydilar. G’arib inson garchand ko‘zlari bo‘lsa-da, xuddi ko‘r kishiga o‘xshatilgan. Mo‘min g‘arib kabi bo‘lgach, ko‘zi ko‘r kabidir. Dunyoga nazar tashlab, unga aldanadigan holda emas. U doim botin olamidadir. Shu bois zehni kuchli. Eshitganlarini unutmaydi. Hatto bir marta gaplashgan kishilarini ancha vaqt o‘tgandan keyin ham ovozlaridan taniydi. Shu kabi mo‘minning ichki dunyosi, basirati juda kuchli, zehni o‘tkir, farosati quvvatli bo‘ladi. Fikr-mulohazalari ko‘pincha to‘g‘ri chiqadi. Vatanini tark etib, borgan joyida ham muqim bo‘la olmagan g‘arib inson u joyni ham vatan qila olmaydi. Shunga o‘xshab mo‘min ham qaerda bo‘lishidan qat’i nazar, bu dunyo ne’matlariga e’tibor bermaydi.

Mo‘min ham ko‘nikkan odatlarini tark etib, zuhdga berilib, dunyoda o‘zini Mavlosidan uzoqlashtiruvchi hamma narsadan voz kechib, asl vatani bo‘lgan oxiratga yuz burganidan, bu dunyoning zavqu safolariga iltifot etmaydi. Zero, oxirat saltanatining dunyoviy lazzatlarga aslo o‘xshamasligini yaxshi biladi. Foniydan ko‘ra boqiyni tanlaganidan u g‘arib kabidir. Masalan, hajga yoki boshqa bir ziyorat maqsadid yo‘lga chiqqan inson, vaqtini yo‘llarda behuda o‘tkazishni istaydimi? Yo‘q, aslo! U faqat manziliga tezroq yetib borishni o‘ylaydi. Shuning uchun mo‘min dunyoning biror izzati bilan oshnolik qilmaydi va qila olmaydi. Chunki izzatparastlikning oxiri voydir. Bu esa har doim ko‘zimiz o‘ngida namoyon bo‘lib turibdi. Mana, sultonlar, hukmdorlar, vaziru vuzarolarning oqibatlari barchamizga ma’lum. Bularning har biri ibrat lavhasidir. Haqiqiy mo‘min dunyoda boshiga kelgan zillatlar tufayli faryodu fihon chekmaydi. Dod-faryod solishga zarurat sezmaydi.

   Insonlarning shunday hollari borki, uni iqbol deydilar. U esa dunyoda aziz bo‘lmoq va nafsini izzatga loyiq deb da’vo qilmoqdir. Mo‘min kishining o‘z holi borki, uning ko‘zi o‘ngida dunyoning sariq chaqalik qiymati yo‘q. Shu bois mo‘min hech kimni xafa qilmaydi. Insonlar undan farohat ko‘radilar. Unga nisbatan hech qanday andishalari bo‘lmaydi. Har qanday holda undan xotirjam bo‘ladilar.

Holbuki, insonlar dunyoda mo‘minlarga xos bu soddalikni ixtiyor etmaganlari bois, har qancha izzat-ikromda ko‘rinsalar-da, xorlikdan aslo qutula olmaydilar. Shuning uchun komil mo‘minlar faqatgina dunyoning zillatini va oxiratning izzatini ixtiyor etganlari uchun vujudlari zohiran mashaqqat chekayotgandek ko‘rinadi, aslida esa botin olamida rohat, zavq va surur ichida bo‘ladilar. Janobi Fayyozi Mutlaq barchamizni ahli kamolga oshno va o‘zimizni ham komil mo‘minlardan bo‘lishimizni nasib aylasin.

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Fevral 2009, 09:27:41

-31-
MO’MIN OILAPARVARDIR


"Mo‘min kishi oilasining xohish-ra’yiga qarab yeb-ichadi, munofiq esa shahvatining ixtiyoriga qarab yeb-ichadi". ("œRamuz al-ahodis" 231\16, roviy hazrati Abu Umoma raziyallohu anhu.)

Komil va yetuk mo‘min - nafsi ammorasini yenggan, mutmainnalik maqomiga erishgan, nafsining orzulari tamoman so‘nib-bitgan mo‘min bo‘lib, oila a’zolari orasida mukammal turmush kechiradi. U o‘z xonadonida ichki ishlar vaziri kabidir. Uy ishlarida va yeb-ichish masalasida doim ayolining istaklariga muvofiq harakat qiladi. Ishtahasi bo‘lmasa-da, ayoli tayyorlagan taomni maqtab yeydi.

Aksincha, munofiq nafsi xohlagan narsani olib keladi, nafsiga ko‘ra ovqat pishirtiradi, o‘z jonining huzurini o‘ylaydi. Ayolining xohishiga, ra’yiga qaramaydi. Faqat nafsi va shahvatining qoniqishini o‘ylaydi. Bu munofiqlarga xos sifatdir. Shu bois, biroz insof bilan harakat qilinadigan bo‘lsa, eng to‘g‘ri tutilgan yo‘l ayolining istak-mayliga qarashdir. Chunki u xohlagan taomlarning tayyorlanishiga ruxsat berish ham mo‘minlik,  ham komillik belgisidir. Shu yo‘l bilan oilada tinchlik-totuvlik, huzur-halovat saqlangan bo‘ladi. Farzandlarimiz ham bizlardan o‘rnak oladilar, yaxshi inson bo‘lib etishadilar. Musulmonman deganlar qanday baxtli, saodatli insonlardir!

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Fevral 2009, 09:28:44

-32-
MO’MIN ALLOHNING NURI BILAN QARAYDI


"œMo‘min kishi o‘z yaratuvchisi bo‘lmish Allohning nuri bilan qaraydi". ("œRamuz al-ahodis" 231\17, hazrati Ibn Abbos va Abu Umoma raziyallohu anhumo rivoyat qilganlar.)

Haqiqiy mo‘min - ruhoniyati nafsidan holib kelgan kishidir. U har nimaga boqsa, o‘sha ashyoning botiniy jihatlarini ko‘radi, ya’ni ma’no-mohiyatiga yetadi. Ashyoning nima uchun yaratilgani va nimaga yaroqliligini yaxshi biladi. Alloh taolo Odam alayhissalomga bu ne’matni berarkan:  "œVa U zot Odamga barcha narsalarning ismlarini o‘rgatdi"  sirriga noil qilgandi.

Uning avlodi bo‘lgan mo‘minlar bu ne’matdan foydalanib kelmoqdalar. Yuqorida tilga olingan hadisi sharifda ta’kidlanganidek, mo‘minlar bir narsaga boqar ekanlar, yagona yaratuvchi Allohning nuri bilan nazar soladilar. Ya’ni ilohiy nur-la porlagan qalb ko‘zlari ila boqadilarki, biz buni basirat deymiz. Shu bois ko‘pincha ularning fikr-mulohazalari to‘g‘ri chiqadi. Ular o‘z qarashlarida adashmaganlari-dek, ularning fikr-qarashlari boshqalarni ham adashtirmaydi. Chunki ularning ko‘ngillari munavvar bo‘lgani uchun oynadek tiniqlashib, musaffolashgan.

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam va boshqa payg‘ambarlar alayhimussalomning, qolaversa, ummati Muhammad orasidagi mumtoz zotlarning kashfu karomatlari hamda qimmatli fikr-qarashlaridan bunga ko‘plab misollar keltirish mumkin. Chunonchi, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning barcha g‘azotlardagi shahidlarning ismlarini nomma-nom va soatlarigacha aytishlari, Madinadagi jome’ minbaridan turib hazrati Umar raziyallohu anhuning ajamlar bilan jang qilayotgan qo‘mondonga toqqa chekinishini tayinlaganlari haqiqatdir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Fevral 2009, 09:30:00

Biz Alloh lutf etgan bu ilohiy nurni nafsimizga asir bo‘lganimiz tufayli zang bostirdik, foydalanib bo‘lmaydigan holatga keltirib qo‘ydik. Kema, tayyora kabi zirhli transportlar, radar, uyali aloqa, radio, televizion singari kundalik ehtiyojlarni ijod etishni insonga nasib qilgan qodir Alloh solih bandasiga bunday ilohiy ne’mat ato etolmaydimi? o‘zligimizda bunday ilohiy ehsonlar mavjud bo‘lsa-yu, lekin nafsimizga qul bo‘lib, dunyoning o‘tkinchi lazzatiga aldanib, bu ne’matlardan bebahra qolib, hayotdan ko‘z yumsak, naqadar badbaxt kimsalar bo‘lmaymizmi?!

Aziz va muhtaram birodarim! Zinhor sen dinsiz va g‘ofillarning so‘ziga quloq solib, Haqning rizosidan tashqariga chiqma va o‘zingdagi mavjud bu nurdan foydalanib, dunyo va oxirat saodatini qo‘lga kiritishga harakat qil! Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning yo‘lidan qat’iyan chiqma! Chunki bu nurlar sunnatga rioya qilingan taqdirdagina kashf bo‘lib, undan foydalanishing mumkin. Aks holda, Alloh va rasulining yo‘lidan chiqsang, bu nur so‘nadi va sen bu ne’matni zoe qilganing uchun oxiratda jazosini ko‘rasan.

Ulug‘larimiz bu nurlarni shunday ta’riflaydilar: insondagi qalb, ruh, sir, xafiy va axfo latoifalarida bu nurlar sariq, qizil, oq, qora va yashil ranglarda jilolanadi. Banda axloqi zamima -- yomon xulqdan batamom xalos bo‘lmagunicha ko‘rinmaydigan bu nurlar, faqatgina axloqi hamida -- go‘zal xulqqa erishgan komil insonda zohir bo‘ladi. Insondagi besh moddaga muqobil ravishda yaratilgan bu besh ruhoniy tuyg‘ular besh maqom ham deyiladi. Bu haqda tasavvuf kitoblarida batafsil ma’lumot olishingiz mumkin.

Qayd etilgan