O'g'lim Musomurod! Bu imtihon olamida banda Rabbisidan kelganlarga rozi bo'lsa, Rabbisi ham undan xushnud bo'ladi. Shu sabab bu oyati karimada Alloh:
"Ey, xotirjam-sokin jon, sen (Alloh ato etgan ne'matlardan) rozi bo'lgan (va Alloh taolo tomonidan sening amallaringdan) rozi bo'lgan holda Parvardigoring (huzuri)ga qayt! Bas, solih bandalarim qatoriga kirgin va Mening jannatimga kirgin!" — deydi. Mana, o'g'lim Musomurod, qul Xoliqdan kelgan hamma narsaga rozi bo'lsa, Alloh ham qulidan rozi bo'ladi.
Musomurod! Sevikli Payg'ambarimiz(s.a.v.) ham bu kishilarni duo qilib:
"Allohning rahmati yog'ilsin shu kishiga; nafsini yengdi, qalbini pokiza qildi, Allohning ne'matlariga shukr etdi, qazoga rozi bo’ldi", deya marhamat qilganlar.
— O'g’lim Musomurod! Bu muborak so'z bizning hayotimiz uchun yagona dasturdir. Inson nafsini kirlatadigan yomon so'zlar va amallardan o'zini tiyib, dilini pokiza tu¬tib, Allohning ne'matlariga shukr qilsa, Haqdan kelganiga rozi bo'lsa, "ROZIYATAN MARZIYYATAN" oyati karimasiga ko'ra qul Haqdan, Haq ham qulidan rozi bo'ladi. Allohning rizoligiga erishib, katta xazinaga ega bo'ladi. Zotan, barcha buyuklarimiz go'zal axloqli edilar.
O'g'lim Musomurod! Kimdir: "Banda Rabbisidan qachon rozi bo'ladi?" deya so'raganida: "Qul Allohdan ne'mat kelgan paytda xushnud bo'lganidek, musibat kelganida ham Rabbimdan keldi deb qabul qiladi. Xatosini o'ylaydi, tuzatishga harakat etadi", deya javob berilibdi.
O'g'lim! Alloh rizoligini topganlar yuksak darajaga erishadi. Nafslarini yomonliklardan asrab, yaxshilik qilishga shoshiladilar.