ABU AYYUBNING MEHMONLARI
Ibn Abbosdan, roziyallohu anhu: "œBir kuni Abu Bakr kunning eng issiq paytida uyidan chiqib masjidga keldi. Buni eshitgan Umar ham masjidga keldi va Abu Bakrdan:
— Bu issiqda uydan chiqishing boisi nedir? — deb so‘radi.
— Vallohi, dahshatli ochlikdan boshqa sababi yo‘q, — dedi Abu Bakr.
Shu payt Rasuli akram, sollallohu alayhi va sallam, keldilar va ulardan:
— Bu soatda tashqarida nima ishingiz bor? — deya so‘radilar.
— Yo Rasulalloh, bizni bu paytda uydan chiqargan faqat ochlikdir, — dedilar.
Nabiy, sollallohu alayhi va sallam:
— Hayotim izmida bo‘lgan Allohga qasamki, mening ham uydan chiqishimning sababi shundan boshqa narsa emas. Yuringlar, Abu Ayyub Ansoriyning uyiga boraylik, — dedilar.
Abu Ayyub Ansoriy, roziyallohu anhu, har kuni Janobi Payg‘ambarimiznikiga biror yegulik yoxud sut olib kelardi. O‘sha kuni kech qolgan, biror narsa keltirmay, xurmozorlarida ishlash uchun uyidan chiqqan edi. Payg‘ambarimiz do‘stlari bilan uning eshigi oldiga kelganlarida, ayoli quvonib:
— Allohning Payg‘ambari va u zotning sheriklari, xush kelibsiz, — dedi.
Payg‘ambarimiz:
— Abu Ayyub qaerda? — deb so‘raganlaridanoq, Abu Ayyub Sarvari olamning ovozlarini eshitib, yugurib keldi va:
— Allohning Payg‘ambari va Ul zot bilan birga kelganlar, marhabo! Yo Rasulalloh, siz bunday paytda hech aylanmas edingiz? — dedi.
— To‘g‘ri aytasan, — deya marhamat qildilar Sarvari olam.
Abu Ayyub bog‘iga qaytib kirdi va qurigan, ho‘l va yetilgan uch xil xurmodan keltirdi.
— Yo Rasulalloh, yeysizlar deya har uch xilidan terib keldim. Endi bir mol ham so‘yaman.
Nabiy, sollallohu alayhi va sallam, aytdilar:
— So‘ymoqchi bo‘lsang, sog’iladiganlaridan so‘yma.
Abu Ayyub bir uloq so‘ydi va xotiniga:
— Bizga tez ovqat tayyorlagin, — dedi.
Uloqning yarmini pishirib, yarmidan kabob qildi. Ovqat mehmonlarning oldiga qo‘yilgach, Payg‘ambarimiz, sollallohu alayhi va sallam, bir parcha go‘shtni bir nonning ustiga qo‘yib, Abu Ayyubga:
— Buni Fotimaga olib bor. Zero, necha kundan beri ular ham bunday bir taom yeyishmagan, — dedilar.
Abu Ayyub taomni Fotima onamizga olib bordi. O‘rtoqlari bilan ovqatni yeb to‘ygach, Rasuli akramning, sollallohu alayhi va sallam, ko‘zlari yoshlanib:
— Non, go‘sht va xilma-xil xurmolar... Allohga qasamki, bular qiyomat kuni hisobi beriladigan ne’matlardir, — dedilar. So‘ngra bu so‘zlaridan ashobning andishalanganini ko‘rgach:
— Biroq bunday ne’matlarni yeyishdan oldin: "œBismilloh", deng va to‘ygach: "œBizni to‘ydirgan va biz loyiq bo‘lmagan ne’matlarni bizga ehson etgan Allohga hamd bo‘lsin", deb ayting. Zero, bu ne’matning shukronasi bo‘ladi, — deya marhamat qildilar.
Rasulullohning, sollallohu alayhi va sallam, bir odatlari bor edi. Birovdan ko‘rgan yaxshilikni sira javobsiz qoldirmas edilar. Abu Ayyubnnig uyidan chiqarkan, unga:
— Ertaga biznikiga bor, — dedilar.
Biroq Abu Ayyub bu so‘zni eshitmagani uchun Umar, roziyallohu anhu, unga:
— Janobimiz ertaga uylariga borishingni buyurmoqdalar, — dedi.
Ertasi kuni Abu Ayyubga Rasululloh, sollallohu alayhi va sallam, bir joriyani hadya qildilar va joriyaga yaxshi munosabatda bo‘lishini tavsiya etib:
— Biz bu joriyadan faqatgina yaxshilik ko‘rdik, — deya marhamat qildilar.
Abu Ayyub: "œJanobi Payg‘ambarimizning tavsiyalariga faqat bu joriyani ozod etib amal qila olaman", dedi va uni ozod qilib yubordi».