Abdulloh Murod. Qalbimizning nuri  ( 49012 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 B


AbdulAziz  05 Fevral 2009, 09:24:30

HAZRATI UMARNING O‘GITLARI

"œShu yulduzlar ilmidan sizga quruqlik va suv qorong’uliklarida yo‘l ko‘rsatuvchi bo‘ladigan darajada, tarix ilmidan esa xalqaro munosabatlardan xabardor etadigan miqdorda o‘rganingiz.
Qur’onga g’ilof, ilmga manba bo‘ling. Allohdan kunlik rizqingizni so‘rang.
Gunohlariga pushaymon qiladiganlar bilan oshno bo‘ling. Zero, ularning qalbi har narsadan yupqadir.
Allohdan qo‘rqqan kimsa jahl qilmaydi va xohlagan har ishini bajaravermaydi. Agar oxirat bo‘lmasa edi, dunyoni bu tarzda ko‘rmas edingiz.
Haqdan ayrilmangki, sizga haq egalarining joyi ko‘rsatilgay. Har doim faqat haqiqat bilan hukm eting...»

Qayd etilgan


AbdulAziz  05 Fevral 2009, 09:25:48

USMON IBN AFFONNING O‘GITLARI

Badr ibn Usmon, roziyallohu anhu, amakilaridan rivoyat qiladi:
"œUsmon ibn Affon, roziyallohu anhu, xalifa etib saylangach, masjidga chiqdi. Nihoyatda xafahol va yuzlari so‘lg’in edi. Rasulullohning, sollallohu alayhi va sallam, minbarlariga chiqib, Allohga hamd, Payg‘ambarimizga salovot aytgach, shunday dedi:
— Siz o‘tkinchi bir hayot uyidasiz va umringizning qolgan qismi ham o‘tishini kutmoqdasiz. Shu holda hanuz o‘lim kelmay turib, ishlarning eng afzalini qilib olishga shoshiling. Bir qarabsizki, kutilmagan bir soatda ushlanib qolasiz. Unutmangki, bu dunyo yolg‘on va aldov ustiga bino bo‘lgan.
"œBas, sizlarni dunyo hayoti sira aldab qo‘ymasin va sizlarni aldamchi (shayton) Alloh (kechiraveradi, degan aldov) bilan aldab qo‘ymasin" (Luqmon, 33, mazmuni).
Sizdan avval o‘tgan kimsalarning holidan ibrat oling. So‘ng sa’y-harakat qiling va g’aflatda qolmang. Zero, siz g’aflatga tushib qolsangiz hamki, ishlaringizni hisob-kitob qilishda sira g’aflatga tushilmaydi. Dunyoda ekinlar ekib-o‘rgan, baland koshonalar qurgan va uzoq vaqt zavqu safo surgan dunyoning o‘g’illari, birodarlari bugun qaerda? Dunyo ularni yutib yubormadimi? Jalil Alloh dunyoga naqadar ahamiyat bermaganidek, siz ham shunday unga berilmang. Oxirat uchun harakat qiling. Alloh subqanahu va taolo dunyo hayoti haqida shunday tamsil qilgan: "œ(Ey Muhammad, odamlarga) dunyo hayoti misolini keltiring. (U) xuddi suv kabidirki, Biz uni osmondan yog’dirgach, (bahorda) u sababli yer o‘simliklari (bir-biriga) aralashib (qalinlashib) ketur, so‘ngra (kuzda) shamollar uchirib ketadigan xashakka aylanib qolur".

Qayd etilgan


AbdulAziz  05 Fevral 2009, 09:26:29

ABDULLOH IBN MAS’UDNING O‘GITLARI

«Ham dunyo, ham oxirat uchun harakat qilmagan odamni xushlamayman.
Orangizda tonggacha losh (o‘lik) kabi o‘rnidan qimirlamay yotadigan va tong otgach esa, olov pashshasi kabi u yoqdan-bu yoqqa sakraydigan kimsani ko‘rmayin.
Dunyoning musaffoligi ketgan, oqavasi qolgan. O‘lim musulmon uchun sovg’adir.
Ko‘pchilik yoqtirmaydigan o‘lim va kambag’allik qanday ajoyib narsalardir. Allohga qasamki, boylik ham, faqirlik ham bir ne’matdir. Qaysisi bilan imtihon qilinsam ham, xotirjamdirman. Boy bo‘lgan kezlar muhtojlarga yordam qilish, faqirlikda esa sabr etish fazilati bor.
Banda imon cho‘qqisiga chiqmagunicha, uning haqiqatiga yetisholmaydi. Musulmon kambag’allikni boylikdan, pasayishni yuksalishdan afzal ko‘rmagunicha va uni maqtagan va yomonlagan kishilarni bir xilda ko‘rmagunicha imon cho‘qqisiga chiqa olmaydi.
O‘zidan boshqa iloh bo‘lmagan Allohga qasamki, musulmon holda tong ottirib, kechqurun shu holda uyquga ketgan bandaga dunyoning musibatlari zarar bermaydi.
Barchangiz mehmonsiz, qo‘lingizdagi dunyo moli esa omonatdir. Mehmon albatta bir kuni ketadi va omonat egasiga beriladi.
Haq og’irdir, biroq tomoqdan oson o‘tadi. Botil yengilgina, ammo kasallik keltirib chiqaradi. Necha-necha insoniy orzu-istaklar borki, ularga ergashilsa, uzoq vaqt davom etguvchi xafagarchilik bilan nihoya topadi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  05 Fevral 2009, 09:27:06

SALMONI FORSIYNING O‘GITLARI

«Mo‘min kishi xuddi shifokori yonida yurgan bemorga o‘xshaydi. Bemorning yonida yurgan tabib uning dorilarini bilib, ko‘ngli bir narsani tusaganida: "œZinhor buni yeya ko‘rma! Mabodo yesang, seni o‘limga olib boradi!" deya ogohlantirib turganidek, mo‘min kishining ko‘ngli ham ko‘p narsalarni istab qolganida Alloh taolo uni zararlilaridan qaytaradi va jonini olib, jannatga borguniga qadar nazorat ostida tutib turadi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  05 Fevral 2009, 09:28:35

ABU DARDONING O‘GITLARI

«Yaxshilaringizni sevib, siz haqingizda haq bir gap aytilganida qabul qilar ekansiz, xayr-barakot ichrasiz. Chunki haqni qabul etgan ham haq bilan amal qilgan kishi kabidir. Xalqni u mas’ul bo‘lmagan narsalarga mas’ul qilmang va Alloh nomidan hech kimni so‘roqqa tutmang.
Ey inson o‘g’li! Sen o‘z amalingga boq. Zero, xalqdan ko‘rganlarini surishtiradigan kishi har doim qayg’u chekadi va hech qachon alami so‘nmaydi.
Allohga Uni ko‘rib turgandek ibodat qilingiz. O‘zingizni o‘liklardan sanangiz. Bilingki, kun kechirishga yetgulik oz sarvat sizni yo‘ldan ozdirib, g’aflatga tushiruvchi katta boylikdan yaxshiroqdir. Yodingizda bo‘lsin, yaxshilik chirimaydi va yomonlik unutilmaydi.
Yaxshilik mol va farzandlarning ko‘pligida emas. Yaxshilik keng fe’lli, axloqli bo‘lish, ilm olish va Allohga ibodat qilishda boshqalarga ibrat bo‘lishdadir.
Yaxshilik qilganingizda Allohga hamd ayting, mabodo biror gunoh ish sodir etib qo‘ysangiz, albatta Allohdan mag‘firat so‘rang».

Qayd etilgan


AbdulAziz  05 Fevral 2009, 09:31:02

MUOZ IBN JABALNING O‘GITLARI

Muhammad ibn Siriyndan rivoyat qilinadi:
"œBir odam Muoz ibn Jabalning, roziyallohu anhu, yoniga keldi. Muoz ibn Jabal mehmonlarini kuzatayotgan ekan. Kelgan odamga shunday dedi: "œSenga ikki narsani tavsiya etaman. Shuni bilgin, dunyodagi ulushing seni albatta qidirib topadi. Sen undan ko‘ra oxiratdagi ulushingga muhtojroqsan. Binobarin, sen oxiratdagi ulushingni tanla. Qaerga borsang ham oxiratdagi ulushingni talab qil.
O‘g’lim! Namozingni hayot bilan vidolashayotgan kishi kabi o‘qi! Yana bir bor o‘qiy olishingni o‘ylama. Shuni bilgin, mo‘min kishi biri bajargan va biri ortda qolgan ikki yaxshilik o‘rtasida o‘ladi.
Ro‘za (nafl ro‘za) tut, biroq oralatib tut. Namoz (nafl namoz) o‘qi, biroq uyqu uchun ham vaqt ajrat. Rizqing uchun harakat qil, ammo rizq topaman deb to‘g‘rilikdan ayrilma va musulmon holda o‘lishga intil. Mazlumning badduosidan saqlan.
Kimda shu uch narsa bo‘lsa, Allohning g’azabiga uchraydi: noo‘rin (sababsiz) kulmoq, istaksiz uxlamoq va ochiqmay turib ovqat yemoq.
Ochlik va qiyinchilik fitnasi bilan imtihon qilindingiz, sabr etdingiz. Mo‘l-ko‘lchilik fitnasi bilan ham sinalursizlar. Men sizning ayollar fitnasiga uchishingizdan ko‘proq xavotirdaman. Ular oltin va kumush bilaguzuklar taqib, Shom va Yamanning yupqa, bezakvor ko‘ylaklarini kiyib, boyni charchatib qo‘yurlar, kambag’alni esa topolmagan narsalarini topishga majbur eturlar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  05 Fevral 2009, 09:32:37

UTBA IBN G’AZVONNING O‘GITLARI

Xolid ibn Umayr al-Aviydan rivoyat qilinadi: "œUtba ibn G’azvon, roziyallohu anhu, Basrada hokim bo‘lganida bizga bir xutba o‘qidi. Allohga hamd va sanodan so‘ng shunday dedi:
«Ey insonlar! Dunyo bizdan ayrilmoqchi ekanini xabar bermoqda va bizdan yuzini burib tezlik bilan uzoqlashmoqda. Bizga bu dunyomizdan,  bir kosa suv ichilgach, idishning tagida qoladigan bor-yo‘g’i bir tomchi kabi narsa qolgan, xolos. Siz bu dunyodan so‘ngsiz bir hayotga o‘tish arafasidasiz. Shunday ekan, qo‘lingizda eng xayrli narsa nima bo‘lsa, o‘shani o‘zingiz bilan olib ketishga g’ayrat qiling. Bizga xabar berilishicha, jahannam shunchalar chuqurki, uning ichiga bir tosh otilsa, yetmish yilda ham tubiga yetib bormaydi.
Allohga qasamki, bu so‘ngsiz bo‘shliq insonlar bilan to‘lajakdir. Bunga hayron bo‘lyapsizmi?
Bizga tushuntirishlaricha, jannat eshigining ikki pallasi orasi qirq yillik masofadir. Kun kelib, insonlar ana shu joyda qisilib qolishadi. Eslashimcha, yetti kishi hamisha Rasulullohning, sollallohu alayhi va sallam, yonlarida qolardi. Men ham ulardan biri edim. Daraxt yaproqlaridan boshqa ozuqamiz yo‘q edi. Yaproq yeyaverganimizdan lab-lunjlarimiz tars-tars yorilar edi. Kunlardan bir kun bir sholcha topib oldim. Uni Sa’d ibn Molik ikkimiz bo‘lishib, kiyim qildik.
Bugun esa har birimiz bir o‘lkaning hokimlarimiz. O‘zimizcha buyuk, Alloh nazdida esa kichik bo‘lib qolishdan Alloh taoloning panoh berishini tilayman".

Qayd etilgan


AbdulAziz  05 Fevral 2009, 09:45:06

ABU ZARR G’IFORIYNING O‘GITLARI

Sufyon as-Savriydan, roziyallohu anhu:
"œAbu Zarr G’iforiy, roziyallohu anhu, Ka’ba yonida turib:
— Ey insonlar! Sizning foydangizni o‘ylagan bir birodaringiz sifatida bir-ikki og’iz gapirmoqchiman, — dedi.
Odamlar uning gaplarini eshitib atrofini o‘rab olishdi. Abu Zarr G’iforiy ulardan:
— Mobodo yo‘lga chiqmoqchi bo‘lsangiz safar uchun kerakli narsalar tayyorlaysizmi, yo‘qmi? — deya so‘radi.
Odamlar:
— Albatta, tayyorlaymiz, — deb javob berishdi.
— Qiyomat safari eng uzoq safardir. Shunga yarasha tayyorgarlik ko‘ring.
— Qanday hozirlik ko‘rishimiz kerak?
— Katta tashvish-xavotirlardan xalos bo‘lish uchun haj farzini ado etingiz. Qiyomat kunida qattiq savol-javob bo‘lishini o‘ylab, issiq kunlarda ro‘za tuting. Qabrning dahshati va u yerdagi yolg‘izlikni o‘ylab, kechaning tim qorong’usida turib, namoz o‘qing. Qiyomat kunining mashaqqatlarini o‘ylab, doimo foydali gaplarni ayting. Agar buni uddalay olmasangiz, zararli biror so‘z aytib yubormaslik uchun jim turing. Molingiz bilan muhtojlarga yordam bering. Kuningizni ikkiga bo‘lib, bir qismini oxiratga tayyorgarlik ishlari, qolganini halol rizq-nasiba topish bilan o‘tkazing. Uchinchi bo‘limining esa sizga foydasi yo‘q, zarari bordir. Molingizni ham ikkiga bo‘ling. Bir qismini bola-chaqangiz uchun sarflab, qolganini oxiratingiz uchun ozuqa qiling. Uchinchi qismining esa sizga foyda emas, zarari borligi uchun, unga ehtiyojingiz yo‘qdir.
Abu Zarr G’iforiy, roziyallohu anhu, so‘zining oxirida baland ovozda:
— Ey insonlar! Azaldan bor bo‘lgan, oxiri ham ko‘rinmaydigan katta bir hirs-ehtiros sizlarni o‘ldirmasin, — deb hayqirdilar".

***

Abu Nuaymdan, roziyallohu anhu, rivoyat qilinadi.
Abu Zarr G’iforiy, roziyallohu anhu, aytdilar:
"œInsonlar o‘lmoq uchun tug’iladi, yiqilmoq uchun baland imoratlar qurishadi, o‘tkinchi hayotlari uchun butun kuchlari bilan harakat qilishadi-yu, abadiy hayotlari uchun ozgina g’ayrat ko‘rsatishmaydi. Oh!.. Ko‘pchilik yoqtirmaydigan uch narsa aslida naqadar go‘zal: faqirlik, xastalik va o‘lim..."

Qayd etilgan


AbdulAziz  05 Fevral 2009, 09:45:57

UBAY IBN KA’BNING O‘GITLARI

«Mo‘min to‘rt vasfga egadir. U boshiga musibat kelsa, sabr qiladi. Bir ne’mat berilsa, shukr qiladi, gapirsa, to‘g‘ri gapiradi va adolat bilan hukm chiqaradi. Mo‘minning besh narsasi nurdir. Mo‘min kishi haqida Alloh "œNur’un a’la nur" (nur ustiga nur) yog’dirgan. Inchunun, mo‘minning yaxshi so‘zi nur, bilimi nur, kirgan yeri nur, chiqar joyi nur va qiyomat kuni boradigan joyi nurdir.
Kofir esa besh zulmat ichidadir. Uning so‘zi zulmat, ishi zulmat, kirgan va chiqqan joylari zulmat, qiyomat kuni borar manzili zulmatdir».

Qayd etilgan


AbdulAziz  05 Fevral 2009, 09:46:43

ABU UMOMANING O‘GITLARI

Sulaym ibn Omirdan, roziyallohu anhu, rivoyat qilinadi: "œAbu Umoma bilan Shomda bir dafn marosimida birga edik. Janoza o‘qilgach, mayyitni ko‘ma boshladilar. Shunda Abu Umoma al-Balxiy baland ovozda dedilar:
— Ey insonlar! Bugun siz yaxshilik va yomonliklar ajratib olinayotgan hayot uyida yashamoqdasiz. Va (qabrni ko‘rsatib) juda yaqin bir kunda boshqa uyga, mana bunday qabrga ko‘chib o‘tishga majbursiz. Bu qabr yolg‘izlik, qorong’ulik uyidir, bo‘rilar uyidir, siqilish va tanglik-qiyinchilik uyidir.
Bu yerdan esa qiyomatning mushkul, qiynoqli maydonlaridan biriga o‘tasiz va u yerda Allohning amri kelguniga qadar ushlanib turilasiz. Bu uzoq kutish asnosida bir necha yuzlar oqaradi, bir qanchasi esa qorayadi. Shundan so‘ng yana boshqa bir maydonga ketasiz. U yerda sizni qorong’u zulmat bosadi. Keyin nur tarqatiladi. Bu nur faqat mo‘minlarga beriladi, kofir va munofiqlar bu nurdan benasibdirlar. Alloh subhanahu va taoloning Kitobidagi: "œYoki (kofirlarning qilgan amallari) ustma-ust to‘lqin va uning ustida (qora) bulut qoplab olgan dengizdagi zulmatlarga o‘xshaydi. (Ular) ustma-ust zulmatlardir: qo‘lini chiqarib (qarasa) uni ko‘ra olmas. Kimga Alloh nur (omonlik) bermasa, bas, uning (uchun) hech qanday nur yo‘qdir" (Nur, 40, mazmuni) oyati karimasi bunga ishora etmoqda. U kun xuddi ko‘r kimsa ko‘zi ko‘radigan kishining ko‘zidan foydalanolmagani kabi kofir va munofiq kimsalar mo‘minning nuridan foydalana olmaydilar. U kun erkak va ayol munofiqlar mo‘minlarga: "œBizga qaranglar, biz ham sizlarning nuringizdan ozgina olib foydalanaylik", — deydilar. (Ularga): "œOrtingizga qaytib nur istangizlar", deyilur" (Hadid, 13, mazmuni), Holbuki, bu munofiqlar aldanishlari uchun bir hiyladir. Shundan so‘ng munofiqlar nur tarqatilgan joyga qaytib kelsalar ham, u yerda hech narsa topa olmaslar va yana bir bor qaytayotganlarida: "œSo‘ng ular bilan mo‘minlar o‘rtasida darvozali bir devor urilurki, uning ichida rahmat, tashqarisida esa azob (do‘zax) bo‘lur" (Hadid, 13, mazmuni).

Qayd etilgan