Abdulloh Murod. Qalbimizning nuri  ( 48358 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 4 5 6 7 8 9 B


AbdulAziz  05 Fevral 2009, 09:56:51

IKKI ESHIK ORASI

Muslim ibn Bishrdan:
Abu Hurayra, roziyallohu anhu, kasal bo‘lib o‘lim to‘shagida yotar ekan, unsiz  yig‘lar edilar. Bir kuni u kishidan: «Nega yig‘laysiz?" deya so‘rashdi. U shunday javob qildi:
— Oldimdagi safar juda uzoq. Ozuqam esa oz. Shu boisdan yig‘layman. Hozir meni ikki eshikning ro‘parasiga keltirishgan: eshiklardan  biri jahannamga, ikkinchisi esa, jannatga ochiladi.  Meni qaysinisidan ichkariga olib kirishlarini bilmayman.

Qayd etilgan


AbdulAziz  05 Fevral 2009, 09:59:25

TAVSIYA

Habib ibn Abdullohdan:
Bir odam Abu Dardoga:
 — Menga nimalarni tavsiya etasiz? — dedi.
— Xursandchilik va to‘qchilik paytlaringda Allohni unutmagin, Alloh ham qiyin ahvolga tushganingda seni unutmaydi. Biror dunyoviy ishga kirishmoqchi bo‘lsang, qanday natija chiqishini o‘yla, shundan keyingina boshla, — deb javob berdi Abu Dardo roziyallohi anhu».

Qayd etilgan


AbdulAziz  05 Fevral 2009, 10:00:07

MUHTOJNING EHTIYOJI

Xolid ibn Mi’doddan, roziyallohu anhu:
"œUmar ibn Xattob, roziyallohu anhu, Said ibn Omir ibn Huzaym al-Jumahiyni Humaysga voliy etib tayinladilar. Bir kuni  Humaysga kelganlarida xalqdan:
— Voliyingiz qanday? — deb so‘radilar.
— Undan mamnun emasmiz, — deyishdi.
— Nega?
— To‘rt sababi bor. Birinchidan, quyosh ko‘tarilmay ishga kelmaydi, ikkinchidan, oyda bir kun hech tashqariga chiqmaydi, uchinchidan, ba’zan u shunday xafahol bo‘lib qoladiki, xuddi telbaga o‘xshab ko‘rinadi va hech ish qilolmaydi, to‘rtinchidan, kechqurunlari hech kimni qabul qilmaydi.
— Bular katta nuqsonlardir, — dedi Umar va Saidga xabar yubordi.
Xalifa Saidga ishonchi tufayli xabar jo‘natayotganida: «Allohim, u haqdagi fikrimni o‘zgartirmagin", deb duo qildi.
Said kelganida Hazrati Umar Humays xalqiga:
— Voliy ustidan shikoyatingizni yana bir bor ayting, — dedi.
— Quyosh ko‘tarilmay ishga kelmaydi, — deyishdi.
— Vallohi, ey mo‘minlar amiri. Men aslida  hech kimga aytmoqchi emasdim. Uyimda xizmatkor bo‘lmagani uchun erta turib, non pishirib olgach, tahoratimni yangilab, keyin ishga chiqaman, — dedi Said.
— Yana qanday shikoyatingiz bor?  — so‘radi Hazrati Umar.
— Kechqurun bo‘lishi bilan hech kimning ishiga qaramaydi.
— Bunga nima deysan, Said?
— Aslida bu haqda ham gapirmoqchi emasdim. Men kunduzni odamlarga, kechani esa Allohga ajratganman.
— Yana bir shikoyatingiz bormidi?  — so‘radi xalifa.
— Oyda  bir marta  hech tashqariga chiqmaydi, — deyishdi.
— Xo‘sh, bunga nima sabab?
— Hali aytganimdek, xizmatkor tutmaganim uchun kirlarimni o‘zim yuvaman va qurishini poylayman. Sababi, menda qo‘shimcha boshqa ust-bosh yo‘q. Shuning uchun o‘sha kuni shomga yaqin chiqa olaman.
— Yana qanday shikoyatingiz bor? — so‘radi Umar, roziyallohu anhu.
— Orada bir telbaga aylanadi-qoladi va biror ish qilolmaydi.
Said buni shunday izohladi:
— Hubayb al-Ansoriy Makkada o‘ldirilganida men o‘sha yerda edim. Mushriklar uni ushlab, bir necha joyidan go‘sht parchalarini kesib olishganidan so‘ng, bir daraxtga osib mixladilar va undan: «Hozir sening  o‘rningda Muhammad bo‘lishini xohlarmiding?" deb so‘rashdi. U esa: «Vallohi, hozir men ul zotning oyoqlariga bir tikan kirishini ham istamayman" dedi va "œYo Muhammad" deya baqira-baqira jon berdi.
Men o‘sha payt buyuk Allohning borligiga imon keltirmagan bir mushrik bo‘lganim uchun unga hech qanday yordam berolmagan edim. Hatto unga achinmadim va vijdonim ham qiynalmadi. Shuni eslasam, Alloh taolo meni  kechirarmikan, deb o‘ylab hushimdan ketib qolaman.
Ittifoqo, Hazrati Umar, roziyallohu anhu:
— Allohga shukrlar bo‘lsinkim, mening ojiz farosatim noto‘g‘ri bo‘lib  chiqmadi, — dedi va  Saidga ming dinor berilishini buyurib:
— Buni ehtiyojlaring uchun sarfla, — dedi.
Saidning ayoli buni eshitib nihoyatda  xursand bo‘ldi va eriga:
— Bizni sizning xizmatingizga muhtoj bo‘lmoqdan xalos etgan Allohga hamd bo‘lsin, — dedi.
Said ayoliga qarab:
— Bu pullarni o‘z ehtiyojlarimizga  ishlatmay, sen uchun yanada foydaliroq bo‘lgan bir ish qilsam nima deysan? Ularni bizdan ham muhtojlarga tarqatsak, biz uchun yanada foydalidir, — dedi. Ayoli ham:
— Mayli, — degach, xonadon ahlidan eng ishonchli deb bilgan bir kishini chaqirdi.
Pul solingan xaltachaning og’zini bog‘lagach, unga:
— Ol, shu pullarni, falon mahallada falonchi ayol beva, falon bola yetim, falon joyda bir faqir bor, falon mahallada  bir bemor yotibdi, falon joyda musibatga uchragan bir odam bor, o‘shalarga tarqat, — dedi.
Haligi odam pulni aytilgan odamlarga tarqatib chiqdi. Qaytganida qo‘lida bir dinor qolgan edi.
Ayoli Saidga:
— Xudo xayringizni bersin. Pullarni  tarqatdingiz, yaxshi. Lekin hech bo‘lmasa, bizga bir xizmatkor olsangiz  bo‘lar edi. Shuncha pulda bizning hech bir ulushimiz yo‘qmidi? — dedi.
Said shunday dedi:
— Xonim, shunday bir kun keladiki, sen bu pulga bugungidan ko‘ra ko‘proq muhtoj bo‘lasan...

Qayd etilgan


AbdulAziz  05 Fevral 2009, 10:00:24

ALLOHNING FAZLI VA RAHMATI

Vosila ibn Asqo’, roziyallohu anhu, rivoyat qiladi: "œRamazon oyi keldi. Biz ahli suffa ham ro‘za tuta boshladik. Har oqshom iftor vaqti kirishi bilan Aqobada bay’at bergan ansorlar kelib har qaysisi bir kishidan bizni iftorlikka olib ketishardi. Bir kuni hech kim kelmadi.  Ro‘zamizni ocholmay uxladik, saharlik ham qilmadik. Ertasi kuni ham hech kimdan darak bo‘lmadi. Nihoyat, ahvolimizni janobi Payg‘ambarimizga, sollallohu alayhi va sallam, bildirdik. Ul zot bizga nihoyatda qayg’urib, biror yegulik bormi, deya ayollaridan birma-bir so‘rattirdilar. Biroq ularning hammalari bunga:
— Alloh nomiga qasamki, bizda yegulik hech narsa yo‘q, — deb javob yubordilar.
Shunda Nabiy, sollallohu alayhi va sallam, to‘planishimizni buyurdilar va biz to‘plangach:
— Allohim, Sendan fazl va rahmat  so‘raymiz. Zero, rahmat yolg‘iz Sening qo‘lingdadir va Sendan o‘zga rahmat sohibi yo‘qdir, — deya duo  qildilar.
Biz "œOmin", dedik.
Oradan ko‘p o‘tmay, bir joydan bizga bir qo‘yning qovurilgan tanasi va shunga yarasha non keldi. Rasuli akram, sollallohu alayhi va sallam:
— Qani, olinglar, yenglar, — dedilar.
Biz to‘ygunimizcha yedik.  Shundan so‘ng Sarvari koinot, sollallohu alayhi va sallam, shunday deb marhamat qildilar:
— Biz Alloh taolodan uning fazilati va rahmatini ham tilagan edik. Bu bergani Uning fazlidir. Shubha yo‘qki, biz uchun rahmatini ham saqlab qo‘yibdi".

Qayd etilgan


AbdulAziz  05 Fevral 2009, 10:00:40

YASHIL KO’YLAK

Uni yo‘lda uchratganimda, azon chaqiralayotgan edi.
—   Yur. seni masjidga olib borayin. Bilasan, bugun juma, — dedim.
—   Sen ham bilasanki, men masjidga bormayman, - dedi.
—   Masjidga bormasligingni bilaman, ammo sababi nimaykin, deb ko‘p o‘ylayman.
—   O’zim ham tushunmayman, nimagadir hech tortmaydi-da, — dedi. — Balki muhitning ta’siri bordir. Ham shimimning dazmoli buzilib, tizzalarimning o‘rni chiqib qoladi, deb qo‘rqaman...
Beixtiyor kulib yubordim.
—   Hazillashyapsanmi?! Shu ham bahona bo‘ldi-yu...
—   Jiddiy gapiryapman, — dedi u. — Kiyimga, ayniqsa, yashil kiyimga o‘chligimni bilasan-ku.
Haqiqatan, do‘stim ajoyib edi. Bir-biridan go‘zal kiyimlarini albatta yashildan yoxud yashilning boshqa bir tusidan tanlar va har doim dazmolli holda yurar edi.
—   Xo‘p, mayli... Hayotingda hech masjidga bormaganmisan?
—   Bolaligimda, bobom bilan birga bir necha bor borganman,— deya javob qildi u. — Har qalay, u paytlar tizzalarim yeyilishidan ham qo‘rqmagan bo‘lsam kerak. Lekin endi masjidga borishimga ko‘zim yetmaydi.
Uning mulohazalari meni nihoyatda hayratda qoldirdi va bu haqda gap ochganimga pushaymon bo‘ldim. Nihoyat, qo‘l siqishib xayrlashdik.
Bu suhbatimizdan ikki oylar o‘tgan edi. Uning masjidda ekanini aytishdi. Darhol yetib bordim. Ayvondagi namoz saflarining eng oldidan topdim. Ustida yana yashilliklar...
Sekingina yoniga yaqinlashdim va past ovozda:
   —   Ha, og‘ayni, masjidga kelmoqchi emasding? - dedim.
Lom-mim demadi. Chunki... musallo toshi ustida, yashil yopinchikdi bir tobut ichida yotardi u.

Qayd etilgan


AbdulAziz  05 Fevral 2009, 10:01:10

EGASINI QIDIRGAN YURAK...
(Qonli bo‘shliq)

Yigit nim qorong‘ulikda yurib borar ekan, yumshoq, bir narsaga qoqildi. Egilib qaradi... Yo Allohim, o‘zing omonlik ber... oyoqlarining orasida makonidan ustalik bilan sug‘urib^ olingan bir yurak turardi. Rasmlardagi kabi tirik va qonli... Yigit go‘yo sehrlangandek bo‘lib, uni hovuchlariga oldi va dahshatdan aqldan ozayozdi: yurak duk-duk urar va issiqqina edi.
Iigit, xuddi qo‘llariga yopishib, boshqa bir a’zosi holiga ay-langan yuraqdan qutulishni istar, biroq o‘zi anglayolmagan tuyg‘ular unga to‘sqinlik qilayotganday his etar edi. Bir muddatdan so‘ng o‘zini sal bosib olib, yurakning egasini topish uchun eng yaqindagi uyning eshigini qoqdi va zanjir oralig‘idan qaragan yosh qizga:
—   Bu yurak sizniki emasmi? — deya so‘radi. — Hozirgina topib oldim...
Qiz uyatchan bir ovozda:
—   Men yuragimni uch oy oldin uchratganim bir bevafoga berdim. Qo‘shni uydan so‘rang, balki ularnikidir, — dedi.
Qiz ko‘rsatgan uy ko‘zni qamashtirar darajadagi hashamatli edi. Eshikni ochgan xizmatkorlar uni yuqori qavatda o‘tirgan uy sohibiga olib bordilar.
Yigit yumshoq gilamlarning ustiga tomchilayotgan qonlarni oyoqlari bilan yopishga urinar ekan:
—   Bu yurak siznikimi? - dedi. - Hali ham dukillayapti... Uy sohibi qo‘lidagi billur qadahdagi sharobdan xo‘rillatib bir qultum ichdi va tilla tishlarini ko‘rsatib:
—   Men yuragimni dunyoga sotganman, ukovsi. Qo‘shni uyda bir majzub (jazbaga berilgan, Alloh ishqida aqlini yo‘qotgan) bor. U biladi buning egasini, - dedi.
Tezda soviy boshlagan va borgan sayin sekin urayotgan yurakni qo‘shni pastqamgina uydagi cholga yugurib olib borgan yigit hovliqib:
—   Bu siznikimi? Tezroq ayting, bo‘lmasa, hali zamon to‘xtab qoladi, — deya iltijo qildi.
Chol o‘qiyotgan Qur’oni Karimni sekin yopar ekan:
—   Men yuragimni hamma narsam bilan birga Allohga berdim, bolam, - deya kulimsiradi. - Qo‘lingdagining egasini nega ota-onangdan so‘ramayapsan?
—   E, ular har ikkalovi ham qarib-qartaydi. Yosh bolaga o‘xshab hadeb xarxasha qilaverganlaridan, uch kun oldin janjal ko‘tarib, ularni tashlab chiqib ketdim, — dedi yigit.
—   Tashlab chiqib ketding?! Demak, tashlab qo‘ydingmi?!
Yigit bu gaplar qarshisida loqayd ko‘rinar edi. Holbuki, qari kishi kutilgan javobni ancha oldin olib bo‘lgan edi. U ildam qadamlar bilan yigitning yoniga keldi va ko‘ylagining ikki yoqasidan ushlab, yirtib yubordi.
Yigitning chap ko‘kragida qo‘llarida tutib turgani yurak kattaligidagi bir qonli bo‘shliq bor edi...

Qayd etilgan


AbdulAziz  05 Fevral 2009, 10:01:42

XAYRLI XOTIMA
(Shayx Umar Foruq Saydo al-Jazariydan)

Nafs orzu-istaklari cheksizdir. Nafs faqat o‘zini o‘ylaydi. Vaholanki, nafs uchun foydali tuyulgan narsa inson va jamiyat uchun zarar keltirishi mumkin. Zero, biz zararli, foydasiz narsalarini tark etishimiz lozim. Bu esa, faqat islomiyat orqali amalga oshadi. Faqat musulmon kishigina bu ishning uddasidan chiqishi mumkin. Allohga ishongan, ahli taqvo — obid kimsalar eplaydi buni. Darvoqe, buning uchun Allohga ishonch bilan birga kuchli ibodat ham kerak. Toat-ibodat, itoat qilish va mute’ bir qul bo‘lish sharti bajarilishi lozim. Shunda saodatga erishiladi...
Musulmon kishi Alloh taologa ishongani, Uni sevgani va Undan qo‘rqqani uchun nafsini jilovlaydi, Alloh taoloning amrlariga itoat etadi. Uning suyukli payg‘ambari Muhammadning, alayhissalom, ko‘rsatmalariga amal qiladi. Chunki u hayot faqat bu dunyodagi umrdan iborat emasligiga ishonadi. U o‘zini  muhim va go‘zal bir hayot — OXIRAT kutayotganini aslo unutmaydi. O‘limdan, hisob-kitobdan keyin Alloh taolo mo‘minlarga, ahli taqvolarga go‘zal bir hayot baxsh etadi. Chin mo‘min o‘sha hayotga ishonadi va manzilga yorug’ yuz ila yetmoq uchun fidoyilik qiladi.
Nafsoniy orzu-istaklariga: "œTo‘xta!" deb buyruq beradi, ularni jilovlaydi. 
Agar biz mo‘min bo‘laturib, nafsimizni jilovlay olmasak, demak, biz hali komil mo‘min va komil imon egasi emasmiz. Komil imonga ega bo‘lmaganimizdan nafsoniy orzu-havaslarni jilovlay olmayapmiz.
Inson gohida go‘zal bilan xunukni bir-biridan ajrata bilmay qoladi. Biz uchun go‘zal bo‘lgan narsa boshqa birov uchun xunukdir. Biz uchun foydali ko‘ringani boshqa birovga zararli bo‘lishi mumkin. Shunga qaramay: "œMenga foydali bo‘lsa bas, boshqa bilan ishim yo‘q", deyish katta xatodir. Bunday qaysarlikni tashlash, bu kabi xatolardan uzoq turish uchun komil musulmon bo‘lmoq lozim. Alloh taologa itoat etgan, Uning amrlariga bo‘ysungan, farmonlariga ergashgan banda bo‘lmoq kerak.
Alal-oqibat hamma gap TAQVOga kelib taqaladi. Ha, foyda ko‘rish uchun amal lozim!
Biz amal qilayotganimiz — namoz, ro‘za, haj kabi farzlar, ya’ni Alloh taoloning amrlari va Payg‘ambarimizning, alayhissalom, sunnatlari, zikrlar, avrodlar inson uchun, insonning ma’naviy kamoloti uchun, uning dardi uchun, nafsining tarbiyasi uchun bir dori, bir vosita o‘rnidadir...
Nifoq  juda yomon, yuqumli, hatto halok etuvchi xastalikdir. Bunday tahlikali kasalliklardan saqlanishimiz uchun o‘zimizni bir kafolat ostiga olishimiz kerak. Bir shifoxonada, bir doktorning nazorati ostida bo‘lishimiz zarur.
Chunki dunyoda nafsning istak-xohishlarini qo‘zitadigan, nafsga xush yoqadigan narsalar ko‘p. Alloh taolo qaytargan, gunohga sabab bo‘luvchi narsalarni nafs har doim yaxshi ko‘radi. Nafsimizga hokim bo‘lish, unga g’olib kelish, uni tarbiya qilish uchun kuchli ruhga, go‘zal ma’naviyatga ega bo‘lishimiz kerak. Buning uchun esa hayotda toat-ibodatda, doimo taqvo bilan amal etishimiz, zikrdan, salovotlardan ko‘p istifoda qilishimiz lozim. Qur’oni karimdan, ha, eng avvalo, Qur’oni karimdan foydalanishimiz kerak. O‘qib-o‘rganaylik, o‘qiganlarimizni anglashga, uqishga harakat qilaylik va bilganlarimizni nafsimizga tatbiq etishga intilaylik. Bu ish quruq gap bilan bo‘lmaydi.
"œMen musulmonman, Qur’oni karim o‘qiyapman... Menga to‘g‘ri kelganini olaman, boshqasini qo‘yib tur...", deb bo‘lmaydi.
Chunki bu hayotdagi amallar hisobi Qiyomat kuni Alloh taolo huzurida beriladi. Har bir so‘z, bosilgan har bir qadam uchun hisob beramiz. Bunga aslo shubha yo‘q. Musulmon kishi bunga so‘zsiz ishonadi.
Modomiki, Alloh huzurida bu hayotning hisobi berilar ekan, buni go‘zal bir tarzda ado etish uchun Uning barcha amrlariga itoat qilish shart.
Ozgina tanballika yo‘l qo‘yilgan joyda nafs sizga hokim bo‘la boshlaydi. Inson to o‘limga qadar shayton va nafs hujumidan amin bo‘la olmaydi. Inchunun, Alloh Qur’oni karimda: "œVa’bud Robbaka hatta ya’tiyakal yaqiyn — To sizga aniq narsa (ya’ni, o‘lim soati) kelgunicha Parvardigoringizga ibodat qiling" (Hijr, 99, mazmuni) deb buyuradi.
Haq subhanahu va taolo hammamizni o‘limga qadar ixlos bilan ibodat etguvchilardan qilsin. Hashr kuni Payg‘ambarimiz, aylayhissalotu va sallam, solih insonlar bilan birga bo‘lishni nasib aylasin. Shayton va nafs yomonligidan muhofaza etsin. Haq taolo barchamizni komil imon, yorug’ yuz bilan huzuriga qovushtirsin. Omin...

Qayd etilgan


AbdulAziz  06 Fevral 2009, 08:57:03

MUNDARIJA
 
Qalbimizning nuri
Qabrdan kelgan nido
Gapiruvchi bo‘ri yoxud qiyomat alomati
Salmon Forsiy ibrati
Sen nega yig‘layapsan?
Xotirjamlik siri
Eng sara ozuqa
Muomaladagi extiyotkorlik
Oqilona javob
Eng shiddatli oyat
Sizni yaxshi ko‘raman
Uch harakat tarixi
Til o‘rgangin
Yomonlikka yaxshilik
Noumid shayton
Besh ming qo‘ydan afzal
Xayrli oqibat
Eskisini kiymaganga yangisi yo‘qdir
"Ya, arhamarrohimiyn"
Fitnadan yiroq bo‘ling
Yuksak martaba
Insonlar ikki hovuchdirlar
Ellik ming dirhamlik xurmozor
Naqadar yomon ish
Kim Allohga ishonsa
Riyodan ogohlantirish
Olovda birinchi yonadiganlar
Oxiratdagi xayru saodat
Zuhd chegarasi
Barakotli kun
Alloh xohlagan joyda
Xaloskor malak
Eridan shikoyat qilgan ayol
G’aflatning sababi
Asiring nima dedi?
Mazlumning haqi
Yaxshi bir dalil
"Yo axmoqsan yoki munofiq"
Yetmish qamchidan keyin
Jonbaxsh duo yoxud tirilgan murda
Xushxabar
Bir ansoriyning tushi
Amalim qabul bo‘lsin desangiz
Sadaqa raddi balo
To‘rt turli qalb
Imkon va istig‘for
Tahlika nima?
Mushrikdan olingan mukofot
Naqd savob
Shahidlar havas qilgan martaba
Abu Ayyubning mehmonlari
Rasululloh o‘rgatgan duo
Odamxo‘r daryo
Hazrati Umar o‘pgan bosh
Payg‘ambarni yig‘latgan oyat
Ilohiy hikmat
Nega yoqtiramiz? Kelishmaymiz? Unutamiz?
Abu Bakr Siddiqning o‘gitlari
Hazrati Umarning o‘gitlari
Usmon ibn Affonning o‘gitlari
Abdulloh ibn Mas’udning o‘gitlari
Salmon Forsiyning o‘gitlari
Abu Dardoning o‘gitlari
Muoz ibn Jabalning o‘gitlari
Utba ibn G’azvonning o‘gitlari
Abu Zarr G’iforiyning o‘gitlari
Ubay ibn Ka’bning o‘gitlari
Abu Umomaning o‘gitlari
Abdulloh ibn Abbosning o‘gitlari
Iftorlik
"Uhud bizni yaxshi ko‘radi..."
Menga ishonasizmi?
Hazrati Musoning jannatdagi hamrohi
Azroildan qo‘rqqan odam
Xurmo pishgan kunlarda
Xushu’ va xuzu’ xosiyati
Alloh ko‘rib turibdi
Ikki eshik orasi
Tavsiya
Muhtojning ehtiyoji
Allohning fazli va rahmati
Yashil ko'ylak
Egasini qidirgan yurak
Xayrli xotima

Qayd etilgan


AbdulAziz  06 Fevral 2009, 09:00:19

Qalbimizning nuri



Muallif: Abdulloh Murod Holmurod o'g'li
Hajmi: 184 Kb
Fayl tipi: pdf, zip
Saqlab olish
Online o'qish

Qayd etilgan