Imom G'azzoliy. Ey, farzand  ( 123146 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 ... 10 B


AbdulAziz  08 Fevral 2009, 09:43:12

JAMOAT NAMOZINING FAZILATI

Ey, farzand!
Payg‘ambarimiz (s.a.v.) marhamat etadilar:
«Bomdod namozini jamoat bilan o‘qigan kishining yuzi qiyomat kuni o‘n to‘rt kunlik oyday bo‘ladi. Peshin va asr namozlarini jamoat bilan o‘qigan kishi uchun Alloh ming safdan iborat farishtalar guruhini vazifalantiradiki, ular qiyomatgacha o‘sha kishi uchun tasbehotda bo‘ladilar. Shom namozini jamoatda o‘qigan kishi mahshargohda payg‘ambarlar bilan birga bo‘ladi. Kim xufton namozini jamoat bilan o‘qisa, mahshar maydonida o‘sha kishi bilan Alloh orasida parda qolmaydi».
Jamoat bilan aloqasi bo‘lmagan kishi jannatga kirmaydi. Jamoatni uzrsiz tark etish mumkin emas.
Namozini butunlay tark etgan kishi Allohning g‘azabidan qutulolmaydi.
Bomdod namozini tark etgan kimsadan imon bezordir. Peshin namozini uzrsiz tark etgan kimsadan payg‘ambarlar bezordirlar. Asr namozini tark etgan kimsadan Qur’oni karim bezordir. Shom namozini tark etgan kimsadan farishtalar bezordir. Xufton namozini tark etgan kimsani Alloh himoyasiga olmaydi.
Ey, farzand!
Har narsaning nuri bor. Din nuri — besh vaqt namozdir. Namoz ayni vaqtda din tirgagi va libosidir. Har narsani buzguvchisi bor. Dinni buzuvchi — namozni tark etmoqdir. Namozni tark etgan - dinining binosini qulatgan bo‘ladi.
Kim jamoat bilan namoz o‘qishni sevsa, Alloh ham uni sevadi. O’sha qulini farishtalarga ham sevdiradi. Namozida davom etgan banda Allohning yo‘lida, rizoligida bo‘ladi.
Rasululloh (s.a.v.) marhamat etadilar:
«Bir kishi bomdod namozini jamoat bilan o‘qib, peshindan oldin vafot etsa, Alloh o‘sha bandaning shirkdan tashqari barcha gunohlarini kechiradi.
Peshin namozini o‘qisa-yu, asr namoziga yetolmasdan vafot etsa, Alloh o‘sha qulini mag‘firat qiladi. (Mahshar kuni huzurida gunohsiz qabul qiladi).
Asr namozini jamoat bilan o‘qib, shom namoziga yetolmay vafot etsa, Alloh undan muhaqqaq rozi bo‘ladi».
Shom namozini jamoat bilan o‘qib, xufton namoziga yetmasdan vafot etgan kishiga mahshar maydonida Ibrohim alayhissalom yo‘ldosh bo‘ladi.
Xufton namozini jamoat bilan o‘qib, bomdod namoziga yetmasdan vafot etgan namozxon jannatda Alloh jamolini ko‘rmoq bilan sharaflanadi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Fevral 2009, 09:43:35

Ey, farzand!
Besh vaqt namozni jamoat bilan o‘qishga g‘ayrat qilish kerak. Namozdan yaxshiroq, undan savobliroq ibodat yo‘q. Mo‘min namozini tark etishi mumkin emas. Uni faqat imoni bo‘lmagan yoki imoni juda sust va shaqovat ahli tark etadi. Munofiqlar esa ora-chora o‘qib, jamoatdan qochadi.
Bomdod namozini jamoat bilan o‘qigan namozxon jangda necha-necha o‘lkalarni fath etganning savobiga erishadi.
Peshin namozini jamoat bilan o‘qigan kishi o‘n ikki yil uzlatga (yolg‘izlik) chekinib, ibodat qilganning savobiga noil bo‘ladi.
Asr namozini jamoat bilan o‘qigan namozxon muhtojlarni to‘ydirganning savobini oladi.
Shom namozini jamoat bilan o‘qiganga juda ko‘p ajr bor. Qur’onni hatm etganning savobi yoziladi.
Xufton namozini jamoat bilan o‘qigan odam bilan Alloh taolo o‘rtasida mahshar kuni parda qolmaydi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Fevral 2009, 09:43:49

Ey, farzand!
Jamoat bilan namoz o‘qishni sevgin!
Imom bilan birga ilk takbir aytganga Alloh maxsus baroat (hujjat) beradi. O’sha baroatda jahannamdan qutilgani, jannatda unga ko‘shk hozirlangani yoziladi. Bunday kishi birinchilar qatorida jannatga kiradi.
Rasululloh (s.a.v.) shunday marhamat etadilar:
«Bomdod namozi bilan xufton namozini jamoat bilan o‘qimoqdan ko‘ra afzalroq savob bo‘lmaydi.
 Odamlar bu haqiqatni bilsalar edi, namozlarining farzlarini jamoat bilan o‘qishga beparvo bo‘lmasdilar».
Jamoat bilan o‘qilgan namozlarning savobi jamoatning ko‘pligaga ham bog‘liq. Ikki kishi bir yerda jamoat bo‘lib namoz o‘qisa, ular jamoat savobiga sazovor bo‘ladi. O’n kishidan ziyoda jamoat namozining savobini Allohning O’zi taqdirlaydi.
Alloh bir qudsiy hadisda shunday marhamat etadi:
«Bandam menga hech bir ibodat bilan jamoat bo‘lib o‘qigan farz namozidagidek yaqin bo‘lmaydi».
Sunnat namozini qoldirmaslik lozim. Bir hadisi qudsiyda Alloh marhamat etadi:
«Bandamning ko‘zlari, quloqlari, qo‘llari, oyoqlari va butun vujudi namoz o‘qiyotganda Mening amrimda bo‘ladi».
(Ya’ni banda namoz o‘qiyotganda bor vujudi bilan Allohning amrini bajarayotgan bo‘ladi. Bu qanday go‘zal hol! Bu qanday tengsiz ibodat! Allohu Akbar!)
Payg‘ambarimiz (s.a.v.) marhamat etadilar:
«Alloh jannati a’loda bir guruh hurlarni yaratdi, ularni inju, yoqut, zabarjad kabi bezaklar bilan ziynatladi. Ulardan: «Sizlar kimlar uchun yaratildingiz?» deya so‘ralganda, ular:
«Besh vaqt namozini jamoat bilan o‘qiydiganlar uchun yaratildik. Endi ularning bizga yetishlarini kutmoqdamiz», deydilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Fevral 2009, 09:44:21

Ey, farzand!
Ibn Abbos (r.a.) bir kun Payg‘ambarimizdan (s.a.v.) so‘radilar: «Ey, Allohning Rasuli! (s.a.v.) Alloh huzurida amallarning eng sevimlisi qaysi?»
Rasululloh (s.a.v.) shunday javob berdilar:
«Uch amal barcha amallardan sevimliroqdir:
1.    Vaqtida va jamoat bilan o‘qilgan namoz.
2.    Ota-onaga yaxshi muomala va xizmatlarida qusur qilmaslik.
3.    Zarur bo‘lganda haq yo‘lida din (va vatan) uchun jang qilmoq». Rasululloh (s.a.v.) buyuradilar:
«Bir kishi qiyomat kuni men bilan birga bo‘lishni va birga jannatga kirishni istasa, besh vaqt namozni jamoat bilan o‘qishda davom etsin».
Ey, farzand!
Muazzin azon aytishi bilan darhol masjidga borib, jamoat bilan namoz o‘qishga harakat qilish lozim. Azon tugaguncha gaplashmaslik kerak. Bu haqda Payg‘ambarimiz (s.a.v.) shunday deydilar:
«Ey, sevimli sahobalarim! Qiyomatgacha keladigan ummatlarim! Azonni eshitganingizda joyingizda to‘xtangiz. Azon bitguncha boshqa narsa bilan mashg‘ul bo‘lmasdan uni tinglangiz».
Azon tinglashning savobi sanagan bilan tugamaydi. Azon tinglashni odat qilgan kishiga jannatda yuksak daraja beriladi. Azon tinglashni odat qilgan kishining gunohlari to‘kiladi. Bu fursatni qo‘ldan bermaslik lozim.
Payg‘ambar (s.a.v.) marhamat etadilar;
«Bir kishi vaqti kirgan namozini o‘qib, keyingi namozi uchun o‘zini hozirlasa, o‘sha kishi uchun ko‘klardagi farishtalar Allohga shunday murojot etadilar:
«Yo Robbiy! Bu qulingning gunohlarini afv et! Bu qulingga rahmating va marhamating bilan nazar qil!»
Bomdod namozi omonat namozdir. Uni o‘qiganni Alloh o‘z himoyasiga oladi.
Bir kun Yusuf ibn Hajjoj bir kishidan g‘azablanib, uni o‘ldirmoqchi bo‘ldi, yonidagi kishiga uning bo‘ynini uzishni amr etdi, u kishi jazolanuvchidan: «Bomdod namozini o‘qidingmi?» deb so‘radi. U o‘sha kunning bomdod namozini jamoat bilan o‘qiganini aytdi. Uni o‘ldirmasdan Hajjojning yoniga keltirdi. Hajjoj nechun o‘ldirmaganini so‘radi. U kishi shunday dedi:
«Men otamdan eshitdim. Otam Umardan (r.a.) eshitganini aytdi. Umar (r.a.) Payg’ambarimizdan (s.a.v.) eshitganlar.
Payg‘ambarimiz (s.a.v.) shunday marhamat qilganlar: «Bomdod namozini jamoat bilan o‘qigan kishi o‘sha kun Alloh himoyasi ostida bo‘ladi!»
«Ey, Hajjoj bu zotni shuning uchun o‘ldirmadim», dedi. Hajjoj u zotni ozod qildi. Bu Allohning rahmati emasmi?! Allohu Akbar! Namoz karomatlari sanash bilan tugamaydi. Jamoat bilan namoz o‘qishdan gofil qolmaslik kerak.
Bir kun bir zot Rasulullohning (s.a.v.) yonlariga kelib:
«Ey, Allohning Rasuli (s.a.v.)! Madinaning ilon, chayonlari ko’p. Uyim ham masjiddan xiyla uzoq. Men darrandalardan juda qo‘rqaman. Namozlarimni uyimda yolg‘iz o‘qishimga ruxsat berasizmi?» dedi. Rasululloh (s.a.v.) unga shunday buyurdilar:
«Albatta jamoatga kelishingiz kerak!»
Sog‘lom kishi jamoatni tark etishi yaxshi ish emas. Yurishga imkonsiz kishi bundan mustasnodir. Shiddatli yog‘ingarchilik va dushmandan qo‘rqish ham shunday.

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Fevral 2009, 09:44:53

NAMOZNI TO’G’RI O’QIMOQ

Ey, farzand!
Namozning ruku, sajda va boshqa ruknlarini amr etilganidek, o‘z joylariga qo‘yib o‘qimoq kerak. Saodat asrida Payg‘ambarimiz (s.a.v.) bir namozxonning ruku, sajdalarga e’tiborsizligini ko‘rdilar va marhamat etdilar:
«Bu kishi namozlarida shunday davom etsalar, «yarim» holda ketadilar va hech qanday foyda ko‘rolmaydilar».
Namoz ya’ni ruknlari joy-joyiga qo‘yilib, amr qilinganidek o‘qilmasa, ba’zi taqiqlarga ko‘ra, namozlikdan chiqadi. Namozni mazax qilganday bo‘ladi. To‘g‘ri namoz o‘qimagan kishining dinida xayr bo‘lmaydi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) marhamat etadilar.
«Namoz - din ustuni. Uni mukammal o‘qigan dinni mukammal qilgan, uni buzgan dinni buzgan bo‘ladi. Namoz — mo‘minning me’rojidir».
Ey, farzand!
Namozni yengil-yelpi ish sanamaslik kerak. Botinida, zohirida diqqat-e’tibor etiladigan muhim xususiyatlari bor. Namoz namozxonni Parvardigor huzuriga ko‘targuvchidir. Namoz o‘qish Haq huzuriga chiqish demakdir. Namozda kimning huzurida turganimizni aslo unutmasligimiz, zohiru botinni tuzatib turmog‘imiz kerak bo‘ladi. Zohiriy tuzatish joyni, libosni, badanni pok tutish bo‘lganidek, botinini tuzatish esa, ma’naviy kirlardan tozalanish, turli xayollardan uzilishdir. Eng yuksak ko‘ngil pokligi — ko’ngilni dunyodan uzishdir. Chunki namoz - izhori dildir. Namoz — roz. Rozilashishdir. Sirlashishdir. Ko‘ngil forig’ligidir. Namoz — ko‘ngilni poklovchidir. Ko‘ngil _ Alloh nazargohidir. Shuning uchun oriflar, so‘fiylar namozdan tashqarida ham ko‘ngilni pok tutadilar. Namoz insonni shunday soflikka, musaffolik osmoniga ko‘targuvchi amal.
Ba’zan zohiriy poklikdan botiniy poklikka kelinadi. Ba’zan aksincha, botiniy poklik zohirda namoyon bo‘ladi, ikkalasining barobar kelishi komillikdirki, bu bilish, tanish bilan bo‘ladi. Allohni tanish haqiqiy ma’rifatdir. Shuning uchun ham orif — ma’rifatli insonlar, komil insondir. Namoz shu darajalarga ko‘targuvchi yoki ko‘tarilish uchun vositadir. Namoz — go’zaldir va go‘zallikdir. Go‘zallikning haqiqati esa poklikdir. Zohiriy va botiniy poklik.
Alloh taolo Odamni (a.s.) yaratib, maloikalarga unga sajda qilishni amr etdi. Barcha farishtalar amrga muvofiq, Odamga (a.s.) sajda qildilar. Faqat iblis bu amrga qarshi bosh ko‘tardi. Ya’ni sajda qilmasdan la’natlandi va jannatdan mahrum bo’ldi.
Ma’lumki, unda sajda Odamga (a.s.) edi. Holbuki, kunda besh marta qilinishi kerak bo‘lgan, ya’ni amr etilgan sajda barcha olamlar Parvardigori Allohgadir, bu esa namoz bilan ado etiladi. U holda namozini tark etgan bir kimsaning ahvoli Iblisdan battarroq bo‘lmaydimi?! Bundan Allohning O’zi asrasin!
Payg‘ambarimiz (s.a.v.) marhamat etadilar:
«Namoz ichida o‘qilgan Qur’onning har bir harfiga Alloh ming savob beradi. Namozdan tashqari, namozdan so‘ng darhol o‘qilgan Qur’onning har harfi uchun Alloh yuz savob beradi. Namozdan tashqarida (boshqa joylarda) o‘qilgan Qur’onning har harfiga Alloh o‘n savob bilan mukofotlaydi.
Qur’onni lozim bo‘lganidek tinglagan kishi uchun Alloh har harfiga ming savob berishni mujdalaydi. Xatm etgan kishining esa har duosi qabul bo‘ladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Fevral 2009, 09:45:19

IMOMLIK

Ey, farzand!
Namozda imom bo‘ladigan odam, avvalo, namoz farzlarini, vojiblarini, sunnatlarini, shartlarini, odoblarini, makruh va mufsidlarini yaxshi bilishi kerak. Bulardan tashqari, Qur’oni karimni tajvid bilan o‘qishi va balog‘atga yetgan bo‘lishi imom uchun zarur bo‘lgan shartlardandir.
Izn berilmaguncha musofirning uy egasiga imomlik qilishi joiz emas.
Hech qanday sabab bilan vaqti kirgan namozni kechiktirmaslik kerak.
Imom bo’ladigan kishining kiyinishi diqqatni chalg‘itmasligi, toza, oddiy va odatiy bo‘lishi kerak.
Ey, farzand!
Imomlik jamoat tomonidan qabul qilinmagan kishi imomlik qilmasligi kerak. Jamoat istagan kishi esa bundan qochmasligi lozim.
Namoz tugagach, duolar qilish mustahabdir. Imom va jamoat duolarida jamoatni eslashlari kerak, ya’ni imom va har bir namozxon jamoat haqiga duo qilishlari lozim. Faqat o‘zlari uchun duo qilish ziqnalik, xasislik, baxillikdir.
Imom birinchi saf oldida va o‘rtasida turadi.
Payg‘ambarimiz (s.a.v.) marhamat etadilar: «Imomga ergashgan kishi, ortidan eng yaqin joy olmoq uchun g‘ayrat qiladi, agar ortida joy bo‘lmasa, o‘ng tomondan joy olishga harakat qiladi, yo‘qsa, chap tarafida turadi».
Oldingi safda bo‘sh joylar bo‘lib, orqada yangidan saf tortish makruhdir. Saflar tig‘iz, tekis, to‘g‘ri bo‘lishi kerak. Jamoatni bezovta qilib oldinga o‘tish aslo to‘g‘ri emas. Masjid ichida birovni ranjitmaslikka juda ham ehtiyot va e’tiborli bo‘lish kerak.
Saf tekis bo‘lishi uchun jamoat bir-biriga yordam berishi zarur. Chiroyli tartibda, tekis, tig‘iz, to‘g‘ri saf namoz qabul bo‘lishining shartlaridan biridir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Fevral 2009, 09:45:58

Ey, farzand!
Imomga ergashgach, biror harakatni imomdan oldin qilmaslik, ruku va sajdaga imomdan avval engashmaslik kerak.
Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat etilgan hadisga ko‘ra Payg‘ambarimiz (s.a.v.) marhamat qiladilar:
«Ayollar bilan emizikli go‘daklarni behuzur bo‘lishini o‘ylamasaydim, o‘rnimga vakil bir imom tayin etar, tong va xufton namozlarini vaqtida o‘qimasdan, qazo qiluvchilarni ta’qib etar (izlab topar), ularni uylariga o‘t qo‘yib o‘rinlarida qoldirmasdim».
Namoz ixlos bilan o‘qilishi lozim. Namozxon Allohdan boshqa narsani o‘ylamasligi kerak.
Payg‘ambarimiz (s.a.v.) marhamat etadilar:
«Namozlaringizni ixlos bilan o‘qinggiz. Chunki doim siz bilan birga bo‘luvchi farishtalar qilgan barcha ishlaringizni, ayniqsa, namoz va boshqa ibodatlaringizni olib Alloh huzuriga yetkazadilar. Bularning yo‘lini birinchi qat osmon farishtalari to‘sib, yolg‘onchilarning ibodatlarini o‘tkazmaydilar. Ikkinchi osmon farishtalari namoz o‘qiyotib, dunyo ishlaridan ko‘ngil uzmaganlarning namozlarini (navbatdagi osmon qatiga) o‘tkazmaydilar. Uchinchi qavat osmon malaklari ibodati bilan g‘ururlanuvchilarning namozlarini o‘tkazmaydilar. To‘rtinchi qavat ko‘k farishtalari kibrli kishilarning ibodatlarini o‘tkazmaydilar. Beshinchi qavat osmon farishtalari hasadchilarning namozlarini (navbatdagi osmon qatiga) o'tkazmaydilar. Oltinchi qavat osmon farishtalari qalblari shafqat-marhamatdan mahrum zolimlar ibodatini o‘tkazmaydilar. Yettinchi qavat osmon malaklari dunyoni oxiratdan ko‘proq sevgan va dinini dunyoga almashganlarning ibodatlarini ijobiy qatiga yetishiga mone’lik qiladilar. Shu tariqa qilingan ibodatning qabul maqomiga borishiga to‘siq bo‘lib, pastga qaytishiga va sohibining yuziga urilishiga sabab bo‘ladilar».
Bu xabarni eshitgan sahobalar xo‘ngrab yig‘lab yubordilar va Rasulullohdan (s.a.v.) xushxabar kutishganini aytdilar. Buni eshitgan Payg‘ambarimiz (s.a.v.) Muoz ibn Jabal (r.a.) hazratlariga qarab marhamat qildilar:
«Ey, Muoz! Ayblarni yashir, birovning aybini yuziga solma. Farzlardan boshqa qilgan barcha ibodat va yaxshiliklaringni birovga aytma, maxfiy qolishiga harakat qil. Dunyo ishlarini oxirat ishlaridan afzal etma. Hech kimni kamsitib, ko‘ngliga ozor berma. Barcha insonlarni yaxshi ko‘rishga harakat qil. Bunday qilmaganlarni jahannam azob tabaqalari bilan kutmoqda!»

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Fevral 2009, 09:50:21

Ey, farzand!
Kechaning yarmi o‘tgach, ibodat qilish uchun uyg‘onmoq kerak. Ertaga sirotdan o‘tishda oyog’ing tagini yaxshi ko‘rishing shunga bog’liq.
Masjidda dunyoviy so‘zlarni aytmaslik kerak. Bu haqda Payg‘ambarimiz (s.a.v.) shunday deydilar:
«Masjidda dunyoviy so‘zlar aytganning og‘zidan badbo‘y hid chiqadi. Bundan bezovta bo‘lgan farishtalar Allohga niyoz etadilar:
«Yo Robbiy! Falon bandangning og‘zi masjidda yarashmagan so‘z aytgani uchun sasimoqda. Biz bu yomon hiddan rohatsiz bo‘lyapmiz».
Alloh shunday marhamat etadi:
«Izzatim va Jalolim haqqi ularga juda yaqin kelajakda buyuk azob yubormoqchiman!»
Ey, farzand!
Masjidni tozalashga yordam berish kerak. Buning ajri ulug’. Bu haqda Rasululloh (s.a.v.) shunday marhamat etadilar:
«Kim masjidni tozalashga odatlansa, doim men bilan birga ibodat qilgan bo‘ladi».
Payg‘ambarimiz (s.a.v.) marhamat qiladilar:
«Har kim ramazon oyida sahar vaqtlari turib, tahajjud namozi o‘qib, duo va niyozda bo‘lsa, yozuvchi farishtalar unday banda uchun Allohga shunday yolvoradilar:
«Allohim! Bu bandangga rahmat va marhamat bilan muomala qil! Umrini uzun va barokatli ayla!»
O’sha banda yotadigan to‘shak shunday deydi:
«Alloh senga jannat to‘shaklarida yotishni nasib aylasin!»
Libosi shunday deydi;
«Alloh senga jannat liboslarini kiymoqni nasib va muyassar aylasin!»
Bosh kiyimi shunday deydi:
«Alloh oyog‘ingni sirotda sobit aylab, toydirmasin!»
Suv idishi shunday deydi:
«Alloh senga jannat sharobidan ichmoqni nasib aylasin!»
Tahorat suvi shunday deydi:
«Alloh ko‘nglingni (kirdan) pok aylasin!»
Namozini o‘qib bo‘lgach, Alloh shunday marhamat qiladi:
«Ey mening bandam! Mendan ne tilasang tila! Barcha so‘raganingni qabul qilmoqchiman!»
Ey, farzand!
Namozda turganda liboslarini qimirlatib o‘ynamaslik kerak. Shunday qilgan kishi shaytonni sevintirib, farishtalarni xafa qiladi. Kishi iloji boricha quyosh chiqayotganda tahoratli bo‘lishi kerak.
Ey, farzand!
Imom namozni uzun o‘qib, jamoatni bezdirmasligi, juda ham qisqa o‘qib namoz haqqini yemasligi, vaziyatga qarab o‘rtacharoq yo‘l tutmog‘i kerak. Orqasida keksalar, xastalar, ishi tig‘izlar borligini esdan chiqarmaslik lozim.

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Fevral 2009, 09:51:20

AZONNING FAZILATI

Ey, farzand!
Rasululloh (s.a.v.) marhamat qiladilar:
«Har bir kishi azon eshitganda shu duoni o‘qishi kerak: «ASHHADU ANLA ILAHA ILLALLOHU VAHDAHU LA SHARIYKA LAH. VA ASHHADU ANNA MUHAMMADAN ABDUHU VA RASULUH. ROZIYTU BILLAHI ROBBAN VA BIL ISLAMI DIYNAN. VA BI MUHAMMADIN SALLALLOHU ALAYHI VA SALLAMA ROSULAN VA NABIYYA».
Bu duo bilan azonni qarshilaganni shirkdan tashqari dengizlar ko‘pigicha gunohlari bo‘lsa ham Alloh kechiradi». Allohu Akbar! Yana Payg‘ambarimiz (s.a.v.) shunday deydilar:
«Ey, sevimli sahobalarim! Qiyomatgacha kelguvchi ummatlarim! Azon aytilgach, shu duoni o‘qishni unutmang:
«ALLOHUMMA ROBBA HAZIHID DA’VATIT TAAMMAH. VAS SOLATIL QOIMAH. ATI MUHAMMADANIL VASIYLATA VAL FAZIYLAH. VAD DARAJATAR ROFIYATA. VAB’ASHU MAQOMAM MAHMUDANILLAZIY VA’ADTAH. VARZUQNA SHAFA’ATAHU YAVMAL QIYAMAH. INNAKA LA TUXLIFUL MI’AD».
Aytilayotgan azonga hurmat ko‘rsatib, oxirigacha odob bilan tinglab, boshqa narsalar bilan mashg‘ul bo‘lmaslik lozim. Agar azondan avval Qur’on yoki namoz o‘qish boshlangan bo‘lsa, bu ikki ibodat davom ettiriladi.
Hazrati Oisha (r.a.) onamiz azon aytilganda qo‘llaridagi ishni qo‘yib, azonni tinglardilar. Bir kun ulardan (r.a.) buning sababini so‘radilar. U zot shunday javob berdilar:
«Men Rasulullohdan (s.a.v.) eshitdim. Azon aytilganda uni tinglamasdan boshqa narsalar bilan mashg‘ul bo‘lish — o‘sha kishining imonida nuqson borligini ifodalaydi», deya marhamat etdilar. Shundan so‘ng azon aytilganda hech narsa bilan mashg‘ul bo‘lmasdan, azonni eshitishni odat qildim».
Buyuk valiylardan Abu Nafs Haddod hazratlari temirchilik bilan shug‘ullanganlar. Bolg‘a ko‘targan qo‘llari azon aytilganda ko‘tarilgancha qolar, azon tugaguncha tushirmasdilar. Agar bolg‘a sandon ustida bo‘lsa, azon tugaguncha uni ko‘tarmasdilar. Suhbatlashayotgan bo‘lsalar, darhol to‘xtatib, azon tugaguncha jimib qolardilar. Bir kun bu muborak zot vafot etdilar. Yo‘lda tobutini ko‘tarib borishardi, shunda minoradan muazzin azon ayta boshladi. Tobut ko‘targanlar bir odim ham yurolmasdan turgan joylarida turib qoldilar. Azon tutaganda yana tobutni ko‘tarish uchun kuchlari o‘zlariga qaytdi. Azonga bo‘lgan hurmatlari, odoblari vafot etgach ham u zotda karomat sifatida ko‘rindi.
Payg‘ambarimiz (s.a.v.) marhamat etadilar:
«Kim azonni eshitgach, muazzin bilan birga sekin ovozda takrorlasa, Alloh aytilgan azonning bir harfiga ming savob beradi va ming gunohini kechadi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Fevral 2009, 09:51:43

Ey, farzand!
Azon islom dinining muhim ibodatlaridai biridir. Unga nisbatan odob va hurmat saqlash shart.
Ey, farzand!
Islom ilk yoyilgan paytlarda azon yo‘q edi.
Ba’zi sahobalar Payg‘ambarimizga (s.a.v.): «Yo Rasululloh! (s.a.v.) Bizga namoz vaqtlarini bildiradigan bir ishorat bo‘lsa, juda o‘rinli bo‘lardi. Vaqtini tayin etishda bir oz qiynalyapmiz», deyishadi.
O’sha kecha hazrati Bilol Habashiy (r.a ) ikki farishtaning Abu Qubays tepaligiga ko‘kdan tushganini tush ko‘rdilar. U yerda har ikki farishta tahorat olib, azon va qomat aytgach, biri imom, ikkinchisi iqtido etib namoz o‘qidilar. Keyin yana ko‘kka uchib ketdilar. Tongda sahobalar Rasululloh (s.a.v.) atrofida yig‘ilgach, ko‘rgan tushni aytdilar. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) farishtalar nima qilib, nima deganlarini so‘radilar. Bilol (r.a.) farishtalardan biri ikki qo‘lini quloqlariga qo‘yib:
«ALLOHU AKBAR! ALLOHU AKBAR!
ALLOHU AKBAR! ALLOHU AKBAR!
ASHHADU ANLA ILAHA ILLALLOH!
ASHHADU ANLA ILAHA ILLALLOH!
ASHHADU ANNA MUHAMMADAR RASULULLOH!
ASHHADU ANNA MUHAMMADAR RASULULLOH!
HAYYA ALAS SOLAH! HAYYA ALAS SOLAH!
HAYYA ALAL FALAH! HAYYA ALAL FALAH!
ALLOHU AKBAR! ALLOHU AKBAR!
LA ILAHA ILLALLOH!»
deganlarini aytdilar Umar (r.a.) ham bu kecha xuddi shunday tush ko‘rganini so‘zladilar. Sahobalardan yana birlari kechasi aynan shu tushni ko‘rganini aytdi. Shundan so‘ng Payg‘ambarimiz (s.a.v.) marhamat etdilar:
«O’sha ko‘rganlaringiz birodarim Jabroildirlar (a.s). Sizlarga namoz uchun azon o‘qishni o‘rgatdilar. Ikkinchilari esa Mikoil (a.s.) dirlar. U zot imom bo‘lib namoz o‘qib berdilar».
Allohu Akbar! Subhanalloh! Payg‘ambarimizning (s.a.v.), sahobalarning, Bilolning ruhi poklari shod bo‘lsin! Bugun ham ma’naviy-moddiy olamlar uzra osmoniy kengliklarda azonlar yangrab turibdi! Valhamdulillahi robbil alamiyn!

Qayd etilgan