Imom G'azzoliy. Ey, farzand  ( 80311 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 ... 10 B


AbdulAziz  08 Fevral 2009, 09:35:03

ABU HOMID G’AZZOLIY

EY, FARZAND

«AYYUHAL VALAD» ASARINING
O’ZBEK TILIDAGI TARJIMASI


(qayta nashr)

Toshkent
Movarounnahr
2005 yil


Tarjimon: Yo‘ldosh ESHBEK
Mas’ul muharrir: Muhammad SHARIF JUMAN
Muharrir: Bahodir NURMUHAMMAD

MUNDARIJA

Muqaddima
Imom G’azzoliy haqlarida bir necha so‘z
Uyqudan turayotganda zarur bo‘lgan odoblar
Hojatxonaga kirish odoblari
Tahorat olish odobi
Masjid odoblari
Ziyorat odobi
Jamoat namozining fazilati
Imomlik
Azonning fazilati
Ramazon oyining fazilati
Zulhijja oyi va ilk o‘n kunining fazilati
Yaratilganlarning birinchisi—aql
Ibratli hikoya
Imon qal’asi
Tavhid bahsi
Alloh rizosi
Shayx Zunnun Misriy o'giti
Imon duosi
Bozorlarda aytiladigan duo
Taom duosi
Libos kiyish duosi
Istig'for duosi
Ixlos surasining fazilati
Salovati sharif aytish fazilati
Sadaqa berishning fazilati
Qarz olish va qarz berish haqida
Sudxo‘rlikning yomonligi
Savdoda yolg‘on so‘zlashning yomonligi
O'lchov va tarozu
Inson vujudi - Allohning omonati
Ne'matlar uchun shukr qilish
Hayit kunlarining fazilati
Faqirlarga kamtarin, boylarga viqorli bo‘lmoq
Boylikka hirs qo’yma
Diniy birodarlik ahamiyati
Zuhd va taqvo sohibi bo‘lmoq
Ota-onaga itoat odobi
Ustozga hurmat
Birodarning birodarga munosabati
Qarindosh ziyoratining fazilati
Qo‘shnichilik haqlari va odoblari
Mahalla xizmati va odobi
Olimlar suhbatining ahamiyati
Juma kunining odoblari
So'fiylik maslagi va odoblari
Keksalarga hurmat ko‘rsatish
Hakamlar bilan birga bo‘lish odobi
Hurmatli zotlar huzurida odob
Nodonlar majlisida bo'lish odobi
Do‘stlashish odobi
Ovqatlanish odoblari
To‘y va bozor odoblari
Yo'ldoshlik odobi
Kasalni ziyorat qilish odobi
Janozaga borish odobi
Er-xotin munosabatlari
Uyga kirib-chiqish, ovqatlanish odobi
O’ringa yotish odoblari
Ma’naviy ta’sir uchun o’qiladigan sura, oyat va duolar
Nozik muomala odoblari
Nikohning sunnatlari va odoblari
Turli mavzularda o‘gitlar va odoblar
Shaqovotning alomatlari va yomonligi
Sabrning ahamiyati
Qabr ziyorati va ahamiyati

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Fevral 2009, 09:36:03

 :bs1:

MUQADDIMA

Olamlar Parvardigori Alloh taologa beadad hamdu sanolar, bo‘lsin!
Sarvari koinot, olamlarga rahmat, payg‘ambarlar a’losi hazrati Muhammad Mustafoga salovati shariflar, beadad durud va salomlar bo‘lsin!
U zotning ahli baytiga, sahobalariga, U zotni sevib, yo‘lidan yurganlarga, U zotga ergashganlarga salomlar bo‘lsin!
Hujjatul islom Imom G’azzoliy hazratlarining «Ayyuhal valad» asarini hijriy 960 yilda Sulaymon ibn Jazo tarjima qilgan, sharhlagan. So‘nggi bor hijriy 1302 yilda Hoji Tavfiq Afandi tomonidan nashr etilgan.
Davr ehtiyojiga ko‘ra fiqh sifatida yozilgan bu buyuk asar muallifning o‘zi ta’kidlaganidek, uch yuz oltmish to‘qqiz hadisi sharif va qirq to‘rt avliyo xabari bilan boyitilgan. Hadisi shariflar quyida nomlari aytilgan hadis kitoblaridan, mo‘tabar asarlardan sinchkovlik bilan tanlab olingan.
Manba bo’lgan hadis va xabar kitoblari:
1. «Ihyoi ulumid-din», hujjatul islom Imom G’azzoliy.
2. «Jomi’ul-usul».
3. «Risolai-anvar».
4. «Bo‘stonul-orifin», muhaddis Mavlono Ibrohim Samarqandiy.
5. «Masobih».
6. «Mashorik».
7. «Irshodus-sobiriyn».
8. «Qutul-qulub».
9. «Jomi’ut-Termiziy».
10. «Jomi’ul-jinon».
11. «Bahshatul-anvar».
12. «Mav’izai Muso».
13. «Vasiyatu Abu Hurayra».

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Fevral 2009, 09:36:52

IMOM G’AZZOLIY HAQLARIDA BIR NECHA SO’Z

Hujjatul islom Imom G’azzoliy hazratlari bir necha asrlarda bir keladigan buyuk islom mutafakkirlaridan biri sanaladi.
Hijriy 450 (m.1058) yilda Eronning Xuroson viloyati, Tus shahrida dunyoga kelib, hijriy 505 (m. 1111) yilda shu yerda vafot etganlar.
Hayratda qolarli darajada teran bilimga ega bo‘lgan bu ulug‘ zot davrining barcha ilmlari bo‘yicha yetuk bo‘lganlar, zohiriy va botiniy ulamolar orasida katta jarlik yuzaga kelgan bir paytda har ikki tomonni murosaga keltirgan benazir olimdir. Qisqa umrlari davomida turli sohalarda va mavzularda ko‘plab ulug‘ asarlar yozdilar, ta’lif etdilar. «Ihyoi udumid-din» ilm olamida ma’nolari chuqurligi bilan mashhurdir. Boshqa barcha asarlari ham u zotni dunyoga fazilat va kamolot sohibi sifatida tanitdi.
Shogirdlaridan juda ko‘pchiligi u zot yonida zohir va botin ilmlarining shavqlarini totib, maqsadlariga yetdilar. O’zidan yiroqda bo‘lganlarga maktublar yo‘llab ilm va irshod maqomida xizmatlarini davom etdirdilar va davom etdirmoqdalar, bu nurlardan kelajak avlodlar ham bahramand bo‘ladilar, inshaalloh. Bunday ziyo manbasida, ilm osmonida pirlant (brilliant) qandillarga, bilimdonlik zaminida nur chashmalariga aylangan «Al-munqizu minaz zalol» va «Ayyuhal valad» asarlari shular jumlasidandir.
Islom olami, butun dunyo 900 yildan buyon hazrat G’azzoliy asarlaridan o‘rganib kelmoqda, bu asarlar turli tillarga tarjima qilingan. Sharq mamlakatlaridan tashqari Ovro‘pa, hatto Amerikada u zot nomida ilmgoh (institut) lar ochilib, hayoti va ilmiy faoliyatiga bog‘liq tadqiqotlar olib borilmoqda. G’azzoliy kabi zotlarning nufuzli asarlari har bir asr, har bir jamiyat uchun har doim faqat foyda keltiradi.
Bizdek ojiz bandaning xatolarini Alloh mag‘firat qilib, siz aziz o‘quvchilarning fikr-mulohazali so‘zlari bilan o‘zi tuzatib, to‘g‘ri yo‘lga boshlasin. Xato-kamchiliklar bizdan, muvaffaqiyat Allohdandir. Unga behad hamdu sanolar, Payg‘ambarimizga salovatlar, ahli baytiga, sahobalariga G’azzoliydek, Imom A’zamdek, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Imom Marg‘inoniy kabi olim, aziz avliyolariga, U zotga ergashganlarga, U zotni sevganlarga salomlar bo‘lsin. Bu dunyoda barchaga, u dunyoda esa mo‘minlarga marhamatli bo‘lgan Alloh nomi bilan «Ayyuhal valad» mutolaasini boshlaymiz.
Tarjimon

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Fevral 2009, 09:39:22

 :bs1:

BIRINCHI BO’LIMGA KIRUVCHI ODOBLAR

EY, FARZAND!
Odob bir necha ko‘rinishga ega. Inson avvalo kiyinish odoblarini yaxshi bilmog‘i lozim. Shuningdek eshik ochish, hojatini o‘rinlatish, tozalanib hojatxonadan chiqish, tahorat olib, masjidga borish, namoz o‘qish, masjiddan chiqish va uyiga yoki ish joyiga kirish, odamlar bilan uchrashish kabi odoblarga ham rioya etishi kerak.
Rajab, sha’bon va ramazon oylariga xos odoblar bilan birga qo‘l, oyoq, til, quloq va tanosil a’zolariga tegishli odoblarni saqlash ham zarur.
Qo‘ni-qo‘shni haqlari, muhtojlarning ehtiyojlarini qondirish, bozor-o‘charga borish, qarz olish-berish, olimlarni, oriflarni, murshidlarni ziyorat etish, ularning majlislarida qatnashish odoblari ham bor.
Kiyinish, yurish-turish, kimlarga qanday qarash, kimlarga qaramaslik, qanday suhbatlashish, mehmon qabul qilish va mehmon bo‘lish odoblari, taomlanish va taomlantirish odoblari, qir-adirda, tog‘u toshda va istirohat maskanlarida bo‘lish odoblari, safar va musofirlik, xasta zisrati, er-xotin munosabatlariga tegishli odoblarini bilib, ularni saqlash kerak.

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Fevral 2009, 09:41:50

UYQUDAN TURAYOTGANDA ZARUR BO’LGAN ODOBLAR

Ey, farzand!
Tongda o‘rnidan turayotgan kishi, avval o‘ng yoniga qaraydi va ushbu duoni o‘qiydi:
«BISMILLAHI VA BILLAHI VA TAVAKKALTU ALALLOHI. LA HAVLA VA LA QUVVATA ILLA BILLAHIL ALIYYIL AZIYM».
Ko‘ylak kiyayotganda «Bismilloh» aytib, avval o‘ng qo‘lni, keyin chap qo‘lni yengdan o‘tkazadi. Boshqa libos va kiyimlar ham xuddi shunday o‘ngdan boshlab kiyiladi. Kiyinayotganda har bir a’zoning Allohga ibodatda bo‘lishini tilaydi. Har bir a’zo kiyinish asnosida Allohga omonat topshiriladi.
Uydan chiqayotganda eshik o‘ng qo‘l bilan ochilib, o‘ng oyoq bilan tashqariga chiqiladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Fevral 2009, 09:42:03

HOJATXONAGA KIRISH ODOBLARI

Ey, farzand!
Tahorat ushatish uchun hojatxonaga borsang, «Bismilloh» deb chap oyog‘ing bilan kir. O’tirganda old yoki orqa tarafing qiblaga to‘g‘ri kelib qolmasin, bunga e’tibor ber. Katta hojat va bavlingga qarama. Hojatxona ichida so‘zlama. Ehtiyojing tugamasdan turib ketma, bitgach, uzoq o‘tirib qolma.
Poklanish uchun kesak yoki shunga o‘xshash jismlarni qo‘lla, bularni chap qo‘ling bilan bajar. Peshob tomchilari mutlaqo to‘xtashini kut. So‘ngra suv bilan poklan.
Suv bilan poklangan a’zo yana toza bo‘z, matoh bilan quruqlanadi. So‘ng kiyinib, turib, o‘ng oyoq bilan hojatxonadan chiqiladi. Hojat ishlari bitgach, shu duo o‘qiladi:
«ALHAMDU LILLAHILLAZIY AZHABA ANNIY MA YU’ZIYNIY. VA AMSAKA ALAYYA MA YANFAUNIY».

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Fevral 2009, 09:42:16

TAHORAT OLISH ODOBI

Ey, farzand!
Tahorat oladigan joy toza bo‘lishi kerak. Bu xususda janob Payg‘ambarimiz (s.a.v.) shunday marhamat qiladilar:
«Tahorat ushatgan joyingizda tahorat olmangiz. Tahorat suvining har tomchisiga bir yillik namoz savobi beriladi».
U zot (s.a.v.) yana bir hadisi shariflarida shunday marhamat qiladilar:
«Tahorat ushatgan yerda tahorat olgan kishi o‘zini vasvasadan qutqarolmaydi».
Boshqa bir hadisi shariflarida esa shunday deydilar:
«Farishtalar tahorat olishini «Bismilloh» bilan boshlagan kishiga tahorat oxirigacha to‘xtamasdan savob yozadilar».
Sahobalardan biri hazrat Payg‘ambarimizdan (s.a.v.) tahorat foydasini so‘radilar. Rasululloh (s.a.v.) shunday javob berdilar:
«Kimki tahoratni «Bismilloh» bilan boshlasa, qo‘lini yuvar ekan, qo‘li bilan qilgan, yuzini yuvayotganda yuzidagi a’zolari bilan orttirgan, qaysi a’zosini yuvsa o‘sha a’zosi bilan qilgan barcha gunohlari to‘kilib, afv etiladi».
Ey, farzand!
Rasululloh(s.a.v.) shunday marhamat qiladilar:
«Uylaringizni butxonaga aylantirmangiz. Ularni namozlaringiz bilan bezang (ziynatlang)izlar».
Bir hadisi shariflarida ham shunday marhamat etadilar:
«Mening masjidimda o‘qilgan ikki rakat namoz boshqa joylarda o‘qilgan ming rakat namozdan xayrli (afzal, yaxshi)roqdir».
Boshqa bir hadisi shariflarida shunday xushxabar beradilar:
«Kim bomdod namozining sunnatini uyida o‘qib, farzini jome’ga borib, jamoat bilan ado etsa, mening masjidimda o‘qilgan namozning savobiga noil bo‘ladi».
Oisha onamizdan (r.a.) rivoyat etilgan bir hadisi sharifda shunday deyiladi:
«Rasululloh (s.a.v.) rukuga egilganlarida ustlarining har qanday bir joyida suv to‘la idish qo‘yilsa, ichidagi suv to‘kilmagani kabi idish ham har qanday bir tarafga tushib suvi to‘kilmas darajada to‘g‘ri, tekis, tartib-intizom bilan turardilar».
Namozni Payg‘ambarimiz (s.a.v.) o‘qigan shaklda o‘qimoq zarur. Ruku, sajda va boshqa harakatlarni U zotdek ado etish namoz qabul bo‘lishi uchun shartdir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Fevral 2009, 09:42:28

MASJID ODOBLARI

Ey, farzand!
Bu qismda masjidlarga aloqador odoblardan so‘z ochamiz. Masjidga borayotgan kishining har qadamiga savob yozilib, gunohlari afv etiladi.
Masjidga o‘ng oyoq bilan kiriladi. Shu onda: «Allohim! Bizga rahmat eshiklarini ochgaysan!» deya duo qilinadi. Keyin chap oyoq ichkari olinadi. Agar masjid ichida odam bo‘lsa, salom beriladi, bo‘lmasa, shunday duoi salom qilinadi:
«ASSALAMU ALAYNA VA ALA IBADILLAHIS SOLIHIYN»
Bundan so‘ng uch bor:
«SUBHANALLOHI VAL HAMDU LILLAHI VA LA ILAHA ILLALLOHU VALLOHU AKBAR. VA LA HAVLA VA LA QUVVATA ILLA BILLAHIL ALIYYIL AZIYM» deb, masjidning muvofiq bir joyiga o‘tib, sunnat namozini o‘qigach, muazzinning qomat keltirishini kutadi. Muazzin qomat keltirgach, turib niyat qiladi, imomga ergashib, jamoat bilan namoz o‘qiydi.
Bu haqda Rasululloh (s.a.v.) shunday deydilar:
«Alloh taolo namoz o‘qiliyotganda rahmatini imomga, uning o‘ngiga,chapiga, orqasiga yog’diradi. Jamoatga qo‘shilgan har kim o‘sha rahmatdan nasibasini oladi».
Jamoat savobiga to‘la sazovor bo‘lish uchun takbiri tahrimani imom bilan birga yoki undan so‘ng darhol aytishga g‘ayrat qilish kerak. Janob Payg‘ambarimiz (s.a.v.) sahobalar masjidda to‘plangan bir kun shunday dedilar:
«Ey, sahobalarim! Siz, namozning ilk takbirining fazilati qanchaligini bilasizmi?»
U yerda qatnashayotganlardan Ali (r.a.) shunday marhamat etdilar:
«Ey, Allohning Rasuli (s.a.v.)! Menimcha imom bilan birga olingan ilk takbir fazilati shunday: Bu dunyo islomga qarshi tajovuzkor holda bo‘lgan dushmanlarga liq to‘la bo‘lsa, bir kishi ular bilan jang qilib, ularni ta’sirsiz qilib, muvaffaqiyatga erishsa, o‘sha kishi qozongan savob takbiri tahrimani imom bilan aytgan kishining savobiga teng bo‘lolmaydi».
Bundan so‘ng Abu Bakr Siddiq (r.a.) shunday dedilar:
«Ey, Allohning Rasuli (s.a.v.)! Dunyo to‘la oltin, kumush kabi boyliklarim bo’lsayu, hammasini sadaqa sifatida tarqatsam ham, baribir imom bilan birga aytilgan takbiri tahrima savobiga yetolmagan bo‘laman».
Bu savob darajasini u yerda qatnashgan sahobalar bir-bir aytib o‘tishgach, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) shunday dedilar:
«Menga Jabroil (a.s.) kelib shunday dedi: «Ey, Muhammad (s.a.v.)! Sizga Alloh taolo salom yo‘lladi va shunday marhamat etdi:
«Habibimga xushxabar bering! Barcha dengizlar siyoh va barcha daraxtu-nihollar qalam bo‘lsa, yeru ko‘kdagilar kotib bo‘lsalar va namozning takbiri tahrimasini imom bilan birga aytgan kishining savobini yozib borishsalar, bu yozishni qiyomatga qadar davom ettirsalar ham o‘sha kishi qozonadigan savobning o‘ndan birini yoza olmaydilar».
Ey, farzand!
Namozlarni jamoat bilan o‘qishga g‘ayrat qilish takbiri tahrimani imom bilan birga yoki imomga eng yaqin bir vaqtda aytishga kirishish va uning beadad fazilatlaridan bahramand bo‘lmoq kerak.
Oldinda bo‘sh joylar turib, orqada yangidan saf tortish makruhdir. Oldindagi bo‘sh joylarni to‘ldirish lozim. Bir o‘zi bir safni egallashga harakat qilish gunohdir. Niyat qilayotganda bajariladigan ishning qalbdan kechirilishi va har bir ibodatning Alloh rizosi uchun ekanini o‘ylash, tushunish juda muhim. Og‘zaki niyat qiluvchi kishi qalbdan boshqa narsani kechirishi va boshqa narsalarni o‘ylashi bilan namozi durust bo‘lmaydi.
Niyat bilan barobar qo‘llar yelka uzra ko‘tarilib, bosh barmoqlar quloqlar yumshog‘iga tegiziladi. Vaqt o‘tkazmasdan «Allohu Akbar!» deyiladi va qo‘llar darhol bog‘lanadi. Ko‘zlar sajda qilinadigan joydan uzilmaydi. Namozda turgani bir on esdan chiqarilmaydi. Imom o‘qigan oyatlar e’tibor bilan tinglanadi. Qalb boshqa narsalardan, dunyodan uziladi. Qo‘l, panja qulluq uchun tayyor, shikasta bir holda turiladi.
Imom bilan birga jamoat rukuga boradi. Ayni shaklda sajdaga boriladi. Imomdan avval ruku va sajda qilmaslikka juda ham diqqat-e’tibor berish kerak. Imomga ergashib «Allohu Akbar!» deb ruku, sajda qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) shunday deydilar:
«Imomdan avval ruku va sajda qiluvchilarning boshi mahshar ahliga markab (ulov) boshiga o‘xshatib, (aylantirib) ko‘rsatiladi» (Alloh saqlasin).

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Fevral 2009, 09:42:40

ZIYORAT ODOBI

Ey, farzand!
Payg‘ambarimiz (s.a.v.) marhamat etadilar:
«Kim bir mo‘min birodarini Alloh roziligi uchun ziyorat etib, qo‘l ushlashib uch bora silkitib ko‘rishsa, kuzgi daraxt barglari to‘kilgandek, har ikkovining gunohlari to‘kiladi».
Yana bir hadisi shariflarida Rasululloh (s.a.v.) shunday marhamat etadilar:
«Zarur holda mo‘min birodarining ziyoratidan uzoq bo‘lgan va jamoatni tark etgan Allohning rahmatidan ham uzoq qoladi».
«Kerak vaqtda mo‘min birodarining ziyoratida bo‘lmagan kishi meni ranjitgan bo‘ladi».
Hazrati Umar (r.a.) marhamat etadilar:
Rasulullohdan (s.a.v.) ziyoratga munosib vaqtlarni so‘radim. Menga shunday dedilar:
«Ey, Umar! Ertalab va asr vaqtlarida ziyoratda bo‘lmoqni menga Makkai Mukarramadagi paytimda Jabroil alayhissalom o‘rgatdilar. Bir kun birodarini Alloh roziligi uchun ziyorat etgan kishi Hizr alayhissalomni ziyorat etgan kabidir».
Mo‘minlar bir-birini ziyorat etishlarining savob va fazilatlarini sanab ado qilib bo‘lmaydi.
Har xil bahonalar bilan ziyoratdan qochmaslik kerak. Chunki uch toifa inson Alloh taolo jamolini ko‘rmoqdan mahrum qoladi:
1.    Tanbal kishilar..
2.    Kibrlilar va xudbinlar.
3.   Behuda, befoyda narsalar bilan o‘ralashuvchilar, sir saqlashni bilmaydigan ezma, vaysaqilar.
Ey, farzand!
Aslo musofaha (qo‘l ushlashib ko‘rishish)ni tark etma
Janob Payg‘ambarimiz (s.a.v.) bir hadisi shariflarida shunday marhamat etadilar:
«Uchrashgan mo‘min birodari bilan musofaha etmoq (qo‘l ushlashib ko‘rishmoq)dan qochgan (o‘zini tortgan) kishi bizdan emas».
Musofaha paytida marhumlarni, mo‘min-musulmonlarni duo qilish kerak. Payg‘ambarimizga (s.a.v.) alohida salovat aytish lozim.

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Fevral 2009, 09:42:50

MASJIDDAN CHIQISH ODOBLARI

Ey, farzand!
Bomdodni o‘qigach, masjiddan chap oyoq bilan chiqiladi va shunday duo qilinadi:
«Allohim! Menga fazlu karaming bilan rahmat eshiklarini och!»
O’ng oyoq tashqariga olinayotganda shunday niyat qilinadi:
«Allohim! Peshin namozini o‘qishimni menga nasib ayla!»
Peshinni o‘qib asrga, asrni o‘qib shomga, shomni o‘qib xuftonga, xuftonni o‘qib bomdodga niyat etgan kishining daftariga kecha-kunduz namoz o‘qigan savobi yoziladi.
Bir hadisi shariflarida Rasululloh (s.a.v.) shunday marhamat etadilar:
«Amallar niyatlarga ko‘radir. Kim nimani niyat qilsa, o‘shaning natijasini ko‘radi».
Niyatsiz amal bo‘lmaydi, ya’ni niyatsiz amal amal emas. Niyati qilinib, yaxshi, tugal, o‘rinli qilinmagan amal ham daftarda amal qilinmagan deb yoziladi.
Payg‘ambarimiz (s.a.v.) marhamat etadilar:
«Namoz — din ustunidir. Namozni mukammal o‘qigan dinini mukammal qiladi. Namozni buzgan dinni buzadi. Namoz — barcha ibodatlardan afzaldir. Namozni jamoat bilan o‘qimoq, yolg‘iz o‘qigandan yigirma besh, yigirma yetti daraja afzaldir».
Payg‘ambarimiz (s.a.v.) shunday marhamat etadilar: «Jamoat bilan namoz o‘qishni uzrsiz tark etib, uyida yolg‘iz o‘qigan kishi faqat qarzini o‘taydi. Yigirma yetti darajali jamoat savobidan mahrum bo‘ladi».
Namozlarni kechiktirmasdan vaqtida o’qish kerak. Vaqtning o‘rtasida o‘qishning ham zarari yo‘q. Faqat hech qanday zaruratsiz kechiktirish to‘g‘ri emas. Payg‘ambarimiz (s.a v.) marhamat etadilar:
«Me’roj kechasi jahannam menga ko‘rsatilganda ko‘rdimki, bir guruh kishilarni zaboniylar gurzi bilan boshlariga urib, ularning miyalarini parchalashmoqda. «Bu shaklda jazolanayotganlar kimlar?» deya Jabroil alayhissalomdan so‘radim. U zot bu kishilar zaruratsiz namozni kechiktirganlar ekanini aytdilar». Har namozni kirgan vaqtida yoki o‘rta vaqtida o‘qish kerak. Namozni uzrsiz kechiktirishdan saqlanish lozim. Namozni vaqtida o‘qimagan kishi savobdan mahrum bo‘ladi. Namozni ba’zan o‘qib, ba’zan o‘qimagan kishining ham ahvoli qo‘rqinchli. Chunki bu odam namozni jiddiy qabul qilmagan sanaladi.

Qayd etilgan