Imom G'azzoliy. Ey, farzand  ( 80314 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 B


AbdulAziz  08 Fevral 2009, 09:58:32

O’LCHOV VA TAROZU

Ey, farzand!
Tijoratda o‘lchov va tarozudan urib qoluvchilar haqida Qur’oni karim (Mutoffifun-1,2,3) da shunday marhamat etiladi:
«Urib qolguvchilarning holiga voy bo‘lgay! Qachonki, ular birovlardan (biron narsani o‘lchab olganlarida to‘la qilib oladilar, o‘zlari o‘lchab yoki tortib bersalar urib qoladilar».
Ey, farzand!
Birovning haqqiga ehtiyot bo‘l. Qarzdorlik xarf va dard ekanini bilgani holda beparvolik qilgan kishi ertasini halokatga tashlangan bo‘ladi. Qarzdor bo‘lishdan saqlan. Bu haqda hazrat Payg‘ambarimiz (s.a.v.) shunday deganlar:
«Zimmasida birovning haqqi qarzi borligini bilgani holda to‘lamasdan, rozilik olmasdan o‘lganning janoza namozi o‘qilmaydi. Toki vorislaridan bir kishi o‘sha qarzni zimmasiga olguniga qadar».
Qarzli kishining qarzi uzilmasdan jannatga kirolmaydi.
Oisha onamizdan (r.a.) rivoyat etilishicha, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) shunday xabar beradilar:
«Qarzli kishi to‘lamoq niyatida bo‘lsa, Alloh o‘sha qulining ishini oson qiladi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Fevral 2009, 09:58:46

INSON VUJUDI — ALLOHNING OMONATI

Ey, farzand!
Vujud insoniyatga Alloh bergan bir omonat hisoblanadi. Demak, vujuddagi a’zolar ham Allohning omonatidir. Omonatga xoinlik, ya’ni xiyonat qilinmaydi. Bu xususda Rasululloh (s.a.v.) marhamat etadilar:
«Ummatim ustiga shunday bir zamon keladiki, omonatlar saqlanmaydi (himoya qilinmaydi)».
Bu hadisi sharifni eshitganlar Payg‘ambarimizdan (s.a.v.) «Omonatdan murod nima?» deb so‘rashdi. Rasululloh (s.a.v.) marhamat etdilar:
«Qo‘l — insonga Alloh (tomonidan berilgan) omonatidir. U bilan harom narsaga yopishmaslik kerak.
Oyoq — Allohning bir omonati. U bilan haromga yurmaslik, haromga bormaslik kerak. Tanosil a’zolari omonat. Ular bilan zino qilmaslik lozim. Barcha a’zolar Allohning omonatidir. Ularni bandalik xizmatida, foydali ishlarda qo‘llash kerak. Shunday ish tutgan kishi kafolat ostida bo‘lganidek, o‘zi ham ishonchli, eminlardan bo‘ladi. Aks holda xoinlardan bo‘ladi».
Ey, farzand!
Rasululloh (s.a.v.) marhamat etdilar:
«Bir kishi Luqmondan:
—   Siz Luqmonmisiz? — deb so‘radi.
Luqmon:
— Ha, men Luqmonman, — dedilar. O’sha kishi:
—   Men bilganimda siz zaif bir odam edingiz, bunday darajaga qanday erishdingiz? — dedi.
Luqmon:
—   Shu uch narsa bilan.
1 Omonatga xiyonat qilmaslik.
2.   To’g‘ri gapirish.
3.   Keraksiz so‘z va ishlarni tark etish, ko‘p va foydasiz so‘zlashishni tashlamoq bilan erishdim, — dedilar».
Ey, farzand!
Inson a’zoga omonatga xiyonat qilmasin.
Hazrati Muso (a.s.) Allohdan so‘radilar:
«Allohim! Omonatni yaxshi saqlab, ko‘rib, haqqini berganga, haqqiga rioya etganga, joyiga, o‘rniga topshirganga qanday ehsonda bo‘lgaysan?»
Alloh marhamat etdi:
«Ey, Muso! Omonatni yaxshi ko‘rgan va uni joyiga, o‘rniga topshirgan qulimni qiyomat kuni xavfdan emin etib, jannatimga kiritaman!»

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Fevral 2009, 09:58:58

NE’MATLAR UCHUN SHUKR ETISH

Ey, farzand!
Alloh bergan ne’matlar uchun Allohga ko‘pdan ko‘p shukr etish kerak. Ko‘rnamaklik qilmaslik lozim.
Muso (a.s.) Allohga iltijo qildi:
«Allohim! Odamlarga qo‘l, oyoq, ko‘z, quloq kabi ne’matlar berdingki, sanagan bilan tugamaydi. Inson bularning qay birining shukrini o‘rniga qo‘ya olishi mumkin? Bu mashaqqatli bir narsa, qiyin ish».
«Alloh shunday marhamat etdi:
«Ey, Muso! Qulim bergan ne’matlarimni o‘zidan emas, Mendan ekanini bilsa, bergan ne’matlarimning shukrini o‘rniga qo‘ygan bo‘ladi. Bandamning vazifasi kecha-kunduz Meni eslamoq, yod etib, zikr qilmoqdir. Xotiridan chiqarmaslikka, Meni unutmaslikka tinimsiz harakat etmoqdir».
Muso (a.s.) bu so‘zni eshitishlari bilan darhol sajdaga bordilar va dedilar:
«Allohim! Sening barcha so‘zing Haq va haqiqatdir!»

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Fevral 2009, 09:59:13

HAYIT KUNLARINING FAZILATI

Ey, farzand!
Iyd kunlari oila a’zolariga, bolalarga, yaqinlarga, mo‘min-musulmonga yaxshi muomalada bo‘lish, ularning ko‘ngillarini olib, sevintirish kerak. Iloji bo‘lsa, hadya berishni unutmaslik lozim. Rasululloh (s.a.v.) janobimiz marhamat etadilar:
«Iyd kunlari faqir, miskin, nochor, yetimlarga sadaqalar berib, hol so‘raganlarga Ka’bai Muazzamaki ming marta tavof etganchalik savob beriladi».
Ey, farzand!
Olimlar, oriflar va yaxshi kishilar suhbatida bo‘l. Kishining kimligi u bo‘lgan joyga, kimlarning orasida ekaniga bog‘liq.
Hazrati Payg‘ambarimiz (s.a.v.) marhamat etadilar:
«Olimlar va solihlar majlisiga borguvchining bosgan har odimiga qabul bo‘lgan bir haj savobi yoziladi. Chunki olimlar va solihlar Allohning do‘stlaridir».
Bu savob Allohning Ka’basini tavof etish bilan teng qiymatga ega.
Hayit kunlarida xafa, musibatli va g‘amgin kishilarni ziyorat etib, ko‘ngillarini quvonchlarga to‘ldirish lozim. Imkoni bo‘lsa, hadyalar berib kambag‘allarga xursandchilik baxsh etish zarur. Bundaylarni Alloh g‘am-qayg‘udan qutqaradi, sevintiradi.
Hazrati Muso (a.s.) Allohdan so‘radi:
«Allohim! Ikki xafa, g‘amgin kishining ko‘nglini olganga qanday ajr berasan? Zulmga uchragan kishi Sening roziliging sabr qilsa, ajri qanday bo‘ladi?»
Alloh marhamat etdi:
«Qiyomat kuni qo‘rqqanidan emin etib, o‘sha qulimga omonlik beraman. Bu Mening shafqat va marhamatimdir».
Alloh Musoga (a.s.) marhamat etdi:
«Ey, Muso! Senga nechun payg‘ambarlik ato etganimning, bevosita so‘zlashganimning va mursal payg‘ambarlar qatoridan joy berganimning sababini bilasanmi?»
Muso (a.s.):
«Yo‘q, bilmayman», dedilar.
Alloh marhamat etdi:
«Ey, Muso! Suruvni haydab, boqib yurganingda bir qo‘y suruvdan ajrab qochdi. Ortidan shu qadar yugurdingki, qo‘y ham charchadi, sen ham. Oxir, uni tutib, g‘azablanish o‘rniga uni erkalab-suyding, yaxshi ko‘rding, mehr-shafqat ko‘rsatding. Men ham o‘sha g‘olib, bepoyon shafqating tufayli senga payg‘ambarlik berdim!»

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Fevral 2009, 09:59:38

FAQIRLARGA KAMTARIN, BOYLARGA VIQORLI BO’LMOQ

Ey, farzand!
Faqirlarga nisbatan kamtarin, boy-badavlatlarga nisbatan esa viqorli (jiddiy) bo‘lish kerak. Shunday ish tutgan oxiratda mas’ud va baxtiyor bo‘ladi. Oxiratda falokatga tushmaslik uchun dunyoda hech kimni ranjitma, norozi qilma.
O’zingdan kichikni ko‘rganingda:
«Bu hali yosh. Menchalik gunoh qilib ulgurmagan. Undan gunohkorroqman. Bu yoshdan afzal emasman, u mendan ko‘ra fazilatliroq. Chunki gunohi ham ozroq», demoq yaxshi.
Keksaroq kishini ko‘rganda ko‘ngildan shuni kechirish kerakki: «Bu zot mendan ko‘proq yashagan, bandalik xizmatini ham mendan ko‘proq ado etgan. Shu sababli mendan fazilatliroq».
Shunday deya nafs g‘alabasiga fursat qoldirmaslik yaxshi.
Bir olim kishiga duch kelganda:
«Bu zot bilimdon. Men bir nodonman. Shuning uchun bu zot mendan ko‘p fazilatlidir», deb o‘ylagan yaxshi.
Bir nodon kishini ko‘rganda: «Bu nodon bo‘lganligi uchun ba’zi gunohlarni qilmoqda. Men bilib gunoh qilyapman. Shuning uchun shu johil kishi mendan ustunroq, afzalroqdir», deb o‘ylash yaxshiroqdir.
Imonsiz bir kishiga duch kelganda:
«Vaqti kelib Robbim bunga imon nasib etar va bu zot omonlik bilan dunyodan o‘tadi. Mening ahvolim qanday bo‘lishi ma’lum emas. Shunday bo‘lgach, bu kishi mendan yaxshiroq», deb o‘zini fazilatda hammadan past ko‘rishi kerak. Aksincha, o‘zini xush ko‘rib, katta tutib, hammadan yaxshiman degan kimsaning Alloh huzurida hech qanday qiymati va darajasi yo‘q.
Tavozeli (kamtarin) insonni Alloh yuksaltiradi. Kibrlining burni yerga ishqalanadi.
Ey, farzand!
Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo (s.a.v.) marhamat etadilarki:
«Dinda o‘zingdan orqaroqda qolganlarni ko‘rib ujbga tushma. Ujb — kishi o‘zini dindorlik jihatdan ustun hisoblash kasalligi. Bu xususda doim o‘zingdan ilg‘orlarga qara, ularni ko‘z o‘ngingda tut va bandalik xizmati nuqtai nazaridan eng orqada ekaningni esingdan chiqarma! Dunyosi senikidan ko‘p bo‘lgan boylarga qarama. Doim faqir va nochor, miskin kishilarni ko‘z oldingga keltir. Shunday ish tutmasang, qadarga isyon etguvchi (osiy) bo‘lasan. Ishda osoniga emas, zahmatli bo‘lganiga tolib bo‘l, shu tariqa Alloh ne’mat berganiga shukr etgan bo‘lasan».
Ey, farzand!
Rasululloh (s.a.v.) shunday marhamat etadilar:
«Dunyoviy har narsasi joyida bo‘lgan kishining dini nuqsonlidir».
Rasululloh (s.a.v.) Abu Hurayra (r.a.) hazratlariga xitoban shunday deydilar:
«Ey, Abu Hurayra! Shariatdan tashqari chiqmasdan, to‘g‘ri yo‘l ko’rsat! Nodonga bilmaganini o‘rgat! Shunday ish tutsang, senga shaxid savobi beriladi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Fevral 2009, 09:59:51

BOYLIKKA HIRS QO’YMA

Ey, farzand!
Boylikka havas qalbni qattiqlashtiradi.
Bu haqda Payg‘ambarimiz (s.a.v.) shunday deydilar:
«Sabrli faqir, din jihatidan boydir. Qirq kun ilmiga amal etguvchi olimlar majlisida davomli qatnashgan kishining qalbi nurlanadi. Chunki ilm — qalb jilosidir».
Alloh bir kishiga boylikdan nasiba bergan bo‘lsa, buni imtihon uchun qilgan. Aslo xasislik qilmaslik lozim.
Ey, farzand!
Ilmiga amal qiluvchi olimlar va oriflarning majlislaridan uzoq bo‘lmaslik lozim.
Payg‘ambarimiz (s.a.v.) Abu Hurayraga (r.a.) shunday deydilar:
«Ey, Abu Hurayra! Bir kishining ilm majlisida bir soatcha o‘tirishi va suhbat tinglashi, Alloh haqqi uchun o‘z-o‘zicha qirq yil ibodat qilgan bilan barobar».
Bilmasdan, anglamasdan bajarilgan bir amalning Alloh huzurida hech bir qiymati yo‘q.
Ey, farzand!
Yer yuzidagi barcha jonzotlarga shafqatli, marhamatli bo‘lmoq lozim.
Janob Payg‘ambarimiz (s.a.v.) Abu Hurayraga (r.a.) xitoban shunday deydidar:
«Ey, Abu Hurayra! Yer yuzidagi barcha jonzotga achinsang, Arshgoh ham senga achinadi (rahm qiladi)».
Siddiqlar alomati;
I. Qilgan yaxshiligini va yordamini yashirincha qiladi.
2.    O’ziga kelgan falokatni yashiradi, boshqalar eshitmasin deb harakat qiladi.
3.    Qay vaqt ixtiyoridan tashqari bir gunoh qilib qo‘yganini bilib qolsa, darhol ketidan tavba qiladi, istig‘for aytadi va sadaqa beradi.
Ey, farzand!
Keraksiz, foydasiz suhbatdan saqlanmoq lozim. Mazmunli va oz, haqiqiy suhbatlashish va g‘ayrat qilish kerak. Ham dunyoda, ham oxiratda huzurli bo‘lish shunga bog‘liq. Shuni unutmaslik kerakki, ko‘p gapirgan - ko‘p xato qiladi.
Allohni ko‘p zikr etish kerak. Allohni ko‘p zikr etuvchining qalbiga ilm, ko‘ngliga hikmat oqadi.
Ey, farzand!
Payg‘ambarimiz (s.a.v.) Abu Hurayraga (r.a.) xitoban shunday deydilar:
«Ey, Abu Hurayra! Bir kishiga Alloh Nuhning (a.s.) umri qadar o‘n asrlik yosh bersa, o‘sha kishida shu uch xislat bo‘lmasa, yillab qilgan ibodatining bir qiymati yo‘q. Bu xususiyatlar shular:
1.    Bilganiga amal etish.
2.    Dunyoviy ehtiyojlarda xasis ham, isrofgar ham bo‘lmaslik.
3.   Gunohlardan saqlanish. Gunoh qilishdan ko‘ra olovda yonmoqni afzal ko‘rish».
Taqvo sohibi bo‘lish uchun U farz qilgan narsalarni o‘rniga qo‘yib ado etib, gunoh ekanini bildirgan narsalarni tark qilish shartdir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Fevral 2009, 10:00:04

DINIY BIRODARLIK AHAMIYATI

Ey, farzand!
Ma’naviy qardoshlik, diniy birodarlikka xizmat qilib, birodarlarni sevintirmoq — ulug‘ fazilatdir. Bu haqda Payg‘ambarimizning (s.a.v.) muborak so‘zlari bor:
«Dunyoda mo‘min qardoshini, birodarini sevintirgan kishini Alloh mahshargohda sevintiradi».
Bu haqda bir hadisi shariflarida Rasululloh (s.a.v.) shunday marhamat etadilar:
«Bir kishi begunoh bir bolani sevintirsa, Alloh o‘sha kishining shirkdan tashqari barcha gunohlarini kechiradi».
Qo‘ldan kelgancha mo‘min birodarga yordam berib, sevintirish kerak. Mo‘min qardoshining ishini bitirgan kishining dunyoda o‘n, oxiratda oltmish muhim ishini Alloh bitkazadi.
Payg‘ambarimiz (s.a.v.) marhamat etadilar:
«Mo‘min birodarining bir aybini bekitganni Alloh oxiratda barcha ayblarini mahshar xalqidan bekitib, yashiradi. Insonlarni mahjub (uyalish, xijolat) bo‘lishdan qutqargan kishilarni Alloh taolo oxiratda xijolat va rasvo bo‘lishdan qutqaradi».
Ey, farzand!
Mo‘min umri mobaynida xayrli va yaxshi ishlar qilishda davom etishi lozim. Bu haqda Rasululloh (s.a.v.) marhamat etadilar:
«Alloh huzurida eng sevimli ibodat bilib va davomli qilingan ibodatdir».
Davomli va shuurli qilingan amal insonni asl maqsadiga yetkazadi!

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Fevral 2009, 10:00:15

ZUHD VA TAQVO SOHIBI BO’LMOQ

Ey, farzand!
Zuhd va taqvo sohibi bo‘lmoq kerak.
Yahyo ibn Muoz deydilarki:
«Zuhdning ma’nosi — dunyo (ziynati)ni tark etmoqdir».
Bu haqda Payg‘ambarimiz (s.a.v.) shunday deydilar:
«Dunyo sevgisi barcha xatolarning boshidir. Dunyoni zohidlardan boshqasi tark etolmaydi!». Yana Rasululloh (s.a.v.) marhamat etadilar:
«Sevimli sahobalarim! Qiyomatgacha kelguvchi ummatlarim! Siz juda ko‘p sevadigan uch narsa borki, hech biri sizniki emas! Bular:
1.    Jon (ruh)ni juda sevasiz, lekin jon — Alloh taoloning bir amridir.
2.    Molni (mol-dunyoni) ko‘p sevasiz. Lekin mol - merosxo‘rlarnikidir.
3.    Dunyoni ko‘p sevasiz. Holbuki, qisqa bir umr surib, dunyoni tashlab ketasiz!»
Ey, farzand!
Sog‘liq ham, boylik ham Allohning sinovi. Zotan, dunyo — imtihon, sinov maydoni.
Payg‘ambarimiz (s.a.v.) Abu Hurayraga (r.a.) shunday dedilar:
«Ey, Abu Hurayra! Alloh taolodan boshqasiga umid bog‘lama. Unga tavakkal qil, Unga ishon, Unga suyan. Ne muroding bo‘lsa Undan ista, Undan so‘ra. Senga keladigan bir zararni yeru ko‘k ahli bir joyga to‘planib, o‘nglamoqqa kirishsalar ham o‘nglay olmas. Uning amri va iznisiz hech kim senga zarar va yomonlik qila olmas».
Allohning iznisiz hech kim moddiy, ma’naviy homiylik qilolmaydi. Ya’ni Alloh iroda etmaguncha, hech kim moddiy va ma’naviy jihatdan himoyasiga ololmaydi, hatto Payg‘ambarimizning (s.a.v.) shafoati ham Allohning izniga tobe’dir.
Badandagi har vujud parchasining bir odobi bor.
Ko‘zning odobi — haromga qaramaslik.
Tilning odobi — haromni gapirmaslik.
Yolg‘on, g‘iybat behuda, bekorchi, befoyda, zararli so‘zlar haromga kiradi. Bu haqda ham Payg‘ambarimizning (s.a.v.) ulug‘ so‘zlari bor:
«Foydasiz so‘zlarni so‘zlamagan kishining imoni nurli bo‘ladi».
Bir hadisi shariflarida ham shunday deydilar: «Kishi uchun yolg‘on so‘zlashdan iflosroq narsa yo‘q».
Quloqning odobi — haromni tinglamaslik. Eshitilganlardan yaxshi-yomonini ajratish, yaxshi bo‘lganini qabul qilib tinglash, yomonini tinglamaslikdir. Beixtiyor, tasodifan eshitgan so‘zlarga amal qilmaslik lozim.
Oyoqning odobi — haromga yurmaslik. Harom bo‘lgan joylarga bormaslikdir.
Me’daning odobi — harom yemaslik.
Kim shu a’zolarini haromlardan saqlasa, Alloh taolo o‘sha qulining barcha gunohlarini afv etadi. Aksincha harakat qilgan kimsa o‘z falokatini va halokatini o‘z qo‘li bilan hozirlagan bo‘ladi.
Ey, farzand!
Bu nasihatlarni tutsang, Alloh huzurida, payg‘ambarlar oldida, oxir zamon payg‘ambari Hazrati Muhammad Mustafoning (s.a.v.) yonlarida, avliyolar va barcha insonlar orasida yuzing yorug‘, oq, porloq va darajang yuksak bo‘ladi, Inshaalloh!

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Fevral 2009, 10:00:29

OTA-ONAGA ITOAT ODOBI

Ey, farzand!
Eng avvalo, onaga juda e’tiborli bo‘lish kerak. Uni ranjitadigan so'z va harakatlardan tiyilmoq lozim.
Alloh Musoga (a.s.) shunday dedi:
«Ey, Muso! Bir kishi ota-onasiga qarshi chiqib, tili bilan ularni va yoki ulardan birini xafa qilsa, o‘sha kishining tilini kes (tiy, to‘xtat)! Har qanday bir a’zosi bilan ularga yoki ulardan biriga ozor bergan farzandning o‘sha a’zosini kes!»
Kimki ota-onasini rozi qilib, ularning xayrli duolarini olsa, o‘sha kishi uchun jannatdan ikki eshik ochiladi. Ota-onasi rozi bo‘lmagan kishi uchun esa jahannamdan ikki eshik ochiladi.
Ota-ona farzandga nisbatan zulm qilsalar ham ularga qarshi turilmaydi, qarshi chiqilmaydi. Chunki Alloh taolo Musoga (a.s.) shunday dedi:
«Ey, Muso! Gunohlar ichra shunday bir gunoh borki, og‘irligi dunyodagi tog‘larning og‘irligicha keladi».
«Allohim! O’sha qanday gunoh?!» deb so‘radi Muso (a.s).
Alloh taolo marhamat etdi:
«Ota-onasi yoki ulardan biri chaqirganda, farzand javob bermasligi!»
Alloh taoloning g‘azabidan qo‘rquvchi kishi ota-onasini ranjitmaydi, qanday qilib bo‘lsa ham—ilojini topib, ularning ko‘nglini, roziligini va duolarini oladi.
Hatto xafa qilsalar ham, farzand ularga qarshi bosh ko‘tarmaydi, ularning istaklariga, ko‘ngillariga qaraydi. Agar ular yanglish, xato va harom ishni taklif etsalar, ularga buni juda muloyim tarzda bildirishi, ishontirishi va ogohlantirishi lozim bo‘ladi.
Ota-ona ozor bersa, ranjitsa, og‘ir so‘z aytsa ham darhol qo‘llarini-o‘pib, yumshatish, duolarini olishga kirishish kerak.
Ularga sovg‘alar berish ularni sevintirish va ko‘ngillarini topishning eng qulay yo‘lidir.
Ota-ona keksa bo‘lsa, ularga yordam berish va yolg‘iz qoldirmaslik kerak. Boshqalarning ular bilan yengil-yelpi muomalalariga yo‘l qo‘ymaslik, xizmatlarini to‘la ado etish uchun qo‘ldan ne kelsa bajarmoq lozim.
Farzand kichik paytida ota-ona unga qo‘l-qanot bo‘ldilar. Yemadilar, yedirdilar. Kiymadilar, kiydirdilar. Kenglik-tanglik, bor-yo’q, issiq-sovuq demadilar. Xizmatdan qochmadilar.
Ota-onaning duoibadi — yoydan uchgan o‘q, orqaga qaytmaydi. Nishonga tegadi. Vayron qiladi...
Ota-onasi rozi bo‘lgan farzanddan Alloh ham rozi bo‘ladi. Ota-ona kechirmagan farzandni Alloh g‘azabiga oladi.
Payg‘ambarimiz (s.a.v.) bir hadisi shariflarida shunday dedilar:
«Jannat — onalar oyog‘i ostidadir». Bu hadisning majoziy ma’nosi. Payg‘ambarimiz ma’noni ummatga ramzli, qisqa, badiiy va go‘zal bir tarzda yetkazmoqdalarki, aqli bor odam buni anglaydi.
Oyoqdan murod — onaning roziligi, jannatdan murod — Allohning roziligidir.
Boshqacharoq aytganda «Onaning rizoligini olsang, Allohning rizoligi (jannat)ga yetgan bo‘lasan!»
Jannatga kirishga loyiq bo‘lish uchun ota-ona roziligini olish zarur. Ularni xushnud va xursand qilish zarur.
Alloh taolo Musoga (a.s.) marhamat etdi:
«Ey, Muso! Ota-onasiga yaxshi muomalada bo‘lib, ularning roziligini olgani holda Menga osiy bo‘lgan qulimni Men yaxshi qullarim qatorida yozaman. Aksincha, Menga qullik xizmatida qusuri bo‘lmasa ham, ota-onasiga yaxshiliklar qilmay, yaxshi muomalada bo‘lmay, ota-ona roziligini olmagan qulimni esa osiylar qatorida yozaman!»
Ey, farzand!
Rasululloh (s.a.v.) shunday marhamat etadilar:
«Ota-onaga yaxshilik qilish, ularning xizmatlarida bo‘lish namoz, ro‘za, haj va jihoddan ham savobliroqdir».
Yana shu mavzuda Rasululloh (s.a.v.) marhamat etadilar:
«Ota-onasiga yaxshiliklar qilib, yaxshi muomalada bo‘lib, ularni mamnun etgan kishining umri barakali, uzun bo‘ladi. Aksincha, ularni ranjitib, xafa qilgan kimsaning umri qisqa bo‘ladi».
Qiyomat kun eng og’ir jazolanuvchilar ota-onasini ranjitganlar bo‘ladi. O’sha dahshatli kunda Alloh rahmatidan ularni uzoq qiladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Fevral 2009, 10:00:42

IBRATLI HIKOYA

Rivoyatga ko‘ra, Hasan Bisriy hazratlari bir haj mavsumi-bayrami sharifda ortida zil-zambil bilan tavof etayotgan bir kishini ko‘rdilar:
— Orqangizdagi zambilni qo’yib, bemalolroq tavof etsangiz bo‘lmaydimi?—dedilar,
— Orqamdagi zambil yuk emas, og’irligini men sezmayman. U otam (bittasida onam deyilgan)dir. Yetti galdan beri Shom tomondan ko‘tarib kelib, haj qildirib ketyapman, — dedi u kishi.
Hasan Basriy hazratlari aytdilarki:
—Ey, aziz birodar. Umringiz yetib qiyomatgacha shunday qilsangiz ham, ota-onaning bir martagina: «Sendan roziman, farzandim!» degan roziligiga teng bo‘lolmaydi. Hech bir ibodat ularni xursand qilishning o‘rniga o‘tmaydi!»

Qayd etilgan