Imom G'azzoliy. Ey, farzand  ( 123132 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 3 4 5 6 7 8 9 10 B


AbdulAziz  09 Fevral 2009, 07:58:06

UYGA KIRIB-CHIQISH, OVQATLANISH ODOBI

Ey, farzand!
Tashqaridan kelganda, uyga Ixlos surasini o‘qib kirish sunnat hisoblanadi. Bu haqda Payg‘ambarimiz (s.a.v.) shunday deydilar:
«Uyga kirayotganda Ixlos surasini o‘qigan kishi yo‘qchilik yuzini ko‘rmaydi».
Bir kun Suhayl ibn Said (r.a.) Rasulullohga (s.a.v.) kelib, faqirligidan shikoyat etdi. Rasululloh (s.a.v.) marhamat etdilar:
«Ey, Suhayl! Tashqaridan uyingga kelib, ichkari kirganingda salom ber, so‘ng «Qulhuvallohu ahad» surasini so‘nggigacha o‘qi!»
Shundan so‘ng Suhayl (r.a) Payg‘ambarimiz (s.a.v.) aytganlaridek, Ixlos surasini o‘qishda davom etdilar. Qisqa muddatda boy bo‘lib, kambag‘allikdan qutuldilar. Bir qancha kishilar uning boyligidan foydalana boshladilar.
Tashqaridan uyiga kelgan kishi avval «Bismillahir rohmanir rohiym» deb, o‘ng oyog‘ini eshikdan ichkari qo‘yadi. Uyda odam bor-yo‘qligiga qarab salom beradi. Va bir marta «Qul huvallohu ahad» surasini o‘qiydi. Ketidan «Oyatal kursi»ni o‘qisa, shaytonlar uyga kirisholmaydi. Keyin nima qilsa «Bismilloh» aytib qilaveradi. Ovqat tayyor bo‘lsa, uydagilar bilan birga ovqatlanadi. Uy a’zolarining hammasi dasturxon atrofida to‘planmaguncha, ovqatlanish boshlanmaydi. To‘planishgach, «Bismilloh» bilan ovqatlanishni boshlab, ovqatlanib bo‘lgach, bir marta Ixlos surasini o‘qib, ketidan shunday duo etiladi:
«ALHAMDU LILLAHILLAZIY AT’AMANIY HAZAT TOAMA VA ROZAQONIY MIN G’OYRI HAVLIN VA LA QUVVAH».
Shunday qilinsa, taom yeyish shukri o‘rinlatilgan bo‘ladi. Ovqatning orqasidan darrov suv ichish sog‘liqqa zarar ekani ma’lum.
Uyda odam bo‘lsa, kirayotganda «Assalomu alaykum!» deyiladi. Uyda hech kim bo‘lmasa «Assalomu alayna va ala ibadilaqis solihiyn!» deya salom beriladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  09 Fevral 2009, 07:58:32

O’RINGA YOTISH ODOBLARI

Ey, farzand!
Kechasi uxlash uchun o‘ringa yotishdan avval Taborak surasi o‘qiladi.
Payg‘ambarimiz (s.a.v.) shu surani o‘qimasdan o‘rinlariga kirib uxlamasdilar. Bir hadisi shariflarida Rasululloh (s.a.v.) shunday marhamat etadilar:
«Yotadigan vaqtda Taborak surasini bir marta o‘qigan kishi qabriga qo‘yilgan paytda shu suraning o‘n oyati boshida, o‘n oyati ko‘ksida, o‘n oyati esa yonlarida turib kutadi. So‘rovchi farishtalar kelganda bu oyatlar:
«Bu kishi bilan sizning ishingiz (bo‘lmasin) yo‘q. Bu kishi har tun o‘rniga yotishdan oldin bizni o‘qirdi. Unga oid savoblarni berish uchun biz tayyor bo‘lib kutib turibmiz» deyishadi».
Yotayotganda «Taborak»ni o‘qiganga Qadr kechasini ibodat bilan o‘tkazganchalik savob beriladi.
Mo‘minlarning onasi hazrati Oisha (r.a) aytadilar.
«Bir kecha Rasululloh (s.a.v.) menga shunday dedilar:
«Ey, Oisha! Qur’oni karimni xatm et. Alloh taoloni o‘zingdan rozi ayla! Barcha payg‘ambarlarni o‘zingga shafoatchi qil. Barcha mo‘minlarni mamnun etib, o‘zingga duochi qil. Keyin yaxshi tushlar ko‘rib uxla!» dedilar. So‘ngra namozga turdilar.
«Yo Rasululloq (s.a.v.)! Ota-onam, jonim yo‘lingizda fido bo‘lsin! Buncha ko‘p narsani bir soat ichida qanday qilish mumkin?!» Rasululloh (s.a.v.) namozlarini o‘qib bo‘lgach, menga qarab shunday deydilar:
«Ey, Oisha! Uch marta «Ixlos» surasini o‘qisang, Qur’onni xatm etgan bo‘lasan. Bir marta:
«Subhanallohi valhamdulilahi va la ilaha illallohu vallohu akbar. Va la havla va la quvvata illa billahil aliyyil aziym» desang, Alloh rizosini qozonasan.
Bir marta:
«Allohumma solli ala muhammadin va ala jamiyil anbiyoi val mursaliyn!» desang, barcha payg‘ambarlarni o‘zingga shafoatchi qilasan.
«Allohum mag‘firliy va lil mu’miniyna val mu’minati val muslimiyna val muslimati» desang, barcha mo‘minlar sendan mamnun va senga duoda bo‘ladilar!»

Qayd etilgan


AbdulAziz  09 Fevral 2009, 07:59:12

MA’NAVIY TA’SIR UCHUN O’QILADIGAN SURA, OYAT VA DUOLAR

Ey, farzand!
Fursat bo‘lishi bilan quyidagi suralarni o‘qishga harakat qil. Rasululloh (s.a.v.) shunday marhamat etadilar:
«Har kim shu uch surani shomda, tongda uch martadan o‘qisa, Alloh o‘sha kishining molini, jonini va oila a’zolarini barcha halokatlardan qo‘riydi, bu suralar shular:
1.   Ixlos surasi.
2.   Muavvizatayn suralar. («Qul a’uzu bi robbil falaq va Qul a’uzu bi robbinnas).
3. Fotiha surasi».
Bir kun Sahobai ikromdan biri Rasululohdan (s.a.v.) so‘radi: «Yo Rasululloh (s.a.v.)! Bizga shunday bir narsa o‘rgatingki, Alloh biror-bir sababli gunoh qilishimizdan bizni saqlasin!»
Payg‘ambarimiz (s.a.v.) shunday dedilar:
«Kafirun» surasini o‘quvchini Alloh shirk keltirishdan saqlaydi».
Yana Rasululloh (s.a.v.) marhamat etadilar:
«Kim quyidagi oyati karimani to‘shagiga kirgach o‘qisa, oldi Ka’bai sharifgacha nurlanadi va o‘sha nur uzra farishtalar enadi va shu oyatni o‘qigan kishi uchun tonggacha gunohlari kechirilishini tilaydi. O’sha kishining daftariga esa benazir savoblar yoziladi».
O’qiladigan oyat bu:
«QUL INNAMA ANA BAShARUM MISLUKUM YUVHA ILAYYA ANNAMA ILAHUKUM ILAHUN VAHIDUN. FAMAN KANA YARJU LIQOA ROBBIHI FAL YA’MAL AMALAN SOLIHAN. VALA YUShRIK BI IBADATI ROBBIHI AHADA». (KAHF, 110)
Tunda o‘ringa yotayotganda, tongda to‘shakdan turayotganda quyidagi duoni o‘qigan kishi, o‘sha kuni o‘zini sehr-jodudan va zolim kishilarning yomonligi (zulmi)dan saqlagan bo‘ladi. Duo budir:
«BISMILLAHIR ROHMANIR ROHIYM! BISMILLAHILLAZIY LA YAZURRU MAASMIHI SHAYUN FIL ARZI VA LA FIS SAMAI VA HUVAS SAMIUL ALIYM».
Rasululloh (s.a.v.) marhamat etdilar:
«Alloh taoloning uch ismi borki, bular tilda yengil, tarozuda og‘irdir. Kim har kun shu ismlarni yuz marta aytsa, har ismga yuz savob beriladi. O’sha ismlar:
«SUBHANALLOHI VAL HAMDULILLAHI VALA ILAHA ILLALLOHU VALLOHU AKBAR. VA LA HAVLA VA LA QUVVATA ILLA BILLAHIL ALIYYIL AZIYM».
Yana Payg‘ambarimiz (s.a.v.) marhamat etadilar: «Bir kishi to‘shagiga yotish uchun kirganida shu duoni o‘qisa, Alloh barcha gunohlarini kechiradi». Duo budir:
«ASTAG’FIRULLOHAL AZIYM ALLAZIY LA ILAHA ILLA HUV. AL HAYYUL QAYYUM VA ATUBU ILAYHI».

Qayd etilgan


AbdulAziz  09 Fevral 2009, 08:00:55

Ey, farzand!
Alloh taoloni go‘zal ismlari bilan yodla:
Rasululloh (s.a.v.) Abu Hurayraga (r.a.) xitoban shunday dedilar:
«Ey, Abu Hurayra! Bir kishi o‘rniga yotgan vaqtda Alloh taoloning go‘zal ismlarini yodlab uxlasa, Alloh bir farishtaga amr etadi, o‘sha farishta tonggacha zikr va tasbeh aytib, savobini o‘sha bandaga bag‘ishlaydi».
«Ey, Abu Hurayra! O’rningga uxlamoq uchun kirganingda o‘ng tomoning bilan yotgin. Shunday duo qilishni unutma: «BISMILLAHIR ROHMANIR ROHIYM. BISMILLAH VAL HAMDU LILLAH». Shunday yotganni farishtalar tonggacha shaytonlardan qo‘riydi. Yotayotganda chiroqni pasaytirish yoki o‘chirib qo‘yish ham odobdandir.
Kechaning uchdan ikki qismi o‘tgach, uyg‘onib ikki yoki to‘rt rakat tahajjud namozi o‘qish foydalidir. Vaqtida o‘qilgan ikki rakat tahajjud namozi kunduz o‘qilgan ming rakat namozga badaldir. Kechasi namoz o‘qigan kishini Allohdan boshqa ko‘rmaydi. Shu tariqa riyoga yo‘l qo‘yilmaydi, ya’ni riyo aralashish ehtimoli bo‘lmaydi. Namoz va boshqa ibodatlarning xayrlisi hech kim ko‘rmasdan, bilmasdan Alloh taolo bilan quli orasida bo‘lganidir.
Kunduz o‘qilgan namozlar odamlar ko‘z o‘ngida ado etiladi.
Kunda uyqudan uyg‘oniboq shu duoni o‘qigan kishining ne tilagi bo‘lsa amalga oshadi:
«LA ILAHA ILLALLOHU VAHDAHU LA SHARIYKA LAHU. LAHUL MULKU VA LAHUL HAMDU. VA HUVA ALA KULLI SHAY’IN QODIYR. SUBHANALLOHI VAL HAMDU LILLAHI VA LA ILAHA ILLALLOHU VALLOHU AKBAR. VA LA HAVLA VA LA  QUVVATA ILLA BILLAHIL ALIYYIL AZIYM».
Yana Rasululloh (s.a.v.) marhamat etadilar:
«Bir kishi uyidan tashqariga chiqayotganda «oyatal Kursini» o‘qisa, Alloh taolo o‘sha kishiga yetmish farishta yaratadi. Farishtalar o‘sha kishi uyiga qaytguncha gunohlariga istig‘for etadilar. Uyiga qaytganida yana o‘qisa, Alloh o‘sha kishini o‘zidan boshqaga muhtoj aylamaydi».
Ey, farzand!
Tongda, shomda shu duoni o‘qishni unutma:
«AMANTU BILLAHI VA MALAIKATIHI VA KUTUBIHI VA RUSULIHI VAL YAVMIL OXIRI VA BIL QODARI XOYRIHI VA SHARRIHI MINALLAHI TA’ALO ROBBANA ZOLAMNA ANFUSANA VA IN LAM TAG’FIRLANA VA TARXAMNA LANAKUNANNA MINAL XOSIRIYN».
Har kun imon yangilashda foyda ko‘p. Chunki inson bir ozdan so‘ng nima bo‘lishini bilmaydi. So‘nggi nafasimizgacha imonli ketish uchun tayyorlanish, ya’ni hozirlik ko‘rish o‘rinlidir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  09 Fevral 2009, 08:02:11

NOZIK MUOMALA ODOBLARI

Ey, farzand!
Jinsiy qo‘shiluvdan oldin «Bismilloh» aytish kerak. «Bismilloh»siz aloqaga, bog‘lanishga shayton aralashadi.
Aloqa paytida ayolning tanosil a’zosiga qarash joiz emas. Bu holdan tug‘ilgan bola g‘ilay, ko‘ngli siniq, g‘amli-kadarli bo‘lajagi aytilgan.
Uzoq safarga chiqish oldidan qo'shilish natijasida tug’iladagan bola otasining boyligini tarqatib yuboruvchi, isrofchi bo‘lajagi eslatilgan.
Payg‘ambarimiz (s.a.v.) uch-to‘rt yoshli go‘dak yoshida jinsiy aloqa qilishni ta’qiqlaganlar.
Hayz va nifos holdagi ayol bilan jinsiy aloqa qilish harom, bundan saqlanish kerak.
Jiisiy munosabat paytida suhbatlashmaslik kerak. Aks holda tug‘ilgan go‘dak soqov bo‘ladi.
Hazrati Paygambarimiz (s.a.v.) marhamat etadilar.
«Sizlardan biringiz juma kechasi jufti bilan jinsiy munosabatda bo‘lib, g‘usl qilib, o‘sha g‘usli bilan juma namozi o‘qimoqqa borsa va bu orada dunyoviy so‘z aytmasdan juma namozini o'qisa, Alloh taolo o‘sha kishiga bir yil namoz o‘qigan va ro‘za tutganchalik savob ehson etadi».
Qilingan jinsiy munosabat boshqalarga aytilmasligi kerak. Jinsiy munosabat — juftlar orasida sir bo‘lib qolishi zarur bo‘lgan voqeadir.
Jinsiy munosabat paytida erkak shoshilmasligi zarur. Aks holda, ayolning haqqi qolgan bo‘ladi. Ayollar erkaklarga ko‘ra jinsiy aloqa natijasiga kechroq erishadi. Tez, chala-chulpa jinsiy munosabatni dinimiz ta’qiqlaydi.
Jinsiy aloqaga sovuq, bo‘shashgan, tanbal munosabatda bo‘lish, juftining holatini e’tiborga olmaslik natijasida oraga sovuqlik tushadi.
Bu tanballik va bo‘shlik erkaklarda ko‘proq kuzatiladi.
Hayz va nifos holdagi ayol bilan jinsiy munosabat ta’qiqlansada, birga yotish, birga ovqatlanish va hazillashib erkalashning zarari yo‘q.
Inzol (bo‘shashmaniy chiqish) paytida ayolni o‘pish uyg‘un ko‘rilmaydi.
Jinsiy munosabat paytida, ayni joyda bola va hayvon bo‘lmasligi, oy botganda, o‘rtasida va oxirida qo‘shilmaslik lozim. Ixtilom natijasida g‘usl etmasdan jinsiy munosabat qilmoq ham uyg‘un ko‘rilmaydi.
Jinsiy aloqa uzoq vaqtga tark etilishi kerak emas. Yoshlarda har kun bir, o‘rta yoshdan e’tiboran haftada ikki kunga tushirilishi va shunday davom ettirilish uyg‘un ko‘rilgandir.
Jinsiy hayoti muntazam bo‘lganlarning sog‘lig‘i ham joyida bo‘lishi kuzatilmoqda. Har qo‘shiluvdan so‘ng g‘usl qilish taqvoga yaqindir.
Och, chanqagan holda jinsiy munosabat qilmaslik, shuningdek, to‘q, katta-kichik tahorat sindirish holatlarida ham qo‘shilmaslik kerak. Bular sog‘liq uchun zarardir.
Chap (yonga yotib qo‘shilish bel va boldir og‘rig‘iga sabab bo‘lishi mumkin. Oyoqda turib jinsiy munosabat qilish, ayniqsa, erkak uchun zararlidir. Bir necha xastalikka sabab bo‘ladi. Erkak ostda bo‘lib aloqa qilish ham erkak uchun zararlidir.
Bemalol, huzurlanib bo‘shanishga to‘siqlik qiluvchi har qanday jinsiy aloqa shakli erkakda prostata xastaligiga sabab bo‘lishi mumkin. Jinsiy qo‘shiluvning eng tabiiy va zararsiz shakli — ikki tiz ustiga cho‘kib qilinganidir. Bu mavzuda yozilajak ko‘p narsalar bo‘lsada, shu qadari ham kifoyadir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  09 Fevral 2009, 08:04:35

Ey, farzand!
Juma namozi uchun g’usl qilishni unutmaslik kerak. Bu haqda Payg‘ambarimiz (s.a.v ) Abu Hurayraga (r.a) xitoban shunday deganlar:
«Ey, Abu Hurayra! Juma namozi uchun g‘usl qilishni aslo tark etma! O’sha g‘usl shu juma orasidagi gunohlari ketkazadi».
Payg‘ambarimiz (s.a.v.) yana shunday marhamat etadilar: «Jinsiy aloqadan so‘ng g‘uslni kechiktirmang. Chunki aytgan har so‘zingizni yozayotgan kotib malaklar ranjiydilar».
Yolg‘on so‘zlaganning og‘iz hididan yozuvchi farishtalar bir fursat uzoqlashadilar. Jinsiy aloqa qilgach, darhol g‘usl etish kerak. Bu asar matnini yozuvchi buyuk olim Imom G’azzoliy aytadilar: «Tushimda bir shaxsni ko‘rdim, menga shunday dedi: Ey, Imom! Junub bo‘lganim holda, darhol g‘usl qilmasdan kechiktirdim. Endi olovdan menga bir ko‘ylak kiydirdilar. Hanuz
otash ichra qovrilmoqdaman».
G’usl qilish uchun xalq boradigan hammomga borilganda, u yerda ko‘p kutmaslik kerak. Hammomda ovqatlanish, ko‘ngilxushlik qilish gunoh. Hammomdan chiqar-chiqmas sovuq suv ichmoq sog‘liq uchun tahlikalidir. Tez-tez umumiy hammomlarga bormoq ham sog‘liqqa zarardir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  09 Fevral 2009, 08:05:19

NIKOHNING SUNNATLARI VA ODOBLARI

Rasululloh (s.a.v.) qizlari Fotima onamizni hazrati Aliga (r.a.) nikohlab berganlarida to‘rt misqol kumush mahr, uch xotinlari uchun esa besh yuz dirham pulni nikoh uchun muvofiq ko‘rganlar.
Uylanish — U zotning va ahli baytining sunnatlaridir. Nikoh uchun pul qarz olish joiz. Uylanishga qaror qilgan kishi keyingi hayotini o‘ylab, faqirlikdan qo‘rqishi kerak emas. Alloh taolo oila quruvchilarning yordamchisidir. Albatta, bir yengillik ehson aylagay!
Uylanmoqqa qaror bergan kishi juftining dindor bo‘lishiga diqqat qilishi zarur. Yaxshi tarbiya ko‘rgan dindor juft — butun dunyo boyliklaridan xayrlidir. Bo‘lajak kelinning nasabi yaxshi bo‘lishi muhimdir. Kechmishi aralash-quralash oila qizining nima keltirishi ma’lum emas. Ko‘rinishga aldanmaslik kerak.
Oila mavqei va boyligiga uchib, o‘ziga juft tanlaganlar aldanadi. O’zidan boy oiladan qiz olgan, ertadir-kechdir qiz tarafning ta’sir maydoniga kirib qolishi mumkin. Faqirlik ayb emas. Johil, tarbiyasiz juft bilan turmushni davom ettirish o‘ta mashaqqatlidir.
Har insonda ozmi-ko‘p, go‘zal va xunuk jihatlar bor. Uylanmoqchi bo‘lgan kishi o‘z fikricha go‘zal bo‘lgan ayolga uylanishi kerak.
Yomon va ko‘p gapiruvchi xotin bilan yashash mushkul ishdir. Badfe’l va yonida bolasi bo‘lgan ayolga uylanish ham ko‘ngildagidek ish emas.
Hazrati Payg‘ambarimiz (s.a.v.) shartlarga muvofiq kelsa, bokiraga uylanishni tavsiya etganlar. Dindor tul bilan oila qurish ham xushbaxtlik keltirishi mumkin. Gunoh qilishdan uyalmaydigan ayolga uylanish g‘amga duchor qiladi.
Aytilgan bu xususiyatlar faqat ayollargagina emas, erkaklarga ham taalluqlidir. Turmushga chiqmoqchi bo‘lgan ayol ham ayni shartlar asosida o‘ziga juft tanlashi mumkin. Va bunga uning haqqi bor. Jo‘mard, mard, tanti, olijanob bir erkakni tanlash — ayolning haqqidir.
Uylanishda erkak to‘rt jihatdan ayoldan afzal bo‘lishida foyda bor:
1.    Erkakning yoshi ayolning yoshidan katta bo‘lishi.
2.    Erkakning bo‘yi ayolning bo‘yidan uzun bo‘lishi.
3.    Er xotinidan badavlatroq bo‘lishi.
4.    Erning mavqei ayolnikidan yuqoriroq bo‘lishi kerak. Xotin ham erdan to‘rt narsada afzal bo‘lishi kerak:
1.   Go‘zallikda ayol erkakdan ustun bo‘lishi kerak.
2.   Nazokat va zarofatda ayol erkakdan nozikroq va madaniyatliroq bo‘lishi kerak.
3.    Ayolning fe’li erining fe’lidan yumshoqroq bo‘lishi kerak.
4.    Ayol eridan ko‘ra sabrliroq bo‘lishi kerak.
Yosh qiz qari kishi bilan, qari kishi yosh qiz bilan turmush qilmasligi kerak. Ota-onalar farzandlarining juft tanlashlari ustida zulm qilmasliklari lozim. Uylanajak juftlar bir-birini ko‘rib, qaror qilishlari kerak.
Sunnatga uyg‘un bo‘lgan turmush juft tanlashda har jihatdan teng, o‘xshash, bir-biriga munosib bo‘lganlarning oila qurishidir.
Juftning xayrlisi tanglikka tushirmaydiganidir. Xarji mo‘l xotinni olib u bilan yashash oson emas. Boshqalar uylanishni qaror qilganga uylanish kerak emas. Turmush qurishga qaror qilgan juftlarning va har ikki tarafdagi oilalarning, zarur bo‘lgan joylar bilan maslahatda bo‘lganlaridan so‘ng xulosa chiqarishlari sunnatga muvofiq bo‘ladi. Er-xotinning bolali bo‘la olishlari e’tiborga olinishi kerak. Aks holda, iztirob muqarrardir.
Har ikki tarafdan asosi sabr-bardoshga qurilgan oila, ya’ni sabrli juftlar turmushi eng mustahkam, eng baxtli turmush hisoblanadi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  09 Fevral 2009, 08:05:34

TURLI MAVZULARDA O’GITLAR VA ODOBLAR

Ey, farzand!
Rasululloh (s.a.v.) marhamat etadilar:
«Bir kishi bir musulmonni shar’iy bo‘lmagan ishdan qaytarib, to‘g‘ri yo‘lga da’vat aylasa, qiyomat kunida Alloh taolo o‘sha kishini payg‘ambarlar bilan birga hashr etadi (qayta tiriltiradi)».
Yana Payg‘ambarimiz (s.a.v.) marhamat etadilar:
«Bir kishi bemor ziyoratiga borib, hol so‘rasa, shu kuni kechgacha yetmish farishta o‘sha kishi uchun mag‘firat tilaydi».
Bir hadisi shariflarida hazrati Payg‘ambarimiz (s.a.v.) marhamat etadilar:
«Bir kishi bemor bo‘lgan paytda Alloh o‘sha kishiga uchta farishta yuboradi, biri bemorning og‘iz totini, ikkinchisi kuch-quvvatini, uchinchisi gunohlarini oladi. Qachonki, o‘sha xasta tuzala boshlasa, og‘iz mazasini olgan farishta og‘iz totini sekin-sekin qaytarib beradi. Kuch-quvvatini olgan farishta ham olganini sekin-asta qaytaradi. Og‘ziga ta’m, taniga kuch kirib, kishi tuzalgach, gunohlarini olgan farishta Alloh taologa shunday murojaat etadi.
«Allohim! Men ham olganim — uning gunohlarini asta-sekin o‘ziga qaytarib berayinmi?»
Alloh marhamat etadi:
«Ey, Mening farishtam! Rahmatim har nedan ziyoda va har narsani qamrovchidir. Bir qulim xasta bo‘lgach, gunohini olib, tuzalgach gunohini qaytarib berish Menga yarashmaydi. O’sha bandamning gunohlarini dengizga to‘k!»
Ey, farzand!
Senga bir narsa berganga sen ham bir narsa ber. Senga yomonlik qilganni kechir. Senga xiyonat etganga, yaxshi so‘z ayt. Chunki barcha payg‘ambarlarning axloqi shunday edi.
Payg‘ambarimiz (s.a.v.) Abu Hurayraga(r.a) xitoban marhamat etadilar:
«Ey, Abu Hurayra! Xasta ziyoratiga bir mil uzoqlikda bo‘lsa ham borgaysan. Ahvolini yaxshilash uchun, ikki millik masofani o‘tish kerak bo‘lsa, mehnatingni ayamagaysan. Bir din birodaringni, qiyomatli do‘stingni ziyoratiga Alloh rizosi uchun uch millik uzoqlikda bo‘lsa ham borgaysan. Bilgandan bilmaganingni o‘rganmoq uchun esa uzoqlikni xayolingga keltirib o‘tirma.
Qancha mil uzoqlikda bo‘lsa bo‘lsin, bundan qolma, qaytma».
Yaxshilik sevar bo‘l! Qilgan yaxshiligingni Alloh rizosi uchun qil! Shunday qilsang, Alloh taolo mukofotini qat-qat bergay!»
Rasululloh (s.a.v.) Abu Hurayraga (r.a) xitoban marhamat etdilar:
«Ey, Abu Hurayra! Alloh taologa Jabroil alayhissalomday ibodatda bo‘lsang (ham), mo‘minlarni Alloh rizosi uchun sevib, munofiqlarni Alloh uchun yomon ko‘rmaguningcha birorta ibodating qabul qilinmaydi».
Mehmonni, musofirni ikrom etmoq ham jannatning kalitidir. Bu ochqichni qo‘lga kiritmoq mashaqqatli emas. Nasibasi va barokati bilan kelgan mehmon, keltirganining o‘ndan birini olib (yeb) ketadi. Qolgan to‘qqiz nasiba esa ikrom etgannikidir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  09 Fevral 2009, 08:05:50

Ey, farzand!
Mahshargohning kuydiruvchi issig‘idan saqlaguvchi yagona joy — Arsh ko‘lankasida soyada bo‘lishni istagan odam Payg‘ambarimizga (s.a.v.) ko‘p-ko‘p salovat va salom aytsin.
Payg‘ambarimiz (s.a.v.) Abu Hurayra (r.a.) hazratlariga xitoban shunday deydilar:
«Ey, Abu Hurayra! Men bilan arsh soyasida bo‘lib, qo‘lni qo‘lga bermoqni istasang, har kun mening haqimga yuz marta salavot va salom aytgaysan. Mahshar maydonida mening Kavsar hovuzimdan qonib-qonib ichmoq istasang, mo‘min birodaring bilan xafalikni uch kundan ziyod davom etkazmagaysan. Lekin, may ichuvchi va bilib harom yeguvchi kishidan uzoq bo‘lgaysan».
Ey, farzand!
Bilimlaringni oshirishga harakat qil. Qo‘lingdan kelganicha g’ayrat qil. Bu haqda Payg’ambarimiz (s.a.v.) Abu Hurayraga (r.a.) murojaatan shunday deydilar:
«Ey, Abu Hurayra! Dunyoda sog‘liging joyida ekan, bilimingni orttirib, din va dunyoviy hayotingni bilimga ko‘ra davom ettirki, o‘lganingdan so‘ng ham foydasini ko‘rasan».
Rasululloh (s.a.v.) bir hadisi shariflarida shunday deydilar: «Beshikdan to qabrgacha ilm izlang!»
Dunyoda qo‘lga kiritgan boyliging dunyoda qoladi. Boshqalarga qoldirasan. Lekin mahsharda hisobini sen berasan.
Imom Ahmad ibn Hanbal hazratlarining huzuriga kelib bir kishi nasihat so‘radi. U zot dedilar:
«Ey, mendan o‘git so‘rovchi inson! Yaratilganlarning rizqini yaratib beruvchi, har neni yaratuvchi Allohdir. Alloh yaratganlarining rizqiga kafil. U holda rizq qayg‘usi ne uchun?
Har kimning rizqi taqsimlanib yetkaziladi. Bir rizq uchun barcha vaqtni sarf etishga hojat bormi?
Bir sadaqaga o‘n savob berilar ekan, xasislik qilish aqlning ishimi?!
Jahannam haqdir. Bandaga gunoh qilish yarashurmi?! Har ne Allohning taqdir etishiga ko‘ra bo‘ladi. U holda boylarga boqib, faqirlikdan xafa bo‘lish o‘rinlimi?!
Ey, mendan nasihat istagan kishi! Tinglaganlaringizdan o‘git olmoq istaganga shu qadari ham kifoya. Amal qilmaganga ming nasihat qil, befoyda. Diqqat qilinsa, barcha nasihat shu aytilganlarning ichidadir».

Qayd etilgan


AbdulAziz  09 Fevral 2009, 08:06:14

Ey, farzand!
Kambag‘allik uchun xafa bo‘lishning hech hojati yo‘q. Sabr — shodlikka yetkazuvchi doridir. Bu haqda Rasululloh (s.a.v.) shunday deydilar:
«Alloh taolo bir qulining rizqini toraytiradi, qul bu holdan shikoyat qilmay sabr etsa, qulining bu holi tufayli Alloh farishtalariga iftixor etib, shunday deydi:
«Ey, farishtalarim falon qulimga jannatda yegan har luqmasi muqobilida bir ko’shk va bir daraja ehson etajagimga sizlar guvoh bo‘ling. Dunyoda bergan oz ne’matimga isyon etmasdan, shukr qilgani uchun bu qulimni shu darajaga loyiq ko‘rdim».
Yana Rasululloh (s.a.v.) marhamat etadilar:
«Ehtiyoj ichida bo‘lgani holda muhtojligini tashqariga bildirmagan kishiga Alloh bir yillik ibodat savobini beradi va kutmagan joydan unga rizq va imkon eshiklarini ochadi».
Ey, farzand!
Chap qo‘l bilan ovqatlanma. Bu zo‘ravon va zolimlarning, mustabidlarning ishi ekani bildirilgan. Xalqqa ochiq chehrali bo‘l. Badqovoq bo‘lma, xo‘mrayma. Xasislik qalb qattiqlashishiga sabab bo‘ladi. Qalb yumshashi uchun jo‘mard, tanti, ya’ni saxiy bo‘lish kerak. Odamlar muhabbatini qozonish uchun ular bilan yaxshi muomalada bo‘lish lozim. Odamlarning mehr-muhabbatini qozonish esa ham dunyo, ham oxirat uchun zarur. Hurmatga loyiq, sevilgan insonning orqasidan yaxshi duolar qilishadi.
Mo‘min har kun birodariga duch kelganda salom berishi kerak. Rasululloh (s.a.v.) hatto go‘dakka duch kelsalar, salom bermasdan o‘tmasdilar. Bir kishi mo‘min birodariga «Assalomu alaykum» desa, unga o‘n savob yoziladi. Biroz kengaytirib, «Assalomu alaykum va rahmatulloh» desa, yigirma savob yoziladi. Agar «Assalomu alaykum va rahmatullohi va barokatuh» desa, o‘ttiz savob yoziladi.

Qayd etilgan