Imom G'azzoliy. Ey, farzand  ( 123269 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 4 5 6 7 8 9 10 B


AbdulAziz  09 Fevral 2009, 08:06:46

Ey, farzand!
Hech bir ishda shoshilib, talosh-tashvishga tushmaslik kerak. Chunki shoshilish shaytonning ishi. Besh narsada shoshilish kerak:
1.   Uyga mehmon kelganda dasturxon yozib, taom berishga;
2.   Ojizlik bilan bir gunoh qilganda, ortidan darhol tavba va istig‘for aytib, pushaymon bo‘lishda;
3.   Vaqt kirishi bilan farz namozlarini o‘qish uchun;
4.   Balog‘atga yetgan qiz va erkak bolalarini turmush qurishida, uylashirishda;
5.   Mayitni dafn etishda shoshilish o‘rinli.
Ey, farzand!
Gunohning har qanday turidan saqlanish kerak.
Bu haqda Payg‘ambarimiz (s.a.v.) shunday deydilar:
«Sevimli sahobalarim! Qiyomatga qadar kelguchi ummatlarim! Qaysi gunoh sababli jahannamga hukm etilishingiz, qaysi savob bilan jannatini qozonishingizni bilmaganingiz uchun gunohning har qanday turini tark etib, savobning har turini qilishga shoshiling!»
Ikki gunohni qilishdan juda qo‘rqish kerak. Bulardan biri eng oson, eng oz bo‘lsa ham bandaning haqqidir, ikkinchisi dinni suiiste’mol qilmoq ya’ni dinni mol-dunyoga almashtirmoq. Har ikki gunohni qilishdan Allohning o‘zi asrasin!
Bir kishi gunoh qilishni avval niyat etib, keyin bu niyatidan qaytsa, Alloh o‘sha kishiga atab jannatda bir ko‘shk quradi.
Payg‘ambarimiz (s.a.v.) marhamat etadilar:
«Sevimli sahobalarim! Sizga yomonlik qilganga yaxshilik qiling! Hech kimning aybini yuziga solmang! Sizga zulm qilganlarni kechiring. Bularning mukofoti jannatdir».
Ey, farzand!
Odamlar o‘tib qaytadigan yo‘l toza va yurishga xalaqit qiluvchi narsalardan xoli bo‘lishi kerak.
Bu mavzuda Rasululloh (s.a.v.) marhamat etadilar:
«Me’roj kecha»si jannatda bir kishini ko‘rdim. Turli ne’matlar ichra g‘arq suzib yurganday edi. «Bunday go‘zal va anvoyi ne’matlarga qanday erishdingiz», deb so‘radim. U zot shunday dedi:
«Xalq o‘tadigan yo‘lda bir tikan (niholi) bo‘lardi. O’tishga xalal berib, odamlarning g‘ashiga tegardi. Odamlarni behuzur qilmasin deb, o‘sha tikanni kesib, yo‘ldan olib tashladim. Alloh taolo shu xizmatimni gunohlarimga kafforot qildi va bu darajani ikrom ayladi».
Halol foyda ko‘rishni istagan kishi qilgan ishini yaxshi natijatasini va rostgo‘y bo‘lishi kerak.
Tongda ovqatlanishning to‘rt foydasi bor:
1. Og‘izdagi bemazalikni va hidni ketkazadi.
2. Suv ichishdan tiyilish.
3. Ish joyiga ertaroq borishni o‘nglaydi.
4. Ko‘zi birovning ertalabki ovqatida bo‘lmaydi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  09 Fevral 2009, 08:07:08

Oz yeyishning foydalari:
1.    Oz suv talab qiladi.
2.    Oz uxlash yetarli bo‘ladi.
Ko‘p yeyishning zararlari:
1.    Xastalikka olib keladi.
2.    Insonni tanbal, yalqov, dangasa va karaxt qiladi.
3.    Suvni ko‘p talab qiladi.
4.    Ko‘p uyquni keltiradi.
5.    Foydasiz so‘zlashga sabab bo‘ladi.
   Ey, farzand!
Boshqalar yonida tish kavlashdan saqlan. Bu haqda Payg‘ambarimiz (s.a.v.) Abu Hurayraga (r.a) xitoban shunday deydilar:
«Ey, Abu Hurayra! Jabroil alayhissalom menga tish kavlash ta’qiqlangani haqida xabar keltirdilar».
Ba’zi cho‘plar bilan tish kavlash zarari aytilgan:
1.   Cho‘p bilan tish kavlash sariq va parishonxotirlik kasalliklariga sabab bo‘ladi.
2.    Rayshon cho‘pi bilan kavlamoq tish og‘rig‘iga sabab bo‘ladi.
3.    Anor cho‘pi bilan kavlamoq boshni og‘ritadi.
4.   Idriso‘ti cho‘pi bilan kavlash orqa va biqin og‘rig‘iga sabab bo‘ladi.
5.   Xurmo cho‘ni bilan kavlash faqirlik keltiradi.
6.   Yulg‘un cho‘pi bilan tish kavlash oniy o‘limga sabab bo‘lishi mumkin.
7. Supurgi cho‘pi bilan tish kavlash qichima kasaliga sabab bo‘ladi.
Eng ma’qul ko‘rilgan tish yuvish vositasi bu misvokdir.
Ey, farzand!
Odamlarni g‘iybat qilishdan, ya’ni orqasidan gapirishdan saqlan. Kim birovning orqasidan gapirsa, mish-mish tarqatsa, g‘iybat etilgan kishining g‘uvohi g‘iybat etganning ustiga yuklanadi. G’iybat qilganning savoblari g‘iybat qilinganga o‘tadi. G’iybat qilmoq zinodan ham og‘irroq gunohdir. Katta gunohlardandir. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) g‘iybat zinodan yomonroq gunoh ekanini bildirganlar. Bir jamoatda g‘iybat qilishni ta’qiqlagan kishining ustidan Alloh yetmish falokatni oladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  09 Fevral 2009, 08:07:46

Ey, farzand!
Noo‘rin, yolg‘on qasam ichmaslik kerak. Bunday qilganning nasli kesilishi, tugashi bildirilgan. Shirkdan keyin eng katta gunohlardan biri budir. Alloh saqlasin! -
Ey, farzand!
Kishi o‘ziga valiylik (Alloh do‘stligiga erishganlik) bezagini bermasin. Kishi o‘zida yo‘q narsani «bor» deb o‘ziga tuhmat va bo‘hton qilishdan qo‘rqishi lozim. Bu mavzuda Payg‘ambarimiz (s.a.v.) shunday marhamat etadilar:
«Bir kishi o‘zini olim deb ko‘rsatib, soxtalik qilsa, jahannamdagi joyiga hozirlansin!»
Kishi to‘g‘ri, go‘zal va foydali so‘zlar aytishi kerak. To‘g‘ri so‘z sohibini jannatga yetkazadi.
Tilni yomon so‘zlarga o‘rgatmaslik, bunga imkon va fursat bermaslik zarur. Kufr ifoda etuvchi, boshqalarni ranjituvchi, hatto xush ko‘rilmaydigan, yoqimsiz so‘zlar imonli insonning tilidan joy olmasligi kerak.
Shayx Kirmoniy hazratlari deydilarki:
«Yolg‘on aytmagan, omonatga xiyonat qilmagan, bo‘hton, tuhmat va g‘iybat etmagan kishi kelajagidan qo‘rqmasin. Shu uch gunohni qilmagan kishi vaqti kelib, boshqa gunohlarni ham tark etadi».
Ey, farzand!
Odamlardan ayb izlab, oshkor qilish va ularning aybini yuziga solishdan saqlan. Bu haqda Payg‘ambarimiz (s.a.v ) shunday deydilar:
«Me’roj kechasi menga jahannamda bir guruh ko‘rsatildi.
Ularning quyma misdan tirnoqlari bo‘lib, to‘xtovsiz o‘zlarining yuzlarini tirmalardilar. Bularning kimligini va nechun bunday dahshatli iskanjaga mahkum etilganini Jabroil alayhissalomdan so‘radim. U zot marhamat etdilar:
«Bular odamlarning ayblarini axtarib, duch kelgan joyda gapirib, oshkor qilganlardir».
Hazrati Muso (a.s) Alloh taolodan so‘radilar:
«Allohim! Boshqalarning ayblarini axtarib, yoyganlar uchun ne jazo bergaysan?»
Alloh marhamat etdi:
«Ey, Muso! Tavbasiz o‘lsalar, jahannamga birinchi kiruvchilar o‘shalar bo‘lajakdir!»
Bu asar matnini yozuvchi buyuk olim Imom G’azzoliy hazratlari shunday deydilar:
«Uch ulkan gunoh borki, bulardan muhaqqaq saqlanmoq kerak:
1.    Baxillik
2.    Hasad.
3.    Riyo.
Xasislik: o‘zidan bilim yo hunar o‘rgangani kelganga o‘rgatishni qizg‘angan olim yo hunarmand (san’atkor) ning qilig‘i. Ya’ni o‘zida bo‘lgan foydali narsani boshqadan qizg‘anish kasallik. Payg‘ambarimiz (s.a v.) shunday deydilar: «Baxil-qancha dindor bo‘lmasin jannatga kirmaydi». Hasad-bir kishidagi ilm, boylik, hunar kabi go‘zal narsalarning o‘sha kishida bo‘lishidan ichi kuyish, chidayolmaslik va undan ketishini istash, ko‘rolmaslik xastaligi, ma’naviy illat, ma’naviy kasallikning eng kattalaridan biri.
Hasad haqida Payg‘ambarimizning (s.a.v.) hadislari bor: «Olov o‘tinni yoqib borgani kabi, hasad hasadchinnng savoblarini yeb tugatadi».
Riyo-bir ibodatni, yaxshilikni, xayru sadaqani har qanday bir bandalik xizmatini boshqalar ko‘rib, taqdirlashi, «qarang, qanday yaxshi odam ekan» deyishlari uchun qilmoqdir. Bunday ishda shirk yashirin ekanligi bildirilgandir.
Riyo kechirilishi uchun jiddiy, ko‘p istig‘for va haqiqiy tavba qilish lozim. Bunday holga tushmoqdan ya’ni riyo qilmoqdan barchamizni Allohning O’zi asrasin!

Qayd etilgan


AbdulAziz  09 Fevral 2009, 08:08:08

SHAQOVOTNING ALOMATLARI VA YOMONLIGI

Shaqiy — dindor ko‘rinib, har xil gunoh qilishdan toymaydigan kimsa. Bu haqda Payg‘ambarimiz shunday deganlar:
«Bir kishining shaqiy ekani shu alomatlaridan ma’lum bo‘ladi:
1.   Ilmi bor, amali bo‘lmaydi.   
2.   To‘g‘ri va halol ish qilmaydi.
3.   Yaxshi insonlar majlisida huzurni buzadi».
Zulm qilishdan chekinmoq, qo‘rqmoq kerak. Zulm — kishi uchun oxirat qorong‘uligidan boshqa narsa emas. Zulm uch qismga bo‘linadi:
1.   Amri va ta’siri ostida bo‘lganlarga yomonlik qilib, ularni qiynash.
2.   Alloh taoloning amrlariga qarshi bo‘lish.
3.   Zolim kimsalar bilan birga bo‘lib, ularga yordam berish.
Shu uch sifatdan biriga ega bo‘lgan kishi zolimdir.
Zolimlarning joyi esa jahannamdir.
Ey, farzand!
Rasululloh (s.a.v.) marhamat etadilar:
«O’zida uch gunoh-kibr, hasad, omonatga xiyonatdan biri ham topilmagan kishining joyi jannatdir.
Har narsaning boshi sabrdir. Bosh kesilsa, gavda halok bo‘ladi. Sabri bo‘lmagan kimsaning dini ham yo‘q!»
Ey,farzand!
Bishri Xofiy hazratlari marhamat etadilar:
«Dunyoda aziz, oxiratda xushbaxt bo‘lmoq uchun shu uch narsadan saqlanish kerak:
1.   Allohdan boshqasidan bir narsa istash va kutishdan.
2.    Bir kishining orqasidan qusurini gapirmoqdan, ya’ni g‘iybat qilmoqdan.
3.    Qo‘li bilan qo‘ymagan, o‘ziga oid bo‘lmagan narsani (ruxsatsiz) olmoqdan.
Alloh taolo uch toifa insonni sevadi:
1.    Faqir bo‘lgani holda jo‘mard (himmatli, saxiy) bo‘lganni.
2.    Zolim yonida ham to‘g‘ri gapirganni.
3.    Hech kim bo‘lmagan joyda ham Allohdan qo‘rqqanni». Hazrati Muso Alloh taolodan so‘radilar:
«Ey, har nedan yuksak, har kimdan buyuk Allohim! Eng qattiq jazo beradigan qullaring kimlar?»
Alloh marhamat etdi:
«Bir kishiga «Allohdan qo‘rq!» deyilsa, u kishi g‘azablanib:
«Menga Allohdan qo‘rqishni sen o‘rgatmoqchimisan?!» deya qarshilik ko‘rsatganga eng qattiq jazo beraman, eng shiddatli azobimni yuboraman. Agar o‘sha kishiga «Allohdan qo‘rq!» deyilganda, «Albatta, qo‘rqaman!» desa, o‘sha qulimni rahmatim bilan yorlaqayman, dunyo va oxirat murodi ne bo‘lsa, beraman!»

Qayd etilgan


AbdulAziz  09 Fevral 2009, 08:08:49

Ey, farzand!
Qilgan ishlarining gunohi yuziga solinmasligi, holini tuzatgan kishi o‘tmishi tufayli ayblanmasligi kerak. Bu haqda Payg‘ambarimiz (s.a.v.) shunday deydilar:
«Bir kishi boshqa bir kishining o‘tmish gunohini yuziga solsa, uni kechmishi bilan ayblasa, Alloh taolo o‘sha ayblagan kishini ayni ayb bilan dunyodan oxiratga yo‘llaydi. Bunday kishiga tavba ham nasib bo‘lmaydi».
Payg‘ambarimiz (s.a.v.) mana shularni la’natlanganlar deganlar:
1.   Ota-onasiga osiy bo‘lib, dunyodan o‘tganlar.
2.   Bir halol, pok hayvonni Alloh rizosi uchun emas, Allohdan boshqaning nomiga qurbonlik qilganlar.
3.    Qizi bilan zino qilgan otalar.
4.    Allohdan boshqasiga sajda qilib, sig‘inganlar.
Bir kishining yaxshiligiga tashakkur aytib, yaxshilik haqiqatda Allohdan ekanini, chunki Allohning iznisiz qech kim biror narsa, bir ish qilolmasligini tafakkur qilib, Allohga hamdu sano aytmagan kimsa Allohga emas, Undan boshqaga sajda qilgan bo‘ladi. Allohga hamdu sano aytgach, ikromiga vosita bo‘lgan kishiga tashakkur aytilsa to‘g‘ri bo‘ladi. Har xil yaxshilik va ikrom uchun avvalo Allohga hamdu sano, so‘ng bandaga rahmat aytish kerak. Tiz cho‘kib, ta’zim qilish bilan salom berish islom dinida harom. Sajda deb o‘ylangan taqdirda shirk. Xudo saqlasin.
Allohdan boshqaning nomi bilan qasam ichmoq ham shirkdir.
Ey, farzand!
Hech kimni so‘kmaslik, la’natlamaslik, yomon so‘zlamaslik kerak. Bu haqda Payg‘ambarimiz (s.a.v.) Abu Hurayraga (r.a.) shunday deganlar: «Ey, Abu Hurayra! Odamlarni so‘kmang, ular ham sizning ota-onangizni so‘kmasinlar. Odamlarni la’natlamang. Lanatlangan kishi shunga loyiq bo‘lmasa, aytilgan la’nat, la’natlaganga (la’nat aytganning o‘ziga) qaytadi».
Hayvonlarni ham la’natlamaslik kerak. Aks holda, farishtalar o‘sha kimsani la’natlaydilar. Hayvonlar harakatlari uchun javobgar emas.
Alloh taoloning amrlarini yoyishda, ta’qiqlaridan qaytarishda vazifalangan va bunda ozgina bo‘lsa ham muvaffaqiyat qozongan kishining qalbini Alloh nur bilan to‘ldiradi.
Hech kimni kamchiligi tufayli uyaltirma. Hech kimning uyalib, xijolat chekishini, xafa bo‘lishini istama. Bu mavzuda Rasululloh (s.a.v.) Abu Hurayraga (r.a.) shunday dedilar: «Ey, Abu Hurayra! Birovning uyalib, xijolat tortishini istama. Bir kishiga boshqalarning orasida da’vo qilib mashaqqatli, noqulay ahvolga solmaki, Alloh taolo ham seni mahshargohda mahshar xalqi ichida da’vo qilib, qiyin ahvolda qoldirmasin!»
Ey, farzand!
Rasululloh (s.a.v.) marhamat etadilar:
«Sevimli sahobalarim! Shu to‘rt narsani qilmaslikka diqqat etish, dunyo va oxirat xushbaxtliligiga yetish uchun zarurdir:
1.   Juda boy bo‘lib, boyligini xarjlamoqqa ko‘zi qiymay xayr qilishda va muhtojlarga tarqatishda ziqnalik etmoq.
2.   Orzu-umidlarga berilib (umrim uzoq degan taxmin bilan) bandalik va insonlik xizmatlarini kechiktirishda davom etmoq.
3.   Dunyo moliga ochko‘z bo‘lib, boriga shukr qilmaslik.
4.   Xasislik qilish».

Qayd etilgan


AbdulAziz  09 Fevral 2009, 08:09:15

SABRNING AHAMIYATI

Ey, farzand!
Payg‘ambarimiz (s.a.v.) marhamat etadilar;
«Uch narsada sabr etgan kishi yuksak darajalarga yetadi:
1.    Nafsining istaklariga sabrli bo‘lganning jannatda har nafasiga Alloh uch yuz daraja beradi.
2.    Kim ibodat iztiroblariga sabr etsa, Alloh taolo o‘sha kishining sabri uchun olti yuz daraja ehson etadi.
3.    Falokat qarshisida sabr etganga Alloh yetti yuz daraja ehson aylaydi!»
Muso (a.s.) Alloh taologa shunday dedilar:
«Allohim! Bandangga bir falokat yoki achchiq bir xabar kelsa, o‘sha quling: «inna lillaha va inna ilayhi rojiun», deya sabr ko‘rsatsa, buning uchun unga nima ehson etasan?»
Alloh marhamat etdi:
«Ey, Muso! Men o‘sha qo‘limning har nafasiga qiyinchiligi ketguncha uch yuz daraja beraman. O’sha falokatning ustiga yana bir falokat kelsa, qulim yana sabr qilsa, yana shunday darajalarni ato etaman!»
Ey, farzand!
Falokat, balo va musibatlarga sabr etish kerak. Bu haqda Payg‘ambarimiz (s.a.v.) shunday deganlar:
«Alloh taolo bir kishining molu joniga, farzandiga bir falokat bersa, o‘sha kishi bundan shikoyatchi bo‘lmay, Alloh taologa shukr etishda davom qilsa va ahvolidan birovga shikoyatda bo‘lmasa, Men o‘sha qulimni mahshargohda azoblashdan hayo qilaman!»
Kishi o‘zi uchun nima xayrli ekanini bilolmaydigan holga tushishi, hayot va o‘lim orasida qolib, birini tanlashi kerak bo’lganida shunday deyishi lozim:
«Allohim! Men uchun yashamoq xayrli bo‘lsa, sog‘lik va ofiyat ber. O’lmoq xayrli bo‘lsa jonimni ol. Mening har qanday holimni eng yaxshi bilguvchi o‘zingsan!»
Yashab, yurib turganda o‘limni orzu qilish to‘g‘ri emas. Hamda Allohdan har doim xayr-yaxshilik so‘rashi lozim.
O’limdan qochib qutilish mumkin emas. O’lmaslik uchun chiranish yoki o‘limni yoqimsiz ko‘rsatish foyda emas, zararlidir.
Janoza xizmatida bo‘lib, dafn paytida qabrga Alloh rizosi uchun loaqal bir kurak tuproq tashlash kerak. Bir valiy zot shunday rivoyat qiladi:
«Bir kishi avvalroq o‘lgan bir kishini tushida ko‘rdi. Ahvolini so‘radi. Marhum shunday dedi:
«Mezon (tarozu)da savobimni tortdilar, jud yengil keldi. Shunda bir kishi kelib, savob pallamga bir kosa qo‘ydi, savob tarafi og‘irlashdi. Shundan so‘ng Alloh taolo gunohlarimni afv etdi.
Men o‘sha kosa nimaligini u yerdagi farishtalardan so‘radim. Farishtalar shunday javob berdilar.
«Sen bir kun bir qabrga bir kurak tuproq tashlading, O’sha xizmatingni Alloh huzurida qabul qildi. Otgan bir kurak tuproq savobi tarozining savob pallasiga qo‘yildi va savob tarafi og‘ir kelishini ta’minladi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  09 Fevral 2009, 08:09:37

QABR ZIYORATI VA AHAMIYATI

Ey, farzand!
Qabristonda kulish harom. U yerda kulganga Alloh uhud tog‘i og‘irligicha gunoh yozadi. Qabristonda gunohlarini eslab, ichkin-ichkin yig‘lagan kulib-kulib jannatga kiradi. Qabristondan ibrat olib, marhumlar holiga achingan kishi jahannamdan qutiladi.
Ey, farzand!
O’tgan kunlar o‘tmishda yashaganlarniki. Ertangi kunlar ham bizniki emas. Kun bugungi kundir. Bu kunni qadrlash, qadrini bilish, umrni bandalik xizmatidan uzoq, nafs amri va xizmatida o‘tkazmaslik kerak. Har kecha-kunduz hol tili bilan bizlarga shunday hayqirmoqda:
«Ey, Odam farzandi! Fursatni qo‘ldan berma. Xizmatingdamiz. O’tgan kunning bir daqiqasini ham qaytarib bo‘lmaydi. Ko‘zingni och! Kun kelib, sen ham ismi-jismi unutilganlar orasiga kirasan. Ketib, nelarni ko‘rajaksan? Har ishing, har narsang bilan o‘limga hozirmisan»?
Ey, farzand!
Qiyomat kunida mahshar yeriga qarab azob farishtasi chiqib keladi. Ko‘rganlar qo‘rquvdan qotib qolishadi. Jabroil (a.s.) undan so‘raydilar:
—   Ey azob farishtasi! Qayerdan kelyapsan?
—   Jahannamdan kelyapman, — deydi .
—   Maqsading nima? — deb so‘raydilar Jabroil (a.s).
—   Besh toifa insonni talab qilaman, — deydi.
—   Ular kimlar? — deb so‘raydilar Jabroil alayhissalom. Farishta ularni navbati bilan sanaydi:
1.   Besh vaqt farz namozlarini tark etganlar.
2.   Mast qiluvchi ichimlik ichganlar.
3.   Boyligidan zakot bermaganlar.
4.   Ota-onasini ranjitganlar.
5.   Masjidlarda dunyoviy so‘zlarga muhabbat qo‘yganlar va mahshargohda shu besh xil insonlarni bir-bir yutib, to‘g‘ri jahannamga kirib ketadi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  09 Fevral 2009, 08:10:05

Ey, farzand!
Odam qancha ko‘p yashasa ham, baribir o‘ladi. So’nggi nafasida imon bilan ketish-ketmaslik, qabr, mahshar... va hokazo. Yo‘l tahlikalarga to‘la. Tutib qolish mumkin bo‘lgan narsa — Alloh rizosi uchun qilgan qullik xizmatidir. Yana Allohning yaratganlariga bergan yordam — insoniy xizmat ham ko‘makka kelishi mumkin. Rasululloh (s.a.v.) marhamat etadilar:
«Har qanday kishi o‘lib, ruhi tanini tark etgach, shunday bir ovoz keladi:
«Sen dunyoni tark etdingmi yo dunyo seni?
Sen dunyo yig‘dingmi yo dunyo seni yig‘dimi?
Sen dunyoni o‘ldirdingmi yo dunyo seni o‘ldirdimi?»
Yuvmoq uchun taxtaga olishganda uch marta ustma-ust shunday ovoz keladi:
«Kuch-quvvatli taning bor edi. Uni bu qadar zaif qilgan nima? Juda shirin tiling bor edi. Chiroyli so‘zlar aytarding, go‘zal-go‘zal suhbatlasharding. Endi seni kim jim qildi?
Qancha-qancha sen sevgan dunyoviy do‘stlaring bor edi. Qani ular? Endi qaydalar? Seni nechun bunday yolg‘iz tashlab ketdilar?» Kafanga o‘ralganda shunday bir tovush keladi: - «Xarjliksiz, oziqsiz uzun yo‘lga chiqilurmi? Borsa kelmas uzoq yo‘lga chiqqaningni bilajakmi? Ey, oxirat yo‘lchisi! Agar Alloh rizosini qozonib, bu yo‘lga chiqqan bo‘lsang, senga mujdalar bo‘lsin! Agar uning g‘azabiga loyiq holda bunday yo‘lga chiqqan bo‘lsang, holingga voy bo‘lsin!» Tobut qabr chetiga qo‘yilganda shunday bir ovoz keladi: «Ey, Odam farzandi! Kelib joylashajaging bu qabrdagi uy uchun qanday xozirlik ko‘rding? Bu qorong‘u joy uchun nur-yorug‘lik keltirdingmi?»
Qabrga qo‘yilgach, yana bir ovoz keladi:
«Ey, inson farzandi! Ustimda kulib yurarding, Endi ichimda yiglayapsan, Ustimda bulbulday sayrarding. Endi qornimda jimsan».
Dafn ishi tugab, xalq qabrdan uzoqlashgach. Alloh taolodan bir nido keladi:
«Ey, Mening qulim! Yolg‘iz qolding. Seni bu qorong‘u joyga — qaro yerga do‘stu yoring, tengu to‘shing tashlab ketdilar. Holbuki, ular sening yaqinlaring, qarindoshu do‘stlaring edilar. Bu holga tushmasliging uchun hech kimning biror foydasi bo‘lmadi. Sen esa, Mening amrlarimga doim qarshi chiqarding. Qilingan nasihatlarni tinglamasding. Endi esa haqiqatlar bilan yuzma-yuzsan.
Seni bu qaro yerda — qorong‘u joyda yolg‘iz qoldirmoq Mening sha’nimga yarashmas. Izzatim va Jalolim haqqi Men senga shafqatla, rahmatla muomalada bo‘laman. Endi senga ota-ona farzandiga ko‘rsatgan shafqat va marhamatdan ko‘proq shafqat va marhamat ko‘rsataman.
Seni mamnun qilmoqchiman!» deb qabrni jannat bog‘laridan bir bog‘ holiga aylantiradi va ichkarisini qiyomatga qadar do‘stu yorlik qiladigan hurlar va g‘ilmonlar bilan to‘ldiradi. Qiyomatgacha birga jannat ne’matlaridan foydalanadilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  09 Fevral 2009, 08:10:48

Ey, Odam farzandi!
Seni yo‘qdan bor etgan Alloh taoloning buyukligiga, shafqat va marhamatiga boq! U naqadar buyuk Sultondirki, bunday gunohkor qullarining gunohini kechiradi va U na qadar marhamatli bir Zotki, har kun minglarcha martalab qullarining ishlarini ko‘rib, berkitadi. Biror kishining gunohini, aybini yuziga solmas!
Uning ishlari O’z sha’niga munosib, O’z sha’niga yarashiqlidir. Qulning vazifasi — qullikka munosib bo‘lmoq, qulga yarashganini bajarmoqdir. Qullik mavqei — xizmat mavqeidir! Alloh taologa xizmat!
Yaratganning xurmati uchun, rizoligi uchun yaratganlariga xizmat!
Allohim! Biz ojiz bandalaringni so‘nggi nafasimizgacha O’zingni xizmatingda bo‘lmog‘imizni nasib va muyassar ayla.
Farzandlarimizni imon va islomda sobitqadam qil.


VALHAMDU LILLAHI ROBBIL ALAMIYN.
VAL AQIBATU LIL MUTTAQIYN.
VASSOLATU VASSALAMU ALA RASULIHI
MUHAMMADIN VA ALA ALIHI VA ASHABIHI AJMA’IYN. OMIYN!

Qayd etilgan


AbdulAziz  09 Fevral 2009, 08:55:06

MUNDARIJA

Muqaddima
Imom G’azzoliy haqlarida bir necha so‘z
Uyqudan turayotganda zarur bo‘lgan odoblar
Hojatxonaga kirish odoblari
Tahorat olish odobi
Masjid odoblari
Ziyorat odobi
Jamoat namozining fazilati
Imomlik
Azonning fazilati
Ramazon oyining fazilati
Zulhijja oyi va ilk o‘n kunining fazilati
Yaratilganlarning birinchisi—aql
Ibratli hikoya
Imon qal’asi
Tavhid bahsi
Alloh rizosi
Shayx Zunnun Misriy o'giti
Imon duosi
Bozorlarda aytiladigan duo
Taom duosi
Libos kiyish duosi
Istig'for duosi
Ixlos surasining fazilati
Salovati sharif aytish fazilati
Sadaqa berishning fazilati
Qarz olish va qarz berish haqida
Sudxo‘rlikning yomonligi
Savdoda yolg‘on so‘zlashning yomonligi
O'lchov va tarozu
Inson vujudi - Allohning omonati
Ne'matlar uchun shukr qilish
Hayit kunlarining fazilati
Faqirlarga kamtarin, boylarga viqorli bo‘lmoq
Boylikka hirs qo’yma
Diniy birodarlik ahamiyati
Zuhd va taqvo sohibi bo‘lmoq
Ota-onaga itoat odobi
Ustozga hurmat
Birodarning birodarga munosabati
Qarindosh ziyoratining fazilati
Qo‘shnichilik haqlari va odoblari
Mahalla xizmati va odobi
Olimlar suhbatining ahamiyati
Juma kunining odoblari
So'fiylik maslagi va odoblari
Keksalarga hurmat ko‘rsatish
Hakamlar bilan birga bo‘lish odobi
Hurmatli zotlar huzurida odob
Nodonlar majlisida bo'lish odobi
Do‘stlashish odobi
Ovqatlanish odoblari
To‘y va bozor odoblari
Yo'ldoshlik odobi
Kasalni ziyorat qilish odobi
Janozaga borish odobi
Er-xotin munosabatlari
Uyga kirib-chiqish, ovqatlanish odobi
O’ringa yotish odoblari
Ma’naviy ta’sir uchun o’qiladigan sura, oyat va duolar
Nozik muomala odoblari
Nikohning sunnatlari va odoblari
Turli mavzularda o‘gitlar va odoblar
Shaqovotning alomatlari va yomonligi
Sabrning ahamiyati
Qabr ziyorati va ahamiyati

Qayd etilgan