Bu kunga chidam yo'q, yo'q erur sabr,
Tushimda qiynoq bor, o'ngimda jabr.
Yaqinlashmoqdadir tobora qabr,
Meni bu fursatdan qutqarurmisiz?!
Talay odamlarga yo'liqdim, ular
Katta va'dalar-la do'stlarim bo'lur,
So'ng tinmay pinxona g'iybat qilar,
Meni bu kulfadan qutqarurmisiz?
Ahlimga boqaman, nigohi yomon
Qalbidan sizilib chiqqanda gumon...
Axdlasha olmasak, bu qanday zamon,
Meni bu ofatdan qutqarurmisiz?
Jujuqlarim yig'lar istabon saboq,
Men ular oldiga qo'ygum qo'girchoq...
Shaytonning aytgani qolibdir bu chog',
Meni bu da'vatdan qutqurarmisiz?
Oxirat qayg'usi yo'qolib qolsa,
Go'zal sanamchalar ko'nglimni olsa,
Dunyoning ishlari ajabga solsa,
Meni bu hayratdan qutqarurmisiz?
Eng so'nggi ishonchim qaygadir tashib,
Iymon qochib ketsa tog'lardan oshib,
Uning ortidan zor ketsam ergashib,
Meni bu hayratdan qutqarurmisiz?!
Hayot davomiga yetmasa ko'zim,
Tig'dek botmasa gar aytilgan so'zim
Boshqara olmasam o'zimni o'zim
Meni bu hasratdan qutqarurmisiz?
... Bu kunga chidam yo'q, yo'q erur sabr,
Tushimda qiynoq bor, o'ngimda jabr.
Yaqinlashmoqdadir tobora qabr,
Meni bu fursatdan qutqarurmisiz?!