Ellik yoshga yetganida uni ortiq eshkak esholmaydi deb, bir orolda sotib yubordilar. Uning xojasi bir dehqon edi. Bir burda non uchun o’n yil uning qo`lida ishladi. Tangriga shukr etardi. Chunki endi uning oyoqlaridan mixu zanjirlar olib tashlangandi. Tahorat olishga imkoni bor, qiblaga qarab namoz o’qir, esida qolgan oyatlarini o’qib ibodat, duo qila olardi. Butun umidi tug’ilgan yeri Edremitga yetishish, qayta ko`rish edi. O’ttiz yil ichida bir lahza ham bu umid uni tark etmadi. “O’lganimdan so’ng tirilishimga qanchalik ishonsam, ellik yil asirlikda yashasam-da bir kun Vatanimga yetishishimga shunchalik umid qilaman” derdi u.
U eng dongdor, eng mashhur turk kemachilaridan edi. Yigirma yoshidayoq Jabal al-Tariq bo’g’ozidan o’tgan, katta dengiz flotlarini bir o’zi kichik kemasida yenga olgan edi. U zamonlar Turk elida uning nomi tillarda doston edi. Hatto podshoh uni saroyga chaqirtirib, boshdan kechirganlarini o’zidan eshitardi. Chunki u Hizr alayhissalom kezgan diyorlarda sayr etgan edi. Shunday dengizlarda bo’lgan ediki, unda tog’lardan baland muz parchalari suzar edi. U tomonlar umuman boshqa dunyo edi. Olti oy kunduz, olti oy kecha bo’lardi. Zavjasini ham o’sha sirli o`lkalardan topgan edi. Kemasi oltin, kumush, inju, olmos, asirlar bilan to’lib Vatanga qaytar ekan, dengiz o’rtasida uylangan, o’g’li Turg’ut ham yo`lda - Chanoqqal’aga yetgan paytda tug’ilgan edi. O`g`li hozir qirq besh yoshga kirgan bo’lsa kerak. Ajabo, tirikmikan? Xayolini band etgan, qorlardan oppoq zavjasi hozir hayotmikan? Qirq yilki, Istanbulning minoralari, dengiz ufqi xayolidan hech ketmaydi. “Bir kemam bo’lsa, ko’zimni shart yumardim-u, Vatan tomon yo’l olardim” deya orzu qilardi…
Oltmish yoshdan o’tganidan keyin xojasi uni ozod qildi. Bu ozod qilish emas, uni o’z holiga tashlab qo’yish, ko’chaga haydash edi. Qari tutqun ushbu qarovsiz bog’dagi xaroba kulbani topdi. Shu yerdan panoh topdi. Hech kim hech narsa demadi. Ora-sira qishloqqa tushar, qariligiga achinib berishgan sadaqalarni to’plab, yana kulbasiga qaytardi. Ortiq kuchi qolmagan edi. Uning ishlashini endi bog’ sohibi ham istamas edi. Qayoqqa ham borar edi?
U avval ko’rgan tushlarini endi qaytadan ko’rayotgan edi. Qirq yillik tush… Turklarning, turk kemalarining kelishi…
Ko’zlarini qaqshagan qo’llari bilan ishqaladi. Dengizning ko’k bilan birlashgan joyiga qaradi. Ha, ular kelishadi, albatta, kelishadi. U bunga shunchalar ishonardiki…