17-bob. Tamg'a qizdirib bosishni yoqtirmagan kishi haqida
Jobir ibn Abdulloh aytadirlar: "Rasululloh sallollohu alayhi va sallam: "Dori-darmonlaringizdan eng nafi tegadirgani, u ham bo'lsa, qortiqchiga qortiq soldirish yoki o'tda kuydirishdir, ammo men tamg'a bosishni xush ko'rmayman", - dedilar".
Imron ibn Husayn: "Faqat ko'z tekkanda yoki chayon chaqqandagina dam soldirish mumkin", - deb aytibdirlar. Buni eshitgan Sa'id ibn Jubayr bizga: "Rasululloh (sav) bu xususda quyidagilarni aytganlar", - dedilar: "(Olloh taolo) menga barcha ummatlarni ko'rsatdi. Ba'zi payg'mabarlar o'z ummatlarini ergashtirib, ayrimlari ersa, birorta ummatsiz yolg'iz o'zlari (oldimdan) o'tdilar. Nogahon, ko'zimga katta bir olomaon ko'rindi. Men: "Bular kim?" - deb so'raganimda, "Bular Muso va uning ummatlaridir" - deb aytildi. So'ng, "Ufqqa qara!" - deb amr qilindi. Bir vaqt qarasam, ufqni to'ldirib xalqlar kelayotir. Keyin, "Endi bu yoqqa qara!" - deb buyurildi. Shunda o'girilib, bu yoqda ham ufqni to'ldirib tumonat odamlar kelayotganini ko'rdim. So'ng, "Bular sening ummating bo'lib, yetmish minggi savol-javobsiz to'ppa-to'g'ri jannatga kiradi", - deyildi".
Janob Rasululloh ana shu gaplarni aytdilar-da, hujralariga kirib ketdilar. Sahobalar: "Biz johiliya davrida tug'ilib, so'ng Olloh taolo va uning rasuliga iymon keltirganmiz, biz o'shalar qatorida bo'lamizmi yoki islom davrida tug'ilgan avlodlarimiz bo'ladimi?" - deya payg'ambarimiz hujralari tomon yurdilar. Rasululloh tashqarida bo'layotgan g'ala-g'ovurni eshitib, hujralaridan chiqdilar va bunday dedilar: "Ular dam soldirmaydiganlar, irim-sirimlarga ishonmaydiganlar, badanlariga tamg'a qizdirib bosmaydiganlar hamda Olloh taologa tavakkal qilg'uvchilardir". Shunda Ukkosha ibn Mihsan: "Yo, Rasululloh, men o'shlardanmanmi? - deb so'radilar. Janob Rasululloh: "O'shalardansan" - dedilar. Boshqa bir sahoba: "Menchi?"- dedi, Payg'ambarimiz: "Ukkosha sendan oldin so'radi", - deb javob qildilar.