1957 yilda NKVD idorasidan bizga chaqiriq qog‘ozi keldi: «T. Aytmatov to‘g‘risidagi so‘rovnomangizga javob olish uchun NKVDga kelishingiz lozim».
Onamning nechog‘lik hayajonlanganini bir ko‘rsangiz edi! Boyaqish o‘zini qo‘yarga joy topolmay qoldi, yuragi hapriqib ketdi. Aksiga olgandek, Chingiz o‘sha kunlari isitmasi ko‘tarilib, ko‘rpa-to‘shak qilib yotgandi. Onam bechora uning tevaragida girgitton bo‘lardi. U onam bilan birga bormoqchi bo‘lib o‘rnidan turdiyu oyoqlari chalishib, yiqildi. Qisqasi, biz onam ikkovimiz chaqirilgan joyga jo‘nadik.
— Otang Sibirda bo‘lsa kerak, — dedi onam. — Hozir ko‘pchilik o‘sha tomonlardan qaytib kelishyapti. Agar To‘raqul katta bo‘lib qolganlaringni ko‘rsa, bechora nihoyatda suyunib ketadi. Chingiz bilan Ilgiz oyoqqa turib olishdi, oila qurishdi. Lyutsiya ikkovingiz ko‘rkamgina qiz bo‘lib qoldilaring, Otang qanaqa bo‘lib qoldi ekan? Qamoqqa olingan payt 34 yashar edi. Bu yil roppa-rosa ellik beshga to‘ldi. Biz yigirma bir yil diydorlashmadik. Yigirma bir yil-a! Aytishga oson. Hammasiga chidadik. Mayli, ishqilib, otang sog‘-salomat bo‘lsa bas. Eshitishimcha, Sibirga surgun qilingan kishilarning ko‘pchiligi o‘sha yerda uylanib olishgan emish... Ehtimol, u ham shunday qilgandir. Axir, bir iloj qilib yashash ham kerak-da! Faqat salomat bo‘lsa bas. Xudoyim-ey, a’zoyi badanim qaltirab ketyapti. Ishqilib, uchrashuv payti yuragim quvonchdan yorilib ketmasa koshkiydi...
Onamning so‘zlarini eshityapmanu ko‘zlarimdan yoshlar quyilyapti. Xudoyim, onaginam naqadar bag‘ri keng ayol edi! Mayli, uylangan bo‘lsa ham sog‘-salomat yurgan bo‘lsa bas, deydi. Haqiqiy muhabbat shunday bo‘lsa kerak: o‘ziga hech narsani tilamaydi, hammasi jufti halolimga bo‘lsin, deydi.