Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov  ( 178233 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 ... 43 B


Abdullоh  07 Mart 2009, 13:00:13

   Shumxabar keltirgan mana shu la’nati qog‘oz bizning yigirma bir yillik umidimizni chilparchin qilgan edi. Bir pasda hammasi abas bo‘ldi. Onam ikkovimiz xuddi qirg‘oqqa itqitib tashlangan baliq kabi hansirab-hansirab zo‘rg‘a nafas olardik; bir-birimizga suyanganimizcha ko‘cha bo‘ylab ketib borardik. Dunyo huvillab qoldi, barcha orzu-umidlarimiz havoga uchib ketdi. Onam bechora birdan o‘zgardi; o‘zini oldirib, rangpar bo‘lib qoldi, yelkalari bukchaydi. Voy xudoyim-ey! Uzoq yillar mobaynida u bitta ilinj bilan yashadi: bugun bo‘lmasa, ertaga To‘raqul albatta qaytib keladi. Bu ilinj unga kuch-quvvat bag‘ishlardi, har qanday qiyinchiliklarni yengib o‘tishiga yordam berardi. Bechora onaginam ne-ne mushkulotni boshidan kechirdi!..

   Ko‘chada ketayotib, dunyoni boshimga ko‘tarib ho‘ng-ho‘ng yig‘lagim kelardi. «Adolat bormi?!» deb qichqirgim kelardi. Oilamiz sha’niga yopishtirilgan la’nat tamg‘asini yulib otishni istardim,  bunday taqdirga la’natlar o‘qimoqchi bo‘lardim. Biroq, bunday qilsam onamning yarasiga tuz separdim, xolos. Oyoqlarini zo‘rg‘a sudrab kelayotgan onam hurmati dardimni ichimga yutdim. Bir-birimizga suyanishib, uyga yaqinlashib bordik-da, ko‘zyoshlarimizni tiya olmasdan ostonada serrayib turaverdik.

   —   Qizim, endi bo‘lar ish bo‘ldi, — dedi onam biroz o‘ziga kelgach. — Otangni o‘limi to‘g‘risida hozir Chingizga indamay qo‘ya qolaylik. Mavridi emas, butunlay yotib qoladi, keyin tuzalib ketishi qiyin bo‘ladi...

   Oradan bir necha kun o‘tgach, ovuldan bo‘xchasiyu jomadonini orqalab Qoraqiz ammam yetib keldi. Chingiz oyoqqa turgan, onam u kishini chaqirtirgan edi.

Qayd etilgan


Abdullоh  07 Mart 2009, 13:01:09

   Onam yotig‘i bilan ammamga og‘asining vafot etganini aytdi. Bu xabarni eshitib bechoraning yuragi yorilib ketishiga bir bahya qoldi. Suyukli og‘asining o‘limi ammamni o‘rtab yubordi: uzoq yillik dard-sitam bo‘g‘zidan vulqonday otilib yetdi. U har birimizni bag‘riga bosib, sannab-sannab rosa yig‘ladi. Qaniydi, hammaning shunaqa ammasi bo‘lsa!

   Keyin Aytmatovlar urug‘i jam bo‘lib, nohaq qurbon bo‘lgan marhumlar ruhiga duoi fotiha qilish niyatida Shakarga yo‘l oldik. Kerimbekning uyiga ovuldoshlarimizni to‘plab, adolatsizlik tufayli nobud bo‘lgan To‘raqul, Alimqul, O’zibek, Risqulbeklar xotirasiga bag‘ishlab ma’raka qildik.

   Lekin, onam bechora otamning o‘lganiga aslo ishonmasdi. Bu haqda ro‘y-rost gapirmasa-da, so‘nggi damlarigacha bitta ilinj bilan yashadi: balki, u tiriqdir? Bunday ilinjning sababi bor edi. Ulug‘ Vatan urushi yillarida Kavkazdan Shakarga ko‘chib keltirilgan odamlar orasida Ayvazidi ismli grek folbin ayol bo‘lardi. U qahva quyqumiga qarab fol ochardi. Ovulimizda Ayvazidining hamma gaplari to‘g‘ri chiqyapti degan mish-mish tarqaldiyu onam ham folbin huzuriga otlandi.

   —   Ering qamoqda. To‘rtta farzanding bor. Juda og‘ir hayot kechiryapsan. Bor kuchingni sarflayapsan. Sizlar bu yerda yana o‘n yil yashaysizlar. To‘ng‘ich o‘g‘ling seni shaharga olib ketadi. O’g‘lingning shuhrati butun dunyoga taraladi, — deb gapini tugatadi folbin.
- Erim-chi? Tirikmi, qachon qaytib keladi? — deb so‘raydi onam.
- Ering juda olislarda yuribdi. Sen u bilan ko‘p yillardan so‘ng uchrashasan, — deb javob beradi folbin.

   Ravshanki, folbin ayol otamning o‘lganini bilsa-da, ammo onamni noumid qilmaslik uchun to‘g‘ri gapni aytmagan. «Sen u bilan ko‘p yillardan so‘ng uchrashasan» degan so‘zlari esa, sir emaski, narigi dunyodagi uchrashuvga ishora edi».

Qayd etilgan


Abdullоh  07 Mart 2009, 13:02:13

   Aytmatov. Nima bo‘lganda ham folbin odamgarchilik yuzasidan to‘g‘ri qilgan.

   Shoxonov. Qozoqlarning Oqmula shahri yaqinida «Aljir» (Akmolinskiy lager jen izmennikov rodinm) deb nomlangan maxsus qamoqxona bo‘lardi. Bu qamoqxonada qozoq xalqining Turor Risqulov, Saken Sayfulin, Beymbet Maylin, Temirbek Jurgenov, Uzoqboy Qulimbetov, Sultonbek Qojonov, Janaydar Sadibaqosov kabi yirik davlat va partiya rahbarlarining, adabiyot va san’at arboblarining xotinlari tutqunliqda saqlanardi. Bu jahannam Oqmuladan 40-45 kilometr narida bo‘lib, 26 ta maxsus bo‘lmalardan iborat edi. Sovet Ittifoqining turli burchaklaridan to‘plab keltirilgan «vatan xoinlari»ning xotinlaridan talab qilinadigan birlamchi narsa shu ediki, ular erlarining xoinligiga iqror bo‘lishlari va erlaridan voz kechish to‘g‘risidagi hujjatga imzo chekishlari kerak edi. Shundan keyin ayollar gunohi yengillashtirilardi. U paytlarda NKVD idorasidagi qotillarning qilmishi aslo nazorat qilinmasdi, ota-onalari bag‘ridan yulib olingan farzandlar bepoyon mamlakatning bolalar uylariga tarqatib yuborilardi, butun boshli urug‘-aymoqlar qirib tashlanardi. Lekin, ana shunday mudhish zamonda ham Saken Sayfulin, Ilyos Jonsug‘urovlarning umr yo‘ldoshlari ulug‘ ustozlarimizning qo‘lyozmalarini yerlarga ko‘mib, yastiq jildlari orasiga yashirib, ko‘z qorachig‘iday asrab kelajak avlodga yetkazganlar. Bu haqiqiy jasorat edi.

   G’abit Musrepov bir gal «Aljir»ga borganini va u yerda Beymbet Maylinning xotini bilan uchrashganini gapirib bergan edi.
   O’sha ayol G’abit Musrepovga bunday degan ekan:
   —   Qamoqxonaga qarashli qo‘y podani o‘z ixtiyorim bilan boqishga rozi bo‘ldim. Tongdan shomgacha to‘rt devor orasida xun bo‘lib o‘tirgandan ko‘ra, ochiq havoda o‘krab-o‘krab yig‘lab olganing afzal. Xiyla yengil tortasan.

   U paytlari «Aljir»da «vatan xoinlari»ning yigirma ikki mingga yaqin xotinlari qon yutib yashardilar. Agar onangiz ovuldan boshpana topmaganda bormi, u ham o‘sha jahannamga uloqtirib yuborilishi hech gap emasdi.

Qayd etilgan


Abdullоh  07 Mart 2009, 13:03:48

   Aytmatov. Ha, shunaqa bo‘lishi ham mumkin edi.

   Maktabda o‘qib yurgan kezlarim bitta mehribon muallim bunday degan edi: «Otangning nomi tilga olingan paytda hech qachon ko‘zlaringni yashirmagin». Bu oqilona nasihat og‘ir damlarda menga madadkor bo‘ldi, xotiramga bir umr muhrlanib qoldi. O’sha so‘zlardan: «Otang xalq dushmani emas» degan ma’noni anglash mumkin edi. Bolalik qalbimni ana shu so‘zlar ilitib turardi.

   Shoxonov. Keling, singlingiz Roza xonimning hikoyalarini yana bir bor eslaylik:
   «1975 yil. Men ish yuzasidan Talasga bordim. Bitta notanish ayol men bilan iliqqina ko‘rishdi-da:
   —   Siz Chingiz Aytmatovning singlisi bo‘lasizmi? — deb so‘radi
   —Ha.
   —   Sizning kelayotganingizni tanishlarimdan tasodifan eshitib qoldim. Juda yaxshi bo‘ldi. Yo‘qsa, Sizni izlab o‘zim Frunzega bormoqchi bo‘lib turgan edim.

   Sovet Ittifoqining hamma burchaklaridan, butun dunyodan Chingizga son-sanoqsiz xatlar yog‘ilib kelardi. Xatlarning aksariyati uy-joy ololmayotgan odamlarning shikoyatlari, mahalliy hokimiyatning o‘zboshimchaligidan himoya qilish va qimmatbaho xorijiy dori-darmon xarid etishga ko‘mak berish so‘ralar edi. Chingiz bolaligidan e’tiboran juda ko‘p adolatsizliklarga duch kelgani uchunmi, xatlarni sinchiklab o‘qib chiqar, sira vaqtini ayamas, agar iloji bo‘lsa, xat mualliflariga yordam berar edi. Uzoq-yaqindan keladigan bunday odamlar qulay fursat topib, menga ham tez-tez murojaat etib turishardi: «Iltimos, mana shu xatni og‘angizga berib qo‘ying! Sovet Ittifoqida uning gapini ikki qiladigan hech kim yuq». Og‘amning boshqa tashvishlari ham boshidan oshib-toshib yotganini yaxshi bilganim uchun ko‘pincha ataylab iltimoschilardan o‘zimni olib qochib yurardim. O’sha notanish ayolni uchratgan paytimda, dastlab, uni ham iltimoschilardan biri bo‘lsa kerak deb o‘yladim.

   —   Yo‘q-yo‘q, — deb meni xotirjam qilishga urindi u. — Sizni izlab yurganimga sabab shuki, otangiz To‘raqulga aloqador gapim bor. Mening og‘am qamoqda otangiz bilan bitta kamerada o‘tirgan.

Qayd etilgan


Abdullоh  07 Mart 2009, 13:04:38

   U otamning nomini tilga olgan paytda men xuddi tok urganday seskanib ketdim,
—Og‘angiz qaerda? Tirikmi? — deb so‘radim shosha-pisha.
—Tirik. Lekin, hozir u og‘ir betob. Kasalxonada yotibdi. Do‘xtirlar, og‘angizning sanokli kunlari qolgan, deyishyapti. Agar iloji bo‘lsa, u og‘angiz Chingiz bilan uchrashmoqchi. Ammo, gazetada yozishlaricha, u hozir Amerikada ekan. Shu bois men sizni izlab yurgan edim.

   Men o‘sha ayol bilan kasalxonaga jo‘nadim. Aynan bemorlar dam olayotgan paytlarda boribmiz. Notanish ayol hamshiradan ruxsat so‘rab, og‘asining qo‘ltig‘idan suyab yo‘lakka olib chiqdi. Uning ismi Tangriberdi Alapaev ekan. Bu kishi sabr-toqatli, bosiq-vazmin ekani aftidan shundoq bilinib turardi. Lekin, og‘ir xastalikdan so‘ng cho‘pday ozib-to‘zib ketgandi, madori qurib qolgandi, yelkasi bilan nafas olardi. Hol-ahvol so‘rashganimizdan keyin u menga boshdan-oyoq sinchiklab razm soldi va birdan tovushini chiqarmasdan yig‘lab yubordi.

   —   To‘raqulga xuddi quyib qo‘yganday o‘xshar ekansan. Endi o‘lsam ham armonim qolmadi. Menga xudoning rahmi keldi, — dedi hiq-hiq yig‘lab. Birpas nafasini rostlab olgach, hikoyasini davom ettirdi: —U paytlari komsomol tashkilotida ishlardim. Og‘am Uzoqboy «Oqjar» kolxozi boshqaruvining raisi edi. Boshini ko‘targan odam darhol «xalq dushmani» deb e’lon qilinardi. Dastlab, og‘amning navbati keldi, oradan birmuncha vaqt o‘tgach, o‘zimni ham qamoqqa olishdi. «Og‘ang vatan xoini. U kimlar bilan til biriktirgan edi? Qanday zararkunandalik ishlari bilan mashg‘ul bo‘lgan? Qay yo‘sinda tashviqot yuritgan? Qani, gapir!» deb tergov qilishardi. Bunday hodisa yetti uxlab tushimga ham kirmagandi. Boz ustiga, tergov payti shafqatsizlik bilan kaltaklashardi. Mening o‘jarligim tutdi, miq etmadim. Bir kuni toqati toq bo‘lgan tergovchi miltiq qo‘ndog‘i bilan basharamga tushirdi. O’shanda bir nechta tishim to‘kilib ketdi. O’zim behush bo‘lib yiqildim... Kamerada tsement polda yotgan chog‘im hushimga keldim. Ko‘zimni ochsam, atrofimda ochlikdan sillasi qurigan, soqol-mo‘ylovlari o‘sib ketgan, yuz-ko‘zlari momataloq besh-olti kishi bor ekan. Burchakda bittagina temir karavot turibdi. Yonimda cho‘nqayib o‘tirgan istarasi issiq bir yigit yuzimdan oqayotgan qonlarni artardi. «Chirog‘im, tur o‘rningdan, mening joyimga borib yot», dedi u. So‘ng qo‘ltig‘imdan olib, o‘z joyiga eltib yotqizdi. O’sha yagona temir karavotda barcha tutqinlar navbat bo‘yicha dam olishardi. Men borgan kun uning navbati kelgan ekan. Suyaqdan o‘tib ketadigan tsement sovug‘idan, hech bo‘lmasa, bir kun saqlanish mumkin edi. Hech kim e’tiroz bildirmadi. Hammaning ruhi tushib ketgan edi, go‘yo bir-biri bilan gaplashishga ham qo‘rqishardi. Ertasi kuni biz yaqinroq tanishdik. Uning ismi Turaqul Aytmatov ekan. Mening Talasdan ekanimni eshitib, juda suyundi. Oradan bir necha kun o‘tgach, biz og‘a-inilarday qalin bo‘lib qoldik. Nima uchun bu joyga kelib qolganimni obdon so‘rab-surishtirgach, bunday maslahat berdi: «Hech qanday jinoyat qilmagansan. Hali yoshsan. Faqat og‘angning ishi uchun seni tutib turishibdi. Hushyor bo‘lgin, tergovchilarning tuzog‘iga ilinib qolma. Hech kimni sotmagin. Mahkam bo‘l, so‘zingdan qaytma. Oxir oqibat seni ozod etib yuborishadi. Biz — boshqa masala. Bizni otib tashlashlari mumkin», dedi bosiq ohangda. Qamoqdagi nam tortgan yostiq jildidan To‘raqul bejirim xalta yasadi. Xaltaning ichiga qora ip bilan o‘g‘illarining ismini tikib-yozdi: «Chingiz, Ilgiz». Yoniga esa men tug‘ilgan yurt nomini yozdi: «Talas». Biroq, «s» harfiga qolganda ip tugab, so‘z kemtik holida qolib ketdi. U ta’lim ko‘rgan, madaniyatli, halol inson edi. "Har bir so‘zidan, mayda-chuyda harakatlaridan va sirtdan ham shu xislatlari ko‘zga tashlanib turardi.  Sovun, taroq, tish cho‘tkalarini top-toza lattaga o‘rab, o‘sha qadrdon xaltasida saqlardi. Bir kecha boshqalar eshitmaydigan tovushda qulog‘imga asta shivirladi: «Menga 58-moddani yopishtirishyapti. Xalq dushmani sifatida xat yozish huquqidan mahrum etishdi. Sendan bir narsani iltimos qilmoqchiman. Birinchi va, ehtimolki, oxirgi iltimosim ham shu bo‘lar. Agar bu yerdan qutilib chiqsang, Shakarda oilamni qidirib topgin. Xalq dushmani emasligimni ular bilib qo‘yishsin. Men bo‘htonga qoldim. To‘ng‘ich o‘g‘lim Chingiz juda ko‘ngilchan, kuyunchak bola. Dunyoda bunday adolatsizlik borligini hali bilmaydi. Moskvada yashab turgan paytimiz bir kuni ko‘chada mushtumlari kuvaldadek keladigan bitta barzangi sharti ketib, parti qolgan cholni ayovsiz do‘pposlayotganini ko‘rib qoladi. Chingiz o‘qday uchib uyga keldiyu o‘kirib yig‘lagancha: «Axir, bu dahshat-ku! Azob-ku!» dedi qayta-qayta. Qisqasi, u bilan ochiqchasiga gaplashib qo‘ygin. Iltimos, uning ko‘zini ochgin, hayotda uchraydigan mushkulotga tayyor bo‘lib tursin. Bir daqiqa ham shubha qilmasin: men xalq dushmani emasman. Shunga ishontir uni. Chingizga tushuntirginki, agar men qaytib bormasam, u oilamizning kattasi bo‘lib qoladi. Ismlar yozilgan xaltachani esa ularga mendan esdalik sifatida topshirasan. Endi hozir aytadigan gaplarimni quloqlaringga quyib ol: agar meni otuvga hukm qilishmasa, Moldovanovka qamoqxonasiga o‘tkazib yuborishsa, militsioner orqali xaltachamda turgan sovunimni so‘rataman; agar Sibirga surgun qilishsa, tarog‘imni so‘rataman; agar tish yuvadigan cho‘tkamni so‘ratsam, bilginki, meni bosqichma-bosqich Urolga jo‘natishmoqchi. Nachora, chirog‘im, alvido! Bu dunyoda qayta uchrashmasak, narigi dunyoda ko‘rishamiz». Ko‘zlarim yoshlanib, uning barcha iltimoslarini ado etishga so‘z berdim. Keyin To‘raqulni olib ketishdi. Ikki kundan so‘ng kameraga soqchi kirib keddi-da: «Aytmatovning buyumlari qolganmi?» deb so‘radi. Yuragim yomon bir narsa bo‘lganini sezdiyu: «To‘raqulga nima bo‘ldi?» deb so‘radim. U barmog‘ini shiftga niqtab: «Hozir uning joni jannatga tomon uchib ke-tayotgan bo‘lsa kerak», dedi miyig‘ida kulib. Tizzalarim o‘z-o‘zidan bukilib ketdi. Hushim boshimdan uch-diyu bir iloj qilib, To‘raqulning fufaykasi bilan telpagini soqchiga berib yubordim. Ismlar yozilgan xaltachani, taroqni yashirib qo‘ydim. Ularni farzandlariga esdalik sifatida topshirmoqchi edim.

Qayd etilgan


Abdullоh  07 Mart 2009, 13:05:12

   Bir necha kundan so‘ng «Vatan xoini oilasining a’zosi» sifatida meni o‘n yil muddatga qamoq jazosiga hukm qildilar va bosqichma-bosqich Sverdlovsk qamoqxonasiga jo‘natdilar. Mana, tepamda xudo shohid, ariston telogreykasining ichki cho‘ntagida To‘raqul o‘z qo‘li bilan tikib, o‘g‘illarining ismini yozib qo‘ygan o‘sha aziz xaltachani o‘n yil mobaynida ko‘z qorachig‘iday asradim. Taroqni ham asrab yurdim. Ularni o‘z qo‘lim bilan to‘ngich o‘g‘lining shaxsan o‘ziga topshirmoqchi edim. Kelishgan yigirma yashar Chingizni ko‘z oldimga keltirib ko‘rardim: u ham To‘raqulning quyib qo‘ygan nusxasiga o‘xshardi. Lekin, odamning boshi — tegirmon toshi, deganlari rost ekan. Peshonamga boshqa ko‘rguliklar ham yozilgan ekan: o‘n yildan so‘ng otayurtimga qaytib ketishimga ruxsat berishmadi. Jazo muddatimni yana uzaytirib qo‘yishdi. Sibirning ovloq joylariga surgun qilib yuborishdi. Hartugul, u yer qamoqxonadan farq qilardi. Erkim cheklab qo‘yilgan o‘lka hududida bemalol yurishim, ishlashim mumkin edi. Bitta tatar qizga uylandim, oila qurdim. Otayurtimga qaytib borishdan umidimni uzganim uchunmi, ehtimol, alam ustida qo‘lbola aroq ichib qo‘yganim uchunmi, ishqilib shayton yo‘ldan ozdiribdi shekilli, egnimdagi eski paxtaligimni daryoga uloqtirib yubordim. Uning ichki cho‘ntagida To‘raquldan qolgan buyumlar bor edi. Bu qilmishimni xudo ham, otangning arvohi ham kechirmaydi. Bu gaplarni bekorga aytayotganim yo‘q: aynan o‘sha kuni otxonada bitta otni taqalayotgan edim, u och biqinimga shunaqayam o‘xshatib tepdiki, o‘sha joyning o‘zida til tortmay o‘lishimga ozgina qoldi. Ikkita qovurg‘am sindi, o‘pkamning yarmi ezildi. Shunday qilib, bir pasda yarimjon bo‘lib qoldim. O’shandan buyon oylab, yillab kasalxonada yotaman, uyda ham to‘shakdan turmayman. Endi bo‘lsa, ostonada ajalim kutib turibdi.

Qayd etilgan


Abdullоh  07 Mart 2009, 13:05:54

   Nihoyat, otayurtimga qaytishimga ruxsat berishdi. Buning uchun Xrushchyovga mingming rahmat! Darhol ish joyim bilan hisob-kitob qildim, xotinimni qavatimga olib qadrdon Talas tomon otlandim. Qarindosh urug‘larim bilan ko‘rishdim, yuragimni urtab yurgan ko‘p yillik sog‘inch andak tarqalganday bo‘ldi. Hamqishloqlarimdan To‘raqulning oilasini so‘radim. Ular Frunzega ko‘chib ketishgan, dedilar. Anavi voqea ich-etimni kemira boshladi. Boz ustiga, dardim battar og‘irlashdi. Hatto nafas olish ham azobga aylandi. Uzoq vaqt o‘zim bilan o‘zim ovora bo‘lib qoldim. O’shandan beri ko‘p suvlar oqib ketdi.

   Qattiq ishonardimki, bir kun kelib xotiram chaqmoq misoli yorishadi. O’sha paytlari yana eski kasalim qo‘zg‘ab bemorxonada yotgan edim. Yonginamdagi karavotda yotgan yigitcha kecha kunduz bitta qalin kitobni tinimsiz mutolaa qilardi. Bir kuni u dori-darmon uchun xonadan chiqib ketdi. Men uning kitobini qo‘limga oldim. E voh, bu Chingiz Aytmatovning «Materinskoe pole» nomli to‘plami ekan. Kitobning birinchi varag‘ini ochdim:
   «Ota, men seni qaerga dafn etilganingni bilmayman. Bu kitobimni senga — To‘raqul Aytmatovga bag‘ishlayman. Ona, sen bizni — to‘rt farzandingni voyaga yetkazding. Bu kitobimni senga — Nagima Aytmatovaga bag‘ishlayman».

   Marvarid marjoni kabi jumlalar terilib turardi.
   Muqovada Chingizning jiddiy qiyofali suratiga ko‘zim tushdiyu xayolimda To‘raqulning siymosi gavdalandi. Frunze qamoqxonasining beton zindonida tortgan azob-uqubatlar, merosxo‘rlarning ismlari yozilgan xaltacha, gadoy topmas Sibir taygasi va marhumning so‘nggi iltimoslari yodimga tushdi.

Qayd etilgan


Abdullоh  07 Mart 2009, 13:06:25

   — Axir, bu To‘raqulning o‘g‘liku! Voy jigarim-ey!— deb qichqirib yuborganimni o‘zim ham bilmay qoldim.

   Yashirib nima qiddim, o‘sha damda vijdonim qiynalib ketdi. Xuddi sovuq badanimga cho‘g‘ bo‘lib turgan temirni bosib olganday his etdim. Axir, men bitta insonning so‘nggi vasiyatlarini bajo keltirmagan edim. U menga ishongandi, og‘ir paytlari menga yordam qo‘lini cho‘zgandi. O’sha zahoti Chingizga xat yozib, hammasi to‘g‘risida gapirib bermoqchi bo‘ldim; otasining vasiyatlarini asray olmaganim uchun, irodasizlik qilganim uchun undan kechirim so‘rashni istardim. Bir necha marta shunday qilishga urinib ko‘rdim, lekin har gal qat’iyat yetishmasdi...

   Yaqinda do‘xtir singlimga: «Uzog‘i bilan yana bir oy yashashi mumkin», deganini tasodifan eshitib qoldim. O’shandan beri oromim yo‘q. To‘raqul oldidagi qarzimni uzmasdan narigi dunyoga qanday ketaman? U dunyoda To‘raqul bilan uchrashib qolsamu mendan: «Tangriberdi, sen nima uchun so‘zingning ustidan chiqmading? Bor-yo‘g‘i arzimas buyumlarni o‘g‘illarimga topshirib qo‘yishni iltimos qilgan edim. Shu ishni bajarish ham qo‘lingdan kelmadimi?» deb so‘rab qolsa netaman? Uning ko‘ziga qanday qarayman? Shu bois singlimdan, agar meni u dunyoga armonsiz ketsin desang, iltimos, To‘raqulning merosxo‘rlaridan birortasini huzurimga boshlab kelgin, deb so‘radim. Men ularning poyiga tiz cho‘kib, tavba qilmoqchiman. Shukur, oh-vohlarim xudoga yetibdi. Qondoshim, To‘raqulning urug‘-aymoqlari nomidan mening gunohimni kechirgin! Iloyim, u dunyoga og‘ir gunohim bilan ketmayin! — deb chol yosh boladay ho‘ngrab yubordi.

Qayd etilgan


Abdullоh  07 Mart 2009, 13:07:35

   — Xafa bo‘lmang! Axir, hech qanday gunohingiz yo‘q-ku?! Agar bunda gunoh bo‘lsa, o‘sha la’nati zamon gunohkor! Adolatsizlik ildiz otgan zamon hammasiga gunohkor, — deb bechora cholga taskin berishga urindim. Lekin, o‘zim ham tasalli-taskinga zor bo‘lib turardim. Tinka-madori qurib, bukchayib qolgan cholning ahvolini ko‘rib, yurak-bag‘rim ezilib ketdi. Otamning so‘nggi kunlarida hamnafas bo‘lgan kasalmand cholni bag‘rimga mahkam bosdimu, hiq-hiq yig‘lay boshladim...»

   Aytmatov. Tangriberdi Alapaevdan 1938 yili otam aytib yuborgan eng oxirgi xabar bizga faqat 1975 yili yetib keldi. Bu paytda onam vafot etganiga to‘rt yil bo‘lgan edi.

   Shoxonov. 1938 yil. Rutubatli kuz kunlari. Bishkekdan uncha olis bo‘lmagan tog‘ etagida Po‘ngtosh degan so‘lim go‘sha. Xuddi shu joyda NKVDning oromgohi bor. O’sha kunlari bir nechta yuk mashinalariga qamalgan mahbuslarni pinhoniy ravishda shu yerga keltirishadi-yu, hammasini otib o‘ldiradilar va qotillarga xos puxtalik bilan ilgaritdan hozirlab qo‘yilgan xandaqlarga ko‘mib ketadilar. O’sha oromgohda qoravul bo‘lib ishlaydigan Abikan Qidiraliev pinhoniy qotillikni zimdan kuzatib o‘tiradi. Oradan ko‘p yillar o‘tgach, oqsoqol o‘sha mozoristonga borib, marhumlarning ruhiga Qur’on tilovat etib yuradi. Cholning 1928 yilda tug‘ilgan Bubuyra ismli sizga tengdosh qizi bor edi. Ota o‘z qiziga shunday vasiyat qiladi: «Qizim, hozir aytadigan gaplarim hech qachon esingdan chiqmasin; mana shu joyga juda ko‘p marhumlar dafn etilgan. Xudo xohlasa, yaxshi kunlar keladi. O’shanda bu sirni odamlarga oshkor qilasan. Hozircha bu to‘g‘rida birovga miq etib og‘iz ocha ko‘rma». Qirg‘iziston demokratiya yo‘lini tanlab, mustaqillikni qo‘lga kiritgach, Bubuyra xola otasidan eshitgan gaplarni qog‘ozga tushirib, Davlat xavfsizligi qo‘mitasiga maktub yo‘llaydi. Qo‘mitada bo‘lim mudiri lavozimida xizmat qiladigan Bo‘lat Abdurahmonov (ba’zi bir hamkasblarining e’tiroz bildirishlariga qaramasdan) nomsiz mozorni ochib ko‘rish chora-tadbiriga bosh bo‘ladi. Fojia ro‘y bergan joydan 137 nafar kishining bosh chanoqlari, suyaklari topiladi. Suyaklar orasidan yarmi chirib ketgan uch sahifalik hukm matni ham chiqib qoladi. Sizning otangiz To‘raqul Aytmatov ham aynan o‘sha hukmga asosan otib tashlangan ekan. Qirg‘iz xalqining Jusup Abdurahmonov, Qosim Tinistonov, Erkinbek Esonomonov, Imonali Aydarbekov, Boyali Isoqov, Asanboy Jamansariev, Usmonqul Aliev, Sodiq Cho‘nboshev kabi mashhur o‘g‘lonlari ham otangizga taqdirdosh bo‘lgani arxiv hujjatlari asosida isbotlandi... Musibatlar uyasi bo‘lmish o‘sha joyga «Ota Beyit» nomi berildi. Marhumlarni qayta ko‘mish marosimida respublika Prezidenti Asqar Aqaev ishtirok etdi. Lyuksemburgdan ana shu marosimda qatnashish uchun siz ham yetib keldingiz va nutq so‘zladingiz. Guvohlarning aytishicha, marosimda ko‘zyosh to‘kmagan odam qolmabdi. Prezidentning maxsus farmoniga muvofiq 1995 yil 25 noyabr «Repressiya qurbonlarining xotirasi kuni» deb e’lon qilindi. Marosimda birgalikda qatnashdik. Guras-guras olomon oqimining poyoni ko‘rinmasdi.

Qayd etilgan


Abdullоh  07 Mart 2009, 13:08:29

   Bir guruh yoshlar, talabalar qop-qora sochli, o‘ychan boqib turgan navqiron yigitning portretini boshlari uzra mag‘rur ko‘tarib yurardilar. Bu — To‘raqul Aytmatov edi. U paytlari otangiz Sizning hozirgi yoshingizdan ikki barobar kichik bo‘lgan. Siz juda ko‘p narsalarni boshingizdan kechirdingiz, shon-shuhratga burkandingiz.

   Aytmatov. Ha, o‘sha topilma — otamning ustidan chiqarilgan o‘lim hukmi qalbimni ostin-ustin qilib yubordi. O’sha hukmnoma 137 marhumning suyaklari orasidan topildi. Muxtorjon, oradan 53 yil o‘tgach, hatto marhumning suyaklari ham tuproqqa qo‘shilib ketar ekan. Lekin, qanday mo‘‘jiza tufayli otamning ko‘krak cho‘ntagidagi uch varaq hukmnoma butunlay chirib ketmagani kishini hayron qoldirmaydimi? Ollohning barqarorligiga iymon keltirmoq kerak. Mayli, kechikib bo‘lsa-da, adolat tantana qildi. Mudhish zamonlarda bizning oilamiz boshiga tushgan musibat, iloyim, hech kimning boshiga tushmasin!

   Shoxonov. Chike, agar Siz qarshi bo‘lmasangiz, singlingiz Roza xonimning xotirasiga yana diqqatingizni qaratmoqchiman:
   «Onam umrining oxirigacha Chingizning qaramog‘ida yashadi. Nazarimda, u faqat to‘ng‘ich farzand emasdi, ayni paytda ular o‘rtasida qandaydir ruhiy yaqinlik ham bor edi. Uning har bir asarini, hatto maqolalariyu suhbatlarini ham onam berilib, qiziqib mutolaa qilardi. Onam o‘sha davrdagi sovet va dunyo adabiyotidan yaxshi xabardor edi.

Qayd etilgan