Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov  ( 178413 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 38 39 40 41 42 43 B


Abdullоh  27 Mart 2009, 17:38:33

Shoxonov. 50—60-yillari G’arbiy Yevropada paydo bo‘lgan «jinsiy inqilob» butun dunyoni zabt etadi. Bu xavfli kasallik insondagi eng bebaho fazilatlardan birini — uyatni mahv etib yuboradi. Jinsiy aloqalar erkinligi bayrog‘i ostida buzuqchilik targ‘ib qilinadi. Bunday bema’nilik zamonaviy madaniyat sifatida talqin etiladi. Shu munosabat bilan kimdir zaharxanda qilgandi: «Pornografiya — o‘likxonada yotgan xunasaning muhabbati».

Darhaqiqat, olimlarning e’tirof etishicha, inson salomatligini va ruhiy tetikligini saqlab turish uchun uchta narsa kerak ekan. Birinchisi — oziq-ovqat. Ikkinchisi — uyqu va yaxshi kayfiyat. Uchinchisi — muhabbat yoki jinsiy aloqa. Inson ovqat yemasa, kuch-quvvatini yo‘qotadi. To‘yib uxlamasa, odam kasal bo‘lib qolishi mumkin. Jinsiy aloqadan mahrum bo‘lgan odamning tabiati keskin o‘zgarib ketadi. U jizzaki bo‘lib, ishchanlik qobiliyatini yo‘qotadi. Oxir-oqibat jinni bo‘lib qolishi ham hech gap emas. Shu sababdan qadimiy donishmandlar insonning jinsiy hayotiga alohida e’tibor beradilar. Jinsiy muloqot tuyg‘usi ma’naviyat bilan boyitilishi kerak.

Yer yuzasidagi odamlar har xil tillarda gaplashadilar. Biroq, faqat bitta tilda — yurak deb atalmish zabonda sevgi izhor qiladilar, quvonadilar, sog‘inadilar. Yanglishmasam, Amazonka sohillarida yashaydigan bitta qabila a’zolari yuzma-yuz o‘tirib ovqatlanishni o‘taketgan odobsizlik deb hisoblashar ekan. Boshqa masaladarda hech qanday axloqiy g‘ov yo‘q emish. Balki, jinsiy inqilobning ilhomchilari Amazonkada yashaydigan yovvoyi qabiladan bo‘lmag‘ur g‘oyalarni o‘zlashtirib olishgandir? Nima bo‘lganda ham, asrimizning eng katta fojiasi shundan iboratki, inson hayotidan axloq va uyat haydab chiqarilayotir.

Qayd etilgan


Abdullоh  27 Mart 2009, 17:39:01

Hozir tadqiqotchilar bir-biriga qarama-qarshi bo‘lgan ikki xil fikr bildirmoqdalar. Ayrimlari buyuk  muhabbatlar davri  qaytmas  bo‘lib  ketganidan chinakamiga qayg‘urayotgan bo‘lsalar, boshqalari esa kelajakka umid bilan qaramoqdalar: chekinish vaqtincha bo‘ldi, insoniyat ertami-kechmi, albatta o‘zining qudratli manbaiga — Muhabbatga qaytajak, deb hisoblaydilar.

Xuddi ana shu mavzuga bag‘ishlangan «Adashgan ko‘zlar» nomli she’rimni o‘qib beraman.

Har gal maqtarkan yorin
Osmon qadar shoir
Charchamas shunday demoqdan:
«Bu dunyoda ayol yo‘qdir,
Sevgilimdan go‘zal,
jozibu hurliqo bo‘lsin!
U tengi yuq taqdir!»
Bunday she’rdan ruhlangan
Bir hukmdor oshiqur
O’sha «tengsiz» yorni ko‘rmoqqa.
Qarshisida, ammo, qarang,
Har kun ko‘rib yurgan tasqara
xizmatkoru oshpazdan
tuki, tusi o‘zgamas,
oddiygina nozik qiz turdi...
Taajjubdan hayron bo‘ldi shoh,
va shoirni oldi g‘azabga:
«Shumi aytgan seni go‘zaling,
Senga garchi ko‘plar qiladi hasad.
Ammo, qani o‘sha did, farosat?»
Shoir mag‘rur javob qildi:
«Xafa bo‘lmang, shahanshohim,
shon-shavkatli, kuchli siz.
Ammo-lekin, bir tuyg‘u bor,
sezmagansiz uni siz.
Qarang, qizning yuzigamas,
nomus-ordan qo‘rg‘on qalbiga,
va albatta qarang unga
mening ko‘zimdan...
Aks holda, tanimassiz
muhabbatning saroyida
kimlar shohu kimlar gado!»

Qayd etilgan


Abdullоh  27 Mart 2009, 17:39:15

Va ming yildan so‘ng
Shahvatlar kemirgan,
Kam qonlik yuzga urgan,
Rangi sariq,
Shaxsiy vijdon, nomusga ega,
Bag‘ri toshdek,
axloq — moshdek,
Lekin, texnik bilimli
Qora tutday
Ko‘zoynagi-la
bizga peshvoz,
shahdam qadamlab
kelayotir
kuch-qudratli
XXI asr.
Xudoyim-ey, unga ne bo‘ldi?
Joyidamas ko‘zlari,
Qaraganda
mish-mish so‘zlarga
ular beldan
pastda emish.
Balki, ular cho‘ntakda,
yana qaydam...
Olis asrlik shoir
Muhabbatni anglash,
va baholash uchun
Taklif qildi:
tikilishni
inson ko‘ziga
qaerdan keldigu?
Boramiz qayga?
Shurost bo‘lsa, dahshat.
Ortda yo‘l yo‘q,
Ammo yo‘lni istaydi ko‘ngil...
Dilda esa bir
tashvishli chakin...
Achinaman qizimga
O’z joyiga qaytarmasa
ko‘zlarini XXI asr.

Qayd etilgan


Abdullоh  27 Mart 2009, 17:39:42

Aytmatov. XX asrda insoniyat ikki marta jahon urushiga va ko‘plab mintaqaviy xunrezliklarga guvoh bo‘ldi. Yadroviy sinovlar, halokatli zilzilalar, fazoni o‘zlashtirish va shu bilan bog‘liq bo‘lgan yuksak ilmiy-texnikaviy taraqqiyot ham ro‘y berdi. Ayni paytda bobolarimizning ming-ming yillik tajribalari natijasida sinovlardan o‘tib, sayqal topgan ma’naviy-axloqiy mezonlar misli ko‘rilmagan darajada tubanlashib ketdi. Muhabbat deb atalmish buyuk tuyg‘u — hayot manbai, hayotni harakatga keltiradigan qudratli kuch ham o‘zining asil mavqeini yo‘qotib borayotir, yoshlar tomonidan behuda ermakka aylantirilyapti. Mening nazarimda, insoniyat istiqomat qiladigan jamiyat uchun faqat yadroviy urushgina bundan-da dahshatli xavf solishi mumkin. To‘g‘ri, biz ko‘p narsalarga erishdik. Afsuski, yo‘qotgan narsalarimiz ham undan-da ko‘proqdir. Xususan, qadim zamonlardan buyon insoniyatning tayanchi bo‘lib kelayotgan axloqiy-ma’naviy printsiplarni boy berib qo‘ydik. Ishonchim komilki, Andrey Voznesenskiy: «Agar inson buziladigan bo‘lsa, jamiki taraqqiyot reaktsiondir!» deganda aynan mana shularni nazarda tutadi. Iltimos, «Beshinchi erkak» nomli she’ringni o‘qib bergin! Bir paytlar o‘sha she’ring menda juda katta taassurot qoldirgandi. Ustiga ustak, nazarimda, bugungi suhbatimiz ham poyoniga yetib borayotir.

Shoxonov.

Or-nomus aziz bo‘lgan
Qadim O’trorda
Fidoiy bir yigit
Ofatdan yurtini saqladi.
Evaziga hukmdor buyurdi taqdirlashni:
«Uch boylikni senga aytaman,
Ammo, birin tanlashing lozim.
Biri — aql, donolarga munosib,
Parvozingdan olam holar lol.
Biroq, kutar seni yolg‘izlik.
Ikkinchisi — go‘zallik bo‘lar,
Seni ko‘rib qamashadi ko‘z,
Uyg‘otadi hasad go‘zallik.
Eng oxirgi tuhfam — saxovat,
Ota yurtday bepoyon bir qalb —
Dushmanlarni do‘st hiladi u».
Jasur yigit o‘ylanib dedi:
«O’-u, shahanshoh, minnatdorman,
lek eng yaxshisi — ayol sovg‘a qil,
Aytganlaring bo‘lsin mujassam.
Men erkakman, bahoriy daryo,
O’zanimdan tosharkan ba’zan
Suv bosadi boshqa qirg‘oqni.
Men erkakman, yukim og‘irdir,
Va ko‘ngilchan, hozirjavobman,
Ishonaman inson so‘ziga,
Biri yaxshi, birovi olg‘ir.
Ayol kerak gapning ochig‘i.
O’sha ayol menga ishonsin,
Kechirolsin zaifliklarim.
G’alabaga ilhom berolsin,
Men o‘laman unday ayolsiz!»
Oradan ko‘p o‘tdi asrlar,
shu kungacha erkak xayoli
Ba’zan topar, goho yo‘qotar
O’shandayin ayolni.
Biroviga nasib etdi
go‘zalligu aql, saxovat,
Irodasin yo‘qligidan
Qushcha qo‘ldan uchdi-ketdi.

Qayd etilgan


Abdullоh  27 Mart 2009, 17:40:24

Ikkinchisin yo‘ldan urdi
besabrlik odati.
Bu sho‘rtumshuq ko‘rganini
etagiga o‘tdi osilib.
Kuchli edi uchinchi erkak,
Ko‘r-ko‘rona ishonardi kuchiga.
Mehr-shafqat bo‘ldi begona.
Bunday inson o‘xshab ketar
Bargin to‘kkan qishki daraxtga.
To‘rtinchisi kerak lahzada
sustlik qildi yetmay qadriga
muhabbatni qildi zaxa.
Faqatgina beshinchi erkak
Ishonadi orzusiga,
albatta yetar bugun, balki ertaga.
Hamroh bo‘lsin unga omad!
Juda ko‘pdan qatnashmaganman,
To‘ylar qilsin — beshinchi odam!


Aytmatov. Kimning peshonasiga Beshinchi bo‘lish yozilgan? Axir, kurrai zamin yaratilgandan buyon million-million odamlar muhabbatning orqasidan quvlaydilar. Unga yetganlar bor, yetmaganlar bor. Azal-azaldan buyon haqiqiy erkaklarning asil maqsadi — ruhan, tabiatan, tashqi ko‘rinishidan o‘ziga yoqadigan qalliq topishdan iborat bo‘lgan. Faqat iste’dodli insongina chinakamiga sevishi mumkin. Hayotda esa iqtidorsiz, bir pulga qimmat, o‘rtamiyona odamlar tiqilib yotibdi. Muhabbat borasida ham shunday. Tuyg‘ularning Everest cho‘qqisiga kamdan-kam inson chiqadi.

Qayd etilgan


Abdullоh  27 Mart 2009, 17:41:10

Odam Ato bilan Momo Havo zamonidan beri muhabbat deb atalmish sehrli qudrat mavjud. U insonlarni goh suyuntiradi, goh g‘am-g‘ussaga botiradi, gohida umid bag‘ishlaydi, gohida umidlarini puchga chiqaradi. Nima bo‘lishini hech kim bilmaydi. Muhabbatni har kim uzi ko‘rishi kerak. Bu tuyg‘uni har kim o‘z tajribasida sinab ko‘rishi lozim. Biz bugun bu haqda go‘yo arvohlarga qarata so‘ylab o‘tirdik. Ayollar masalasida fikr yuritdik. Hayotning tor yo‘lida uchratganlarimizni eslashdik. Sirlarimizni o‘rtoqlashdik.

Ehtimol, yana bir nimalar to‘g‘risida gaplashishga ulgurmadik yoki nimalarnidir esimizdan chiqargan bo‘lishimiz ham mumkin. Axir, istig‘for paytida o‘y-xayollar parishon bo‘lib ketadi, sira tutqich bermaydi. «Do‘stlik yo‘qolgan joyda jamiyat buziladi. Muhabbat yo‘qolgan joyda avlodlar azobini tortadi», deganlar Muhammad payg‘ambarimiz.

Qirg‘oqdagi qoyalarga tap tortmasdan urilayotgan to‘lqinlar misoli bizning yoshligimiz ham dengiz qa’riga qaytmas bo‘lib singib ketdi. Shamol esayotgan kunlarda dengiz to‘lqinlariga qarab turib, beixtiyor yurak hapriqib ketadi. Endi bizning yoshimiz xuddi o‘sha toshloq sohilda osoyishta chayqalib turgan suvga o‘xshaydi.

Bizning orqamizdan bu dunyoga yangi qanot chiqargan avlod keladi. Ular o‘z kemalarining yelkanlarini Hayot deb atalmish to‘lqinlari pishqirayotgan dengiz tomon to‘g‘rilaydilar. Inshoolloh, biz uchun o‘tib bo‘lmas darajada yuksak bo‘lib ko‘ringan qoyalar ularga g‘ov bo‘lmasin; har xil shubha-gumon uyg‘ongan sertashvish tumanli kunlarda ularning kemalari suv ostidagi qoyalarga urilmasdan omon-eson o‘tib olsin; bizning o‘shalmagan orzu-armonlarimiz ularning hayotida ro‘yobga chiqsin!

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Mart 2009, 19:31:14

Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori



Muallif: Chingiz Aytmatov, Muxtor Shoxonov
Hajmi: 2,16 Mb
Fayl tipi: pdf, zip
Saqlab olish
Online o'qish

Qayd etilgan