Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov  ( 178380 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 ... 43 B


Abdullоh  07 Mart 2009, 13:24:51

   Birmuncha fursatdan so‘ng o‘tovga soqoli ko‘ksiga tushadigan chol kirib keladi. Ular bir-birini darhol taniydilar. Ovqatlanib bo‘lgach, chol mehmonga yuzlanib:
   —   Sen meni kalaka qilib ketganingdan keyin men sohil bo‘ylab yo‘lga chiqdim va mana shu ovulga yetib keldim. Bu yerda hamdardlik bilan qabul qilishdi, ovqat berishdi, issiq kiyim berishdi, yordamlarini ayashmadi. Ushbu o‘tovning sohibasi beva ekan. Bir oz o‘tgach, ikki yortidan bir butun bino qildik. Hozir mening hamma boyligim — anavi shumtakalar. Mol boqyapmiz. Tirikchilik bir navi o‘tib turibdi. O’shanda men xudodan shu narsalarni so‘ragan edim. Niyatimga yetdim. Ollohdan ming bir marta roziman. Mana, umrimning qolganini munosib o‘tkazyapman. Boylik-qo‘lning kiri, bugun bor bo‘lsa, ertaga yo‘q bo‘ladi. Chirog‘im, sen bir zamonlar juda qattiq adashding. Endi imon keltirdingmi, odamning xatosi sopqonday qaytib kelib boshiga tushadi.

   Chike, bu afsonani to‘la keltirishimga sabab shuki, biz erta-indin qolgan umrimizni ham munosib yashab o‘tishimiz uchun xudodan imdod so‘raydigan yoshga yetib boramiz.

   Aytmatov. Bu gaplaringda jon bor. Quyosh botayotgan mahal: «Umrimning ko‘pi ketib, ozi qoldi», deb eslab turish kerak.
   Yer yuzasida yurgan har bir xom sut emgan banda, albatta, taqdiri azaldan qolgan umrini munosib o‘tishini tilamog‘i darkor. Shunday payt bir kun bo‘lmasa, boshqa kuni keladi. Shu muddatga ochiq yuz bilan, hayot so‘qmoqlarida uchragan mushkulotni mardonavor yengib kelishni xudo bizga nasib etsin!

Qayd etilgan


Abdullоh  07 Mart 2009, 13:25:50

   Shoxonov. Inson tug‘ilgan damdan, to u aqlini tanib, shaxs sifatida kamol topguncha otayurt unga qattiqqo‘l va mehribon murabbiy bo‘ladi.

   Quyoshga intilib to‘zon bag‘rida
   Mana shu ko‘rimsiz yantoq gullaydi.
   Kim uchun? So‘rama, bordir taqdirda,
   Shu yobonda uning joni yayraydi,
   
   O’zga o‘t bo‘lsaydi unmasdi taqir,
   Chanqoqdan, issiqdan jismi jizganak.
   Sahroda faqat u shahanshoh axir,
   Suvgacha tomirlab otadi palak.
   
   Tomirlar qum aro suvga urar lab,
   Sahroning asrori ularga ayon.
   Bo‘ronlar qo‘psa-chi? Yoki shovullab
   Qum ko‘chsa, izidan kelmasmi qiron?
   
   Qum-to‘zon falakni qoplasa butkul
   Zulmatdo‘nadi — quyoshsiz osmon.
   Ushbu dam huvillab cho‘kadi ko‘ngul,
   Zir titrab qo‘rqadi borki tirik jon.
   
   Shunday payt qarasak tuyaqoringa,
   Koptokday yumalar shamol yo‘lida.
   Nogahon sakraydi, belanib changga,
   O’yinchoq ekanmi taqdir qo‘lida.
   
   Sahroda kun o‘tar mashaqqat aro,
   Eng mushkul sinovlar bizga atalib,
   Gar tuyaqorin bo‘lsang, baxting ham qaro —
   Ildizsiz yumalab, ketasan to‘zib.
   
   Va yoki bo‘ronning basma-bastini
   Qalqonday qaytargin tik turib mudom.
   Zotan, bilsang, tiriklikning aslini
   G’olib yaratadi, barqaror —davom.

Qayd etilgan


Abdullоh  07 Mart 2009, 13:26:36

   Aytmatov. Odamlar ham shunaqa. Bitta afsona bor. Naql qilishlaricha, bir yigit yov qo‘liga asir tushadi. Uni yot o‘lkaga qul qilib sotib yuboradilar. Oradan yillar utadi. Yigit o‘zi tug‘ilib o‘sgan yurtini ham, ota-onalarini ham unuta boshlaydi. U yot o‘lkaga ko‘nikadi. Oxir oqibat sabr-toqati, aql-idroki, irodasining mustahkamligi tufayli o‘sha o‘lkaning hukmdori bo‘ladi. Yillar uchqur otday uchib ketadi. Hukmdor keksayadi. Kunlardan bir kuni uning otayurti taraflardan karvon keladi. Karvonda bir bog‘lam yovshan keltirilgan edi. Achchiq yovshan hidi dimog‘iga gup etib urilgan hukmdor olis yurtda qolib ketgan olis bolaligini, sho‘x-shodon o‘tgan kunlarini, qadrdon dashtu dalalarda terib olgan lolalarni bir-bir eslaydi. Beixtiyor ko‘zlarida yosh milt-milt qiladi, vatan sog‘inchidan yuragi bir xil bo‘lib ketadi. Endi uni yot o‘lkada hech narsa ushlab qololmasdi: ko‘pchilik orzu qiladigan toj-taxt ham, shon-shuhrat ham, boylik ham ko‘ziga ko‘rinmay qoladi. Qudratli hukmdor zudlik bilan otini egarlaydiyu otayurtiga yo‘l oladi...

   Otayurtga cheksiz muhabbat degani — atrofdagi bepoyon dunyodan yuz o‘girib, bir umr o‘z yurtingdan tashqari chiqmasdan yashash kerak degan ma’noni anglatmaydi. Agar biz qobig‘imizga o‘ralashib qolsak, hech qachon har taraflama taraqqiyotga erisha olmaymiz.

   Misol uchun, O’tror yoki Shakar yoshlari hozir dunyoga sochilib ketganlar. Birlari ta’lim olgani oshiqqan bo‘lsa, boshqalari xorijdan kasb-hunar o‘rganib kelish uchun ketganlar. Axir, ota-bobolarimiz: «Yurgan — daryo, o‘tirgan — bo‘yra», deb bekorga aytishmagan. Aslida ham shunaqa: kuch-quvvating bor paytda dunyo kezib, ilm olishing, boshqa xalqlar va mamlakatlar hayotini o‘rganishing lozim. Biroq, yer yuzasining qay bir burchagida yurmagin, otayurt sen uchun yagona. U bilan ma’naviy aloqani uzib yubormasang, hayotda munosib o‘rningni yo‘qotmaysan. Chunki, begona yurt, begona havo, begona suv hech qachon Vatan o‘rnini bosolmaydi.

Qayd etilgan


Abdullоh  07 Mart 2009, 13:27:10

   Biz otayurtga son-sanoqsiz ko‘zga ko‘rinmas rishtalar bilan bog‘langanmiz. Men sening, har bir insonning o‘z onasidan tashqari, yana to‘rtta onasi — sajdagohi bo‘lishi kerak, degan gaplaringga to‘la qo‘shilaman. Vatan ularning eng ulug‘idir.

   Ba’zi birovlar men vatansiz yashashim mumkin, ammo vatan mensiz yashay olmaydi, deyishadi. Kalondimoq kishilarning bunday gaplari bizga begona. Aksincha, bobomeros yurtimiz biz bo‘lmasak ham gullab-yashnayveradi. Lekin o‘zimiz yurtdan uzilib qolsak aslo yuksaklarga parvoz qilolmaymiz.

   Nafsilambirini aytganda, qachonki vatan omon ekan, biz ham omon bo‘lamiz!

Qayd etilgan


Abdullоh  07 Mart 2009, 13:28:23

   
OLIS YULDUZ SHU’LASI
   YOKI
   BIR SIQIM TUPROQ

   Ota-bobolarimizni eslasak, bizni ajib his-tuyg‘ular chulg‘ab oladi. Ular uzoqqa ketmaganlar. Illo, o‘zimiz ham ularning qavatiga kirajakmiz...
   Mudom ularni yodlab turish bizning burchimiz, ularning xotirasi o‘zimiz uchun zarur. Ularning mozoriga tashlaganimiz bir siqim tuproq — bizni bog‘lab turgan rishta hisoblanadi.


   Chingiz Aytmatov

   Qarab turib tanimaslik — so‘qirmisan, ayt! Anglamaslik ayb emas deb, kimlar aytadi? Tushunishni istamaslik — bu ham jinoyat! Shunday bo‘lganmi? Bo‘lgan. Hisob-kitob tugamas hali.

   Muxtor Shoxonov

Qayd etilgan


Abdullоh  09 Mart 2009, 17:13:14

   Aytmatov. Ko‘ngilsiz voqea. Doim tush ko‘ryapman. Uzluksiz. Ko‘zlarimni yumgan zahotim tush ko‘raman. Tong otar-otmas uyg‘onib ketamanu nima gunoh qildim ekan, deb o‘ylayman.

   Ko‘pincha tushlarimga buyuk shaxslar kiradi. Ular bilan hech qachon uchrashmagan bo‘lsam-da, ammo ular haqda tasavvurga egaman. Ba’zan birorta tirik jonga aytmay yurganim sirlarimni ularga aytib qo‘yaman.

   Rostini aytsam, mo‘‘jizaviy tushlar meni xavotirga solib qo‘ydi, hatto do‘xtirga murojaat etdim. Xavotirlanishga hech qanday xojat yo‘q, hammasi joyida, dedilar. Yana ko‘zim ilingan zahoti g‘ira-shira manzaralar, hodisalar ummoniga sho‘ngib ketaveraman.

   Shoxonov. Menimcha, u tushlarning o‘ziga xos sabablari bor. Sizni sal-pal qo‘rqitib qo‘ymoqchiman. Rojer Jelyaznning aytishicha, «tushlar bizni kunduzdan ajratib turadigan harir pardalardir, har bir tush — vaqt qudug‘i». Tushda ruhimiz o‘zini o‘zi poklaydi. Tush ko‘rmaydigan odam haqiqiy hayotni ham ko‘rmaydi. Tushlar ijod ahliga qilingan tortiq, olam bilan suhbatdir... Ehtimol, asarlaringizdagi sir-sanoat tushlaringiz mahsuli bo‘lsa ne ajab?! Balki, Siz tushlaringizni adabiy tilga tarjima qilayotgandirsiz?!

   Tush ko‘rsangiz, xursand bo‘ling.
   Mana, biz so‘nib ketgan yulduzlar haqida gapiramiz. So‘ngan yulduzlarning eng oxirgi shu’lasi bizga million yillardan keyin yetib keladi.

   Odamlar ham shunaqa bo‘ladi. Foniy dunyo bilan xayrlashib, boqiylikka yuz tutgan ko‘pchilik odamlarning xotirasi so‘nmas yulduz misoli yashayveradi. Narigi dunyoga ravona bo‘lgan yulduzlar ko‘rinmas shu’lasi bilan tushlaringizni nurafshon etib, abadiyatdan darak berib turgan bo‘lsa ne ajab?! Kimningdir ushalmay qolgan buyuk armonini, go‘zal orzu-umidlarini, foniy dunyoning o‘nqir-cho‘nqirlariga urilib chil-chil singan ulug‘ maqsadlarni ro‘yobga chiqarish, balki, Sizning chekingizga tushgandir?! Olislardan kelayotgan kimningdir tovushini eshitib, uni kelajak avlodlarga yetkazish Sizning burchingiz bo‘lsa ne ajab?!

Qayd etilgan


Abdullоh  09 Mart 2009, 17:14:07

   Aytmatov. Gaplaring hazil aralash bo‘lsa-da, lekin jon bor. «Iliada», «Odissiya» dostonlarining muallifi bo‘lmish Gomer to‘g‘risida Aflotun: «Bu shoir butun Yunonistonning kuychisi», degan edi. Buyuk shoirlar xalqning o‘qituvchilari bo‘ladilar. Kim bilsin, agar ularning ezgu-niyat yo‘lidagi jonbozliklari bizgacha yetib kelmaganda bormi, taqdirimiz butunlay boshqacha bo‘lib ketishi ham mumkin edi.

   Agar o‘z davrining yulduzi bo‘lgan shaxslar to‘g‘risida gapiradigan bo‘lsak, mening hayot yo‘limni yoritgan birinchi yorqin yulduz — buyuk yozuvchi Muxtor Avezov edi. Bu voqea shunday bo‘lgan.

   Men u paytlari Frunzedagi Skryabin nomli qishloq xo‘jalik institutining talabasi edim. O’sha paytlarda «Manas» eposi masalasida ilmiy bahs-munozaralar qizg‘in tus oladi. Bizning xalqimiz qahramonlik eposini qirg‘izlarning ulug‘ tarixi sifatida qabul qilgandi. Lekin, o‘sha zamon talablariga ko‘ra, epos sotsialistik realizm metodining qonun-qoidalariga mos keladimi, degan masala kun tartibiga qalqib chiqqan zahoti ko‘pchilik o‘zini chetga tortadi. Nachora, Stalin mafkurasi har qanday asardan boylarni fosh etishni, kambag‘allarning yupun hayotini ko‘klarga ko‘tarib madh etishni va oxir oqibat ezilgan xalq o‘z hukmdorlariga qarshi qo‘zg‘olon ko‘tarishini talab qilardi.

Qayd etilgan


Abdullоh  09 Mart 2009, 17:14:58

   Ko‘pchilik zabardast adabiyotshunoslar e’tikrdi tufayli,  boshqalar  esa ijtimoiy tuzumning bachkana qonuniyatlariga moslashib, eposni rasmiyatchilik nuqtai nazaridan talqin etishga kirishadilar: Manas — eposning bosh qahramoni, uning otasi Jaqip — xon. Demak, Manas ham o‘sha daraxtning mevasi. Ma’lum bo‘lyaptiki, eposda sovet kishisiga yot bo‘lgan mafkura tarannum  etiladi! Mana  shunday ur-yiqit yillarda «Manas» boy-feodallar davrining dostoni degan tushuncha paydo bo‘ldi. Aslini olganda, bu «Kreml xo‘jasi»ning navbatdagi ahmoqona topshirig‘iga javob edi. Gazeta-jurnal sahifalarida eposni fosh etadigan maqolalar,   mulohazalar   paydo  bo‘la  boshladi.  Ulug‘vor «Manas»ning boshida qora bulutlar to‘planadi. Endi oxiri yomon bo‘lishi mumkin edi.

   Ayni o‘sha paytlarda eposni himoya qilib chiqqan halol insonlar ham bo‘ldi. Biroq, ularning ovozini hech kim eshitmasdi va eshitishni ham istashmasdi.
   Jamiyat bu borada hali aniq bir to‘xtamga kelib ulgurmagan bir paytda SSSR Fanlar akademiyasining Qirg‘iziston bo‘limida «Manas»ga bag‘ishlangan konferentsiya bo‘lajagi to‘g‘risida xabar tarqalib qoldi. Eposning taqdiri shunda hal etilar ekan. O’qituvchimizning ma’ruzasini oxirigacha eshitib bo‘lishimiz bilanoq biz talaba yoshlar majlis bo‘ladigan joyga qarab yugurdik. Yanglishmasam, bu voqea 1952 yilning kuzida ro‘y berdi. Akademiya binosiga kirish juda qiyin edi. U yerda lim-lim to‘la olomon, ko‘pchilik ko‘chada to‘planib turardi. «Manas» taqdiri odamlarni nechog‘lik tashvishga solib qo‘yganini bir ko‘rish kerak edi. Hamma nafasini ichiga yutib, «hukm» o‘qilishini sabrsizlik bilan kutmoqda. Men bir ilojini qilib, turtinib-surinib zalga kiriladigan joyga yetib oldim. Eshik yonida turganimcha bo‘ynimni cho‘zib, rayosatda o‘tirgan o‘n-o‘n besh kishini ko‘rdim. Rayosat o‘rtasida Qirg‘iziston Kompartiyasi markazqo‘mining birinchi kotibi Ishoq Razzoqov o‘tirardi. Uning o‘ng tomonidan Muxtor Avezov joy olgandi. Men u bilan yuzma-yuz uchrashmagan bo‘lsam-da, lekin kitoblarida suratlarini ko‘p marta ko‘rgandim. Yuzlaridan nur yog‘ilib turgan bu insondan ko‘zlarimni ololmasdim. Birin-ketin minbarga ko‘tarilgan notiqlar eposni obdon toptadilar. Avezov qilt etmasdan o‘tirardi. Har bir notiqning so‘zlarini sinchiklab tinglardi. Vaqti-vaqti bilan qo‘l ostidagi varaqqa bir nimalarni qayd etib qo‘yardi.

Qayd etilgan


Abdullоh  09 Mart 2009, 17:16:24

   — «Manas» — bu partiyaning hozirgi siyosatiga yot bo‘lgan asar... U o‘z mohiyatiga ko‘ra bizning jamiyatimizda panturkizm g‘oyasini targ‘ib qiladi, — dedi partiya adabiyotchisi A. Borovkov.
   Bunday xurujni isbotlaydigan birorta dalil-dastak topolmagan notiq butun eposga loy chaplashga kirishib ketdi. Zal xuddi arining uyasi kabi g‘uvillab qoldi. Lekin, oshkora bo‘htonga qarshi e’tiroz bildirishga hech kimning haddi sig‘madi. Eshikdan tashqarida odamlar norozilik izhor etdilar. Bizning nazarimizda, xalqimiz shu tobda «Manas»dan mahrum bo‘lib qoladiganday edi. Qaltis bir vaziyatda Muxtor Avezov salmoqli odim tashlab minbar tomon yo‘l oldi.
   — Rostdan ham, «Manas»da boylar va boshqa aslzodalar to‘g‘risida yaxshi gaplar aytilgan bo‘lishi mumkin, — deb o‘z nutqini boshladi u. — Lekin, bu butun boshli bitta xalqning bebaho tarixi, uning qahramonona o‘tmishi, an’analari, ma’naviy merosi, avloddan avlodga o‘tib kelgan buyuk madaniyati, og‘izdan og‘izga o‘tib kelgan sof she’riyati hisoblanadi. Vaqt o‘tgan sari kamol topgan, boyitilgan. Qirg‘iz xalqining hayotidan «Manas» yulib olinsa, butun xalqning tilini kesib olgan bo‘lamiz. Bizning jamiyatimiz shoshqaloqlikdan qachon qutiladi?  Qachongacha sallaning o‘rniga kallani olamiz? — dedi Avezov nutqining oxirida va bir oz sukut saqlagach, Borovkovga nazar tashlab qo‘ydi.

Qayd etilgan


Abdullоh  09 Mart 2009, 17:17:17

   Borovkov esa xuddi o‘rdakka o‘xshab boshini yelkalari orasiga yashirib oldi.
   Qamrovdor dunyoqarashga ega bo‘lgan Avezov jahon adabiyoti  tarixining  teran   bilimdoni   sifatida, fikr-mulohazalarini falsafiy nuqtai nazardan kelib chiqqan holda ifodalay olgani uchun, qirg‘iz xalqining  ma’naviy  boyligini  bag‘oyat  e’zozlagani  uchun zalda ajoyib kayfiyat hukm sura boshladi. U nihoyatda usta notiq edi. Adolat yuzasidan aytganda, Avezovning tarixiy nutqidan keyin  «Manas»  eposi aksilsho‘raviy asarlarning qora ro‘yxatiga kirmay qoldi. Yozuvchining oqilona nutqini Ishoq Razzoqov ham zo‘r qoniqish bilan tinglab, boshi bilan tasdiqlab o‘tirdi. Qirg‘iz eposining bebaho ekanini tushunib o‘tirgan bo‘lsa-da,  lekin siyosat bilan hisoblashishga majbur edi. U his-tuyg‘ularini arang jilovlab turardi.  Bu hol yaqqol ko‘zga tashlanardi. «Manas»ni himoya qilib ko‘plab maqolalar yozgan Toshim Boyjiev o‘sha paytlari qamoqda  saklanayotgan  bo‘lib, ko‘pchilikning  yuragiga g‘ulg‘ula tushib qolgani bejiz emasdi.
   Tashqaridan odamlarning: «Suyunchi bering, suyunchi! «Manas» saqlab qolindi! Muxtor qani?!» degan qichqiriqlari eshitilgan paytda konferentsiya o‘z ishini tamomlagan edi. «Seni tuqqan onangga ham, butun qozoq xalqiga ham ming-ming rahmatlar bo‘lsin!» «Aqsarbas!» Ko‘zlarida sevinch yoshlari porlab turgan yuzlab odamlar bir-birlarini quchoqlashib qutlashardi. Go‘yo jonli xalq dengizi Akademiya devorlariga urilib, ko‘pirmoqda edi.

Qayd etilgan