Shoxonov. Bir kuni Jambul viloyatidan kelgan yigit kaminani izlab topdi. Ma’lum bo‘lishicha, Olmaotadagi institutlarning birida ukasi tahsil ko‘rar ekan.
— Qarindoshimizning bitta qizi bor. Ukam ikkovi bir-birini sevib qolishibdi. «Shu qizga uylanaman, vassalom! Agar to‘sqinlik qilsalaring bormi, o‘zimni o‘zim o‘ldiraman!» deyapti ukam. Hech kimning gapiga quloq solmayapti. Biz yaxshilikcha uni bu yo‘ldan qaytarmoqchi bo‘ldik. Yalinib-yolvordik, do‘q-po‘pisa qildik. Lekin, foydasi bo‘lmadi. Nihoyat, maslahatni bir joyga qo‘yib, Sizga murojaat qilishga kelishdik. Agar ukam endi birovning gapiga yuradigan bo‘lsa, faqat Sizning sazangizni o‘ldirmaydi. Chunki, she’rlaringizni, dostonlaringizni yoddan biladi, chin muxlisingiz. O’tinib so‘raymiz, ukamni bu yo‘ldan qaytarib bering yoki unga ikki qator xat yozib bering. Boshqa ilojimiz qolmadi, — dedi yigit xo‘rsinib.
Bu voqeani eshitib boshim qotib qoldi. Unday qilsam arava sinadi, bunday qilsam — ho‘kiz o‘ladi. Bir tomondan qaralsa, shubhasiz, yoshlar bir-biriga chinakam mehr qo‘yganlar. Boshqa tarafdan qaralsa, eskilardan qolgan gap bor: yetti avlodgacha qarindosh bo‘lgan birodarlar bir-biri bilan quda-anda bo‘lmasligi kerak. Ularni ajratib, muhabbat deb atalmish buyuk tuyg‘udan benasib etish mumkin. Keyin, kim biladi deysiz, umrbod pushmon qilib o‘tsalar-chi? Sir emas, asil muhabbatga kishi umrida bir bora duch keladi. Xullas, tasodifiy mehmonimga qanday javob qaytarishni ham bilmay qoldim.
O’ylab-o‘ylab, axiyri bunday dedim:
— Hozir ukangiz birinchi kursda o‘qir ekan. Uqishini tugatguncha uylanmay tursin. O’tgan yillar mobaynida shashtidan qaytmasa, bunga hech ajablanmaslik kerak. Lekin, ko‘pincha yigitlar o‘tkinchi havasni muhabbat deb biladilar. Agar oradan to‘rt-besh yil o‘tgandan keyin ham ular shashtidan tushmasa, demak, bu chin muhabbat bo‘ladi. Nachora, so‘ng ular bir umr birga bo‘lishlari kerak.