Xalq an’analarini ko‘z qorachig‘iday asraydigan tog‘am kuzga borib og‘ir xastalikdan so‘ng vafot etdi. O’limi yaqin qolganini bilib, meni huzuriga chorladi.
— Chirog‘im, gap bunday, — dedi xasta tovushda, — ota-bobolarimiz yoniga butunlay ketyapman. Bir narsa to‘g‘risida sen bilan gaplashib olmoqchiman. Chirog‘im, bilaman, shoir bo‘lmoqchisan. Bunday sharafli kasb har kimning ham qo‘lidan kelavermaydi. Lekin, o‘z nomiga dog‘ tushirmagan insongina baxtli bo‘ladi. Yaxshi gapga ham, yomon gapga ham farishtalar «Omin!» deydilar... Agar yo‘ldan ozib ketsang, yaltiroq yolg‘onlarga mahliyo bo‘lsang, albatta, la’natga yo‘liqasan: so‘zlaringga birov ishonmay qo‘yadi. — Shiftga termilib yotgan ko‘yi birpas sukut saqladi. — Sendan eng oxirgi iltimosim shuki, bilmadim, uni ado etasanmi-yo‘qmi, lekin aroqxo‘rlardan sal uzoqroq yurgin. Majbur qilmayman. Iltimosimni yerda qoldirishing mumkin. Yaxshilib o‘ylab ko‘rgin. Keyin javobingni aytasan. Xudo xohlasa, yana ikki kunlik umrim bor. Shu muddat ichida bir to‘xtamga kelgin. Agar, hozir zamon shunaqa, boshqalardan ajralib yurish xunuk bo‘ladi, deb o‘ylasang, mayli, yolg‘on va’da bermay qo‘ya qol. Men xafa bo‘lmayman.
—Ota, bu borada nimani ham o‘ylash mumkin, — deb e’tiroz bildirdim. — Agar siz shuni istasangiz, bo‘pti, bundan keyin aroq ichmayman.
—Ana endi yaxshi bo‘ldi, aylanayin! Iloyim, baxtli bo‘lgin! — Tog‘amning ko‘zlaridan yosh oqib ketdi. Cho‘pday bo‘lib qolgan barmoqlari bilan qo‘llarimni silab-siypaladi. — Endi bemalol Egamga omonatini topshiraman.