Kulibgina turibdi, xotirjamgina turibdi, deb bo'lmaydi ayolni!
Kulibgina turibdi, rozigina turibdi, deb bo'lmaydi ayolni!
Uning ichiga o't tushsa ham, bag'ri kulga aylansa ham, zohiri sokin ko'rinaveradi, egilmaydigan qoyalarni ichida yutib yuraveradi...
Bir hikoya o'qigandim. AYol o'z juftini yeru ko'kka ishonmaydi. Uni qizg'anib tunida uyqu, kunida halovat yo'q. Jazillagan rashk o'ti uni sakratib o'ynatadi. Go'yo Erkin Vohidovning:
"Seni yotlar tugul, qilurman rashk o'zimdan ham,
Uzoqroq termulib qolsam, bo'lurman g'ash ko'zimdan ham",
bayti shu ayolning fe'lidan olinganday!
Vodarig'ki, ayolning olov ustida yurib asragan jufti kun kelib qazo qilibdi. Bamisoli ayolning quyoshi o;chdi. Qabri uzra bag'ri tamom to'kilguncha, ko'zining yoshi tugaguncha faryod qiladi. SO'ng qaddini ko'tarib, yengil tin oladi-da, bir nima deb pichirlaydi. Hay-hay, bir gapni deydi. Deganda ham yuraging uvishadigan gapni deb qo'yadi. "Xudoga shukr, endi seni mendan hech kim ololmaydi!"deydi-ya!
Meni dahshat bosadi, AYOL KIM O'ZI! Uning botinidagi g'alati kuch nima? U juftining yonida turib ham unga to'ymay yashardi. Sochining oqi shu eri tufayli edi, qovurilishlariga ham u bois edi. Tirigiga qancha intilgan, o'ligiga kuymaydi, deysizmi? Ammo ayni daqiqada erining o'lganiga u xursand.Baxtini begonadan qiz'anib yurgandan ko'ra, hatto ko'mib bo'lsa-da, berkitishni ma'qul ko'rmoqda! Baxtsiz qolsa ham mayli, suyganiga birov qo'l cho'zmasa bo'ldi. Siz uni xudbin deyapsizmi? Yo'q, bu ayriliq hali unga qimmatga tushadi. Balki kuya-kuya dard oshirar, kim biladi deysiz, orqasidan ergashib ketib qolishi ham mumkin...
Bot-bot o'sha qabr quchib o'tirgan ayol xayolimga kelaveradi. Qulog'imda uning pichirlashi jaranglaeyveradi:"ENDI SENI MENDAN HECH KIM OLOLMAYDI!".
AYOL KIM O'ZI!?