Ayol - misli go'dak!!! Yolg'ondan yupatsangiz ishonadi. Bir shirin gap bilan baxtiyor bo'ladi. Bola onasiz javdirab qolgani kabi, ayol o'z bolaisga, juftiga, uyiga shunday mubtalo bo'lib yashaydi. Uning uchun dunyoni titratgan muammolar ikkinchi o'rindadir. Jufti eson omon ishdan qaytsa, bas, uning uchun farovonlik - shu! Joy-joyida uxlab yotgan bolalari jonini yayratgan sururdir. Go'dak uchun ota-onaning xunuk chiroyligi, boy kambag'ali bo'lmagani kabi, ayol uchun ham shunday, agar uni suysalar, e;tibor bersalar, avaylab muoala qilsalar, qora juftini oppog'im deb, sodda ro'zg'orini saltanatim deb, bag'riga bosib o'taveradi.
Biz odmigina yashardik. Dadam mullo odam edilar, ammo o'zlarini o'tga cho'qqa uradigan uddaburon emasdilar.Onam chopon tikardilar. Oilamizda g'amlash, to'plash imkoni bo'lgan emas. Ammo dadam qoplab narsa keltirmasalar ham, hech qachon ro'zg'orga paxta yog'i aralashtirmaganlar."Onangga yoqmaydi, qo'y yog'i quvvat vo'ladi", erdilar. Onam yuklik bo'lsa tinmay sut qaymoq tashir, "sut onaning ham bolaning ham mijozini tozalaydi" derdilar. Esimni tanibmanki, qish kelsa, cho'yan peshka ishlatardik. Saharlab olov yoqish, ko;mir keltirish, tuntantiriq tayorlash kabi ishlarni hech qachon onamga bermaganlar...Ro'zg'orning jami o'pirilgan joylarini dadamning mehr sadoqati to'ldirib turgani uchunmi, onamdan biron og'iz o'ksish, armon so'zlarini eshitmaganman. Aksincha, hadeganda:"Bugungi kun yaxshi o'tdi, ertaga Ya Razzoq!" deb qo'yardilar.
Bolaga onaning tafti jon ozig'i bo'lgani kabi, ayolga juftining mehri bamisoli sof havo ekan...
Qo'li yupqagina dadam bilan onam go'yo davlatmand edilar. Dadam hayotdan ketdi, go'yo onamning saltanati ham ketdi. To'rt tarafni to'ldirgan, bir gapirib, o'n kuladigan onam tinib-tinib qoldi, go'yo uning bari shodmonligi ham dadamga ergashib ketdi. Onam ko'z yosh to'kib yig'lamadi,"oh, cholim undog' edi, bundog' edi" deb sannamadi ham. Jimib qoldi, xolos. Biz onamning tilab-tilab joncha suygan bolalari bo'lsakda, dadamning o'rnini bosolmadik. Ko'p o'tmay, hech kimga maslahat solmay, dadamning orqasidan o'zi ham ketdi. Go'dak kabi ergashib ketdi...