Xoluq Nurboqiy. Qur’oni karimning ilmiy mo'jizalari  ( 123717 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 ... 12 B


AbdulAziz  08 Mart 2009, 08:15:28

V) Ma’lumotining yuksakligi
Qur’on o‘z davri va o‘zidan oldingi davrlarning darajasidan farqli ekanligi yaqqol ko‘zga tashlanib turadi. Hatto Qur’on inzol bo‘lgan yillarning eng ko‘zga ko‘ringan olimlari ham, Qur’onning ilmiy darajasi beqiyos ustunligidan, bilim va e’tiqodlarini unga aslo tenglashtira olmasdilar.
Qur’on barcha asrlarning fiziklari, munajjimlarini o‘z ichiga qamrab olgan edi. Turgan gapki, parite (juftlik) nazariyalari va kvant (zarrot) qonunlaridan tortib, to jismlarning tortishuv kuchiga qadar bo‘lgan barcha muhim qonun-qoidalarni izohlab bergan Qur’onning ilmiy oyatlari asrlar bo‘yi hayratlanib ko‘zdan kechirildi. Lekin quyoshning yetti sayyorasi va bu tizimning Qur’onda yo‘qligi, jamiki olimlarning fikricha, odamlarni Qur’ondan begonalashtirar edi.
Aslida buning boisi shuki, Qur’on inzol bo‘lgan asrda quyoshning yetti sayyorasi, sayyora sifatida bilinmagan bo‘lsa ham, u zamon munajjimlari nazdida katta ilmiy haqiqat hisoblanardi. Qur’on bu yetti sayyoradan bahs ochgan bo‘lsaydi, ular buni hammaga ma’lum ilmiy haqiqat deb qabul qilardilar: ammo zamonlar o‘tib, bizning asrimizga kelganda bir ilmiy tazod (qarama-qarshilik) o‘rtaga chiqishi mumkin edi. Xolis Qur’onda bunday yanglish bilimlarga o‘rin berilmaganligini ulug‘ bir mo‘jiza unsuridir.
Qur’onning eng katta mo‘jizalaridan biri mana shunday o‘z davriga oid falakiyot bilimlariga rag‘bat etmaganligidir.
Tibbiyot va tabiiyot mavzuida ham Qur’on biron yanglish ma’lumotga o‘rin bermagan.
Shunday qilib, Qur’on o‘z davri ta’siriga berilmagan va ilmiy jihatdan pokligini saqlab qola olgan birdan-bir kitobdir, chunki u Olloh kalomidir.
Qur’onni tadqiq etgan har bir chinakam olim Qur’ondagi bu soflikka takror-takror hayron qolaveradi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Mart 2009, 08:16:13

G) Qur’onning tili
Bir qator oyatlarda Qur’on - hikmatlar manbai ekanligi, u odamlar tomonidan tushunilishi, tushunganda ham osonlik bilan tushunilishi uchun arab tilida yuborilganligi bildirilgan:
"Alif, Lom, Ro. Bular ochiq-ravshan Kitob oyatlaridir. Darhaqiqat, biz uni anglaysiz deya Qur’onni arab tilida tushirdik". (12-sura, 1-2-oyatlar).
Oyatdan ochiq-ravshan bilinib turibdiki, Qur’on koinotning butun sirlarini qamrab olgan ishoralar kitobidir. Ya’ni ilmiy ma’noda jamiki ma’lumotlarni bir yerga to‘plagan bilim xazinasidir. Bu bilim xazinasidagi hikmatlarni shartli (ramziy) harflarning ifodasidan ham anglay olishimiz mumkin bo‘lgan tarzda qamrashimiz oson ish emas; faqat Haq-Taolo bu hikmatlar va bilimlar kitobini anglay olishimiz uchun keng imkonli arab tilida yuborgan.
Ramziy harflar aniq oyatlar ekanligi bildirilgan. Bu harfiy ishoralar koinotning biror qonun-qoidasi vasfiga egaligi ham aniq va ravshandir. Ikkinchidan, Qur’onning Lavhi Mahfuz (Muhofazali Lavha, ya’ni Qur’on Qo‘lyozmasi) bo‘lgani ham bir necha oyat orqali ma’lum qilingan. Lavhi Mahfuz - koinot haqiqatlari yozilgan kompyuter tizimi (sistemasi)dir. Xullas, Qur’on koinot haqiqatlari, qonun va qoidalarining matematik tizim ichida arabchaga tushirilishi hodisasidir.
Bu aytganlarimiz Qur’onning qat’iy vasflaridir va hech qanday boshqacha izohga o‘rin yo‘q.
Bir talay koinot haqiqatlarini o‘zida tashigan Qur’onning nega arabcha ekanligi sababini, arabcha - eng yaxshi til ekanligidan izlamoq kerak.
Bir kompyuter tasmasini bir tilga bog‘lamoq uchun, albatta, so‘z boyligi katta, sarfu nahvi (morfologiya va sintaksisi) kuchli bir til tanlanishi zarurligini mutaxassislar juda yaxshi bilishadi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Mart 2009, 08:16:51

Shunday bo‘lgach, Qur’onning bir talay ilmiy sirlarni o‘zida mujassam etgani tabiiydir. Uning harflarida va kalimalarida juda ehtiyotkorlik bilan hisobga olingan hikmatlar bor. Bu haqiqatlarni bilib, hatto ko‘rib yashayotganlar uchun Qur’onni tarjima qilish benihoya qiyinligi ayondir, qilingan bir qator o‘girmalar esa balki, qo‘pol xatolar bilan bo‘lsa-da, ma’noga yaqinlanish uchun qilingan harakatdir... Yana shu narsa ham ayonki, Qur’ondagi arab tili — mustaqil, hozirgi arabchadan farq qiluvchi arab tilidir. Bironta arab shevasida, hatto eng boy va eng rangin arabcha adabiyotda Qur’ondagi arab tiliga duch kelinmaydi. Shuning uchun ham ayrim kishilar Qur’on arabchasini xalq tili (umum-arab tili) sifatida tavsiflashga intiladilar.
Holbuki, Qur’on tili juda o‘ziga xos arabchadir. Ham lirik, mayin oquvchi uslubi bor, ham o‘ta ilmiydir. Ham ovoz chiqarib o‘qilganda oson tushuniladi, ham o‘qish jarayonida yangi ma’nolari ochiladi.
Undan tashqari, Qur’on arabchasining juda muhim bir tomoni, Qur’onda uchragan juda ko‘p arabcha kalimalarning ilgari hech ishlatilmaganligidir. Arabchada uchragan, lekin ma’lum maqsad uchun bir martagina ishlatilgan kalimalar ham Qur’onda ilmiylashtirilgandir.
Jannat va jahannamga oid bir qator o‘ziga xos kalimalar va Lavhi Mahfuz ta’birlari ham ilk bora Qur’onda uchraydi. Zamxari kalimasi ham birinchi marta Qur’onda kuzatilgan. Bu mavzu bilan aloqador "Omma juz’i yorumi (tafsiri)" nomli kitobimizda biz bu o‘ziga xos kalimalarni ko‘rsatib o‘tganmiz.
Xulosa qilib shuni aytishim mumkin:
Qur’on Olloh ilmining arabcha tarzda berilishidir. Lekin uning tili klassik arabchadan ohang jihatdan farqlidir.
O’zida haqiqatlar majmuini saqlagan Qur’on juda o‘ziga xos bir arab tilidadir. Uning kalimalari ma’lum bir ohangga tushadigan bichimda tanlangan, ayni chog‘da, har bir kalimaning tarjimasi ma’noga ko‘p yashirin sirlar yuklangandir.
Chunonchi, bir qaraganda xunnas va kunnas so‘zlari faqat ohang uchun yonma-yon qo‘llanilganday ko‘rinadi. Holbuki, bu kalimalar koinotning asos qonunlarini tamsil etadi. (Bu haqda to‘rtinchi bo‘limda batafsil to‘xtalganmiz).

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Mart 2009, 08:17:29

D) Qur’onning ohangi (ritmi)
Qur’onning ohangi, g‘arb ta’biri bilan aytganda, ritmi mustaqil, ilohiy bir mo‘jizadir.
Ko‘ngli va ruhi ohang zavqiga oshno kishilar uning ohangidan sarxush (mast) bo‘ladilar.
Ma’lumki, har sura o‘z mavzuiga yarasha ayricha bir ohang hikmatiga ega. Bir tomondan eng so‘ngidagi qofiyalar ritmi, ikkinchi tomondan, oyatlar oqimidagi to‘la ravonlik birgina parchani eshitish nasib bo‘lgan odamni mast qiladi.
Qur’onning mazmuniga oshno bo‘lmaganlar ham bu ohang go‘zalligi ta’sirida ma’noga yaqinlashib qoladilar. "Rahmon" surasini bir o‘qing, ma’nosini hech bilmay turib, Ollohning xilqatdagi san’atining buyukligini darhol his qilasiz. "Voqea" surasini o‘qing, hali hech nimani anglamay turib ham qariyb mahsharni boshdan kechirasiz. Qur’ondagi bu ritm mo‘jizasi oyatlari qisqa bo‘lgan so‘nggi ikki juzda yaqqol ko‘zga tashlanadi. Deyarli insonni o‘z ohangida eritadi. Bir kez "Takvir" surasini o‘qib ko‘ring, mahshardagi manzaralarni ko‘rib-yashaganday his qilasiz, o‘zingizni. "Muddassir" surasida Validning ozorlanishlari hayratlanarli darajada Sizga "yuqadi". Qur’oining mana shu aql bovar qilmas ohangi va ritmi uning ilohiy kitob ekanligiga hech taraddudsiz ishontiradigan mo‘jizaviy sirlaridandir.
O’tgan yili (1990) Qur’ondagi bu ohangni qalbi bilan ilg‘agan ikki atoqli g‘arb sozandasi Islom dinini qabul qilishdi! Ingliz rohibi, musiqa san’atchisi, asli rumlik Kesh Stevens Qur’on tinglab ko‘rgandan so‘ng gitarasini uloqtirdi. "Men bunday nag‘ma va ohangni umrimda birinchi bor tinglashim. Yo‘q, Qur’on—ilohiy kalom! Boshqacha bo‘lishi mumkin emas! - deb musulmon bo‘ldi, bor-yo‘q boyligini Islomni yoyish yo‘liga tikdi. O’sha kundan boshlab, to shu kunlargacha faqat ilohiy kuylar ijod qildi, o‘zining ilgari yozgan musiqiy asarlaridan voz kechdi.
Yana dunyoning eng mashhur xoreofafi va raqs muallimi, ustod Moris Bejard Qur’on ohangidagi mo‘jizaga maftun bo‘lib musulmonlikni qabul qildi, o‘z kasbini tark etib bundan keyingi hayotini Qur’onni Ovrupoga yoyishga bag‘ishlashga bel bog‘ladi.
Aziz O’quvchilarim! Qur’onning bu ohang mo‘jizasini sezishiz uchun uni qoidasi bilan o‘qish va tinglash farz qilingan. U astoydil tinglanganda ohangidagi aql bovar qilmas mo‘jizasi - o‘lik qalblarga ham jon ato etish siriga egaligi ko‘rinadi. Uning ohangidan biz yo‘qotgan, qo‘ldan boy bergan ma’nolar hofizamizda jonlanadi.
Boshqacha aytganda, insonning ma’naviy shaxsiyati Qur’on ohanglariga ko‘ra to‘g‘rilanadi. Uni eshitganda bozordagi asrorangiz bir xaridorga o‘xshab, u nag‘malar inson atalmish mavjudotni koinotning so‘ngsiz mezonlari bilan nurlantiradi.
Bu oddiy bir haqiqatdir va juda ko‘p insonlar shu ohanglar orqali mangulikka qovushganlar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Mart 2009, 08:17:43

IKKINCHI BO’LIM

TIZIMDAGI HIKMATLAR


Qur’onda oyatlarning va suralarning tizimi favqulodda hassos ilohin hikmatga ega.
Qur’on, aqlni lol qiladigan matematik tizim bilan Davhi Mahfuzdagi "ilohiy bilim markazi" holiga kelgandir.
Qur’onning inzol bo‘lishi - o‘zi bir tarix. Ya’ni Qur’on, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallamga bu kungi 600 sahifalik kitob holida kelgan emas. Oyat va suralar bugun biz ko‘rib turgan tartibda yuborilmagan, parcha-parcha indirilib, tamomlangan. Lekin bu bitgan suralar qay tartibda joy-joyiga qo‘yilishi kerakligi Payg‘ambarimizga bildirilgan. Bu haqiqatni alohida bir bo‘limda misollari bilan ko‘ramiz.
Qur’onning muhim joylaridan biri shuki, ba’zi suralarning boshlanishida harflar bilan ifodalangan ramzlar bor. Bu ramzlar aqlni lol qiluvchi haqiqatlarga ega. Ilohiy kalomning o‘ziga xos haqiqati esa uning tizimidagi ajoyib nazokatni ramziy ishora qilib ko‘rsatadi.
Qur’on tizimidagi yana bir muhim sir oyatlarning favqulodda nomlarida saqlanadi.
Bu nazokatlarni navbatma-navbat misollar keltirib, tushuntirishga harakat qilaman.

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Mart 2009, 08:18:03

A) Oyatlarning joylanish tartibidagi sirlari
Ko‘pchilik olimlar QURUQ oyatlarning o‘zi inzol bo‘larkan, ularning bo‘lak-bo‘lakligi va xulosalanish navbatiga qarab, Qur’onning Olloh kalomi ekanligini sezganlar.
Masalan, 6-sura 165 oyatdir va Makkada, ya’ni hijratdan oldin nozil bo‘lgandir. Bu suraning 91-,92-,93-,151-,152-,153- oyatlari oradan bir necha yil o‘tgandan keyin Madinada nozil bo‘lgan. Butun suradagi ohang hech oqsamagan, aksincha, komil tugallangan.
Yana 9-sura ham Makkada inzol bo‘lgan, 128- va 129-oyatlari Madinada tushirilgan. 75 oyatdan tashkil topgan 8-suraning 30-36 oyatlari bir necha yildan so‘ng Madinada inzol bo‘lgan. 99 oyatdan tashkil topgan 15-suraning 87-oyati Madinada indirilgan. 8- va 15-suralarning oralarida nozil bo‘lgan bu oyatlar avvalgi suralarning ohangi bilan apoq-chapoq, faqat bu oyatlarning ilgari nuzul qilinmaganining boisi Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam tomonidan o‘sha paytdagi Islom jamiyatini ma’lum bir sura davomida tarbiyalab yetiltirish, yangi tushunchalarga ko‘nikma hosil qilish hikmati bilan bog‘liqdir.
Oyatlarning bunday tanaffuslar bilan, ma’lum bir tartib asosida emas, ilohiy maqsadga uyg‘un nozil etilishi haqiqatan ham ilohiy mo‘jizadir.
Olloh ilohiy bilim markazida pishitgan asari Qur’onni, uning nomalari bo‘lmish oyatlarni turli paytlarda yuborgan va 22 yildan keyin ilohiy asar tugallangan.
Qisqa muddatda bitkazilgan suralarda ham bu farqli bo‘lak-bo‘lakliklar bor.
Masalan, eng avval 96-suraning dastlabki oyatlari kelgan, bu oyatdan so‘ng sura davom etmagan. 78- va 74-suraning bosh qismlari inzol bo‘lgan, keyinroq esa Bismillo bilan birgalikda "Fotiha" inzol bo‘lgan. Bu navbat bitgan zahoti 73-,74-suralar va birinchi bo‘lib kelgan oyatlarni o‘z ichiga olgan "Alaq" surasi tugallangan.
Qur’onning ilohiy kalom ekanligiga inonmaganlar uchun bu tarzdagi inzolning izohini berish mumkin emas. Hech bir insonning zehni bu tarzdagi mo‘jizaviy galma-gallikni bir nizomga sololmaydi, bir necha yil burungi ohangni ko‘ngilda jonlantirib, unga aynan mos keluvchi narsa yozolmaydi.
Har oyatning tartib bilan joy-joyiga qo‘yilishida ham bir talay hikmatlar bor, ular bizning mavzu doiramizdan bir oz chetroqda. Ammo bir misol keltirsam, o‘quvchilarga malol kelmas, degan fikrdaman.
Qur’onning so‘ngida kelgan oyatlar dunyoning oxiri yaqinlashganda odamzotning yashash tarzi qanday bo‘lishi to‘g‘risida tushuncha beradi. "Nasr" deb nomlangan 110-sura oxir zamon yaqinlashganda to‘da-to‘da aqlli kishilar Islomga kirajaklarini ramziy ishora qilib ko‘rsatadi.
Yana 2-suraning so‘nggi qismlariga yaqin oyatlar ham keyin kelgan oyatlardir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Mart 2009, 08:19:07

B) Harfiy muqatta’a (shifrlar)
Qur’ondagi 114 suraning 29 tasida suralar harf ko‘rinishidagi shifrlar bilan boshlanadi. Buni Qur’on tilida harfiy muqatta’a deyiladi.
"Surai Yusufning yorumi (tafsiri)" nomli kitobimda izohlaganim kabi, Qur’on bu harflar to‘g‘risida shunday bir ta’rifni keltiradi:
"Alif, lom, ro. Tilka oyat-ul-kitobil mubiyn". Ya’ni:
"Alif, lom, ro. Bular ochiq-ravshan kitob oyatlaridir".
Demak, bu harflar - oyatlardir, ya’ni ilmiy shifrlardir. Qur’on biz Lavhi Mahfuz deb aytadigan ilohiy ilm kompyuterining arabchaga tushirilishi (tarjimasi) deganidir, buning uchun bu harflar deyarli u kompyuterning kod raqamlari mohiyatidadir.
Afsuslar bo‘lsinki, biz Ilohiy Ilm Kompyuterini bilmaganimiz uchun, bu kod raqamlari ortida yashiringan bilim xazinasini ochib, hikmatlarining barini o‘rganolmaymiz. Hozirgacha qilingan tafsirlarda shu tufayli aniq bir ma’lumotga yaqinlashmoqning imkoni bo‘lgani yo‘q. Faqat, juda jo‘n bo‘lsa-da, ba’zi yaqinlashishlarni siz, o‘quvchilarimga havola qilgim keldi.
Qur’onda yetti marta kelgan Alif—Lom—Mim bilan Ho—Mim shifrlari va besh marta kelgan Alif—Lom— Ro shifrlari asosan Ollohning Rahmon va Rahim sifatini ko‘rsatadigan suralarni boshqa suralardan ajratib ko‘rsatish uchun qo‘yilgan belgilar ekanligi va biri ikkinchisining ichida bo‘lgan nizomni tamsil etishi ayonlashib qoldi. Bir marta kelgan Nun shunday shifr markazining qoq o‘rtasida yetti qavat magnit maydonini bildiruvchi samoda katta portlash nuqtasi ekanligi tushunilishi mumkin.
Bu shifr-harflar, undan tashqari o‘zi tamsil etgan sura ichida kalimalar orasida kelganda ham biror ilmiy izohni bildirishi shak-shubhasizdir. Bir misol bilan bu haqiqatni kuzatib ko‘raylik.

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Mart 2009, 08:19:27

"Fussilat" surasida shifr "Ho—Mim"dir. Ammo "Ho—Mim "dan keyin Rahmon va Rahim sifatlari zikr etilgan oyat keladi. 11 -oyatda Rahim sirlari (atmosferaning shakllanishi) bayon etilgan va katta bir ilmiy hikmat izohlangandir.
"Fussilat" Qur’onda ikkinchi bora "Ho—Mim bilan belgilangan suradir va 11 -oyatda ikki marta Mim ga duch kelamiz.
12-oyatda Rahmon sirlari (Yer va Osmonning yaratilishi) izohlangan ikki marta Ho ga duch kelamiz.
Aslida faqat shu qoidani nazardan qochirmasakkina Qur’ondan koinot sirlarini o‘rgana olishimiz mumkin, deb o‘ylayman. Hatto, menimcha o‘rganish uchun Qur’ondan oddiyroq (yengilroq) yo‘l axtarish vaqtni behuda sarflash bo‘lur edi.
Uchinchi "Ho—Mim" va "Sho‘ro" surasida bu hikmatlarni boshqa bir nuqtai nazardan o‘rganish uchun uch marta "Mim" va "Ho" uchragan oyatlarni ko‘zdan kechirmoq kerak bo‘ladi. E’tibor bersangiz, "Sho‘ro" surasining 5-oyatida uch marta "Ho" uchraydi va samolarning eng katta sirlarini izohlab beradi (quyiroqda yana bu oyatning tafsiriga qaytamiz). Ya’ni "Fussilat" surasidagi ikkita "Ho" bilan berilgan samolarning yaratilishidagi Rahmon hikmati "Sho‘ro" surasida uchta "Ho" orqali bildirilgan oyat bilan izohlangandir.
"Qur’on oyatlarining ilmiy tafsirlari" degan kitobimizda bu ochqichni deyarli har taraflama ishga solganmiz.
Harfiy muqatta’alarga oid boshqa shifrlarning xususiyatlari shularga oid bahsimizda ko‘rsatilgan ("Qur’onning matematik mo‘jizasi" bo‘limida).

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Mart 2009, 08:19:41

V) Hikoyatlar va inson sirlari
Qur’onda har oyatning, hatto har kalima va harfning bir hikmati, bir siri bordir. Bu hikmatlar ko‘pincha bir hikoyatning ichida yashirilgandir. Ba’zan shu hikoyatlar boshqa voqeliklar munosabati bilan keltiriladi; Qur’on uslubini yaxshi bilmaganlar bularni takror deb hisoblaydilar.
Payg‘ambar va uning qavmlariga oid hikoyatlar ko‘pincha insondagi sirri-i ilohiy bo‘lgan ruh bilan nafs manfaatlarining to‘qnashuvini ko‘rsatadi.
Inson diqqat va insof bilan suralarning hikmatiga quloq bersa, o‘z ichidagi Fir’avnni va Namrudni taniydi, jazolaydi. Boshqacha aytganda, bu hikoyatlar bilan tarbiyalangan inson albatta Muso va Ibrohim yumon bo‘ladi.
Solih payg‘ambarning tuyasi hamma davrda yashaydi, har inson o‘z manfaati yo‘lida vijdonini (Solihning tuyasi) bo‘g‘adi.
Qur’onda bir necha marta uchragan Solih payg‘ambar hikoyati ichimizdagi Samud kufrini aniqlab olish uchundir. Inson mizojiga xos beqarorlik va ichki o‘z-o‘zi bilan olishuvlar "Yusuf" surasida har tomonlama tadqiq etilgan. Jamiki tasavvufning suyangan tog‘i "Yusuf" surasidir. Hazrati Yusuf hikoyatini barcha tafsilotlari bilan bilsak, o‘z majhul tomonlarimizni ham anglab olamiz.
Qur’ondagi hikmatlarni qanday tushunishimiz kerakligini ko‘rsatish maqsadida bir necha namuna keltirishni istardim.
a) Yusufning tushi Haq-Taoloning ilhomini tamsil etadi. Otasining Yusufga "tushingni akalaringga aytma" deyishi "ilohiy sirga nafs eshiklarini yop" deganidir.
Lekin Yusuf tushini akalariga aytmagan bo‘lsa ham, akalari (nafsning o‘nta xususiyatini tamsil qiladilar) bu tushni, ya’ni ilhomi ilohiyni sezgan va Yusufni o‘ldirishni ko‘ngillariga tugib qo‘ygan edilar. Uni o‘ldirmasdan quduqqa tashlab ketishlari nafsning qo‘rqoqlik tomonini tamsil etadi.
b) Zulayho jamiki nafsning tamsilchisidir. Uning go‘zal insonga oshiq bo‘lishi, lekin buni shahvat bilan bog‘lashi nafsga xos xususiyatdir. Zulayhoning eri Qiftir mol-dunyoga hirsni tamsil qiladi. Nafs, ya’ni Zulayho, ham Qiftirga tegadi, dunyo sevgisiga bog‘lanadi, ham Yusufga ko‘ngil qo‘yadi, dunyo bilan ishi yo‘q ko‘ngilga bog‘lanadi. Holbuki, Zulayho, ya’ni nafs, dunyo sevgisidan uzilsagina Yusuf bilan qovushadi.
v)Yusufning qiymatini oqil(Misr sultoni) ilm(sharobchi) orqali anglaydi, uni o‘ziga maslahatchi qilib oladi.
Yusufning zindondagi hayoti - ko‘ngilning nafs(Zulayho) bilan olishishga majbur bo‘lishidan tuzilgan. Dunyo sevgisi, ya’ni Qiftir o‘lgandan keyin bu olishuv nihoyasiga yetadi, nafs (Zulayho) ko‘ngilning amriga bo’yin egadi.
Xullas, Qur’ondagi har bir hikoyat shu tarz nafislik bilan inson majhulligi(murakkabligi)ning izohini beradi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Mart 2009, 08:19:55

G) Suralarning nomlari va joy—joyiga qo‘yilishidagi hikmatlar
Qur’ondagi sura nomlari va suralarning ma’lum bir joyga qo‘yilishining va hatto sinonimlararo tanlangan kalimaning ham katta hikmati bor. Buni ko‘rsatuvchi misollar juda ko‘p.
Qur’on Ollohga hamd amri bilan boshlanadi va "Nos", ya’ni inson kalimasi bilan tugaydi. "Fotiha" - Qur’onning boshida umumiy xulosa, Qur’on oyatlarining ma’nosini yechib berish uchun tanlangan bir shifr. Zotan, "Fotiha" nomi - lug‘aviy ma’nosi jihatdan ham "yechib beruvchi", "hal qilib beruvchi" demakdir.
Bundan keyin "Baqara" surasi bilan Qur’on mavzuiga kirish boshlanadi. Baqara nomi - ham surada uchragan Somuriyning buzog‘ini, hamda mashhur Baqara voqeasini xotirga soladi. Inson mijozining dunyo manfaatlariga naqadar bog‘liqligiga, ko‘ra-bila turib haqiqatlarga hilof ish qilishiga e’tiborni qaratadi.
Deyarli hamma suralarning nomlari u sura ichidagi tushunilishi qiyin bo‘lgan oyatlarga kalit vazifasini bajaradi. Bulardan bir qator namunalarni bu kitobda bera boramiz.
Suralarning joy-joyiga qo‘yilishidagi hikmat ham juda nozikdir. Mana, masalan, so‘nggi 20 suraning joy-joyiga qo‘yilish hikmati: "Vaz-Zuho" va "Sharh" - butun koinotning faxri Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallamning xilqatdagi o‘ziga xos sirlarini ochadi. "Vattiyn" surasida insonning nima sababdan butun yaratiqlar ichida eng go‘zali va mukammali ekanligi va u nega payg‘ambarimizga bog‘langanligi bildiriladi. "Zalzala" mashhar manzarasini, "Val-Odiyot" nonko‘r inson bilan fidokor banda orasidagi farqni ko‘rsatadi. "Qoria" surasi qiyomatni, "Takasur" surasi molparast insonning hisob kuni bemurosa qoralanishini ma’lum qiladi. "Val-asr" surasi hamma zamonlarda xam inson o‘zini qay taxlit baxtsizlikka maxkum etishini o‘rtaga qo‘yadi. "Humaza" surasi inson nafsini tanqid qiladi. "Fil" va "Quraysh" Ollohning Qurayshga, Islom deb bilgan o‘lkalariga qanday yordam qilganini uqtiradi. "Mo’uvn" surasi Islom dini hamjihatlik asosida bino bo‘lganini, bu yo‘ldan yurmagan insonning namozi ham el ko‘rsinga o‘qilishini, shu sababli qabul bo‘lmasligini ta’kidlaydi. "Kavsar" surasi Payg‘ambarimizning koinotdagi maqomlari yuksakligi sirini, "Nasr" surasi ul zotning moddiy dunyodan ma’naviy olamga ko‘chib o‘tishlari sirlarini anglatadi.
"Tabbat" Payg‘ambarimiz - Rasuli Akram sallallohu alayhi va sallamga, ya’ni yaxshilikka qarshi chiqqan kishi kim bo‘lishidan qat’i nazar, jazosini topajagini aytadi. "Ixlos" surasi Ollohning o‘z-o‘ziga bergan ta’rifidir. "Falaq" va "Nos" suralari insonlarning jamiki gunohlardan xalos bo‘lishlari uchun Ollohga qanday duo o‘qilishi kerakligidan ta’lim beradi.

Qayd etilgan