Xoluq Nurboqiy. Qur’oni karimning ilmiy mo'jizalari  ( 123726 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 ... 12 B


AbdulAziz  08 Mart 2009, 08:30:46

Ajabo, tahorat olishdan murod bu sistemaga kuch berishdan iboratmi? Savolning javobi ochiq va ravshandir:
1. Tahorat olish bilan vujudning eng chekka, eng kichik nuqtasi ham sakrab-sakrab ishlay boshlaydi.
2.Burun, bo‘g‘iz qismlari va og‘izu quloqlarning chayilishi (ho‘llanishi) bu sistemaning yaxshi ishlashiga qaratilgan.
3. Masalaning eng muhim tomoni shuki, tahorat olishga amr qilgan oyat shu hikmatga diqqatni tortadi.
5-sura, 6-oyat:
Yo ayyuhallazina omanu iza kumtum ilossaloti fag‘silu vujuhakum va aydiyakum ilalmarofiki vamsaxu biruusikum va arjilakum ilalka’bayn va in kuntum junuban fattohharu.
Ya’ni:
Ey mo‘minlar, nomozga turganingizda yuzlaringizni va tirsakdoxil qo‘llaringizni yuving, boshingizga mash torting (nam qo‘llaringiz bilan silang) va to‘pikdoxil oyoqlaringizni yuving. Agar junub bo‘lsangiz, cho‘miling.
Oyat shundan keyin tayammum borasida amr beradi. Va nihoyat, tahorat nechun farz qilinganini bildiradi:
Mo yuriydullohu liyaj’ola alaykum min harajin va lokin yuriydu liyutohhirakum va li yutimma ne’matahu alaykum la alla’kum tashkurun.
Ya’ni:
Olloh sizlarga qiyinchilik keltirib chiqarishni istamaydi. Lekin sizlarni tahoratli (pokiza) qilishni va o‘z ne’matini komil qilib berishni istaydi, zora shukur qilsangizlar...
Ha... Demak, tahoratning ikki maqsadi bor
1. Pokizalik.
2. Ilohiy ne’matning komil qilib berilishi.
Bu yerdagi ikkinchi maqsad ustida fikr yuritaylik. Ilohiy ne’matning komilligi nima? Tani sog‘liqdagi oqsashlarni aritish... Vujud statik-elektrik holatini saqlash... Modda almashinuvini ta’minlaydigan aql bovar qilmas tomir sistemasi va vujud muhofazasi uchun ishlovchi limfa tizimi va bulardagi oqsashlarni tahorat olib aritish. Sizlarga bergan bu bebaho ne’matlarimni tahorat amri bilan komil qilaman", - deb amr etayotir Olloh. Bu ne’matlar uchun Ollohga shukur qilmaslik mumkinmi?
Tahoratning ma’naviy hikmatlari ham ko‘p. Ularni "so‘ngsiz nur" kitobimda yozgandim. Sevikli o‘quvchilarim! Birgina shu oyatdagi tibbiy mo‘zijaning o‘zi ham Qur’on - Olloh kalomi ekanligini ortig‘i bilan isbotlaydi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Mart 2009, 08:31:24

B) Ro‘za mo‘jizasi
Ro‘za amri "Baqara" surasining 184-187-oyatlari orasida barcha tafsilotlari bilan keladi. Ko‘p diqqat qilinishi lozim bo‘lgan hukm 184-oyatdadir. Bu oyatning so‘nggi qismida:
An tasumu xoyrun lakum in kuntum ta’lamun, ya’ni:
Ammo, bilsangiz, ro‘za tutish siz uchun yaxshiroqdir, deb uqtirilgan.
Ro‘za mavzuida keng tarqalgan qanoat to‘g‘risidagi fikrlar va bir nuqtada uzr qidirishga intilishlar xatodir. Zaif kishilar, qon bosimi baland bo‘lgan bemorlar yoki bir qator eski kasalliklari bo‘lgan kishilarning ro‘za tutmay qo‘yishlari noto‘g‘ri, chunki ro‘za vujud uchun kaloriya kamayib ketishi yoki ta’minot cheklanishi hodisasi emas. Ro‘za vujud mexanizmining ongli ravishda taftish qilinishi, ko‘zdan kechirilishidir. Mana o‘qidingiz, oyati karima mo‘jizaviy hikmat bilan to‘la bu haqiqatni aytib turipti. To‘g‘ri, sog‘lig‘i jihatdan uzrli bo‘lganlarga ro‘za tutmaslikka ruxsat berilgan. Lekin oyatda masalani yaxshi bilganlar uchun ro‘za tutishda zarar emas, aksincha, foyda va xayr borligi bildirilgan.
a) Ro‘zaning hazm (singishi) tizimiga ko‘rsatadigan mo‘jizaviy ta’sirlari
Hazm qilish tizimi - vujudning eng tartibsiz, ovqatlar tiqilib ketgan a’zolar oilasidir va butunlay kompyuterik, ya’ni bir-biriga elektronik miyalar bilan bog‘langan hayratomiz bir qurilmadir.
Hazm tizimi oilasining eng og‘ir vazifalari o‘zimiz bilgan jigar nomli a’zoga yuklangan. Bu a’zo, hozirga qadar aniqlanishicha, 16 xil vazifani ado etadi. Va 24 soat hech tinmay bir-biridan og‘ir ishlarni qilgani-qilgan. Mana shu jigar ro‘za tutish asnosida hech bo‘lmaganda 12 soatning 6 soatida vazifalari yengillashib, bir dam olishga o‘tadi. Eh-he, qaniydi jigar hujayralari bir tilga kirsa-yu, bu 6 soatlik dam olishning o‘zi uchun naqadar katta ne’mat ekanligini hikoya qilib bersa... hech bo‘lmaganda bu kunlarimizning adashayotgan ba’zi bir kishilari jonimga mador deb, baquvvat ovqatlar yeb, o‘z jigarlarini axlat tozalash mashinasiga aylantirib qo‘yayotganlari to‘g‘risida bir oz mulohaza yuritsalar, "jigarim shu onda ichimda nima qilayotgan ekan? - deb xavotir bilan o‘ylab ko‘rsalar... o‘zlariga foyda bo‘lar edi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Mart 2009, 08:31:43

Ey inson, hech bo‘lmasa yilda bir oy ro‘za tut, bechora zahmatkash jigaringni har kuni bir marta 6 soat dam oldir. Vujudning bu markaziy laboratoriyasiga ro‘zadan boshqa yo‘l bilan hech qanday yordam bera olmaysan, shuning uchun ham 184-oyat:
Ammo bilsangiz, ro‘za tutish siz uchun yaxshiroqdir ,- deb uqtiradi.
Ro‘za hazm tizimi oilasiga kiruvchi boshqa a’zolarga ham juda yaxshi istirohat fursati yaratadi. Og‘izdan boshlab tupuk bezigacha, undan to benihoya nozik a’zo - ovqat yutish nayi - (qizilo‘ngach)gacha - hamma-hammasi uchun yilda bir oy tutilgan ro‘za - ne’matlar ichida eng katta ne’matdir. Bu paytda oshqozon barcha mushak (Muskul)larni dam oldiradi. Ichki pardadagi jamiki zaifliklar o‘zini sozlab oladi. Ba’zi bir ilmi chalaroq "doktor"lar o‘ylaganiday, ro‘za paytida oshqozon kislota chiqarmaydi. Ro‘za tutish uchun niyat qilingan lahzadayoq oshqozon shartli refleksga o‘tib, kislota ajratishni taqqa to‘xtatadi. 12 barmoq ichak ham ro‘zadan o‘zining omonlik ulushini oladi. Zero, bu a’zo jamiki hazm tizimi kompyuterlarining markaziy nuqtasidir. U ro‘zada har kuni o‘rta hisobda 10 soat dam oladi. Ichaklar ro‘za asnosida, ayniqsa, ichki pardalarini va ular ortidagi muhofaza markazlari bo‘lmish Peer tangachalarini  bir bor tekshiruvdan o‘tkazib, tishlarini sozlab oladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Mart 2009, 08:31:56

b) Ro‘zaning modda aylanish tizimiga beradigan ne’matlari
Jismimizda qon hajmini ozayishi yurakka jiddiy bir istirohat keltiradi. Yanada muhimrog‘i to‘qimalar orasidagi ortiqcha suvni yo‘q qilib, to‘qima bosimini pasaytirishidir. Xalq orasida "kichik qon bosimi" deb yuritiladigan, qonning yurakka bosim berishi ro‘za chog‘ida pasayadi. Bu esa, yurakka biz in’om etishimiz mumkin bo‘lgan eng katta yaxshilikdir. To‘qima bosimini ro‘zadan boshqa yo‘l bilan tushirish juda qiyin.
Modda aylanishi tizimi jihatdan eng muhim masalalardan biri shuki, sog‘lom kishilarda qonga o‘tgan oziq-ovqatlarning hammasi faqat ro‘zali chog‘larida kuyib ketadi. Ayniqsa qondagi yog‘ va yog‘simon moddalar (lipid) ro‘za tutilgan paytda minimal (eng oz) darajaga tushadi. Bu esa qarishning orqaga surilishi demakdir, ya’ni lipidi ortib ketganlar ham ro‘za tutishdan katta foyda ko‘rishlari shak-shubhasizdir.
Lipid - tomirning qattiqlashib ketishiga katta ta’sir qilishi aniqlangan bugungi kunimizda ro‘zaning tomir tizimimizga ham ko‘rsatatayotgan ta’siri haqiqatan bir tibbiy mo‘jizadir.
Modda aylanish tizimida muhim o‘rni bo‘lgan buyraklarning ramazon oyida o‘ziga xos dam olish fazasiga o‘tishi ham ro‘zaning bir ne’matidir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Mart 2009, 08:32:17

v)Ro‘zaning hujayralarga ta’siri
To‘qima tizimi ichida turli vazifalarni ado etuvchi hujayralar, ayniqsa, ovqat oldi-berdisini va hujayra ichida hamda hujayralar orasida suv muvozanatini bir tartibda tutishga majburdirlar. Hujayrani eng ko‘p charchatuvchi narsa ana shu suv muvozanati bilan bog‘liq. Ro‘zada jamiki bu hodisalar eng oz darajaga tushishi munosabati bilan hujayralar uchun yengil nafas olish imkoni tug‘iladi. Ro‘zali odamning jamiki hujayralari ikki taraflama baxtli bo‘ladi:1. Suv muvozanatini saqlash mashaqqati yarim baravar ozayadi.
2. Hujayralarning o‘z vazifalari, ayniqsa, shira chiqaruvchi hujayralarning ishi yana oz saviyaga tushadi.
Bu sohada ko‘p tadqiqotlar o‘tkazgan Hipofiz, Diroyt va Pankreas ramazonni sog‘inib kutishlari mutlaqo bejiz emas.

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Mart 2009, 08:32:35

g) Ro‘zaning asab tizimiga ta’siri
Oldindan aytib qo‘yayki, nafsni tiyolmaslikka oid bo‘lgan ro‘za kashandaligi (ro‘za tutgan holda chekish) asab tizimiga hech qanday naf keltirmaydi. Biron kishi ro‘za og‘iz ekan, asab tizimi qat’iyan yuz foiz dam olmog‘i kerak. Vujud metabolizmi (modda almashinuvi) kunduzi eng oz saviyaga tushganda asab tizimi markazidan e’tiboran nisbiy bir dam olishga o‘tadi.
Jinsiy intizom ham, asab tizimidagi jamiki tangliklarni aritganidan, unga alohida bir orom beradi.
Ro‘zaning asab tizimiga bergan eng katta ne’mati uning qattiq hayajondan yuzaga keluvchi ruhiy zarbalarni yo‘q qilishidir. Ayniqsa, ro‘za ibodatlari (tarovih) kabi zavqi barcha qayg‘u-hasrat, ma’yuslik va qo‘rquvlarni yo‘q qilib yuboradi. Juda chuqur g‘am-g‘ussalarni yurak tublaridan o‘chiradi. Ruhiy zarbalar esa, ma’lumki, sog‘liqning eng katta dushmanidir. Ro‘zaning butun bir tizimlarga sezilarli ta’siri axir-oqibatda bir qator umumiy ne’matlar ham olib keladi. Masalan, jigar dam olgani uchun vujud xavfsizligiga tayyorlangan himoyachi moddalar kuchliroq bo‘ladi. Ayni shu hodisa tufayli ro‘zadan so‘ng o‘zimizni bardamroq his qilamiz. Jismimizdagi ortiqcha yuklar eriydi, ishtahasiz va zaif kishilar kuchga kiradilar, toshlari ortadi. Qonsizlar xoh hazm tizimining tartibga tushishidan bo‘lsin, xoh qondagi ovqat eng oz saviyaga kelishi asnosida suyak iligiga ko‘rsatilgan rag‘batdan bo‘lsin-yanada faolroq qon ishlab chiqara boshlaydilar.
Ha, aziz o‘quvchilarim, endi 184-oyat orqali buyurilgan Agar bilsangiz, ro‘za tutish siz uchun yaxshiroqdir" jumlasining hikmatini anglagan bo‘lsangiz kerak...
Shunday qilib, Qur’onning aqllarni o‘yga toldiradigan bu mo‘jizasi yaqin orada yana bir mo‘jiza ko‘rsatishiga aminman: ha, shunday zamonlar keladiki, bugun inonganlar ham, inonmaganlar ham, agar bilimlari yetarli bo‘lsa, agar shirin jonlarini sevsalar... mutlaqo ro‘za tutajaklari shak-shubhasizdir. Lekin inonib ro‘za tutganlarning qo‘lga kiritajak ne’matlari va hikmatlari ortiqroq bo‘lgusidir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Mart 2009, 08:32:54

V) Homila va tug‘ilish sirlari
Bu mavzuni izohlashdan oldin bir oyatdagi mo‘jizaviy amrni e’tiboringizga havola qilmoqchiman; 41-sura 47-oyat
... mo tahruju min samarotin min akmomiho va mo tahmilu min unso..
Uning ilmi aralashmasa, murtaklardan mevalar chiqmaydi, va ayol homila olmaydi va tug‘maydi...

Ilm tamomila ilohiy amr timsolidir. Shunday bo‘lgach, homila hodisasiga aloqador biologik mahsulotlar to‘g‘risida nima uchun bu alohida amr berilgan? Imonlilar uchun bu, bir hikmat ekanligi ma’lum. Demak, bu oyat, asosan imonsizlarga xitob qiladi. Ajabo, homila hodisasida ilohiy ilmning o‘ziga xos hissasi nimadan iborat? Yaqin yillargacha homila hodisasi ayol va erkak mayllarining birlashuvidan iborat deb hisoblanardi. 1950 yildan keyin DNAning kashfi, 1965 yilda xromosomalar dagi DNA  helezon larining o‘rnashib qolishi kabi muammolar bu hodisa biz o‘ylagandan murakkabroq ekanini ko‘rsatadi. So‘nggi yillarda olib borilgan tadqiqotlarga ko‘ra, bir insonda 46-47 xromosoma bo‘lar ekan. Bu xromosomalar deyarli 60000 genetik mayl uchun yotoqlik (krovat) qiluvchi skeletlardir. Qandaydir ma’noda ularni genetik shifrlarning bir bog‘lam lentalari deyish mumkin.
Bir ayolning tuxum hujayrasi menoz degan maxsus bir bo‘linish yo‘li bilan o‘zidagi genetik mayllarning eng yaxshilaridan yarmisini, ya’ni 30000 donasini bu xromosomalarning 23 donasiga baxsh etadi.
60000 asos genetik shifrning har birini bir songa o‘xshataylik: tuxum hujayrasida navbat nomeri tartibsiz 30000 raqam bor. Bu 30000 raqam, 1dan 60000gacha bo‘lgan sonlarning navbatsiz bir olomonidir. Masalan, 1,17, 24, 25, 26, 105, 787, 6434, 14401, 23007, 54507, 57414 kabi qay biri chiqishi noma’lum bo‘lgan mayllar tuxum hujayralaridadir. Bir inson shaklini vujudga keltira oladigan 30000 karta tuxum hujayralarida naqd bo‘lmagan holda yashirinib yotadilar. Bu aytganlarimizni kundalik hayotimizning tili bilan ifodalasak, bunday deyish mumkin: onaning tuxum hujayrasi tug‘ilajak bolaning qulog‘ining solinchagiga oid, qoshiga yo burnining uchiga oid mayllarga ega, xolos. Lekin quloq hajmi, kipriklar va burun teshiklari onaning genetik kartasida mavjud emas. Bularni butun vujudga nisbatan olib ko‘rilsa, ona chaqaloqning yarim mayllarini tashiydi, degan xulosaga kelamiz. Ammo bular muntazam yarimni bildirmaydi. Bir qancha a’zolarning, tomirlarning ba’zi jihatlariga oid mayllar bor.

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Mart 2009, 08:33:03

Bir tuxum hujayrasi homilaga aylanadigan, ya’ni urug‘lanadigan paytda uning atrofida 250 million maniy hujayrasi (sperma) joylashgan bo‘ladi. Va bu hujayralarning har birida chiroyli harakat qilib turgan 30000 mayl bordir. Har biri 60000 raqamning chiroyli harakat qilib turgan 30000 donasiga ega.
Tuxum hujayrasi bulardan bittaginasida o‘zida yetishmagan kartalarni topib, o‘sha bilan homilaga aylanish holatida bo‘ladi. Va bu aql bovar qilmas noma’lum kartani topib, u bilan masalani hal qilish uchun eng ko‘pi bilan 40 daqiqa muhlat kerak bo‘ladi, yanada tushunarliroq bo‘lsin uchun bu manzarani boshqacha misol bilan ifodalay. Sizning qozoningizda 1dan 60000gacha bo‘lgan sonlarning 30000 donasi bor.
Qarshingizga 250 million dona ayrim-ayrim to‘rvalarda kartalar olib kelishgan. To‘rvalarning birida siz uchun kerakli bo‘lgan, sizga yetishmay turgan karta (aytaylik, burun teshigi) bor, 40 daqiqada bu to‘rvani topishingiz kerak. Shunday qilib imkonsiz ehtimol bilan yuzma-yuz kelasizmi? Mana, tuxum hujayrasining muammosi shundan iborat. Shuning ustiga-ustak, o‘zida yetishmaydigan mayllarni ustun biluvchi tuxum hujayrasi yolg‘izgina raqamlarga qarab o‘tirmaydi.
Ha! Yana buni qarang! Tez o‘zgaruvchi mayllar ma’lum bir makonning ma’lum burchaklarida tizilib turgan uch o‘lchovli, ya’ni bo‘yi, eni va uzunligi har xil aminokislota (oqsil) figuralardir. Faraz qilaylik: siz o‘zingizda yetishmaydigan 52075 maylni izlayotirsiz. Bu mayl bir genetik shifr helezonida 18 gradus vertikal, 75 gradus gorizontal burchakda Gua bazasidagi bir aminokislotadir. Va u, deylik, 4 raqami bilan qayd qilingan. Tuxum hujayrasi aminokislotalarning qator-qator tizimlari ichidan ana shu 4 raqami bilan qayd etilgan maylni aniqlab topmog‘i kerak. Aytaylik, bir tuxum hujayrasi bu masalani hal qilish, ya’ni o‘ziga kerakli maniyni tanlash uchun ming nafar genetika olimini yordamga chaqirdi. Bu olimlar ham qo‘llarida turli-tuman burchak o‘lchagichlari bilan keldilar va aminokislotani aniqlovchi asbob-uskunalari bilan ishga kirishdilar. Xo‘sh, ular ishni 40 daqiqada qila oladilarmi? 250 million maniy hujayrasi orasidan tegishli nomerni topishlari uchun ularga kamida 2 oy kerak bo‘ladi. Demak, tuxum hujayrasi bu masalani na bir o‘zi va na ming olim bilan birgalikda hal qila oladi. Unday bo‘lsa, qanday qilib har kuni minglarcha ayollar homilador bo‘ladilar? Bu masalani faqat ilohiy ilmgina hal qila oladi. Endi oyatning ilmiy mo‘jizasini his etdingizmi?

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Mart 2009, 08:33:13

Ollohning uqtirishicha, ilmingiz ming yuksak bo‘lsa ham hech bir urg‘ochi hujayrani normal ilm qonunlari asosida ikkiqat qilolmaysiz. Bu homila hodisasi shunday bir ilmiy masala, shunday bir ulug‘ muammodirki, unga faqat Ollohning ilmi aralashsagina hal bo‘ladi. Olloh shunday buyurgan.
Ha, ilohiy ilm aralashmaguncha hech bir ayol ikkiqat bo‘lolmaydi. Genetika fani, modern biologiya tajribalar o‘tkaza-o‘tkaza, axir bir kun oyat qarshisiga kelib to‘xtayveradi va OMANNO va SODDOQNO (inondik va sen haqsan) deyishga majbur bo‘laveradi va Qur’on - ilohiy kitob emas, deguvchilarning tilini uzib olgisi keladi.
Endi oyatning ikkinchi sirini ochishga urinib ko‘ray...
Urug‘langan tuxum hikoyasini davom ettiraylik: 60000 mayl ichidan keragini tanlab, homilaga aylangan tuxum 2,4,8,16,32 raqamlaridagi tartib asosida (ya’ni geometrik progressiya yo‘lida) murtaklana boshlaydi va oxiri 30 milliard hujayrali inson bolasi yetiladi. Mana shu 1dan 30 milliardga qadar geometrik progressiya asosida ko‘paygan hujayralar 40 haftada murtakka (embrionga) aylana boshlar ekan, bu vaqt davomida yuqorida sharhlaganimiz 60000 mayl, murtakni, xuddi hisob xaltasiga o‘xshab, kuzatib-poylab yuradi. Yangi bo‘lingan har tuxum murtak ustida ma’lum bir joyga borib joylashadi. Bu joylashuv bir angustron (bir santimetrning milliarddan biri) masofada burchak hosil qilib turadigan o‘ziga xos joylashuvdir. Bir namuna keltiray: hujayralar sanog‘i 256ga yetgan yettinchi bo‘linmada (murtakning bir qismida), agar 6 nomerli hujayra 1 millimikron (mikron - metrning milliondan bir bo‘lagi, millimikron - mikronning mingdan bir bo‘lagi) quyiga toyib ketsa, insonning oyog‘i o‘z joyidan emas, ko‘ksidan chiqadi. Bundan keyin yana shunday bir xato yuz bersa, ul ilohiy kitobni inkor qiluvchining tili og‘zidan emas, qornidan chiqadi.
Demak, urug‘lanishdan keyin vujudga kelayotgan murtakda ham hujayra saflari navbat-navbati bilan kelishda hech xato qilmaydi, ham 60000 genetik kartadagi shifrlar hujayralarda tegishli o‘rnini topadi. Bu hodisaning Olloh ilmisiz amalga oshirilish imkoni 6xYu-Ya12ga yaqin raqamdir. Bu matematik xulosa oyatdagi "hech bir homilador ayol Ollohning ilmisiz tug‘olmaydi" degan ma’noni anglatish uchun keltirildi.
Qur’onning 41-sura 47-oyatidagi hikmatga duch kelganda, bu mu’jizaviy amr qarshisida butun biologiya va matematika fani Omanno va Soddoqno deb, Qur’onning ilohiy kalom ekanligiga imon keltiradi. Bundan kelib chiqadigan xulosa shuki, kimda-kim Qur’onni inkor etsa, matematika va biologiya fanlarini ham inkor etgan bo‘ladi. Bu ikki ilmni inkor etish esa borib turgan jaholatdan boshqa narsa emas.
Shuning uchun ham Qur’onni inkor etgan kishi Abu Jahl - Jaholatning Otasi deb ta’riflangan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Mart 2009, 08:33:31

Tug‘ilish mo‘jizasi
40 hafta o‘tganda, ilohiy ilm chaqaloqqa yangi hayot tarzi ato etadi. So‘nggi tadqiqotlarga qaraganda, chaqaloq va onada ikki alohida kompyuter sistema hamjihatlik bilan tug‘ilish jarayonini amalga oshiradilar.
Mandaringa o‘xshab ketadigan ona rahmi qizlik pardasining nozikligidan tortib, bir ritmik qoida bilan ishlashigacha benihoya mo‘jizaviy xususiyatga ega. Ona rahmining usti yassi, ichi qavat-qavat - ochilib-yopilib turadi. Mehr bilan silkinadigan ona rahmining butun faoliyat sistemasi oldida kompyuterning ishlash qoidalari ip esholmaydi. Ona rahmi faoliyatidagi hodisalar juda ta’sirchan hormon ayirmalari (bezlarning shira chiqarishi) bilan tartibga solib turiladi. Homiladorlik vaqtida onaning modda almashinuv tizimi, hazm qilish a’zolari birgalikda yagona bir kompyuter markazining avtomatik idorasiga bog‘liq bo‘ladi. Ona qornidagi chaqaloq esa, boshqa bir kompyuter ichida - ham olamga chiqish harakatlarini boshlaydi, ham yangi hayot tarzi uchun butun tizimlari katta avtomatik kompyuter tizimi bilan bog‘lanadi.
Mo‘jizaning ham hayratnalarli, ham mamnun qiluvchi tomoni - tug‘ilajak chaqaloq bilan tug‘ajak onaning kompyuter tizimlari o‘rtasidagi sinxron (intilish va harakatlarda bir-biriga uyg‘un)likdir. Ana shu bir-biriga uyg‘un harakatlar natijasida ona rahmi bolani "A" nuqtasiga eltganda, chaqaloq ham jag‘ini "B" nuqtasiga yetkazadi va pastga tortila boshlaydi.
Tibb ilmi ona rahmi bilan chaqaloq o‘rtasidagi sinxron bog‘liqlik mo‘jizasini faqat ilohiy ilmda deb topayotir.
Mana, endi o‘zingiz o‘ylang, Qur’on mo‘jizasini, ya’ni:
"Uning ilmi aralashmasa hech bir ayol tug‘olmaydi" - degan hikmatini inkor etish mumkinmi?

Qayd etilgan