2. YER VA MUHIT (ATMOSFERA)
Qur’onda yer va muhit voqealariga oid aql bovar qilmas mo‘jizaviy oyatlar bor. Biz bulardan faqat to‘rttasini namuna qilib keltiramiz. Bizning davrimizda endigina tagiga yetilgan bu hikmatlarning, 15 asr ilgari, atmosferadan xabarsiz, dunyo bir narsaga suyanib turadi, deb hisoblangan zamonda, Qur’onnning muhtasham nuri bilan qanday bayon etib berilganligini o‘ylash inson idrokini lol qiladi.
A) Muhitning sirlari
Oldin sizga Qur’onning eng mo‘jizaviy oyatlaridan birini bayon qilib beray: "Fussilat" surasi (41-sura, 11 -oyat):
Summastavo ilassamoi va hiya duxonun fa’koola ' laho va lil arzi i’tiya tav’on av karho koalato atayno toi’iyn.
Ya’ni:
(Olloh) samoga yuzlandi, u bir tutun edi; unga va yerga: "Ikkingiz ham istasangiz—da, istamasangiz-da birgalikda keling", — dedi. Ular esa: "Istab keldik", — dedilar.
Olloh Qur’onda "Biz bir narsani hohlasak, "Bo‘l!" deymiz va darhol bo‘ladi",- deb buyurgan, madomiki shunday ekan, yerning ostoniga, ya’ni atmosfera va yerga birgalikda keling deb ne sababdan maxsus amr berdi ekan? Nima uchun "yuzlandi" shaklida, maxsus bir yaratilish tarzida amr etgan yer va atmosferaga? Bu savollarga javob olish uchun astrofizika olimlarimizning so‘nggi o‘n yil ichida ilmga olib kirgan nozik yangiliklarni bir ko‘zdan kechiraylik.
Ma’lumki, koinotning milliard karra milliard sayyoralari bor va yer ulardan biridir. Astrofizik jihatdan yerning eng katta xususiyati barqaror bir atmosferaga (muhitga) egaligidir. Zero, bir sayyora uchun fizik jihatdan eng qiyini va imkonsizi - muhit hodisasidir. Buning boisi aniq va ravshan. Bir sayyorani o‘rab turuvchi gazlar ikki natijadan biri bilan barham topadi: yo bu gaz molekularining harakat sur’atlari sayyoraning tortish kuchi tufayli o‘zligidan mahrum bo‘ladi - bu holda gaz sayyoraga so‘rilib ketadi, yo bu molekulalar issiq ta’sirida yanada tez harakat qila boshlaydi - u holda sayyorani tashlab fazoning so‘ngsizliklariga sochilib ketadi. Ba’zi sayyoralarda bu hodisalar asta, juda sekin yuz beradi. Juda qisqa vaqt ichida muvozanatini yo‘qotib, beqaror bir muhit paydo bo‘ladi, so‘ng u ham yo‘qoladi.
Shunday bo‘lgach, o‘rtada muayyan savol tutiladi: xo‘sh, biror sayyoraning muqim bir muhitga ega bo‘lish imkoni bormi? Bor bo‘lsa, nimada yo qaerda?
Atmosfera molekulalarining harakat sur’ati u sayyoraning tortish sur’atiga qaysidir cheklangan bir nuqtada sherik bo‘ladi va muvozanatda qoladi.
Endi Yerga oid shart-sharoitlarni bir ko‘zdan kechiraylik. Yer Quyoshdan shunday bir uzoqlikda turishi kerakki, muhit issiqligi u molekulalarda shunday muvozanatli harakat imkonini bersin. Bu masofa Yerning Quyosh atrofida aylanish sur’ati bilan hamohang bo‘lishi shart. Zero, shunda giroskopik itarish kuchini saqlay olmaydi. Aytaylik, bu masofa hozirlandi. Endi esa Yerning kurra shaklida ekanligi bilan aloqador muammolar bor. Agar Yer o‘z o‘qi atrofida ma’lum bir tezlikda aylanmasa, u vaqt atmosferaning har tarafi bir xil issiqlikda bo‘lolmaydi va muvozanatli atmosfera yuzaga kelmaydi. Boring, ana bu aylanish ham yo‘lga qo‘yildi, deylik, endi qutblarda atmosfera so‘rilib ketadi, ekvatordagi atmosfera jadallik bilan qutblarga hujumga o‘tadiki, Yer yuzidagi shamolga dosh berib bo‘lmaydi. Nima bo‘ladi? Yerning o‘qi (mehvari) tik bo‘lolmaydi, 23,5 daraja egiladi, shu tariqa atmosfera molekulalari barqaror muvozanatga erishadi-yu, lekin sovuq mintaqalarda issiqlik butunlay yo‘qolib, muvozanat yana buziladi: atmosferaning ichiga shunday bir modda qo‘yish kerakki, issiqlikning yo‘qolishiga monelik qilsin, u ham bor: bu -atmosferadagi karbondioksit.